Reja:
Ilmiy oqilonalikning shakllanish tarixi
Oqilonalikning noklassik va postnoklassik qiyofasi.
YAngi oqilonalikning cheksizligi
Tayanch iboralar:
«Ochiq», «yopiq», «universal», «maxsus», «yumshoq», «o‘ta» oqilonalik, induktivistik model, deduktivistik model, evolyusionistik model, to‘rsimon model, realistik model, noklassik ilmiy oqilonalik, oqilonalikning postnoklassik qiyofasi.
Ilmiy oqilonalikning shakllanish tarixi. Insoniyat sivilizasiyasi azaldan oqilona sivilizasiya bo‘lib, unga borliqqa nisbatan oqilona yondashish, muammolarni echishning amaliy-pragmatik usullarini topish ruhi xos. Aql, idrok, logos oqilonalikning aniq-ravshan ko‘rinib turuvchi tarkibiy elementlaridir. Biroq aql («sof» aqldan farqli o‘laroq) «sof bo‘lmasligi» ham mumkin. Idrok amalda oqilona bo‘lmagan narsaga ishora qilishi, logos-so‘zi birdan Xudo, tuyg‘ular va muhabbatni madh eta boshlashi mumkin. Bu holda oqilonalik qayoqqa yo‘qoladi? U qaerda? Ayni holda oqilonalik transsendent tushuncha sifatida namoyon bo‘ladi.
Hozirgi olimlar fan rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida mushohada yuritar ekanlar, u avvalo o‘zining oqilonaligi bilan ajralib turishini, dunyoni o‘zlashtirish oqilona usulining keng tarqalishi tarzida gavdalanishini qayd etadilar. Fan oqilonalikning kognitiv-metodologik tizimini qadam-baqadam yaratmoqda, degan dabdabali fikrlarga ham duch kelish mumkin. Bunda oqilonalik tushunchasining hajmi noaniqligicha qoladi va buni qanday tushunish kerak, degan navbatdagi savolni o‘rtaga tashlaydi. Bu savolga javob topish yo‘lidagi izlanishlarda murakkab ilmiy muammolarni sog‘lom fikr nuqtai nazaridan yoritishga da’vogar ta’riflar yaxshi samara berdi. SHu nuqtai nazardan oqilonalik – bu avvalo insonni dunyoga bog‘lashning muayyan usuli. Inson dunyo bilan tabiatga, Xudoga, hayotga muhabbat orqali bog‘lanishi mumkin.
Oqilonalikning yagona universal talqini mavjud emas. Hozirgi zamon metodologlari oqilonalikning har xil turlari, chunonchi: «ochiq», «yopiq», «universal», «maxsus», «yumshoq», «o‘ta» oqilonalik, ijtimoiy, kommunikativ va institutsiyaviy oqilonalikning o‘ziga xos xususiyatlarini qayd etib, «oqilonalik» tushunchasi ko‘p ma’noli tushuncha ekanligini e’tirof etadilar. Oqilonalikning mazmuni:
1) aqlda aks etgan tabiiy uyushqoqlik sohalariga;
2) dunyoni konseptual-diskursiv tushunish usullariga;
3) ilmiy tadqiqot va faoliyat normalari va metodlari majmuiga bog‘lanishi mumkin.
O‘z-o‘zidan ayonki, bu oqilonalik bilan fan metodologiyasini tenglashtirish uchun imkoniyat yaratadi. N.Moiseev fikriga ko‘ra, «borliq (aniqrog‘i – insonning o‘zini qurshagan muhitni idrok etishi) oqilona sxemalarni vujudga keltirgan. Ular o‘z navbatida metodlarni yaratgan, metodologiyani shakllantirgan. Metodologiya esa dunyo – Olam (universum)ning manzarasini oqilona tarzda chizish imkonini beruvchi vositaga aylangan»1. V.SHvirev «Hozirgi zamon madaniyatida oqilonalik» deb nomlangan maqolasida «oqilonalik tushunchasini talqin qilishda konseptual inqiroz yuzaga kelgan. Bu hozirda mazkur muammo yuzasidan ketayotgan munozaralarda o‘z aksini topadi va oqilonalikning muayyan tarixiy shakli – YAngi davr va Ma’rifat davridagi oqilonalik haqidagi klassik qarashlar bilan bog‘liq. Oqilonalikning hozirgi inqirozi – bu, tabiiyki, oqilonalik to‘g‘risidagi klassik qarashlarning inqirozidir»2, deb qayd etadi. Mazkur inqiroz aniq g‘oyaviy-konseptual mo‘ljallarning yo‘qolishi bilan bog‘liq. Klassik oqilonalik nuqtai nazaridan, dunyo qonunga muvofiq, strukturaviy uyushgan, tartibga solingan, o‘zini o‘zi rivojlantiruvchi hodisa deb tushunilgan.
