O'lchash va sanash uchun qurilmalar. Elektron tarozi. Elektron tarozi bilan yirik oziq-ovqat do'konlarining qadoqlash bo'limlarida ishlatishga mo'ljallangan CAS LP-15 modeli misolida tanishamiz. U konstruktiv tuzilishiga ko'ra og'irlikni o'lchash mexanizmi, natijalarni raqamli shaklga aylantirgich, elektron blok va klaviatura bilan boshqaruv paneli hamda kerakli indikatorlardan iborat. Tarozi quyidagi operatsiyalarni bajarishi mumkin:
qadoqlangan mahsulotlar og'irligini o'lchash;
og'irlikni bahoga ko'paytirish (baho elektron blok xotirasida saqlanadi);
mahsulotlar harakati hisobini amalga oshiruvchi kompyuterga xabar uzatish;
kompyuterdan mahsulotlar va baholar o'zgargani to'g'risidagi ma'lumotlarni qabul qilish;
amalga oshirilgan og'irlikni o'lchash haqidagi ma'lumotlarni yig'ish.
Bunday tarozilar avtonom va do'kondagi mahsulotlar harakatini hisobga oluvchi tizim bilan birgalikda ishlashi mumkin. Unda ishlash quyidagicha: qadoqlangan mahsulotni operator taroziga qo'yadi va uning kodini teradi. Elektron blok xotiradan kodga mos bahoni olib tortish ko'rsatkichiga ko'paytiradi. Natija chop etish qurilmasiga yuboriladi va etiketka chop etiladi. Operator etiketkani qadoqlangan mahsulotga yopishtiradi. Bir vaqtda qadoqlash bahosi tarozining yig'uvchi-hisoblagichiga qo'shiladi. U shu tarozidan o'tgan barcha mahsulotlar hisobini olib boradi. Shuningdek, qadoqlash bahosi shu mahsulot harakatini aniqlovchi hisoblagichga ham yuboriladi.
Agar tarozi do'konning axborot tizimiga ulangan bo'lsa, ma'lumotlar davriy yoki smena oxirida to'g'ridan to'g'ri markaziy kompyuterga uzatiladi. Shunday qilib, do'kon rahbariyati barcha mahsulotlar turlarmi tezkor nazorat qilishi va o'z vaqtida ularning oqimini boshqarish choralarini ko'rishi mumkin.
Hisoblagichlar. Katta hajmda, ommaviy xarakterli ishlab chiqarishda mahsulotlarni qo'lda sanash juda noqulay va ishonchsiz bo'lib, bunday hollarda hisoblagichlardan foydalaniladi. Hisoblagichlar, odatda, texnologik jarayonlarning ma'lum bir bo'g'ini oxiriga qo'yiladi. Ishlab chiqarish avtomatlari, shtamp qiluvchi presslar, markirovka qiluvchi mashinalar hisoblagichlar bilan jihozlanadi.