Is gazi haqida nimalarni bilamiz? Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, zaharli birikma bo‘lib, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari, tabiiy gaz butunlay yonmasligi natijasida yuzaga keladi. Ushbu modda inson organizmiga nafas yo‘llari orqali ta'sir qiladi. U gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marta kuchli birikma – karboksigemoglabinni hosil qiladi. Oqibatda gemoglabinning to‘qimalarga kislorod tashish qobiliyati susayadi va bu gipoksiya (kislorod yetishmasligi), og‘ir holatlarda esa anoksiyaga olib keladi. Shu tariqa inson hayotiga nuqta qo‘yilishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, is gazi hidsiz, ta’msiz, rangsiz bo‘lgani bois inson uning tarqalayotganini aniqlashining imkoni mavjud emas. Mazkur gaz xavfi faqat ogohlantiruvchi detektor yordamida oldindan seziladi. Is gazi datchiklari havo tarkibidagi uglerod oksidi miqdori inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan darajaga yaqinlashganidagina signal beradi.
Ko‘plab davlatlarda uylarga detektorlarni o‘rnatilishi shartligi xavfsizlik qoidalaridan biri sanaladi. Misol uchun, Rossiya Federasiyasida bunday majburiyat 2018 yil 1 yanvardan amalga kiritildi. Unga ko‘ra, gaz yoki ko‘mir yordamida ishlaydigan suv isitish moslamalari, o‘tin yoqiladigan pechkalar, kaminlar, ovqat pishirish uchun gaz plitasi va gaz boylerlari mavjud barcha xonadonlarda is gazi detektorlari bo‘lishi shart. Qurilma isitish tizimidagi yonish jarayoniga har qanday darajada aloqasi bo‘lgan barcha xonalarda o‘rnatiladi. Aks holda xonadon egasini salmoqli jarima kutadi.
Mazkur qurilmani isitish tizimining yonish jarayoni bilan bog‘liqligi bo‘lmagan taqdirda ham yotoqxona eshigidan yarim — bir metr nariga, dahliz shiftiga o‘rnatgan ma’qul. Agar yotoqxona eshigi ko‘chaga qaragan bo‘lsa, yotoqxona ichiga o‘rnatiladi. Bunday sezgir uskunalarni yurtimizda ham ko‘plab qurilish mollari, xo‘jalik do‘konlaridan xarid qilish mumkin. Qizig‘i, salomatligimiz va hayotimizni asrab qoladigan «SO» detektorlari qimmat turmaydi. Bugun do‘konlarimizda ular sifatiga qarab 16 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha narxlanmoqda.
Detektorni xonalarga qanday o‘rnatish to‘g‘risida ma’lumotlar qo‘llanmasida keltirib o‘tilgan bo‘lsa-da, montajda tegishli mutaxassislar yordamidan foydalaning.