Dunyoning hozirgi ilmiy manzarasida oqilonalikka ong va tafakkurning oliy hamda qonuniylik talablariga eng muvofiq tipi, madaniyatning barcha sohalari uchun namuna deb qaraladi. U maqsadga muvofiqlik bilan tenglashtiriladi. Oqilonalikning kashf etilishi to‘g‘risida so‘z yuritilganida, tafakkurning ideal ob’ektlar bilan ishlash qobiliyati, so‘zning dunyoni aqlga muvofiq tarzda va tushunarli qilib aks ettirish qobiliyati nazarda tutiladi. Bu ma’noda oqilonalikning kashf etilishi qadimiyatga borib taqaladi. Insonning dunyoda o‘z o‘rnini topishining oqilona usuli ideal ma’nodagi faoliyat bilan bog‘liq, shuning uchun ham oqilonalik real ob’ektlarning faqat xayolda mavjud bo‘lgan ideal ob’ektlarga aylanishining maxsus tartib-taomillari uchun javobgardir. Ammo, ideal ob’ektlarni tuzish faoliyati xayolning cheksiz parvoziga imkon bersa, ilmiy oqilonalik, ya’ni fan e’tirof etuvchi ideal ob’ektlarni tafakkurda tuzish xayolning epirikligini cheklaydi. Unga amalda qo‘llash uchun yaroqli bilimlar kerak, binobarin, u faqat odamlarning hayoti va faoliyatida bevosita yoki bilvosita, dolzarb yoki potensial tarzda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ideal ob’ektlar va tartib-taomillarnigina e’tirof etadi.
Bir tomondan, ilmiy oqilonalikni fan va tabiatshunoslikning rivojlanish tarixi, bilish tizimlarining takomillashtirilishi va metodologiya bilan bog‘laydilar. Bunda oqilonalik mantiqiy-metodologik standartlar bilan «qoplanadi». Boshqa tomondan, oqilonalik aqlga muvofiqlik, haqiqiylik bilan tenglashtiriladi. Bu erda ham haqiqiy bilimning mezonlari, asoslari va dalillarini aniqlash, bilish tilini takomillashtirish muammolari birinchi o‘ringa chiqadi. B.S.Gryaznov fikriga ko‘ra, ilmiy bilimning oqilona tizimi, birinchidan, gomogen, ikkinchidan, berk bo‘lishi va nihoyat, uchinchidan, sababiy bog‘langan tuzilishga ega bo‘lishi lozim.
Oqilonalik faoliyatni tashkil etishning sub’ektga xos bo‘lgan universal vositasi sifatida ham tushuniladi. M.Veber fikriga ko‘ra, oqilonalik – ko‘zlangan maqsadga erishish vositalarining aniq mo‘ljali. L.Vitgenshteyn ta’biri bilan aytganda, sharoitga eng yaxshi moslashganlik. S.Tulmin fikricha – faoliyat qoidalarining tadrijiyligi. Kanadalik faylasuf U.Drey insonning e’tiqodlari, motivlari va qilmishlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishga harakat qiluvchi har qanday tushuntirishni oqilona deb ataydi.
A.Nikiforov oqilonalik uch xil: «aql-idrok qonunlari»ga muvofiqlik sifatida, «maqsadga muvofiqlik» sifatida va fanning maqsadi sifatida qaralishi mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Birinchi holda oqilonalik tushunchasining o‘zagini mantiq qonunlari tashkil etadi. Metodologlar oqilonalik haqida so‘z yuritar ekanlar, avvalo ilmiy yoki mantiqiy-metodologik oqilonalikni nazarda tutadilar. Biroq oqilonalik qoidalar majmui bilan bog‘lansa, fanshunoslikka doir tarixiy tahlil u yoki bu metodologik qoida buzilgan, olim esa bunda ilmiy natijalarga erishmagan ko‘p sonli ziddiyatlar haqida «shivirlay» boshlaydi. SHunday qilib, oqilonalikning yagona universal tushunchasini topish mumkin emas. Bu g‘oyani metodologlar ham qayd etadilar. Ular oqilonalikning har xil modellari, binobarin, metodologiyaning ham har xil modellari mavjudligini ta’kidlaydilar. Bular:
1) induktivistik model (Karnap, Xesse);
2) deduktivistik model (Gempel, Popper);
3) evolyusionistik model;
4) to‘rsimon model (Laudan);
5) realistik model (Nyuton-Smit).
Bunga paradigmal modelni ham, tanqidiy rasionalizm tamoyilini qabul qilishga asoslangan modelni ham, ilmiy tadqiqot dasturiga asoslanuvchi modelni ham, fanni tematik tahlil qilish modelini ham qo‘shimcha qilish mumkin. Bu modellarning barchasi o‘zlarining u yoki bu vakillari fanning haqiqiy tarixini qabul qilingan algoritmga muvofiq oqilona rekonstruksiya qilib, shu yo‘l bilan fan rivojlanishining yagona yo‘nalishini olishlarini nazarda tutadi.
Dostları ilə paylaş: |