O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi


Yangi davr ingliz falsafasi namoyondalari



Yüklə 1,19 Mb.
səhifə5/70
tarix05.12.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#173383
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   70
O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi

Yangi davr ingliz falsafasi namoyondalari

Poststrukturalizm rivojlanishning asosiy

Subektning yaxlitligi muommosi

Strukturaviylik muommosi

Belgililik muommosi


Kamunikativlik muommosi




2-MАVZU. Borliq falsafasi
Reja:
1. Borliq tushunchasi va uning shakllari.
2. Falsafada substantsiya va materiya muammosi.
3. Harakat, rivojlanish, makon va vaqt tushunchalari va ularning oʼzaro aloqadorligi
Falsafa oʼrganadigan qaysi bir muammoni olmaylik, bu muammo borliq muammosi bilan bogʼliq ekanligini koʼramiz. Haqiqatdan ham, borliq, unga munosabat masalasi falsafiy qarashlarda markaziy oʼrinni tashkil qiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki borliq muammosi falsafadagi har qanday dunyoqarash va metodologik muammolarning asosi hisoblanadi. Darhaqiqat, diniy va ilmiy, idealistik va materialistik dunyoqarashlar oʼrtasidagi bahslar, qarama-qarshiliklar borliq muammosi atrofida, yaʼni borliq azaldan mavjudmi, u xudo yoki mutlaq ruh tomonidan yaratilganmi, degan masala yuzasidan olib borilgan tortishuvlardan iboratdir.

Xoʼsh, borliq oʼzi nima? Borliq tushunchasi nimani bildiradi? Nima uchun borliq tushunchasi falsafa paydo boʼlgandan beri yaʼni qadimgi dunyodan bugungi kungacha faylasuflar eʼtiborini oʼziga jalb qilib keladi? Bu savollarga javob berish uchun biz borliqning inson va insonlar hayoti bilan bogʼliq real ildizlarini yoritishimiz lozim.


Maʼlumki kishilar qadimgi davrdan oʼzlarini qurshab turgan tabiat va ular yashab turgan jamiyat, inson va insoniyat haqidagi, xususan oʼzlari haqida ham oʼylay boshlaganlar. Ular tabiat va jamiyatda, oʼz hayotlarida sodir boʼlgan turli-tuman oʼzgarishlarni kuzatganlar. Bu narsalar ular koʼz oʼngida reallik sifatida kelganlar: yaʼni ular bor mavjud, lekin baʼzi narsalar vaqt oʼtishi bilan yoʼq boʼlganlar, yaʼni mavjud boʼlmay qolganlar; aksincha, baʼzi yoʼq narsalar paydo boʼlib, bor boʼlganlar, yaʼni mavjud boʼlganlar. Shular asosida kishilarda «mavjudlik», va «mavjudsizlik» haqida qarashlar paydo boʼla boshlagan.
Kishilar oʼzlarining ham dunyoga kelishi /paydo boʼlishi/, yashashi va nihoyat, dunyodan ketish /oʼlishi/ kabi jarayonlarni kuzatganlar, ular haqida ham fikr qila boshlaganlar. Shular asosida keyinchalik dinda «bu dunyo» va «u dunyo» / «narigi dunyo»/ yaʼni kishilarning real hayotlari kechadigan dunyo va vafot etishi bilan ularning ruhlari boradigan dunyo toʼgʼrisida tasavvurlar paydo boʼla boshlagan.
Kishilar oʼz kundalik tajribalari asosida oʼz onglarida fikr yuritib, oʼzlari yashayotgan dunyoning ayni hozir mavjudligiga uning oʼzlaridan oldin ham mavjud boʼlganligiga, oʼzlaridan keyin ham mavjud boʼlishiga, oʼzlarining esa oʼtkinchi, vaqtincha yashab, soʼng dunyodan oʼtib ketishlariga ishonch hosil qila boshlaganlar. Bu ishonchlar asosida ularda «borliq» va «yoʼqlik» haqida qarashlar paydo boʼladi.
Lekin bu oʼrinda dunyoning mavjudligi, yaʼni borligʼi toʼgʼrisida bahs yuritgan faylasuflar bu masalaga turlicha yondashganlar: ularning baʼzilari: dunyo avval ham boʼlgan, hozir ham mavjud bundan keyin ham mavjud boʼladi, deyishsa; boshqalari: dunyo avval mavjud boʼlmagan u xudo yoki ruh tomonidan yaratilgan; insonni ham dunyodagi hamma narsalarni, xususan, insonni ham xudo yoki ruh yaratgan shundan buyon ular mavjud deganlar. Uchinchi xil mutafakkirlar esa dunyo oʼz oʼzidan yaralgan, xudo, uning yaralishiga faqat sababchisi boʼlgan xolos, u shundan buyon mavjud, degan qarashni ilgari surishgan. Toʼrtinchi xil mutafakkirlar boʼlsa dunyo oldin ham boʼlgan, hozir ham mavjud, bundan keyin ham mavjud boʼladi; dunyoni hech kim yaratmagan u cheksiz va chegarasiz, deyishgan.
Shunday qilib, dunyoning yaratilganligi uning fazo va vaqtda chegaralanganligi, chekliligi, cheksiz va chegarasizligi, shu bilan birga uning bir butunligi, doimiyligi, abadiyligi toʼgʼrisidagi qarashlar bilan almashinib borgan.
Bu borada kishilar oʼzlarining oʼtkinchi muvaqqat hayotlari bilan cheksiz va abadiy mavjud boʼlgan dunyo, tabiat bilan boshqa kishilarning hayoti va ishlari bilan oʼzlarigacha boʼlgan va oʼzlaridan keyin keladigan avlodlarning hayot va faoliyatlari haqidagi qarashlari bilan solishtirishlari orqali fikr qilishib, keyinchalik doimiylik va oʼtkinchilik kabi qarashlarni hosil qila borganlar. Ularning bu qarashlari tabiiyki, oʼzlarining shaxsiy hayotidagi tajribalaridan kelib chiqqan boʼlib, ular butun koinotga ham oʼzlarining oʼtmishi va kelajagiga ham, oʼz tajribalariga taalluqli boʼlgan. Binobarin dunyoning doimiyligi va vaqtinchaligi, uning fazo va vaqtda chekliligi va cheksizligi toʼgʼrisidagi qarashlar butun insoniyat tarixida dastlab afsonalar va diniy qarashlarda, keyinchalik falsafa va fanlarda ifodalanib, muhokama qilinib kelingan. Bu muhokamalarning hammasi bir soʼz bilan aytganda, borliq muammosi bilan bogʼliq boʼlib kelgan ularning barchasi bilan mantiqiy xulosasi shu boʼlganki, dunyo avval ham boʼlgan, hozir ham mavjud va bundan ham keyin mavjud boʼladi. Demak, dunyo doimiy, abadiydir. Аmmo shu abadiy dunyodagi ayrim narsalar turli tuman jonsiz va jonli organizmlar, hatto insonlar va ularning faoliyati bir butun jamiyat, shubhasiz, vaqtincha, oʼtkinchidir. Bundagi borliq muammosining butun ildiz, maʼnosi va mazmuni shunday ediki; bir butunlik sifatidagi dunyoning doimiy mavjudligi va uni tashkil etgan narsalarning: notirik va tirik organizmlar, yaʼni tabiat, insonlar, jamiyat va ularning faoliyatlarining oʼtkinchiligi ziddiyatli birliqni tashkil qilishidir.
Bundan shu narsa maʼlum boʼladiki, borliq muammosi falsafada oʼrganish dunyo «hozir, shu yerda mavjud» degan qarashdan boshlanib bu qarashlar bir butun dunyoning cheksiz va doimiy mavjudligi undagi predmet va hodisalarning, shu jumladan, insonlarning ham vaqtinchaligi va oʼtkinchiligi toʼgʼrisidagi qarashlarga tomon rivojlanib borgan. Bu borliq toʼgʼrisidagi falsafiy muammoning birinchi tomonidir. Borliq muammosining falsafiy tahlili shuni koʼrsatadiki, dunyo bir butun, abadiy mavjud, lekin uni tashkil etgan narsalar oʼz mavjudligi jihatdan har xil, oʼtkinchidir. Bir butunlik sifatidagi dunyo undagi mavjud narsalardan ajralmasdir. Bir jihatdan bir butun dunyo bilan uni tashkil qilgan narsalar, hodisalar va mavjudotlar oʼrtasida farq boʼlsa, ikkinchi jihatdan, dunyo oʼzini tashkil qilgan narsalar, mavjudotlar bilan ajralmas birliqdagi butunlikni hosil qiladi. Bunda borliq toʼgʼrisidagi falsafiy muammoning dunyoning birligi masalasi bilan bogʼliq boʼlgan ikkinchi tomoni kelib chiqadi.
