O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi urganch davlat pedagogika instituti



Yüklə 0,77 Mb.
səhifə4/5
tarix09.01.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#78791
1   2   3   4   5
Shohida mustaqil ishi 2

Mevachilik
Mevali va rezavor mevali o‘simliklarning kelib chiqishi hamda botanik ta’rifi. O‘zbekistondagi mevali daraxtlar boshqa o‘simliklardan mevalarining yirikligi, rangdorligi, uzoq saqlanishi, uzoq masofalarga yuborish mumkinligi hamda sanoat uchun qimmatbaho xomashyo ekanligi va iste’mol qilish uchun zarur bo‘lgan moddalarga boyligi, bir yerda ko‘p parvarish qilinishi hamda mo‘l hosil berishi bilan ajralib turadi. Bir necha yillar mobaynida olma, nok, behi, yong‘oq, o‘rik, bodom, gilos, olcha, tog‘olcha, olxo‘ri, shaftoli kabi mevalar ustida seleksiya ishlari olib borildi. Ularning urug‘laridan chiqqan yaxshi formalarini tanlab olib ko‘paytirish natijasida O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva turlari va navlari son jihatidan birmuncha ko‘paydi hamda sifat jihatidan ancha yaxshilandi.
Boshqa joylardan ham ko‘pgina meva va rezavor meva navlari olib kelib, respublikamizning tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirildi. Markaziy Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda yovvoyi meva daraxtlari asosan Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarning togli rayonlarida o‘sadi. Bu yerlarda mevali daraxtlar va butazorlarning 70 ga yaqin turlari uchraydi. Keyingi yillarda yovvoyi olma, yong‘oq, bodom, kamhastak, tog‘olcha, do‘lana, pista, irg‘ay kabi mevali daraxtlar payvand qilish yo‘li bilan madaniylashtirilmoqda. Har yili ko‘plab meva yig‘ib olinadi, madaniy meva navlarini kurtak payvand qilib ko‘paytirish uchun yovvoyi meva daraxtlaridan har xil urug‘lar tayyorlanadi. Yovvoyi meva daraxtlarining ikkinchi bir foydali tomoni shundaki, seleksionerlarning ayrim meva shakllarini tanlashida qimmatbaho manba hisoblanadi.
Meva va rezavor o‘simliklar o‘zining o‘sishi, rivojlanishi, umr ko‘rishi, hosilga kirishi, ildiz tizimi va yer ustki qismi ning o‘sishiga qarab daraxt, buta, yarim buta hamda o‘tsimon o‘simliklarga bo‘linadi. Daraxtlar boshqa mevali o‘simliklarga qaraganda yer ustki va yer ostki qismlarining baquvvat o‘sishi bilan ajralib turadi. Daraxtda shox-shabbalarini ushlab turadigan bitta tana bo‘lib uning yuqori qismida bir necha yo‘g‘on ona shoxlar bo‘ladi. Bu shoxlar tananing har tomonida belgili masofada, biri ikkinchisiga xalaqit bermay o‘sadi.
Ona shoxlarida ko‘p yillik shoxlar bilan bir yillik novdalar joylashadi. Meva daraxtlari bir necha yil mobaynida o‘z shox-shabbalarini shakllantiradi, uzoq umr ko‘radi va boshqa meva turlariga qaraganda mo‘l va sifatli hosil beradi. Butalar meva daraxtlariga nisbatan past bo‘yli bo‘lib, tezroq hosilga kiradi, lekin nisbatan uzoq umr ko‘rmaydi. Ular bir necha shox va novdachalar chiqarib o‘sadi. Ularga smorodina, krijovnik va boshqalar kiradi. Yarim butalarga malinani misol qilib keltirish mumkin.
Har yili yer ustki qismi ildizidan o‘sib chiqqan yangi novdalar hisobiga yangilanib turadi. Yangi o‘sib chiqqan novdalar hosil bergandan keyin qurib qoladi. Malina ko‘chatini ko‘paytirishda ildizdan o‘sib chiqqan novdalar ildizi bilan ona tupdan sekin-asta ajratib olib ekiladi. Qulupnay o‘tsimonlar guruhiga kiradi. O‘zbekiston sharoitida kuchli payvantaglarda o‘stirilgan olma, nok, gilos, yong‘oq, pekan daraxtlarining bo‘yi 12–15 metrdan ham oshadi. Ular juda sershox bo‘ladi. Ildiz tizimi 6–8 m chuqurlikda va 8–10 m atrofida tarqaladi. Ildizi kuchli, shoxshabbali baquvvat daraxt yer ustki qismini ushlab tura oladi, daraxtlarning shox-shabbalari 12 metrga yoyilib o‘sadi. Tanasining yo‘g‘onligi yoshiga qarab 0,5–1,5 metrga yetadi, bir yillik novdalarning uzunligi esa 30–50 sm ni tashkil qiladi. Meva daraxtlari o‘z hayotida bir necha marta gullaydi, bir necha yil hosil beradi.
Rezavor mevalar barvaqt hosilga kirib, har yili gullaydi va hosil beradi. Meva daraxtlari va rezavorlar suvli va unumdor yerlarda yaxshi, qumloq, toshloq hamda lalmikor yerlarda kuchsiz o‘sadi. Meva daraxtlari va rezavor mevalarning hosilga kirishi yerni ко‘chat ekishga puxta tayyorlashga, ko‘chatning sifatli parvarishiga va qanday payvandtaglarda o‘stirilganligiga bog‘liq. Qulupnay avgust oyida ekilsa, kelgusi yili hosil berib 4–5 yil umr ko‘radi. Smorodina (qorag‘at) 3-yildan boshlab hosil beradi, 12–15 yil umr ko‘radi. Krijovnik 3–4-yildan boshlab hosil beradi va 15–20 yil umr ko‘radi. Kuchli payvandtaglarda o‘stirilgan olma, nok daraxtlari bir yerda 45–55 yil, shaftoli 15–26 yil, olcha 20–25 yil, olxo‘ri 25– 30 yil, gilos 25–40 yil, bodom 40–45 yildan ko‘p umr ko‘radi. Kuchli payvandtaglarda o‘stirilgan olma navlariga nisbatan kuchsiz payvandlarda o‘stirilgan olma navlari 25–40 yil kam umr ko‘radi. Lekin barvaqt hosilga kiradi.
Behiga payvandlangan nok navlari ham 25–30 yil umr ko‘radi. Olchaga payvandlangan gilos navlari barvaqt hosilga kirib daraxtlarning umri kuchli payvandtaglarda o‘stirilganga nisbatan birmuncha qisqa bo‘ladi. Ko‘pchilik danakli mevalar urug‘li mevalarga nisbatan barvaqt hosilga kirib qisqa umr ko‘radi.

Xulosa
Bog‘dorchilik qishloq xo‘jaligi tarmog‘i bo‘lib, fan sifatida meva daraxtlarining morfologik tuzilishi, o‘sishi, rivojlanishi, ko‘paytirish usullari, hosil berish qonuniyatlari hamda parvarishlash texnologiyasini o‘rgatadi. Yuqorida ko‘rsatilgan bilimlarning egallanishi agronom, fermer mutaxassisi bo‘lib shakllanishlarida katta ahamiyat kasb etadi va agrotexnik chora-tadbirlarni yuqori darajada va o‘z vaqtida o‘tkazishga yordam beradi.
Bog‘dorchilik sohasi – biologiya, biotexnologiya, tuproqshunoslik, o‘simliklar fiziologiyasi, melioratsiya, agrokimyo va umumiy dehqonchilik tarmoqlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Meva daraxtlari va tok tuplarini parvarishlash texnologiyasi shu fanlar bilan aloqadordir.


Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin