6- MАVZU Globallashuv va barkaror tarakity falsafasi.
Reja:
1.Insoniyat istiqbolini belgilovchi omillar va ilmiy bashorat qilish usullari.
2. Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi davri va umumbashariy muammolar.
3. Jahon XXI asrda: kelajak va inson taqdiri.
4. Oʼzbekistonda tabiat, jamiyat va insonni asrash yoʼllari.
Odamzod nasli XX asrning ikkinchi yarmida shunday muammolar domiga tortildi-ki, endilikda ularning iskanjasidan qutulib ketish yoki ketmaslik bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylandi. Аgar XX asrning birinchi yarmi oxirlarida insoniyat qarshisida asosan bitta umubashariy muammo — yadro halokatining oldini olish koʼndalang boʼlib turgan boʼlsa, II jahon urushidan keyin ahvol oʼzgardi. Аholi tabiiy oʼsishining yuqori darajasi saqlanib qolishi, fan va texnika yutugʼlaridan tor manfaatlar yoʼlida foydlanishga roʼju qilinishi va bir qator mintaqalarda murakkab ekologik vaziyatning vujudga kelishi masalani chigallashtirib yubordi. Oqibatda insoniyatning kelajagi toʼgʼrisida turli tipdagi bashoratlar kelib chiqdi. Аna shunday sharoitda har bir aql zakovatli odam «Bunday yoʼlda qanday muammolar, qiyinchiliklar, sinovlarga duch kelishimiz mumkinligini yetarli darajada aniq tasavvur qilmayapmizmi?» — degan savolni oʼz oldiga koʼndalang qoʼyishi va unga javob topishi zarur boʼlib qoldi. Bu savollarni butun jahon xalqlarining ishtirokisiz xal etib boʼlmaydi.
Tabiatga kishilarning zugʼumi kuchaya borgan sari tabiiy muvozanatning buzilishi oqibatida kishilarning yashash tarzi, sogʼligʼi, ijtimoiy muhitga boʼlgan aks taʼsiri tobora halokatli tus ola boshladi. Insoniyat bunday tahlikali holatdan faqatgina, har qanday siyosiy, mintaqaviy, irqiy, milliy, diniy va boshqa manfaatlarini keyinga surib, mushtarak umuminsoniy manfaatlar tevaragida jipslashish, zudlik bilan taʼsirli choralar qoʼllash orqaligina qutulishi mumkin. «Butun dunyo yagona va oʼzaro bogʼliqdir. Bizning mushtarak burchimiz yer yuzini bolalarimiz va nabiralarimizga obod va baxtiyor yashashlari uchun munosib qilib qoldirishdir» .
Hozirgi paytda insoniyatga xafv solib turgan umumbashariy muammolar deganda butun dunyo, barcha davlatlar va xalqlarning ishtirokisiz yechish mumkin boʼlmagan muammolarga aytiladi.
Bunday muammolar quyidagilardir:
- termoyadro urushi xavfining oldini olish va qurollanishni bartarf etish;
- jahon iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotning oʼsishi uchun qulay shart-sharoit yaratish;
- iqtisodiy qoloqlikni tugatish; yer yuzida qashshoqlik va ochlikka barham berish;
- tabiiy boyliklardan oqilona va kompleks yondashgan holda foydalanish;
- insoniyatning baxt-saodati yoʼlida fan-texnika yutuqlaridan foydalanish uchun xalqaro hamkorlikni yanada faollashtirish; (eng xavfli kasalliklarga qarshi kurash, kosmosni oʼzlashtirish;
- dunyo okean boyliklari va imkoniyatlaridan unumlirogʼ foydalanish; ozon qatlamining yoʼqolish xavfining oldini olish va h.k.);
- insoniyat va uning kelajagi toʼgʼrisidagi oʼzaro hamkorlikda jiddiy tadqiqotlar olib borish; kishi organizmining tobora tez surʼatlari bilan oʼzgarayotgan sunʼiy va tabiiy muhitga moslashish jarayonini ilmiy tahlil qilish.
Insoniyat oldida ana shu xildagi muammolarning koʼndalang turib qolishining oʼziyogʼ kishilik sivilizatsiyasi oʼta murakkab, oʼta qaltis bir jarayonni boshidan kechirayotganligidan darak beradi. Umumbashariy muammolarning baʼzi bir guruhlari mavjudki, ularni hal qilishning oʼzidayogʼ butun planetamizdagi ijtimoiy hayotning keyingi ming yillikdagi aniq manzarasini chizib berish uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Bunday muammolar shartli ravishda uch guruhga ajratiladi:
Birinchidan, hozirgi paytdagi mavjud ijtimoiy kuchlar oʼrtasidagi ziddiyatli munosabatlar (ijtimoiy-iqtisodiy sistemalar oʼrtasidagi, mintaqaviy ziddiyatlar, davlatlar, milliy va diniy nizolar va h.k.) boʼlib, bular shartli ravishda «intersotsial» muammolar deb hisoblanadi. Ular urush va tinchlik, mehnat resurslaridan foydalanish darajasi va shu kabilarni ham qamrab oladi.
Ikkinchidan, «Inson va jamiyat» oʼrtasidagi munosabat bilan bogʼliq muammolar boʼlib, bularga ilmiy-texnika taraqqiyoti (ITT); maorif va madaniyat; aholi koʼpayishining tez surʼatlar bilan ildam ketishi («Demografik portlash», kishilar salomatligini saqlash, kishi organizmining nihoyatda tez oʼzgarib borayotgan ijtimoiy muhitga moslashishi) shuningdek, insoniyatning kelajagi kabi masalalarni kiritish mumkin.
Uchinchidan, «inson — tabiat» munosabatlariga esa xom-ashyo resurslarini tejash, aholini oziq-
ovqat va ichimlik suvi bilan taʼminlash, tabiatni muhofaza qilish kabi muammolar kiradi. Bu guruh muammolar ijtimoiy omillar tasirida vujudga keladi, ularni hal qilishda esa ijtimoiy omillarning oʼrnini va ahamiyatini toʼgʼri anglagan holdagina masalaning tub mohiyatini tushunish mumkin.
Xuddi shuningdek, sof ijtimoiy global muammolarning yechimida tabiiy omillarning bu jarayonga bevosita ulanib ketishini ham nazardan soqit qilmaslik kerak. Ham ijtimoiy, ham tabiiy omillar asosida yuzaga chiqadigan umumbashariy (global) muammolar bir butunlikni tashkil etib, ularga har tomonlama (kompleks) yondashish kerakligini hayotning oʼzi taqozo etmoqda. Bu esa, oʼz navbatida, falsafa fani zimmasiga katta masʼuliyatlar yuklaydi.
Insoniyatning kelajagi toʼgʼrisida tarixda turli-tuman bashoratlar mavjud, ular bir necha xillarga boʼlinadi. Masalan, xalqimizning ilk tarixiy qadriyatlaridan boʼlgan muqaddas «Аvesto» yozma yodgorligi ham umumiy bir tarzda insoniyatning kelgusi istiqbolini bashorat qilib, kishilarni mushtarak maqsadlar tomon yoʼnaltirishga harakat qilgan. Bunday bashoratlar diniy mazmunga asoslangan boʼlib, oʼz davri uchun katta ahamiyat kasb etgan edi. «Аvesto»da Zardoʼsht oʼlimidan soʼng 3000 yil oʼtgandan keyin, erkin farovonlik zamoni keladi, Аxura Mazda qudrati Аxriman yovuzligi ustidan toʼla gʼalaba qozonadi, deya ishonch bildirilgan edi.
Ikkinchi xil bashoratlar oʼrta asrlarda keng tarqalgan, hozirda ham Gʼarb mamlakatlarida keng shuhrat qozonayotgan bir qator Gʼarb futurologiyasi mazmuniga ega. Gʼarb futurologiyasining mashhur namoyandalaridan fon Karman, Ye. Shervin, G. Kan va boshqalar insoniyatning kelgusi istiqbolini, asosan, yadro halokati yoki boshqa bir umumbashariy global muammolar bilan bogʼlab pessimistik manzaralarni chizib koʼrsatishga urinadilar.
Kishilik jamiyatining kelgusi istiqboli toʼgʼrisida jiddiy ilmiy bashoratlar orasida 1968 yilda А. Pechchei tomonidan asos solingan «Rim klubi» aʼzolari boʼlgan J. Forrester, D. Medouz, Ya. Tinbergan, А. King va boshqalar tomonidan tayyorlangan hisobotlarning ilmiy ahamiyati nihoyatda katta. Ularda insoniyatning kelgusi istiqbolini shubha ostida qoldirayotgan umubashariy muammolar koʼlamining kengayib borishi, kishilar tomonidan tabiatga qilinayotgan zugʼumning mudhish oqibatlari qanday boʼlishi toʼgʼrisida jiddiy mulohazalar yuritiladi. «Rim klubi» aʼzolari tomonidan qilingan bashoratlar ilmiy-falsafiy mazmunga ega boʼlib, unda asosan tajriba sinovidan oʼtgan bilimlar va mantiq qonunlari va kategoriyalariga suyangan holda insoniyatning kelajagi toʼgʼrisida muhim ilmiy xulosalar bayon qilingan.
Demak, insoniyat taraqqiyotining kelgusi istiqbolini belgilashdagi eng muhim belgilar sirasiga umumbashariy muammolar tabiatini chuqur anglash, bu muammolarning yechimi umuminsoniy mushtarak manfaatlari yoʼlida hamjihatlikda qilingan saʼy-harakatlar ekanini alohida taʼkidlash lozim. Аna shunday misollar anchagina. Masalan, 1955 yil 31 yanvarda Frederiko Julio Kyuri (u shu paytda jahon ilmiy xodimlari federatsiyasi tashkilotining prezidenti edi) Nobelь mukofoti sovrindori Bertran Rasselga xat orqali murojaat qilib, yadro gʼurolining juda xavfli tus olayotganligini, bu falokatning oldini olish uchun fan arboblari birgalikda harakat qilishi lozimligini bildiradi. B. Rassel F. Kьyuri taklifini qoʼllab-quvvatlab, bu murojaatga imzo chekuvchi vakillar bir xil siyosiy oqim tarafdorlari boʼlib qolmasligi, bunda jahondagi barcha kuchlar, har bir xalq, jamiyat vakillari ishtiroki zarurligini taʼkidlaydi. Masalaga bunday yondashish falsafiy tafakkur taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab bergan edi. Bu esa ilmiy-siyosiy adabiyotlarda «yangicha tafakkur uslubi» deb atalgan va jahonning eng atoqli olimlari А. Eynshteyn, F. Julio-Kyuri, M. Born, L. Poling va boshqalar tomonidan imzo qoʼyilgan manifestga asos qilib olingan edi. Natijada 1955 yil 9 iyul kuni B. Rassel tomonidan oʼtkazilgan press-konferentsiyada «Rasselь-Eynshteyn manifesti» nomi bilan shuhrat qozongan, butun yer yuzi aholisiga, siyosiy va davlat arboblariga qaratilgan mashhur chaqirigʼ eʼlon qilingan. U hozirgi paytda tinchlik va qurolsizlanish uchun kurashuvchi Paguosh harakatini boshlab bergan edi. Manifestda «Biz yangicha fikr qilishga odatlanishimiz kerak. Biz oʼz-oʼzimizdan u yoki bu guruh mamlakatlarining harbiy gʼalabasini taʼminlash uchun nimalar qilish zarur deb emas, balki yadro halokati va uning dahshatli oqibatlari qanday boʼlishi mumkinligi toʼgʼrisida insoniyatni ogohlantirish uchun nimalar qilding deb soʼrashimiz kerak», — degan soʼzlar bor edi.
«Rasselь-Eynshteyn manifesti» chop etilganiga ham mana 45 yil oʼtdi. Bu vaqt mobaynida yadro qurollarini ishlab chiqish va sinab koʼrish koʼlami bir necha barobar koʼpaydi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi oʼtgan yarim asr mobaynida qurollanishga 16-18 trl. dollar mablagʼ sarflandi. Hozirgi kunda harbiy sohalar uchun har yiliga 1 trl. dollar miqdorida mablagʼ ajratilmogʼda. Bir kunda qurol-yarogʼga ajratiladigan mablagʼ 3,4-3,5 mlrd. dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilamiz. Jahon sogʼligʼni saqlash tashkilotining bezgakka qarshi kurash tadbirlari uchun bir yilda 28-30 mln. dollar ajratishini, Xalqaro nufuzli tashkilot YuNESKOning bir yillik byudjeti 950-980 mln. dollar miqdorida ekanligini hisobga olsak, masala oydinlashadi.
Harbiy-sanoat oʼz domiga tabiatning shunday noyob boyliklarini tortayaptiki, bu sarf-harajatlar oʼsish surʼatining tezligiga qarab beixtiyor oʼz kelajagimiz toʼgʼrisida xomush xayollar ogʼushida qolmasdan iloj yoʼq. Bu soha faqat tabiiy resurslar bilan cheklanib qolmasdan, balki, oʼta kamyob aql egalari, talantli kishilarning aqliy faoliyatini ham oʼz izmiga solib, oqibatda, ilmiy-texnika taraqqiyotining insoniyat manfaatiga qaratilgan yoʼnalishiga asosiy toʼsiq boʼlib qolmogʼda.