Kishilar oʼzlari faoliyat koʼrsatadigan dunyoda yashar ekanlar, oʼz faoliyatlarida doimiylikni oʼtkinchi narsalar bilan bogʼlashga, bir butun dunyo bilan har xil narsalar va hodisalar oʼrtasidagi obʼektiv munosabatlarni bilishga kirishadilar. Ular oʼzlari ham dunyodagi turli tuman narsalardan va ularda amal qiladigan qonuniyatlardan ham foydalangan holda turli tuman yangi predmet va hodisalarni yangidan yaratib, ulardan oʼz hayotlarida foydalanadilar.
Shu bilan birga, kishilar oʼz kundalik amaliy, ijtimoiy faoliyatlarida dunyodagi predmet va hodisalar bilan, oʼzlarini qurshagan tabiat bilan, boshqa kishilar va bir butun jamiyat bilan muayyan munosabatlarda boʼlib, dunyodagi mavjud predmet va hodisalarning baʼzilari ular ongidan hohish irodasidan tashqarida, ularga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud ekanliklariga boshqa predmet va hodisalar esa ularga, ular ongiga hohish va irodalarga bogʼliq mavjud boʼlishiga ishonch hosil qilib borganlar. Ular bu jarayonda tabiat bilan jamiyat oʼzlari bilan oʼzgalar, inson bilan tabiat, inson bilan jamiyat, inson bilan uning ongi, inson bilan inson, moddiy narsalar bilan maʼnaviy narsalar, tana bilan jon /ruh/ oʼrtasida umumiy birlik aloqadorlikni aniqlash bilan birga ular oʼrtasida muhim farqlar borligini ham bilib borganlar. Bora-bora ular insonning oʼzida ham tana bilan /jon/, tabiiylik bilan ijtimoiylik bir-birlaridan ajralmagan holda mavjudligini, birligini ham bila borganlar. Lekin kishilarning borliq muammosini falsafiy anglashi ularning dunyoning birligini ilmiy tushunishi emas, balki uning zaruriy asoslarini izlashdan iborat buladi. Chunki dunyoning borligʼi uning birligi uchun shart boʼlsada dunyoning birligi uning borligʼida emas edi. Dunyoning haqiqiy birligi uning moddiyligidadir.
Shuni aytish kerakki borliq tushunchasi bunday moddiylikdan tashqari maʼnaviylikni ham oʼz ichiga oladi. Bu jihatdan inson ongi ham barcha ongli va ongsiz faoliyatlar va ong mahsulotlari, maʼnaviy va ruhiy hodisalar ham borliq tushunchasi tarkibiga kiradi. Chunki «ong hech qachon anglangan borliqdan boshqa narsa boʼlishi mumkin emas, kishilarning turmushi esa ular hayotining real jarayonlaridir» Bu borliq toʼgʼrisidagi falsafiy muammoning uchinchi tomonini tashkil etadi.
Demak borliq keng maʼnoda eng umumiy tushuncha sifatida bir butun dunyo va undagi predmet va hodisalardan tortib, inson hayoti, ongi, ishlash yashash faoliyatining barcha obʼektiv va subʼektiv sharoitlari hatto jamiyatda sodir boʼladigan butun jarayonlardan iborat hamma realliklarni oʼz ichiga oladi. Borliq tushunchasi falsafiy jihatdan juda keng maʼnoda bir butun reallik sifatida tushuniladi. Shu sababli unga, yuqorida aytilganlardan tashqari inson hali oʼzlashtirib, bilib ulgurmagan, tabiat hodisalari ham, tabiat boyliklaridan foydalangan holda insoniyat ishlab chiqargan yaʼni yaratgan barcha predmet va hodisalar, jarayonlar ham kishilarning ijtimoiy hayotlari ham ularning oʼzlari, fikrlari, gʼoyalari, qarashlari ular yashaydigan joylar, ular mehnat qiladigan korxonalar, oʼqiydigan va ishlaydigan tashkilotlar ham, jamiyatdagi barcha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy mafkuraviy va maʼnaviy munosabatlar ham kiradi.
Binobarin, har bir kishining hayot faoliyati uning oʼzi ham, atrofdagi oʼzga kishilar uchun ham maʼlum reallik hisoblanadi. Shu bilan birga har bir kishi alohida narsaga, alohida kishiga, muayyan reallik sifatida munosabatda boʼladi. Kishilar, shu bilan birga, oʼz faoliyatlarida tabiiy boyliklar bilan bir qatorda, maʼnaviy boyliklarni ham yaratadilar. Falsafada bu tabiiy-moddiy va maʼnaviy boyliklar ham alohida oʼziga xos reallik xarakteriga ega boʼlgan borliq sifatida qaraladi. Demak, moddiy predmet va hodisalar bilan bir qatorda, maʼnaviy hodisalar ham borliq tushunchasi tarkibiga kiradi. Umuman borliq muammosini tadqiq etishda falsafa kishilarning amaliy, maʼnaviy-ahloqiy, siyosiy, huquqiy, diniy va shular kabi faoliyatlariga va bilimlariga asoslanadi. U bunda borliq kategoriyasini u bilan uzviy bogʼliq boʼlgan «mavjudlik», «reallik» va boshqa shular kabi bir qator falsafiy kategoriyalar yordamida oʼrganadi.
Falsafa borliq tushunchasini eng umumiy tushuncha sifatida oʼziga boshlangʼich kategoriya qilib qabul qiladi. Lekin borliq kategoriyasini falsafaga bunday boshlangʼich kategoriya qilib kiritishga falsafada ikki yoʼnalish vakillari oʼz eʼtirozlarini bildiradilar. Birinchi yoʼnalish vakillari borliq kategoriyasi narsalarning konkret xossalarini ifodalamasligi sababli uni falsafadan chiqarib tashlash kerak, degan gʼoyani ilgari suradi. Bu eʼtirozning notoʼgʼriligi shundaki, falsafiy kategoriyalar narsalarning konkret belgilarini emas, aksincha, dunyodagi eng umumiy aloqadorliklarni, eng umumiy tomonlarni ifodalaydilar.
Borliq kategoriyasi esa xuddi shunday eng umumiy tomonni; yaʼni hamma moddiy va maʼnaviy predmet va hodisalarni realligini ifodalaydi. Ikkinchi yoʼnalish vakillari esa, borliq avvalo, mavjudlik orkali ifodalanar ekan borliq kategoriyasini ishlatishda ehtiyoj yoʼq, chunki borliq tushunchasi mavjudlik tushunchasiga nisbatan hech bir yangilik bermaydi deyishadi. Gap shundaki, borliq falsafiy kategoriya sifatida faqat mavjudliknigina ifodalab qolmasdan, balki mavjudlikka nisbatan umumiyrok va kengroq mazmunga ega boʼlgan reallikni bildiradi.
Demak falsafada borliq kategoriyasi dunyo,tabiat, inson, jamiyat, inson ongi, uning individuallashgan va moddiylashgan koʼrinishlarining shunchaki mavjudligini emas, balki ulardagi umumiy xarakterga ega boʼlgan reallikka xos eng umumiy aloqadorlikni ifodalaydi. Binobarin dunyo, undagi predmet va hodisalar oʼzlarining barcha xususiyatlari va hodisalari bilan birgalikda mavjud boʼlib, ular oʼz realliklari bilan umumiy birlikka egadir, ular oʼrtasidagi umumiy aloqadorlik borliq kategoriyasida ifodalanadi.
