Ilmiy-tadqiqot faoliyatida xotira xuddi hissiyot kabi ilmiy-ijodiy faoliyatning reproduktiv kuchi hisoblanadi. U o‘zida aqliy va ruhiy nazariy va empirik bilimlarini saqlaydi. Zero, xotirada, yodda saqlashsiz ob’ektiv voqelikni idrok etib bo‘lmaydi. Darhaqiqat, xotira ob’ektiv voqelikni to‘g‘ri aks ettirishga xizmat qiladi. Xotira asosida olim o‘tgan voqelikni ko‘rganlarini, anglaganlarini va taassurot materiallarini tizimlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Insonga yoddan chiqarish xosdir. Chunki uning xotira mexanizmlariga voqealar, dalillarni bir umr yodda saqlash, ba’zilarini umuman yo‘qolish, ba’zilarining qisman yo‘qolishi xos. N.Jo‘raevning fikricha, “Xotiraning ma’naviy qudrati, insonni yaxshilikka da’vat etuvchi va ezgulikka chorlovchi mo‘‘jizasi shundaki, u tafakkur, aql-idrok va tushunchalar orqali o‘tmishni anglashga, o‘rganishga va undan ijobiy xulosalar chiqarishga, o‘z taqdirini, kelajagini ana shu xulosalar asosida yo‘lga qo‘yishga imkon beradi”2.
Xotira ong omili sifatida insonga o‘zining hayotiy faoliyati tajribasini tasvirga olish, saqlash, qayta tiklash va boshqalarga uzatish imkonini beradi. Shu ma’noda, E.G‘.G‘oziev xotiraning ko‘plab psixik jarayonlarga zamin tayyorlovchi ruhiy holat sifatidagi murakkab, keng qamrovli xarakteri, shuningdek, unga unutish hamda ma’lumotlarni ijodiy qayta ishlashdek xususiyatlar xosligini3 alohida ta’kidlab o‘tadi.
Insonning ijodiy faoliyatida o‘tmish tajribasini hozirgi zamonda qayta tiklash va kelajakni prognoz qilishda xotira muhim o‘rnini bildiradi. Xotiraning prospektiv strukturalari odamlarni kelajak istiqbollariga yo‘naltiradi, uning muhim belgilarini prognozlaydi. Avvaldan e’tirof etish kerakki, kelgusini prognozlashning va hayot istiqbolining haqiqatga yaqinligi ko‘p jihatdan o‘tmish tajribasi resurslariga bog‘liq bo‘ladi. Aytish mumkinki, insonning prognozlash qobiliyatlariga o‘tmish tajribasini egallash, o‘zlashtirish va orttirish xosdir. Ular o‘z-o‘zicha hayotning izlanayotgan maqsadlariga erishish uchun ishonchli kafolat berolmaydi, ularning prognozi hali natija degani emas. Prognozlash – ancha murakkab muolaja. Tanlanayotgan istiqbolning yangiligi o‘tmish tajribasi ma’lumotlarini taqqoslash asosida aniqlanadi. Eski yoki ishlayotgan yo‘llar, qoliplar, stereotiplar, shuningdek, ideallar, me’yorlar va qadriyatlar hayotiy ehtimollarni bilish, muloqot va boshqalar shular jumlasidandir. Lekin bular prognozlashning mazmunini ayniylashtirish uchun asos bo‘lolmaydi. Shuning uchun ham ehtiyojlari qanoatlantirilmayotganiga ishongan holda inson o‘zining hayotiy istiqboliga doir turli yangi imkoniyatlarini belgilaydi. Ularni ishlab chiqish va muhokama qilish natijasida eng yaxshisini tanlashga imkon yaratadi. Kelajak loyihasining ko‘zlangan maqsadga erishish uchun odamlarning mavjud vaziyatlarga (vositalar)ga mosligining ta’minlanishi eng yaxshi istiqbol hisoblanadi.
Iste’dod shaxsning individual-psixologik xususiyatlaridan biri bo‘lib, asosan ilmiy izlanish jarayonida eng katta kuch sifatida faol ishtirok etadi. Iste’dod insonning o‘zida tug‘ma anatomik va psixofiziologik o‘ziga xosligida namoyon bo‘ladi. U ma’lum shart-sharoitlardagina shakllanadi, o‘sadi: ular – atrof muhit, faol harakat va shu kabilardir. Bilim ilmiy-ijodiy faoliyatning asosiy bosh komponenti hisoblanadi. Chunki bilim asosida inson ob’ektiv reallikni bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bilim – bu ob’ektiv voqelikning sub’ekt ongida chuqur va har tomonlama aks ettirishdir. Olim ob’ektiv voqelikni har tomonlama yaxshi bilishi, o‘zining aqliy dalillari orqali isbot ettirmog‘i lozim. Iste’dod, birinchidan, daholar tomonidan yaratilgan narsani rivojlantiradi va ikkinchidan, yangi daholar yaratilishi uchun zamin yaratadi. Boshqacha aytganda, iste’dod – yangini yaratuvchi, lekin bu yangi – daho tomonidan yaratilganning konkretlashgani yoki daho yaratadiganga yangi manba yoki ma’lumot olib kirilganidir. Iste’dod – ijodiy evolyusioner, ijodiy evolyusiya sub’ektlari demakdir. Ular turli darajalarda bo‘ladi: katta yoki kichik (shunchaki iste’dod – katta iste’dod) ko‘rinishlarda bo‘ladi (sifatiga qarab).