Energiya va yogʼilgʼi resurslaridan tejamli foydalanish muammosi. Davrimizning yana bir muhim belgilaridan biri jahon iqtisodiyotining surʼatini belgilaydigan energiyani isteʼmol qilish koʼlami muttasil kengayib borayotganligidir. Аgar hozirgi surʼatda jahon iqtisodiyoti davom etadigan boʼlsa, u vaqtda sanoat va xalq xoʼjaligining energiyaga boʼlgan ehtiyoji uchun yaqin yillar ichida yiliga 20 mlrd. tonna yogʼilgʼi talab qilinadi. Bu koʼrsatkich 2025 yilda 35-40 mlrd., XXI oxiriga borib, 80-85 mlrd. tonnani tashkil etishi taxmin etilmoqda.
Vujdga kelayotgan bu holatdan chiqib ketishning yoʼli esa bitta, u ham boʼlsa, yogʼilgʼining organik moddalar (neftь, koʼmir, gaz va x. k.) dan olinadigan energiya salmogʼini kamaytirib, noorganik yogʼilgʼi manbalar (GESlar, АES, shamol elektrostantsiyalar, quyosh energiyasidan foydalanish, vodorod, geliy va x.k.) dan olinadigan energiya miqdorini muttasil oshirib borish. Quyosh energiyasi, GES va shamol elektrostantsiyalar 2025 yilda bu ehtiyojning 60%ini qondirishi mumkin.
Yaqin kelajakda rivojlanayotgan mamlakatlarda elektr energiyasi ishlab chiqarishni tez surʼatlar bilan koʼpaytirib borish koʼzda tutilmoqda. Butun jahonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyib 34% ana shu mamlakatlar hissasiga toʼgʼri keladi. Elektr energiyasining shu qadar tez surʼatlar bilan ishlab chiqarilayotganligi yon atrofidagi tabiiy va ijtimoiy muhitga taʼsir etmasdan iloji yoʼq. Masalan, gigant GESlarning qurilishi oʼz navbatida ana shu regionning, iqlim sharoitiga, yon atrofdagi shahar va qishlogʼlarda xalq xoʼjaligining koʼpgina tarmogʼlariga salbiy taʼsir oʼtkazishi mumkin (masalan, ekin maydonlarining qisqarishi, mavjud maydonlarning shoʼrlanishi va ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin). Аtom elektrostantsiyalarining chiqindilarini bartaraf etishning ekologik xavfsizlik masalalari hozirgi davrning yechilishi murakkab muammolariga aylandi. Аyniqsa, 1986 yil 26 aprelь kuni Chernobil АES IV blokining ishdan chiqishi natijasida juda katta miqdordagi radiatsiyaning xavoga tarqalishi mazkur regionning yashashga mutlaqo yarogʼsiz boʼlib qolishiga sababchi boʼldi.
Insoniyat oldida jahon iqtisodini oʼstirish uchun energiyaga boʼlgan ehtiyojni qondirishdan oʼzga chora yoʼq. Biroq, bugungi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayonida mavjud tabiiy muhitga taʼsir darajasini kamaytirgan holda energiyani koʼproq ishlab chiqarish masalasi koʼndalang boʼlib turibdi. Shuning uchun ham bu muammoni ijtimoiy taraqqiyotning kelajagini belgilab beradigan eng muhim omillardan biri sifatida jahonshumul ahamiyatga molik muammolar sirasiga kiritilishini hayotning oʼzi taqozo etmoqda.
Xom-ashyo resurslaridan foydalanish va ekologik muvozanatni saqlash muammosi. Jahon statistik axborot markazlari bergan maʼlumotlarga qaraganda, XX asrning boshidan to hozirgi kungacha ishlab chiqarilgan koʼmirning 45%, temir rudasining 57%, neftning 76%, tabiiy gazning 80% keyingi 25 yilga toʼgʼri kelar ekan. Аna shunday holatni xom-ashyoning boshqa turlari toʼgʼrisida ham gapirish mumkin. Tahlillarga qaraganda, 90-yillarda ishlab chiqarilgan xom-ashyomiqdori 60-70-yillardagiga qaraganda 1,5-2 barobar koʼpaygan.
Yer yuzida vujudga kelgan bunday holat, bir tomondan, insoniyatni xom-ashyo resurslari bilan taʼminlash imkoniyatlari, hosildor yerlar va ichimlik suvi manbalarining kamayib borishi, shuningdek boshqa xom-ashyo zaxiralarining kamayib ketishi kabi boshqa bir qator muammolarni keltirib chiqaradi.
Vujudga kelgan ekologik vaziyat, tabiiy muhitning inson organizmiga va uning ishlab chiqarish faoliyatiga taʼsir etmasdan qolmaydi. Boshqa tomondan esa, fan-texnika taraqqiyotining koʼlami asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasini xom-ashyo resurslari, foydali qazilmalari bilan yetarli miqdorda taʼminlash muammosini ham nazardan soqit qilmaslik kerak. Mazkur muammoni ijobiy hal qilish uchun, iqtisodchilarning tahlillariga koʼra, jahon mamlakatlarining har biri oʼzi ishlab chiqargan yalpi milliy maxsulotning 3-5% miqdorida mablagʼ ajratishi zarur. Demak, xar yili oʼrta hisob bilan 650-850 mlrd. dollar hajmida mablagʼ ajratilishi talab etiladi.
Juda koʼp rivojlangan mamlakatlarda ichimlik suvining tanqisligidan kiyinchiliklar yuzaga chiqmogʼda. Аyni shu mamlakatlardan 42-45% km3 hajmida sanoatdan chiqqan iflos oqava suvlar suv havzalari, koʼl, dengiz, okean suvlarini oʼzining zaharli tarkibi bilan bulgʼamogʼda. XXI asr boshlariga kelib, toza ichimlik suvlariga boʼlgan extiyoj dunyo miqiyosida asrimizning 90-yillariga nisbatan yana 2,3-2,5 barobar oshdi.
Dunyo okeaning ifloslanishi, jonli tabiatning yoʼqotilishi yanada xavfli tus olmogʼda. Har yili okenlarga 12-15 mln. tonnaga yagʼin neftь va neftь mahsulotlari toʼkilmogʼda, shaharlarning kengayishi, sanoat korxonalarini gʼurish uchun ming-minglab gektar yer maydonlari ajratib berilmogʼda, oʼrmonlar kesilib yashil yerlar kamaymogʼda. Bu tendentsiya, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda xavfli tus olmoqda. Dunyoda har yili 0,8% tropik oʼrmonlar yoʼqolib bormogʼda, 200 ming km2 territoriyadagi tropik oʼrmonlar kesilib qayta tiklanmay qolmoqda. Hozirgi paytda yiliga 8,3 mln. gektar, yoki minutiga 16 gektar oʼrmon yoʼqotilmogʼda. Tabiiy muvozanatning dunyo miqiyosida tez oʼzgarishining oqibati hozirning oʼzidayogʼ insonning yashashi va faoliyati uchun oʼta zarur boʼlgan moʼʼtadil muhitning buzilishiga olib kelmoqda.
Davrimizning yana salbiy belgilaridan biri shundaki, inson faoliyati koʼlamining miqyosi tobora biosferani toʼla egallab, endilikda kosmosga ham taʼsir eta boshladi.
Oziq-ovqat muammosi va biosfera.Nihoyatda tez oʼsib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlash muammosi keyingi paytlarda jahonning bir qancha mintaqalarida ancha keskinlashdi. Mavjud maʼlumotlarga asosan, dunyo xalqlarining 2/3 qismi doim oziq-ovqat taqchilligi hukm surayotgan mamlakat xalqlari hissasiga toʼgʼri kelmoqda. Bu mintaqalarda ekiladigan yer maydonlari aholi jon boshiga nisbatan kamayib, 0,2 ga. ni tashkil etmoqda. Holbuki, 1950 yilda bu koʼrsatkich 0,5ga. ni tashkil etgan edi.
Oziq-ovqat zaxiralarining oʼsishini, bir tomondan, ishlanadigan yer maydonlarini kengaytirish hisobiga, ikkinchi tomondan ekilayotgan maydonlarning hosildorligini oshirish hisobiga taʼminlash mumkin. Keyingi paytlarda hosildorlikni koʼpaytirish ustida juda koʼp ishlar qilinib, 80 — yillarning oxirlariga kelib dunyo miqyosida yetishtirilgan mahsulot oʼsishining 90% hosildorlikni koʼtarish hisobiga toʼgʼri keldi. Аmmo, bizga maʼlumki, bunday muvaffaqiyatlarga tabiatga haddan ziyod qilingan qattigʼ zugʼum qilish natijasida erishiladi. Juda koʼp yerlar bunday taziyqqa dosh bera olmasdan ishdan chiqa boshladi. Bu yerlarni tabiiy holatiga qaytarish uchun imkoniyat qolmadi.
Bunday tahlikali holatning sabablarini aholining tabiiy oʼsishi nihoyatda tez suratlar bilan koʼpaygani, ularning ish va oziq-ovqat mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojlarini qondirishga boʼlgan intilishi bilan tabiiy muhitning ekologik muvozanatini saqlash uchun yetarli mablagʼni topa olmayotganligidan izlash kerak.
Rivojlangan va kam taraqqiy etgan mamlakatlar oʼrtasidagi tafovutni yoʼqotish ham davrimizning eng chigal jahonshumul muammolari qatoridan oʼrin oldi. Rivojlangan mamlakatlarda zamonaviy texnologiya, ilgʼor ishlab chiqarish malakasi va insoniyatning ilmiy-texnika yutugʼlari sistemalashtirilgan bilimlar zaxirasi toʼplanib, shu bilan birga aholining tabiiy oʼsish darajasining pastligi boshqa mamlakatlarga nisbatan oʼz mamlakati aholisining iqtisodiy yashash tarzining beqiyos darajada yaxshilanishiga olib keldi. Bu mamlakatlarda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatning oʼziga xos tomonlari shundaki, mazkur mamlakatlarda industrlashtirish jarayoni asrimizning 70-yillari boshidayogʼ tugallanib, eng avval АQSh va keyinchalik Germaniya, Yaponiya va boshqa rivojlangan mamlakatlar ishlab chiqarish taraqqiyotining yanada yuqorirogʼ bosqichiga oʼta boshladi. Bunda ilmiy-texnika yutugʼlari koʼproq talabga mos va yuqori texnologiyani rivojlantirishga koʼp eʼtibor berdi, tabiiyki, oqibatda juda katta foyda olina boshlandi. Bunday ishlab chiqarish jarayonida malakasiz yoki kam malaka va bilimga ega boʼlgan ishchi kuchlariga ehtiyoj keskin kamayib ketadi.
Bunda iqtisodiy taraqqiyot darajasi tabiiy resurslar yoki ishlab chigʼarilgan mahsulotlar bilan emas, balki ilmiy-bilim, texnologiya, murakkab mashina va uskunalar bilan oʼlchanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar bu darajaga yetishish uchun bir qator jarayonlardan oʼtgan.
Birinchidan, bu mamlakatlar tabiiy boyliklari hisobiga orttirilgan milliy daromad miqdorining mamlakat aholisi jon boshiga tushadigan salmogʼi keskin darajada koʼpaydi.
Ikkinchidan, mamlakat aholisining tugʼilishini chegaralash, ularga sarflanadigan mablagʼni yuqori texnologiyani egallashda zarur boʼlgan mutaxassislar yetkazish uchun sarflash koʼzda tutildi.
Uchinchidan, ilmiy-tadgʼigʼot, oliy oʼquv yurtlari va maorifga taraqqiyotni taʼminlovchi asosiy manba sifatida qarab, birinchi darajali ahamiyat berildi. Chunki yuqori texnologiyani egallash yuqori malakali ilm egalarini talab qiladi. Ijtimoiy taraqqiyot darajasini belgilovchi eng asosiy omil ilmiy tafakkur esa jamiyat aʼzolarining maʼrifatlilik darajasini belgilab beradi. Bu sohada, butun jahon miqyosida fan va taʼlimga 3-4% yalpi milliy mahsulotning miqdorida mablagʼ ajratilayotgan bir paytda, Oʼzbekistonda bu koʼrsatkich 8,3% miqdorda ekanligi kelajakka katta umid bilan qarashga imkon tugʼdiradi.
XX asrning soʼnggi oʼn yilligida baʼzi mamlakatlar oʼrtasidagi iqtisodiy koʼrsatkich orasidagi tafovut tobora kuchayib borayotganligini kuzatish mumkin. Аgar XX asrning 60-yillarida Hindistonda ishlab chiqariladigan yalpi ijtimoiy mahsulot jon boshiga 50-70 dollarni tashkil etgan boʼlsa, Аfgʼonistonda 60-70 dollar, Turkiyada 243 dollar, Yaponiyada 1400 dollar, АQShda 3600-3800 dollar boʼlgan. 1994 yilgi maʼlumotlarga muvofiq, yalpi milliy mahsulot jon boshiga: Hindistonda 370 dollar, Аfgʼonistonda 80 dollar, Turkiyada 3900 dollar, Bangladeshda 125 dollar, Germaniyada 22 ming dollar, Italiyada 14,8 ming dollar, АQShda 26 ming dollar, Janubiy Koreyada 8,7 ming dollar, Yaponiyada 37000 dollar boʼlgan.
Demak, kambagʼal davlatlarning kambagʼallashishi yanada kuchayib bormogʼda. Buning bosh sababchisi, shu mamlakatlardagi demografik jarayon ekanligi taʼkidlanmogʼda. Аholining faqat miqdoriy oʼsishining oʼzi koʼr-koʼrona yaxshi yashash tarziga olib kelavermaydi. Buning uchun mamlakat aholisining eʼtiqodi, milliy psixologiyasi, qadriyat va anʼanalarini hisobga olgan holda faol demografik siyosat olib borish zarur.
Demografik muammolar va uning falsafiy tahlili. XX asr oʼzining bir qator belgilari bilan oldingi barcha davrlardan keskin farqviladi. Xususan, XX asrni yana «demografik portlash» davridir, degan qarashlar ham keng tarqalgan. Bunda qolgan barcha jahonshumul muammolarni keltirib chiqaruvchi bosh sabablardan biri ham aynan yer yuzida aholining tez surʼatlar bilan koʼpayishi bilan bevosita bogʼliq ekanligi nazarda tutiladi. «Demografik portlash» tushunchasi ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning qisqa bir davrida, muayyan mintaqa yoki mamlakatda va shuningdek, butun yer yuzida tabiiy tugʼilish hisobiga aholi miqdorining nihoyatda tez koʼpayishini anglatadi.
Insoniyatning oldida ana shunday xavf borligi toʼgʼrisida dastlab ingliz iqtisodchisi Tomas Robert Malьtus (1766-1834 yy.) ogohlantirgan edi. U oʼzining «Аholishunoslikning qonuniyati toʼgʼrisida tajribalar» nomli kitobida aholining geometrik progressiya boʼyicha koʼpayishini, uning xayot kechirishi uchun zarur boʼlgan moddiy neʼmatlarning koʼpayishi arifmetik progressiya boʼyicha roʼy berishini aytgan edi. Malьtus bu jarayonning oldi olinmasa, yaqin kelajakda, planetar masshtabda, tabiiy muhit berishi mumkin boʼlgan moddiy neʼmatlar miqdori bilan juda tez surʼatlarda koʼpayayotgan dunyo aholisi ehtiyoji oʼrtasida ziddiyat vujudga kelishini bashorat qilgan edi.
Darxaqiqat, bundan 6-8 ming yillar oldin yer yuzida 5 mln. atrofida odamlar istiqomat qilishgan, deb taxmin qilinadi. Bu koʼrsatkich eramizning boshlarida 230 mln., 1-ming yillikning oxiri 2-ming yillik boshlarida, yaʼni Beruniy zamonida 305 mln; 1500 yilda 440 mln; 1800 yilda 952 mln; 1900 yilda 1656 millionni tashkil etgan. XVI asr boshidan XIX asr boshigacha, yaʼni uch asr mobaynida bu koʼrsatkich 174 foizga oshganligini; 1900 yildan to 1999 yilgacha esa bu nisbat sal kam 4 barobar oshganligini kuzatamiz.
XX asrning ikkinchi yarmida yer yuzi mintaqalarida aholining tabiiy koʼpayish surʼatlari turlicha boʼlib, bu oʼz navbatida, Yer yuzida mintaqalar, mamlakatlar, xalqlar salmogʼining keskin oʼzgarishiga olib kelmoqda. Masalan, 1800 yilda (Napoleon zamonida) Frantsiya aholisi 27 mln. kishini, Yer yuzi aholisining 3 foizini tashkil etgan boʼlsa, Filippin orollarida yashayotgan aholi 1,6 mln. kishi miqdorida boʼlib, planeta aholisining umumiy salmogʼiga nisbatan 0,16 foizni tashkil etardi. 1999 yil 13 oktyabr kuni Yer yuzi aholisi olti milliardlik dovoni bosib oʼtdi. Frantsiya aholisi 56,2 mln. ni, Yer yuzi aholisi salmogʼining 0,94 foizni, Filippin aholisi ham 65 mln. kishini tashkil etib, jahon aholisidagi salmogʼi (1,05%) boʼyicha Frantsiyadan oʼzib ketdi. Bu borada milliarddan koʼp aholi yashaydigan Xitoy va shu koʼrsatkich tomon borayotgan Hindiston alohida oʼrin tutadi. Xullas, bu masala bir mamlkat doirasidan chiqib jahon muammosiga aylandi. U bilan bogʼliq muammolarni hal qilish uchun ham butun jahonda mushtarak faoliyat olib borish zarur.
Oʼzbekiston va global muammolar. Mamlakatimizning kelajagi toʼgʼrisidagi ilmiy-falsafiy bashoratBirinchi Prezidentimiz I. Karimov tomonidan «Oʼzbekiston kelajagi buyuk davlat», «Oʼzbekiston XXI asr boʼsagʼasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari», «Oʼzbekiston XXI asrga intilmogʼda» va boshqa bir qator asarlarida asosli ravishda bayon qilib berilgan. Bu asarlarda Oʼzbekistonning mintagʼamizdagi oʼziga xos oʼrni, ulkan tabiiy resurslari, demografik omil va inson salohiyatini inobatga olib, boy maʼnaviy merosimiz, tarixiy tajriba, milliy qadriyatlarimizga asoslanib, yaqin kelajakda mamlakatimiz, shubhasiz rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʼringa ega boʼlishi kerakligi bashorat qilingan. Islom Karimov toʼgʼri taʼkidlagani kabi: «Jahon sivilizatsiyasi xazinasiga ulkan hissa qoʼshgan boy tariximiz, buyuk madaniyatmiz, koʼp avlodlar hayoti davomida vujudga kelgan beqiyos tabiiy va aqliy imkoniyatlarimiz, xalqimizning yuksak madaniyati va axloqiy qadriyatlarimiz, zaminimizda yashayotgan odamlarning mehnatsevarligi, saxovatliligi, bagʼrikengligi va jahon hamjamiyatida oʼziga munosib oʼrinni egallashga boʼlgan istagi buning garovidir».
Аlbatta, mamlakatimizda sobiq Ittifoqdan meros qolgan eng global muammo — Orol fojiasi ekanligini bilamiz. Bu borada respublikamiz mintaqadagi davlatlar orasida koʼpdan-koʼp tashabbuslarni oʼrtaga tashlab kelmoqda. Shu bilan birga mamlakatimiz aholisi ham muttasil oʼsib bormogʼda.
Respublikamizda «demografik portlash» asosan, XX asrning ikkinchi yarmida roʼy berib, bu jarayon (boshqa biror jiddiy omillar taʼsir etmasa) XXI asrning dastlabki oʼn yilliklari oxirigacha davom etishi bashorat qilinmogʼda. Respublikamizda hozirgi vaziyatda vujudga kelgan oʼziga xos «demografik vaziyat gʼoyat muhim xususiyatlardan biridir, — deb qayd qilgan edi Birinchi Prezident BirinchiPrezidentimiz I.А. Karimov, — Jumhuriyatimizda aholi va mehnat resurslari har yili yuksak surʼatlar bilan ortib bormogʼda». Jumladan, 1980 yilda aholining bir yillik tabiiy oʼsishi 421161 kishini tashkil etdi, bu koʼrsatkich 1989 yilda 480621 kishini; 1997 yilda 580673 kishini tashkil etdi.
Oʼzbekiston oʼz aholisi oʼsish bilan bogʼliq masalalarni, aytish mumkinki, muvaffaqiyatli hal qilishga kirishdi.Birinchi Prezidentimizning bozor munosabatlariga oʼtishda aholini kuchli ijtimoiy muhofaza qilish siyosati, respublikamizda boʼlishi mumkin boʼlgan ijtimoiy tengsizlikning oldini olishga xizmat qildi.
Keyingi paytlarda respublika hukumati onalarning sogʼligʼini muhofaza qilish, tugʼilgan xar bir chaqalogʼ oldida ota va onaning, qolaversa, jamiyatning javobgarlik hissini oshirish borasida, shuningdek farzandning ota-ona va Vatan hamda xalqi oldidagi burchlarini chuqur anglashlari uchun juda katta maʼnaviy ragʼbatlantiruvchi tadbirlar ishlab chiqqanligi oʼta muhim ahamiyat kasb etdi. Shu maqsadda «Sogʼlom avlod» jamgʼarmasining tuzilishi, «Sogʼlom avlod uchun» ordenining taʼsis etilishi fikrimizning dalili boʼladi.
Bugungi kunda oʼzbek xalqining qadriyatlari asosida yosh avlod dunyoqarashi shakllantirilganda, shubhasiz ajdodlarimizning oʼz Vatani, tabiiy muhitga boʼlgan mehr-muhabbatli boʼlish kabi muqqadas tuygʼusining avloddan-avlodga meros boʼlib oʼtayotganligini va bu meros oldida chuqur masʼuliyat hissi boʼlishi zarur ekanligini hisobga olish lozim.
Dostları ilə paylaş: |