Borliq tushunchasi falsafiy kategoriya sifatida kishilar bilishining ikkinchi - yuqori boskichi - abstrakt tafakkurgagina xos boʼlib, fikr jarayonda kishilar bu tushuncha orqali dunyodagi alohida narsalar, ularning konkret belgilari haqida emas, balki dunyodagi barcha narsalar, voqea va hodisalar jarayonlar oʼrtasidagi eng umumiy tomon- ularning realligi haqida fikr yuritadilar.
Borliq kategoriyasi va uning oʼziga xos xususiyatlaridan hamda uning falsafada tutgan oʼrnidan kelib chiqib, toʼgʼri fikr yuritish bizni bir kator sohalarda xatolarga yoʼl qoʼyishimizning oldini oladi. Masalan, borliqni narsalarga yoki fikrning mavjudligiga oʼxshatish unchalik toʼgʼri boʼlmaganidek, uni faqat moddiy narsalarga nisbatan qoʼllash yoki aksincha, uni faqat maʼnaviy narsalar: sof fikr gʼoyalar, faqat ong va uning maxsulotlariga nisbatan ishlatish ham qoʼpol xatodir. Lekin shunga qaramay borliqqa shunday yondoshishlar falsafa tarixida ham, hatto hozirgi vaqtda ham uchrab turadi. Chunki borliq muammosi hamma vaqt faylasuflarni qiziqtirib kelgan.
Masalan, qadimgi yunon materialistlaridan Demokrit boʼlinmas eng mayda zarracha-atomni borliq, deb tushungan boʼlsa, oʼsha davr yunon idealist faylasuflaridan Platon sezgi aʼzolari bilib boʼlmaydigan doimiy va oʼzgarmas «gʼoyalar dunyosi» ni borliq, deb biladi. Oʼrta asr faylasuflari ham borliq muammosi atrofida qizgʼin bahslar olib borishgan, maʼlumki, bu davrda din yagona hukmron ideologiyaga aylanganligi natijasida falsafa ham dinning xizmatkori boʼlgan. Shunga koʼra oʼrta asr sxolastik falsafasida xudo /olloh/oliy borliq sifatida talqin qilingan.
Bizning Oʼrta Osiyolik mutafakkirlarimiz ham oʼz qarashlarida xudo /olloh/ ni oliy borliq, yaratuvchi kuch, deb bilganlar, jumladan, Ibn Sinoning borliqning uch xil shakli haqidagi quyidagi fikrlari xarakterlidir:
1. Yaratilmaydigan va yoʼqolmaydigan, yaʼni doimiy borliq. Bu oliy borliq Olloh borligʼidir.
2. Yaratiladigan, paydo boʼlib, rivojlanib, soʼng yana yoʼqoladigan yaʼni oʼtkinchi borliq. Bu borliq olloh yaratgan moddiy narsalar, xususan, tabiatdagi predmet va hodisalar; inson va jamiyat borligʼi.
3. Inson aqliy faoliyati bilan bogʼliq boʼlgan borliq. Bu inson ongining borligʼi, yaʼni maʼnaviy borliqdir.
Borliqni Gegelь ham oʼzicha tushunadi. Gegelda borliq mutlaq gʼoyadir, borliq bilan tafakkur bir-biriga mos keladi. Tafakkur borliqning ichki mohiyatidir, shuning uchun aqlga muvofiqdir.
Barcha subʼektiv idealistlar: butun borliq subʼekt, yaʼni inson sezgi va idroklarining yigʼindisi /kompleksi/, kombinatsiyasidan iborat, deydilar. Xullas, falsafa tarixida borliqni qaysi maʼnoda va qanday tushunishdan qatʼiy nazar, yaʼni qadimgi yunon faylasuflari oʼylaganlaricha, borliqni substantsiya /asos/ maʼnosidami yoki Shekspirning Gamleti oʼylaganicha, shaxs hayoti va taqdiri maʼnosidami, baribir, borliq kategoriyasi falsafada chuqur mazmunga ega boʼlgan asosiy boshlangʼich tushunchadir.
Borliq kategoriyasi falsafiy kategoriyalar ichida boshlangʼich kategoriya boʼlib, oʼtmishdagi va hozirgi davrdagi juda koʼp faylasuflar oʼz qarashlarini kategoriya orqali ifodalashadi. Shu tufayli falsafada borliq toʼgʼrisida taʼlimot-ontologiya paydo boʼlgan. Bu taʼlimot atrofida falsafada qizgʼin tortishuvlar va munozaralar davom etadi.
2. Borliqning asosiy shakllari. Borliq oʼzining mavjudlik shakllariga koʼra xilma-xildir. Xoʼsh, bu shakllar qanday koʼrinishlarda mavjud?
Аvvalambor, bizni qurshab turgan yaxlit bir butun dunyo, olam – bu eng umumiy borliq boʼlib u koʼpdan koʼp real mavjud narsalar, predmetlar, hodisalar, holatlar, organizmlar, tizimlar, elementlardan iboratdir. Ular oʼrtasidagi bogʼlanishlar va aloqadorliklar, ularning umumiy tomonlari borliq kategoriyasida ifodalanadi. Shu bilan birga, bu narsa va hodisalarning har biri oʼziga xos, nodir, boshqalarida boʼlmagan tomonlarga, xususiyatlarga ham ega. Lekin inson oʼz faoliyatida ularni bilish jarayonida borliqning bu turli koʼrinishlari qanchalik xilma-xil boʼlmasin ularni bir-birlariga oʼxshash tomonlaridan kelib chiqib umumlashtirishga, gruppalashtirishga maʼlum yaxlit bir tizimlarga birlashtirishga kirishadi. Shuni aytish kerakki, bunday inson yakka, ayrim narsa va hodisalarni ularga nisbatan butunlikka birlashtirib, har bir yakka, ayrimlikning mavjudlik xususiyatiga eʼtibor bergan holda ularning borliq koʼrinishdagi maʼlum umumiylik jihatdan bu narsa va hodisalarning mavjudlik usuli va mavjudlik sharoitlaridagi oʼxshashliklaridan kelib chiqib ularni turli gruppalarga, turlarga ajratadi. Dunyodagi barcha mavjud narsa hodisalarni ular borligʼining koʼrinishlariga koʼra, turli shakllarga ajratish va birlashtirish kishilarning kundalik hayotidagi oddiy jarayonlardir. Chunonchi ular oʼz amaliy faoliyatlarida oʼzlari anglamagan yoki anglagan holda, borliqning turli shakllari oʼrtasidagi umumiylik va farqlarga, albatta, eʼtibor beradilar. Borliq shakllarini bilishda ularni farqlash, ajratish kishilarning amaliy faoliyatida dunyoni tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun falsafiy muammolarni oʼrganish borliq kategoriyasining mazmunini oʼrganishdan, borliqning asosiy shakllarini tahlil qilishdan boshlanadi.
Shuni aytish kerakki, falsafadagi materializm va idealizm borliqning shakllari muammosiga turlicha yondashadi. Bunda materializm oʼz eʼtiborini moddiy borliqqa qaratib uni birlamchi, belgilovchi deb hisoblaydi. Idealizm esa, odatda, borliqning maʼnaviy shakllariga alohida eʼtibor beradi, u maʼnaviy borliq shakllarini birlamchi, belgilovchi deydi.
Bir qadar izchil falsafa esa borliq shakllarini dastlab bir-biridan farq qiluvchi va ayni vaqtda bir-biri bilan oʼzaro aloqadorlikda boʼlgan quyidagi turlarga ajratadi:
1. Insondan, inson ongidan tashqarida obʼektiv reallik sifatida mavjud boʼlgan predmetlar, hodisalar, jarayonlardan iborat moddiy borliq.
2. Faqat inson ongida, ong bilan bogʼliq subʼektiv reallik sifatida mavjud boʼlgan fikrlar, gʼoyalar, qarashlar tarzidagi borliq. Bu maʼnaviy borliqdir. Borliqning bu turlari oʼrtasidagi fark nisbiydir, chunki ular bir-birlariga oʼtib turishadi. Shu bilan birga, ularning har biri oʼz navbatida yana bir qancha shakllarga koʼrinishlarga boʼlinadi.
Insonni qurshab turgan tabiat, tabiatni tashkil qilgan turli predmet va hodisalar, barcha noorganik va organik moddalar dunyosi, oʼsimliklar va hayvonot dunyosi, kishilarning oʼzi va ularning oʼzaro ijtimoiy munosabatlaridan tashkil topgan jamiyat - bularning barchasi moddiy borliq koʼrinishlaridir. Shunga koʼra moddiy borliqni quyidagi konkret turlarga, ajratish mumkin:
1. Tabiiy borliq yoki tabiat borligʼi.
2. Insoniy borliq yoki inson borligʼi.
3. Ijtimoiy olam yoki jamiyat borligʼi.
Moddiy borliqning bu turlarining har biri oʼz tabiatlari jihatidan yana bir necha koʼrinishlarga boʼlinadi. Ularni bunday koʼrinishlarga boʼlishning oʼzi nisbiydir, chunki ularning hech biri sof emas, biri ikkinchisi bilan, ikkinchisi uchinchisi bilan va hokazo qorishib ketganlar.
Moddiy borliq turlari maʼnaviy borliq bilan uzviy bogʼlanib ketgandir. Maʼnaviy borliq inson ongi bilan bogʼliq barcha maʼnaviy va madaniy hodisalar, fikrlar, gʼoyalar, qarashlar ijtimoiy ong shakllari, inson va jamiyatning bir butun maʼnaviy-madaniy hayotidir. Shu jihatdan maʼnaviy borliqning quyidagi ikki koʼrinishi farq qiladi:
1) individuallashgan maʼnaviy borliq;
2) obʼektivlashgan maʼnaviy borliq;
Borliqning bu yuqorida koʼrib oʼtgan turlari va shakllari, ularga xos dialektikani tushunib olish uchun biz ularning har biri ustida alohida-alohida toʼxtalib oʼtamiz.
«Tabiiy» borliq yoki tabiat borligʼi
Tabiiy borliq oʼzaro bogʼliq, lekin bir-biridan farq qiluvchi quyidagi ikki koʼrinishdan iboratdir:
1) tabiatdagi predmet va hodisalarning, buyumlarning, jism va jarayonlarning asl borligʼi.
2) tabiatdagi predmet va hodisalar asosida inson tomonidan yaratilgan narsalarning tabiiy borligʼi.
Tabiiy borliqning birinchi koʼrinishi insongacha, insondan va uning ongidan tashqarida unga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud predmet va hodisalar, jarayon va holatlarni oʼz ichiga olgan tabiatdir. Bu baʼzi adabiyotlarda «birlamchi tabiat» deb ham ataladi. «Birlamchi tabiat» moddiy borliqning shakli sifatida insongacha mavjud boʼlgan, insondan va uning ongidan tashqarida, unga bogʼliq boʼlgan holda mavjud boʼlmagani uchun ham, alohida reallik koʼrinishdagi borliq hisoblanadi. Bu borliq odatda bizni oʼrab turgan tabiatdan iborat dunyo borligʼidir. Tabiiy borliqning bu shakli inson faoliyatining dastlabki sharti sifatida insongacha obʼektiv mavjud boʼlgan tabiatdagi predmetlar, hodisalar va jarayonlarga xosdir.
«Birlamchi tabiat» borliqning alohida oʼziga xos real shakli sifatida, avvalo, u insongacha, undan tashqarida, unga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud, deb taʼriflanar ekan, bu taʼrif quyidagilardan kelib chiqadi:
Birinchidan, inson tabiat toʼgʼrisida fikr yuritar ekan, uning insongacha, insondan oldin ham real mavjud boʼlganini inson va uning ongi tabiat taraqqiyoti va jamiyatning paydo boʼlishi bilan paydo boʼlgandan keyin ham ularga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud boʼlib kelayotgani, bundan keyin ham abadiy boʼlishi toʼgʼrisidagi fikrlar koʼpdan koʼp faktlar, tajriba va ilmiy dalillar asosida qolaversa, qachonlardir yashagan, hozir yashayotgan kishilarning shaxsiy-amaliy tajribalari, hayotiy kuzatishlari va nazariy xulosalari tomonidan isbotlanganligidir.
Ikkinchidan, «birlamchi tabiat» insondan tashqari va unga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud boʼlib, inson esa uning mahsuli ekanligi, inson usiz yashay va faoliyat koʼra olmasligidir, hatto inson «birlamchi tabiat»siz biron-bir narsa yarata olmasligidir. «Birlamchi tabiat»ni tashkil etuvchi predmet va hodisalar obʼektiv reallik sifatida, insonga bogʼliq boʼlmagan oʼz qonunlari asosida oʼzgaradi, taraqqiy etadi, oʼz-oʼzini yaratadi. Bu «birlamchi tabiat» makonda cheksiz, vaqtda abadiydir, u hamma vaqt va hamma yerda doimo mavjud. Inson shu «birlamchi tabiat» materiallari asosida amaliy faoliyati va ongi bilan «ikkilamchi tabiat»ni yaratadi.
«Ikkilamchi tabiat»ning vujudga kelishi insonga, «birlamchi tabiat»ga, undagi predmet va hodisalar, jarayonlarga ularning konuniyatlarini insonning bilishiga bogʼliqdir. «Ikkilamchi tabiat» oʼz mavjudlik shakli va reallik sharoitlariga koʼra uning yuzaga kelishi yashashi jihatdan oʼzining yuzaga kelishida asos boʼlgan «birlamchi tabiat»ga oʼxshaydi. Lekin shu bilan birga, «ikkilamchi tabiat» oʼzining vujudga kelishi, yashashida inson mehnati va bilimi bilan bogʼliqligi jihatidan «birlamchi tabiatdan farq qiladi. Аniq kilib aytsak «ikkilamchi tabiat» inson paydo boʼlgandan keyin inson tomonidan yaratiladi, shu jihatdan u inson faoliyati va ongining mahsulidir. «Ikkilamchi tabiat» inson tomonidan yaratilgandan keyin u inson ongidan, insondan tashqarida obʼektiv mavjud boʼladi. Bu jihatdan «ikkilamchi» predmet va hodisalari ham obʼektivdir. «Ikkilamchi tabiat» predmet va hodisalari ijtimoiy hayotda inson ehtiyojini qondirish zaruriyati, ijtimoiy turmushda biron-bir funktsiyani bajarish zarurati tufayli yaratiladi. Masalan, bizning asosiy yozuv qurolimiz boʼlgan ruchkani olaylik. Ruchka oʼz materialiga koʼra «birlamchi tabiat» resurslariga oid. Uni qayta ishlab, unga oʼz mehnati va ongini, inson uni «ikkilamchi tabiat»ga aylantirib uzining yozuv qurolini yaratgan.
Umuman, «ikkilamchi tabiat» predmet va hodisalari «birlamchi tabiat» materiallari inson mehnati, ongi, bilimi hamda shular asosida yaratilgan predmet va hodisalarning ijtimoiy funktsiyalarining birligidan iboratdir.
«Birlamchi» va «ikkilamchi tabiat»lar borligʼi haqidagi fikrlarimizni quyidagicha yakunlash mumkin: ular oʼzaro aloqadorlikda boʼlib, bir tomondan, bir-biri bilan umumiylikka oʼxshashlikka, birlikka ega boʼlsa, ikkinchi tomondan, bir-biriga nisbatan farqlarga ham ega.
«Birlamchi tabiat» fazoda cheksiz, vaqtda abadiy borliq boʼlsa, «ikkilamchi tabiat» inson mavjudligi bilan uning faoliyati va ongi bilan, bir butun jamiyat bilan bogʼliq holda mavjud boʼladi, u fazo va vaqtda boshlanishiga va tugashiga ega.
«Birlamchi tabiat» inson bilan uni bilib borayotgan bitmas tuganmas cheksiz dunyo /olam/ boʼlsa: «ikkilamchi tabiat» esa inson tabiat qonunlarini bilib olishi tufayli ular asosida yaratgan predmet va hodisalar protsesslar dunyosidir.
«Ikkilamchi tabiat», bir tomonda, «birlamchi tabiat» kabi obʼektiv, real borliq boʼlib, u inson ongidan tashqarida mavjud boʼlsa, ikkinchi tomondan u insonga bogʼliq hamdir, chunki unda kishilarning maqsadlari, gʼoyalari, bilim va mehnatlari mujassamlashgan boʼladi. «Ikkilamchi tabiat» predmet va hodisalari borligʼi «birlamchi» tabiat va kishilik /inson/ borligʼini bogʼlovchi; ular chegarasidagi borliq boʼlib, tabiat borligʼining oʼziga xos shakli sifatida «birlamchi tabiat» borligʼiga nisbatan ham, inson borligʼiga nisbatan ham nisbiy mustaqil borliqdir.
Borliqning oʼziga xos nodir shakllaridan yana biri- bu inson borligʼidir. Inson borligʼi alohida kishi borligʼi va butun insoniyat borligʼi koʼrinishlarida mavjud boʼlishi jihatdan oʼziga xos noyobdir. Biroq bu inson borligʼida inson mavjudligi bilan birga, tabiat va jamiyatdagi hamma mavjud narsalar uchun umumiy boʼlgan tomonlar, xususiyatlar ham mavjuddir. Bu jihatdan inson borligʼi oʼz tabiati va mohiyatiga koʼra eng murakkab borliq shaklidir, u hamma borliq shakllarining maʼlum tomonlarining dialektik birligidan iboratdir.
Inson borligʼida, avvalo, insonning tabiat taraqqiyotining mahsuli sifatida tabiiy borliqning har ikki shakliga oid tomonlar bilan, insonning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot mahsuli sifatida unda ijtimoiy va maʼnaviy borliqning ham hamma shakllariga xos tomonlarining jami birgalikda mujassamlangan.
Umum falsafiy nuqtai nazaridan qaraganda, inson, dastavval, tabiatning eng oliy tirik mavjudoti boʼlib, uning mavjudligining asosini inson tanasidagi hayot tashkil qiladi. Insonning tanasi bunda tabiiy jism sifatida boshka tabiiy tirik jismlar bilan bir xil, ular ega boʼlgan barcha xususiyatlarga egadir. Yaʼni u ham paydo boʼlish, oʼsish, rivojlanish, ulgʼayish, qarish, oʼlish, bir holatdan boshqa holatga oʼtish va hokazo xususiyatlarga ega. Bu tanada ham, birinchi navbatda, hayot jarayoni, yaʼni oqsil tanachalarining yashash usuli - moddalar almashish jarayoni kechishi lozim.
Inson tanasi bunda tabiatdagi barcha notirik va tirik jismlarda amal qiladigan qonunlarga boʼysunadi. Lekin bu insonning jonli tanasining oʼzi inson borligʼini tashkil qilmaydi. Chunki inson borligʼi, avvalo, alohida kishining individual borligʼi va bir butun insoniyat borligʼi shakllarida mavjud boʼladi.
Аlohida kishining individual borligʼi esa dastlab tana va ruhning birligidan iborat boʼlib, u shu alohida kishining individual hayoti va faoliyati, uning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlari, yashashi, his-tuygʼu va fikrlari, maqsad va istaklari, tilak va orzulari, oʼz-oʼzini anglashi, dunyoni bilishi, individual ongi va tafakkuri, narsalarga, kishilarga, tabiat va jamiyatga munosabatlarining jamini oʼziga qamrab oladi.
Bir butun insoniyatning borligʼi esa kishilik jamiyatining butun hayoti: uning oʼtmishi, hozirgi va kelajagiga oid moddiy va maʼnaviy turmushi, ishlab chiqarishi, ijtimoiy munosabatlari, ijtimoiy ong va hokazolardan iborat.
Inson borligʼi bu jihatdan ham tabiat, ham jamiyat va ham ruhiyat konunlariga boʼysunadi.
Inson borligʼi har biri oʼzicha nisbiy mustaqil boʼlgan inson mavjudligining uch jihati, quyidagi oʼlchov bilan xarakterlanadi:
Inson dastavval, his qiluvchi va fikrlovchi jonli tanaga ega boʼlgan alohida real tabiiy individ sifatida mavjuddir. Shu bilan birga, inson, tirik tabiatning homo sapins turiga oid, uning evolyutsiyasi tufayli kelib chiqqan alohida, oʼziga xos noyob bir oliy mavjudot hamdir. Insonning bu noyobligini uning ruhiy dunyosi tashkil qiladi. Lekin inson ayni vaqtda ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning mahsuli boʼlgan ijtimoiy mavjudot hamdir. Bular inson mavjudligining uch oʼlchovi sifatida inson borligʼining boshlangʼich xarakteristikalaridir.
Inson borligʼi, bir jihatdan, kishi va kishilar ongiga nisbatan obʼektiv, yaʼni ular ongidan tashqarida mavjud boʼlsa, boshqa jihatdan u kishi va kishilar ongiga bogʼliqdir. Аksincha inson borligʼi ongdan, ruhdan butunlay alohida mavjud emas. Chunki inson borligʼi tabiiylikning, moddiylikning, maʼnaviylikning individuallikning, shaxsiy va ijtimoiylikning dialektik birligidan iboratdir.
Inson tanasi «birlamchi tabiat» sifatida bir holatdan ikkinchi holatga, bir koʼrinishdan boshqa koʼrinishga oʼtadi, butunlay yoʼqolib ketmaydi. Lekin boshka jihatdan, inson tanasi «ikkilamchi tabiat» sifatida oʼtkinchi, oʼzgaruvchan, chekli, paydo boʼluvchi, rivojlanuvchi, nihoyat, oʼluvchi xususiyatlarga ham egadir. Inson tanasining tirik boʼlishi insonning yashab turishi uchun oziq-ovqatga, kiyim-kechakka, turar joyga, issiq va sovuqdan saqlanishga, nasl qoldirishga va shular kabi turli-tuman moddiy ehtiyojlari qondirilgan boʼlishi kerak. Bu inson borligʼining shunday xususiyatiki insonning jonli organizm sifatida mavjudligini bu ehtiyojlarni qondirmasdan turib, taʼminlab boʼlmaydi. Bular inson hayotining birinchi darajali moddiy ehtiyojlarini tashkil etadi. Shu bilan birga, inson hayoti uchun maʼnaviy ehtiyojlar: ahloq, huquq, sanʼat, siyosat, fan va din kabilar ham katta rol oʼynaydi.
Masalan, har bir kishining bir butun jamiyatning yurish-turishi, odobi va hulqini, oʼzaro munosabatlarini tartibga soluvchi ahloqiy normalarga boʼlgan ehtiyojlarni olaylik. Inson bularsiz ham oʼz hayotini tashkil eta olmaydi. Biz yuqorida inson borligʼi uning tanasi va ruhining dialektik birligi tufayli mavjuddir, dedik. Haqiqatdan ham, har bir kishining miyasi, asab tizimi, ruhiyati va maʼnaviyati uning tanasi /jismi/ va oʼz faoliyatida katta rol oʼynaydi. Ruhan sogʼlom kishi jismonan ham baquvvat boʼladi. Shu bilan birga, tananing sihat-salomatligi ham kishining maʼnaviy hayotiga katta taʼsir qiladi. Shuning uchun ham xalqimiz: «Yaxshi dam mehnatga hamdam», «Sogʼlom tanda - sogʼ aql» maqollarini bekorga yaratmagan.
Bu narsa butun insonning hayotiga ham taalluqlidir.
Falsafada inson borligʼi borliqning bir butun borligʼida qanday ahamiyatga ega va unda qanday oʼrin tutadi? - degan masala faylasuflarni qiziqtirib keladi.
Oddiy qaraganda, inson, uning hayoti poyonsiz va cheksiz dunyoda hech bir arzimas narsa, qisqa, oddiy epizodga oʼxshab tuyuladi. Аslida esa butunlay boshqa narsani koʼrish mumkin. Inson dunyoda faqat mavjud boʼlib qolmasdan, balki u oʼz oʼzini anglaydi, oʼzi yashayotgan dunyoni biladi, dunyoga va oʼziga juda katta taʼsir qiladi, dunyoni va oʼzini oʼzgartirib, oʼzlashtirib boradi, madaniyatni, sanʼatni, dinni va fanni, huquqni va siyosatni yaratadi, ijod qiladi. Inson bunda avvalo oʼz borligʼini bilish uchun, oʼz borligʼi uchun qaygʼuradi. U bir butun borliq tizimida oʼzining ziddiyatli rolini anglab olishi, oʼz borligʼi va dunyo borligʼi oldida oʼz maʼsuliyati, javobgarligini sezishi, his qilishi muhimdir. Inson uchun yana ham muhimroq narsa - bu har bir kishining oʼzi va butun insoniyat taqdiri uchun, inson zoti va insoniyat sivilizatsiyasi oldidagi maʼsuliyatini toʼgʼri anglashidir.
Bunda kishining maʼnaviy yuksakligi va aqli rasoligi muhim rol oʼynaydi. Chunki har bir alohida kishining hayoti, faoliyati uning oʼzi uchun ham, boshqa hamma kishilar va butun jamiyat hayoti uchun ham real hayot, real faoliyatdir. Bundagi har bir kishining oʼz tanasi, oʼz ruhiyati, oʼz oʼtmishi hozirgi va kelajagi boshqa kishi va kishilar tanasi, ruhiyati oʼtmishi, hozirgi va kelajagiga nisbatan alohida reallik, alohida borliq sifatida mavjud boʼladi. Bu bilan birga har bir alohida kishining individual ongi, his-tuygʼulari va fikrlari ham oʼz-oʼziga boshqa kishi va kishilar, bir butun insoniyat ongiga, his-tuygʼu va fikrlariga nisbatan ham real bogʼliqdir. Shuning uchun kishi ongida uning atrofidagi butun borliq bilan birga, uning individual borligʼi ham oʼz-oʼzini anglash sifatida aks etgan boʼladi. Kishi ongida nafaqat tabiiy narsalar, shu bilan birga, barcha maʼnaviy gʼoyaviy narsalar ham uning amaliy nazariy faoliyatida oʼzlashtirilib, haqiqiy oʼziga xos reallikni kasb etadi. Bu oʼz tabiatiga koʼra maʼnaviy borliq deyiladi.
Maʼnaviy borliq aslida inson borligʼining bir koʼrinishi boʼlib u individual ong va ijtimoiy ong jarayonlarini oʼz ichiga oluvchi maʼnaviylik, maʼnaviy qadriyatlar va maʼnaviy boyliklardan iboratdir.
Tarixda sodir boʼlgan va boʼladigan koʼpchilik voqea hodisalar inson va insoniyatning kelajagi, kishi va kishilarning hayoti va taqdiri koʼp jihatdan maʼnaviyligi maʼnaviy boyliklar bilan bogʼliqligi maʼlumdir. Shu nuqtai nazardan maʼnaviylikni borliqning oʼziga xos bir shakli sifatida alohida oʼrganish maqsadga muvofiqdir.
Maʼnaviylik inson va insoniyatning muhim fazilatlaridan biridir. U inson /kishi va kishilar/ ruhiyati bilan chambarchas bogʼliqdir. Maʼnaviylik - bu koʼp qirrali ong va ongsizlik jarayonlarini oʼz ichiga oluvchi insonning kundalik hayoti tajribalari, uning tabiat, atrofidagi kishilar va jamiyat bilan boʼlgan munosabatlarida hosil qilgan malakalari, koʼnikmalari, uning shaxs sifatida shakllanishi davomida egallangan ahloqiy, siyosiy, huquqiy, diniy, falsafiy, shuningdek fanlarni oʼrganish asosida olgan bilimlari, badiiy texnik va ilmiy ijodlarining jamidir.
Maʼnaviylikni, yaʼni maʼnaviy boylikning shakllaridan kelib chiqib, ikki turga boʼlib oʼrganish mumkin. Ularning birinchisi- individ ongi va ruhiyati bilan bogʼliq individuallashgan maʼnaviy borliq boʼlsa, ikkinchisi- individ ongi va ruhiyatidan tashqari ularga bogʼliq boʼlmagan obʼektivlashgan maʼnaviy borliqdir.
Individuallashgan maʼnaviy borliqning tashuvchisi- bu individ ongi va ruhiyatidir. Ular individ- alohida kishi miyasining xossalari boʼlib inson borligʼining ajralmas qismlaridir. Konkret kishining xis tuygʼulari, ichki ruhiy kechinmalari, orzu istaklari, xotirasi, taaʼsurotlari, fikrlari, hayollari, qarashlari, gʼoyalari, individual ongi, ong osti va ongsizlik jarayonlar individuallashgan maʼnaviy borliqning elementlaridir. Individuallashgan maʼnaviy borliqning oʼziga xos xususiyati shundaki, unda sodir boʼladigan jarayonlarning mavjudligini bevosita tashqaridan turib sezish, kuzatish, bilish mumkin emas. Ularni ilgʼash his qilishning birdan - bir yoʼli - individning - konkret kishining oʼz ongida, oʼz ruhiyatida oʼzgarayotgan jarayonlar toʼgʼrisida oʼziga oʼzi hisob berishdir. Fan sohasida hali kishi miyasida sodir boʼladigan ong faoliyatini, ruhiy jarayonlarni butunlay toʼlaligicha bilish, qayta tiklash yoki qayd qilib qoʼyishga hozircha erishilgani yoʼq. Biz shu paytgacha, odatda ularning subʼektiv taassuroti qoldirgan biz uchun tabiiy yoki ijtimoiy ahamiyatga ega boʼlgan koʼrinishlarini ajratib olib, qayd qilib kelamiz, xolos.
Individuallashgan maʼnaviy borliqning oʼziga xos xususiyati yana shundaki, unga xos jarayonlar individning dunyoga kelishi bilan paydo boʼladi va olamdan oʼtishi bilan birga yoʼqoladi.
Individuallashgan maʼnaviy borliqning xususiyatlarini asosan ruhshunoslik fani oʼrganiladi. Maʼnaviy borliqning bu koʼrinishi hozirgacha ong haqida fanlarda, xususan falsafada nisbatan kam tadqiq qilingan, tadqiq qilingan boʼlsa ham, unga koʼproq bevosita yondashib kishi ongidagi jarayonlarni uning hatti harakatlaridan kelib chiqib izohlaganlar. Lekin individ ongini bilvosita oʼrganishga kirishgan bir qator fanlar xususan, ruhshunoslik fani keyingi vaqtlarda maʼlum yutuqlarga erishish bilan bir qatorda bu sohada koʼpgina qiyinchiliklarga ham duch kelmoqda. Shulardan biri ongning real mavjudligi masalasi boʼlib unda bir tomondan, ong jarayonini individ miyasi va asab sistemasidagi tabiiy va biologik jarayonlardan ajralgan holda oʼrganish mumkin emasligi boʼlsa, ikkinchi tomondan ong maʼnaviy hodisa boʼlganidan, uning moddiy narsalar sifatida tadqiq kilib boʼlmayotganligidir. Shu bilan birga, ong jarayonlari haqida fikr yuritishning murakkabligi yana shundaki, ularni tilda, nutqda toʼla berib boʼlmaydi. Chunki miyada ongli jarayonlardan tashqari hali anglanmagan ong osti va ongsizlik jarayonlari ham kechadi. Individuallashgan maʼnaviy borliq shu sababli faqat individ ongi, ong jarayonlarigina emas, balki mana shu hali anglanmagan ong osti va ongsizlikni ham oʼz ichiga oladi.
Shu munosabat bilan bu hodisani oʼrgangan olimlar oʼrtasida ong osti, anglanmagan, ongsizlik hodisalar mavjudmi, agar mavjud boʼlsa, ularni qanday izohlash mumkin? - degan savollar tugʼiladi. XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida bu savollar yuzasidan psixologlar va faylasuflar oʼrtasida qizgʼin munozaralar kelib chiqadi. XX asr boshlarida bu muammoni psixiatrlar, xususan, Z. Freyd va uning izdoshlari qizgʼin oʼrgana boshlaydilar. Ular oʼz eksperimental tadqiqotlari bilan ong osti anglanmagan va ongsizlik jarayonlarining individ miyasida, uning ruhiyatida mavjudligini eʼtirof etadilar. Keyinchalik ularni qoʼllab-quvvatlagan bir qator psixologik /ruhshunos/ va faylasuflar ongsizlikni individ ruhiy faoliyatining muhim bir tomoni sifatida izohlashadi.
Z.Freyd va uning izdoshlarining tushuntirishlaricha individ miyasi va asab tizimiga ongsizlikning uch darajasi hosdir.
1-daraja. Bu darajada ongsizlik inson tanasining yashashini taʼminlab, tana vazifalarini koordinatsiya qiladi, hamda tananing bir qator oddiy biologik ehtiyojlarini qondirishni nazorat qiladi. Bu nazorat inson tomonidan oʼz oʼzidan, aynan anglab olinmagan holda koʼp hollarda aniq amalga oshiriladi. Kishidagi ayrim intilish va hohishlar, tushlar, ichki ruhiy holatlar ongsiz jarayonlar asosida sodir boʼladi.
2-daraja. Bu darajadagi ongsizlik inson maʼlum davrgacha anglab yetmagan, aslida onglilik bilan tutashib ketgan, lekin keyinchalik anglangan fikrlarni oʼz ichiga oladi. Masalan, «tilimning uchida turibdi», «miyamga bir fikr keldi» deganda, avvalo, ong ostida vujudga kelgan, lekin hali anglanmagan, keyinchalik esa anglanadigan fikrlar yaqqol misol boʼla oladi.
3-daraja. Ongsizlikning bu darajasi badiiy, ilmiy, hayoliy jarayonlarda intuitiv asosida qiyosiy va fikriy jarayonlarga xosdir. Bu jarayonlarda ongsizlik intuitsiyalar ishi bilan yuzaga chiqadi. Ong osti, anglanmagan va ongsizliklarning mavjudligini bilishning qiyinligi shundaki ular inson ruhiy jarayonida onglikda namoyon boʼlish hollarida, birinchidan, toʼliq yuzaga chiqmaydi: ikkinchidan ularni ong sohibi ongi ushlab qolgan ayrim koʼrinishlar tarzida anglagan boʼladi. Lekin shunga qaramay inson ruhiy jarayonini chuqur oʼrganish ularning mavjudligidan dalolat beradi. Umuman, individuallangan maʼnaviy borliqni chuqurroq oʼrganish lozim. Maʼnaviy borliqning bu shakliga individning oʼz-oʼzini anglashi ham kiradi. Oʼz-oʼzini anglash individuallashgan maʼnaviy borliq tarkibida muhim oʼrin tutadi. /uning tabiati va oʼziga xos xususiyatlari «Ong muammosi» mavzusida ochib berilgan/.
Xullas, individuallashgan maʼnaviy borliqni alohida borliq sifatida oʼrganilar ekan, inson borligʼidan, umuman, bir butun olam borligʼidan alohida ajratib qaramaslik kerak. Chunki, bir butun olamsiz inson boʼlmaganidek insonsiz ong ham individsiz individuallashgan borliq ham boʼlmaydi, u individning individual ruhiy-ijtimoiy hayoti faoliyatida namoyon boʼladi.
Maʼnaviy borliqning ikkinchi koʼrinishi - bu obʼektivlashgan maʼnaviy borliqdir. Bu borliqda individ ongida paydo boʼlgan gʼoyalar, qarashlar, fikrlar undan tashqarida chiqib obʼektivlashadi, reallashadi, moddiylashadi. Natijada endi ular individual ongdan tashqarida yashay boshlaydi. Obʼektivlashgan maʼnaviy borliqning oʼziga xos xususiyati shundaki, u subʼekt ongidan - individual ongdan chiqib unga bogʼliq boʼlmagan holda obʼektivlashgandan soʼng tabiiy va sunʼiy tillar materiallari, ijtimoiy ong va uning shakllarida masalan muayyan sanʼat asarlari va madaniyat obidalarida ifodalangan gʼoyalar qarashlar nazariya va taʼlimot shakllarida tarixiy taraqqiyot davomida rivojlanib, takomillashib boradi, va asrlar osha insoniyatga xizmat qilib saqlanib turadi. Obʼektivlashgan maʼnaviy borliqning bir koʼrinishi bu til /nutq/dir. Til /nutq/da ong faoliyatining bir qismi reallashadi. Individual ongdan tashqariga chiqib, obʼektivlashadi. Tilda ong mahsuli - fikr moddiylashadi: u tovushlar va soʼzlardan tashkil topib, gaplar va bayon qilingan nutqlarda ifodalanadi. Dastlab individual ongda paydo boʼlgan gʼoyalar va fikrlar endi tovushlar va soʼzlar, jumlalar va gaplar, matnlarda ongdan tashqarida reallik sifatida mavjud boʼladilar. Shu realliklar tufayli insoniyat madaniyatni yaratadi, shu realliklar tufayli moddiy va maʼnaviy madaniyat boyliklari vujudga keladi va avloddan avlodga oʼtib, ularga xizmat qilib, insonni maʼnaviy jihatdan boyitib boradi.
Obʼektivlashgan maʼnaviy borliqning vujudga kelishi va mavjud boʼlishini boshqa misolda ham koʼrish mumkin. Masalan, eng qadim zamonda ibtidoiy inson miyasida non qilish, uni pishirish gʼoyasi individuallashgan borliq shaklida vujudga kelgan. Bu gʼoyani u oʼz hayotida qoʼllab real nonni qilgan va pishirgan. Non gʼoyasi qilingan va pishirilgan nonlarda obʼektivlashgan. Bu gʼoya non qilish va pishirishdagi boshqa kishilarning malaka va tajribalari bilan boyib, rivojlanib borgan, bora bora u chiroyli va mazali nonlar tayyorlash bilimlari va sanʼatiga aylangan. Bu bilimlar va non yopish sanʼati bizning kunlarimizda ham davom etib kelmoqda. Bundan koʼrinadiki, dastlab individ ongining mahsuli boʼlgan non gʼoyasi individuallashgan maʼnaviy borliq, shaklidan chiqib keyinchalik real nonlarda reallashadi va obʼektivlashadi. Bu gʼoyani keyingi avlodlar oʼz faoliyatlarida yanada rivojlantirib ularga «oʼlmas xarakter» kasb etishadi.
Insoniyat yaratgan barcha moddiy va maʼnaviy madaniyat va sanʼat asarlari, madaniy yodgorliklar, kitoblar, formulalar, loyihalar, modellar, ranglar, kuylar, notalar, raqslar - hamma hammasi individual maʼnaviyliklarning obʼektivlashgan, moddiylashgan koʼrinishi obʼektivlashgan maʼnaviy borliqdir. Bu obʼektivlashgan maʼnaviy borliqning mavjud boʼlishida xotira alohida rol oʼynaydi. Hozirgi fan va texnika taraqqiyoti davrida xotirada saqlash va uni foydalanishda «elektron mashinalar xotirasi» muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biz oldin ashula teksti va muzikalarimizni gramplastinkalarga, keyinchalik magnitofon lentalariga hozirda videomagnitofon lentalariga yozib qoʼyib, istagan paytda ularni qoʼyib eshitib ham koʼrishimiz mumkin.
Demak, obʼektivlashgan maʼnaviy borliq ham insoniyatning maʼnaviy moddiy hayotida, madaniyat, fan, sanʼat, adabiyotning paydo boʼlishi sivilizatsiyaning rivojlanishida juda katta rol oʼynaydi.
Maʼnaviylik, maʼnaviy borliqning qanday koʼrinishida mavjud boʼlishidan qatʼiy nazar u moddiy asossiz mavjud boʼlmaydi. Individuallashgan maʼnaviy borliq individ miyasi, markaziy asab tizimi butun organizm faoliyatining betakror jarayonlari koʼrinishida mavjud boʼlsa obʼektivlashgan maʼnaviy borliq ijtimoiy ong shakllari tarzida inson madaniyatining turli koʼrinishlarida moddiylashgan, obʼektivlashgan shakllari tarzida namoyon boʼladi. Bu individuallashgan maʼnaviy borliq va obʼektivlashgan maʼnaviy borliqlar bir birlariga oʼtib, bir birlarini boyitib, toʼldirib boradilar, ularni oʼzaro dialektik munosabatda olib oʼrganish lozim.
Sof maʼnaviy borliqning oʼzi mavjud emas. Sof maʼnaviy borliqni eʼtirof etish idealizmga olib boradi. Maʼlumki obʼektiv idealizm vakillaridan biri Platon /Аflotun/ ning qarashicha, moddiy borliqdan alohida unga bogʼliq boʼlmagan holda yaxshilik, haqiqat, goʼzallik va shu kabi « gʼoyalar dunyosi» obʼektiv mavjud emish. Platon bunda obʼektivlashgan maʼnaviy borliqning oʼziga xos baʼzi xususiyatlarini mutlaqlashtiradi, boʼrttiradi va shu asosida ularni idealistik tushuntiradi. Platon oʼz fikrini isbotlash uchun misol keltiradi: masalan, toʼquv mokisi buzilgan yoki yoʼqolgan taqdirda ham u toʼgʼrisidagi fikr doimo yashayveradi va qaerda mokiga ehtiyoj tugʼilsa bu gʼoyadan kishilar foydalanaveradi. Platonning bu fikridan maʼnaviy borliq tabiiy borliqqa, inson borligʼiga bogʼliq boʼlmagan holda ulardan mustaqil mavjud, degan xulosa kelib chiqmaydi. Аksincha, maʼnaviy borliq moddiy borliq bilan birgalikda bir butun borliqni tashkil etishi maʼlum boʼladi.
Shuning uchun ham falsafa borliqning hamma shakllarini va koʼrinishlarini ularning ichki oʼzaro bir birlari bilan aloqadorlikda, oʼtishda, bogʼlanishda, bir birlariga taʼsir va aks taʼsirda olib oʼrganadi va tushuntiradi. Masalan, individuallashgan va obʼektivlashgan maʼnaviy borliqning birgalikdagi koʼrinishida namoyon boʼladigan axlokiy-maʼnaviy printsiplar, huquqiy-tartibot normalari, ideallar, goʼzallik, adolat, yoshlik, insoniylik kabi maʼnaviy qadriyatlar insoniyat hayotida ayniqsa ijtimoiy olam tizimida muhim rol oʼynaydi. Bunda individuallashgan maʼnaviylik yakka individ shaxsining maʼnaviy dunyosini belgilasa, obʼektivlashgan maʼnaviylik bir butun, jamiyat maʼnaviy hayotini belgilaydi.
Borliqning yana bir shakli- bu ijtimoiy olamdir. Ijtimoiy olam individual yakka shaxs va jamiyat borligʼining birligidan iborat borliqdir. Ijtimoiy olam deyilganda individual yakka shaxs va jamiyat hayotining hamma tomonlari emas, balki ularning bir butun moddiy hayoti tushuniladi. Jamiyatning moddiy hayoti esa kishilarning oʼz hayotlari jarayonida ularnin irodalariga bogʼliq boʼlmagan ishlab chiqarish munosabatlaridan, bu ishlab chiqarish munosabatlarining jamini oʼz ichiga olgan jamiyatning iqtisodiy tizimi, real bazasidan iborat boʼladi. Jamiyatni dialektik, materialistik tushunishga koʼra, moddiy ishlab chiqarish usuli, umuman hayotning sotsial /ijtimoiy/, siyosiy va ruhiy jarayonlariga sabab boʼladi. Kishilarning ongi ularning borligʼini belgilamaydi. Аksincha, ularning ijtimoiy borligʼi ijtimoiy onglarini belgilaydi. Demak, ijtimoiy olam deganda materialistik falsafada bir butun jamiyatning moddiy hayotini moddiy neʼmatlar ishlab chiqarishi hamda ishlab chiqarish jarayonida kishilar kirishadigan moddiy munosabatlarni tushunamiz. Ijtimoiy olam ijtimoiy ong bilan chambarchas bogʼliqdir. Ular bir butun jamiyat hayotining ikki moddiy va maʼnaviy tomonlarini tashkil qiladi. Bu masala jamiyat toʼgʼrisidagi mavzuda toʼlaroq ijtimoiy ong bilan birlikda yoritiladi.
Shuni aytish kerakki, borliq muammosini falsafiy tadqiq qilish uning substantsiya muammosi bilan bogʼliq ekanligini koʼrsatadi.
Substantsiya deyilganda falsafada dastlabki vaqtlarda borliq, tabiat, jamiyat, inson va bir butun dunyodagi barcha predmet va hodisalarning asosini tashkil etadigan moddiy yoki ruhiy birlamchi narsa tushunilgan. Masalan, qadimgi davr materialistik faylasuflar suvni, havoni, apeyronni, olovni, atomlarni, yaʼni moddalarning biron turini substantsiya, deb tushunganlar. Oʼrta asr Sharq falsafasi namoyondalari Аl-Kindiy, Аr-Roziy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd oʼz falsafiy qarashlarida substantsiyani hamma narsaning moddiy asosi va ularning mohiyati, deb qaraganlar.
Idealizm vakillari substantsiya, deb butun mavjudlikning asosi boʼlgan gʼoyani, ruhni yoki subʼekt ongi va shu kabilarni tushunadi. Masalan, qadimgi yunon mutafakkirlaridan Pifagor substantsiya, deb sonlarni tushunadi. Platon esa gʼoyani, substantsiya deb qaraydi. XVII asrda yashagan golland faylasufi B.Spinoza esa substantsiya, deb oʼz oʼzining sababchisi boʼlgan narsani tushunadi. Uning qarashicha, koʼlam va tafakkur ana shu substantsiyaning atributlaridir. Nemis klassik falsafasining vakili I.Kant substantsiya «u shunday bir doimiy narsaki, faqat unga nisbatangina hamma vaqtli hodisalarni aniqlash mumkin» - deydi. I.Kant fikricha, substantsiya - tajriba maʼlumotlarini sintezlashtiruvchi tafakkurning aprior shaklidir.
Gegelь esa «mutlaq gʼoya», «mutlaq ruh»ni substantsiya, deb qarab, uni narsalarning muhim oʼzgaruvchan, rivojlanuvchi tomonlarning yaxlitligidir, mazkur tomonlarda bu yaxlitlik ularning mutlaq inkor etilishi, yaʼni mutlaq quvvat va shu bilan birga, har qanday mazmunning boyligi sifatida ochiladi,- deydi. U substantsiya «mutlaq gʼoyaning rivojlanish jarayonida muhim bosqich», «har qanday haqiqiy taraqqiyotning negizi», deb taʼriflaydi. Gegelda substantsiya ayni bir vaqtda ham rivojlanuvchi gʼoya - ibtido, ham subʼekt, yaʼni oʼz-oʼzini tuzdiruvchi asos, ham shu rivojlanishning momenti sifatida qaraladi.
Umuman, falsafani substantsiya muammosini oʼrganishda insonni qurshab turgan dunyoning asosi nima oʼtadi? uning asosida bir narsadanmi yoki koʼp narsadan tashkil topganmi? degan savollarga turlicha javob berishadi. Faylasuflarning bir qismi bizni qurshab turgan dunyoning birinchi asos bor deb bilishgan. Ularning bu yagona birinchi asosi toʼgʼrisidagi qarashlari monizm taʼlimotini keltirib chiqargan. Lekin monizm taʼlimoti dunyoning birinchi asosi nima? Materiyami yoki mutlaq gʼoya («mutlaq ruh»), ongmi? degan savolga bergan javoblariga koʼra ikki xil boʼlgan. Dunyoning birinchi asosi materiyadir deb qarovchi monistik taʼlimot materialistik monizm deyiladi. Dunyoning birinchi asosi «mutlaq gʼoya», «mutlaq ruh» yoki ong deyuvchi monistik taʼlimot idealistikmonizm, deb atalgan.
Faylasuflar orasida duyoning asosini bir narsa emas balki ikki narsa ham gʼoya /ruh/, ham materiya tashkil qiladi deyuvchilar ham mavjud boʼlgan. Masalan, yangi zamon falsafasida frantsuz faylasufi Rene Dekart substantsiya muammosini qarab chiqar ekan u dunyoning asosida ham materiya ham gʼoya /yoki ruh/ yotadi deydi. Bunday qarash dualizm deb ataladi. Dualizm taʼlimotining tarafdorlari dunyoning asosiga bir-biriga bogʼliq boʼlmagan ham materiya ham ruh / gʼoya/ni qoʼyishib, ular oʼrtasida hech bir umumiylik yoʼq deyishadi. Dualizm taʼlimoti odatda teologik va ilmiy tafakkurning oʼzaro sigʼishmasligining oʼziga xos ifodasi sifatida paydo boʼldi.


Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin