Ilmiy dalillarni aniqlash usullari. Ilmiy dalillar asosida hodisalarning xossalari va qonuniyatlari aniqlanadi, nazariyalar va qonunlar keltirib chiqariladi. Ilmiy dalillar xolisonalik, haqiqiylik va aniqlik bilan tavsiflanadi. Ilmiy dalildan foydalanish jarayonida uning yangiligi ulkan ahamiyat kasb etadi. Ilmiy dalilning muhimligidan kelib chiqib tadqiqotchi unga tanqidiy baho beradi, uning xolisonaligi va haqiqiyligi darajasini aniqlaydi. Ilmiy dalilning haqiqiyligi uning dastlabki manbalari asosida aniqlanadi. Agar ilmiy dalilning haqiqiyligi aniqlangan bo‘lmasa, birinchidan, u ilmiy deb atalishi, ikkinchidan, undan ilmiy ishda (masalan, dissertasiyada) foydalanilishi mumkin emas. SHu tufayli ham davlat va jamoat tashkilotlari nomidan chop etiladigan rasmiy nashr aniqligi shak-shubha uyg‘otmaydigan materiallardan iborat bo‘lishi lozim. Ayni vaqtda, tadqiqotchilar, hatto rasmiy nashrlardan olingan dalillarni ham qayta tekshirar ekanlar, juda to‘g‘ri ish qiladilar.
Ilmiy dalil qaysi manbadan olingani, uning kelib chiqishi ko‘rsatilgan, ilmiy dalilning haqiqiyligi asoslangan monografiyalar va boshqa ilmiy ishlar ilmiy dalilning ishonchli manbalari hisoblanadi. Ilmiy ishning o‘zi ham boshqa tadqiqotchilar tomonidan manbalarni ko‘rsatgan holda foydalanilishi mumkin bo‘lgan ilmiy dalilni yaratadi. Biroq monografiyada manbasi asoslanmasdan keltirilgan ilmiy dalildan uning haqiqiyligi aniqlanmasdan va tasdiqlanmasdan keyinchalik ilmiy dalil sifatida foydalanilishi mumkin emas.
Empirik bilish fanga dalillarni etkazib beradigan alohida turdagi bilimni shakllantiradi. Dalillarni aniqlamasdan turib biron-bir ilmiy tadqiqot o‘tkazish mumkin emas. SHu sababli ilmiy dalillarni aniqlash va to‘plash empirik bilishning asosiy vazifasi hisoblanadi. Ilmiy dalillarni aniqlash usullari jumlasiga quyidagilar kiradi: kuzatish, taqqoslash, o‘lchash, eksperiment. (o‘qituvchi buni aniq misollar bilan tushuntirishi shart). Dalillarning ilmiy bilishdagi ahamiyati va “imtiyozli” dalillar.Olamshumul ilmiy kashfiyotlar qilish, fanning muayyan sohasida inqilob yasash, odatda, ko‘p sonli dalillar asosida amalga oshiriladi. Masalan, Darvinning evolyusiya nazariyasi chorvadorlar va o‘simlikshunoslar, shuningdek “Turlarning kelib chiqishi” muallifi to‘plagan ulkan daliliy material asosida yaratilgan. Darvin o‘zining bu boradagi ijodiy faoliyati to‘g‘risida ko‘p sonli noyob ma’lumotlar bergan. Biroq ko‘p sonli dalillarni to‘plash o‘z-o‘zicha ilmiy tadqiqotning muvaffaqiyatini kafolatlamaydi. Hozirgi zamon fanida dalillarning kichik bir yig‘indisidan ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy xulosalar chiqarilgani va nazariy umumlashtirishlar qilinganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bu erda gap “imtiyozli” dalillarning bilish jarayonidagi ulkan ahamiyatiga, shuningdek muayyan tadqiqot uchun ayniqsa mos keladigan dalillarni tanlash masalasiga borib taqaladi.
Muayyan yig‘indidagi dalillarning barchasi ham teng qimmat va ahamiyatga ega bo‘lavermaydi. Dalillarning bilishdagi ahamiyatiga kelsak, ularning o‘rtasida muayyan ierarxiyaviy aloqa mavjud. Ushbu vaziyatda u yoki bu dalillar yig‘indisining keng imkoniyatlari ham, uning ma’lum darajada cheklanganligi ham namoyon bo‘ladi. Dalillarni tadqiq etish ularning real ierarxiyasiga asoslanishi, bunda har bir dalilning bilishdagi ahamiyati ochib berilishi lozim. Olim oldida har doim o‘zi duch kelgan ko‘p sonli hodisalarga doir dalillarni saralashdan iborat bo‘lgan ijodiy vazifa turadi. Olim o‘zi qo‘ygan muayyan ilmiy vazifaning echimini hisobga olgan holda, eng yorqin, o‘ziga xos dalillarni tanlab olishi, farqlashi va o‘z e’tiborini ularga qaratishi lozim.
Sub’ektivizm xavfining oldini olish uchun dalillarni tanlash ularning haqiqiy ilmiy kuchi, ahamiyati va ierarxiyasini anglab etish va tadqiq etish asosida amalga oshirilishi lozim. Ushbu vazifani hal qilish jarayonida olim turli gnoseologik muammolarga duch keladi. Aynan shu muammolarni echish ilmiy ijod mazmunini tashkil etadi. Bir tomondan, olim o‘zi tadqiq etayotgan dalillarning murakkablik darajasini hisobga olishi lozim. Boshqa tomondan esa, u mazkur dalillarni sun’iy ravishda soddalashtirishi, ularning eng muhim jihatlarini ikkinchi darajali jihatlardan farqlashi, o‘zi ko‘zlayotgan aniq gnoseologik maqsad uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan jihatlarni ongli ravishda e’tibordan soqit etishi lozim. Boshqacha qilib aytganda, olim ilmiy tadqiqot jarayonida barcha dalillarni va ularning barcha jihatlarini hisobga olishi, shu bilan bir vaqtda, ularning orasidan ayniqsa diqqatga sazovor bo‘lgan, “imtiyozli” dalillar va jihatlarni ajratib olishi, so‘ng o‘zining asosiy e’tiborini ularga qaratishi lozim.
Muayyan ilmiy dalilni aniqlash va unga ishlov berish fan uchun turli natijalarga olib keladi. Ayrim ilmiy dalillar butun fanni yoki uning ayrim bo‘limlarini yanada rivojlantirishga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi, ba’zi dalillar esa bunday rolni o‘ynashga qodir bo‘lmaydi.
O‘z vaqtida D’Alamber “imtiyozli” dalillar to‘g‘risidagi masalani o‘ziga xos tarzda qo‘ygan edi. “Ensiklopediyaga muqaddima”da olim fan qonunlari to‘g‘risidagi masalani muhokama qilar ekan, u “mumkin qadar ko‘proq dalillarni to‘plashi, ularni tabiiy tartibda joylashtirishi va birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lum dalillar bilan bog‘lashi” shart ekanligini ko‘rsatib o‘tgan edi1.
Fan dalillari umumlashtirilishi natijasida ular nazariya uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Dalillarni umumlashtirishning oddiy shakllari – ularni tahlil, sintez qilish, tiplarga ajratish, birlamchi tushuntirish sxemalaridan foydalanish va hokazolar asosida amalga oshiriladigan tizimga solish va tasniflashdir. Ma’lumki, juda ko‘p ilmiy kashfiyotlar olimlarning dalillarni tizimga solish va tasniflash borasidagi fidokorona mehnati natijasida yuzaga kelgan (masalan, CH.Darvin yaratgan turlarning tabiiy tanlanish yo‘li bilan paydo bo‘lishi nazariyasi, D.I.Mendeleevning kimyoviy elementlar davriy sistemasi).
O‘rganilayotgan ob’ektlarning fan dalillari yordamida aniqlanuvchi miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi aloqalar va izchil takrorlanuvchanlik xossasini yorituvchi empirik gipotezalar va empirik qonunlar dalillarni umumlashtirishning eng murakkab shakllari hisoblanadi.
Ilmiy dalillar, empirik gipotezalar va empirik qonunlar faqat hodisalar va jarayonlar qanday yuz berishi haqida bilim beradi, biroq ular hodisalar va jarayonlar nima uchun aynan shunday tarzda yuz beradi, degan savolga javob bermaydi, ularning sabablarini tushuntirmaydi. Fanning – hodisalarning sabablarini aniqlash, ilmiy dalillar zamirida yotgan jarayonlarning mohiyatini tushuntirish, vazifasi ilmiy bilimning oliy shakli – nazariya doirasida hal qilinadi.
Ilmiy dalil ishonchli kuzatish, eksperiment mahsulidir: u ob’ektlarni bevosita kuzatish, asbob ko‘rsatkichi, fotosurat, o‘tkazilgan sinovlarning bayonnomalari, sxemalar, qaydlar, shohidlarning guvohliklari bilan tasdiqlangan arxiv hujjatlari va hokazolar ko‘rinishida amal qiladi. Biroq, qurilish materiallari hali bino bo‘lmaganidek, dalillar ham o‘z holicha fanni tashkil etmaydi. Dalillar saralab olingani, tasniflangani, umumlashtirilgani va tushuntirilganidan keyingina fandan o‘rin oladi. Ilmiy bilishning vazifasi mazkur dalilning yuzaga kelish sababi, uning muhim xossalarini, dalillar o‘rtasidagi qonuniy bog‘lanishni aniqlashdan iborat. YAngi dalillarning aniqlanishi ilmiy bilish taraqqiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Biologiya va genetikada bilish uchun ulkan ahamiyat kasb etadigan, ko‘p sonli gipotezalar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan va xizmat qilishda davom etayotgan “imtiyozli” dalillar, biologlar, genetiklar va boshqa olimlar tafakkurini hali-hanuz junbushga keltirayotgan dalillar qatoriga Mendel tomonidan kashf etilgan va keyinchalik qonunlar deb e’lon qilingan (biroq Mendelning o‘zi tomonidan emas) “Mendel qoidalari”da qayd etilgan dalillarni kiritish mumkin. Mendel tomonidan aniqlangan digibrid va poligibrid chatishtirishda belgilarning mustaqil irsiylanishi dalillari negizida irsiylanish manbalarining diskretligi to‘g‘risidagi gipoteza yaratilgan va uni sitologik tadqiqotlar ham tasdiqlagan. Irsiylanish jarayonlarida xromosomalarning roli aniqlangan. Keyinchalik ushbu dalillar hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan, irsiylanishning turli jihatlari va namoyon bo‘lish shakllarini ochib beradigan ko‘p sonli yangi dalillar to‘plamlari asosida irsiylanish jarayonida belgilarning o‘tishida DNKning rolini aniqlash imkoniyati paydo bo‘lgan. Ushbu dalillar aniqlanishi va qayd etilishi natijasida bizning hayot mohiyati, tirik materiya hujayralar strukturasining quyi qavatlari haqidagi bilimlarimiz yanada boyigan, tegishli ravishda, fan yanada yuksak darajaga ko‘tarilgan.
Fan sohasida ijod qiluvchi odam o‘zi hal qilishga urinayotgan muayyan vazifaga muvofiq dalillarni tanlab olish bilan kifoyalanmaydi. Amalda u hech qachon tanlab olingan dalillarning ko‘p sonli jihatlarini o‘z tadqiqoti ob’ektiga aylantirmaydi, balki ularning ayrimlarigagina o‘z e’tiborini qaratadi. Ammo bu erda olim ancha mushkul vazifani bajarishi talab etiladi. Bir tomondan, u mayda-chuyda tafsilotlar bilan “o‘ralashib” qolishga haqli emas, boshqa tomondan esa, ilmiy bilish uchun nainki muhim, balki hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin bo‘lgan ba’zi bir tafsilotlarni ham nazardan qochirmasligi kerak. Olimning bunday bir yoqlamaliklardan o‘zini chetga ola bilishida uning ijodi namoyon bo‘ladi. Tadqiqot jarayonida mayda-chuyda tafsilotlarga “o‘ralashib” qoladigan olim fanni olg‘a siljitishga qodir emas, biroq ba’zan ikir-chikirlar ilmiy tadqiqot natijalari uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.