Birlamchi etalon - birlikni mamlakatda (shu birlikni boshqa etalonlariga nisbatan) eng yuqori aniqlik bilan qayta tiklanishini ta’minlaydigan etalon.
Maxsus etalon - birlikning alohida sharoitlarda qayta tiklanishini ta’minlaydigan va bu sharoitlar uchun birlamchi etalon bo’lib xizmat qiladigan etalon. Davlat etaloni- davlat hududida ushbu kattalikning boshqa barcha etalonlari bilan qayta tiklanadigan, birliklarning o’lchamlarini aniqlash uchun asos sifatida xizmat qilishi vakolatli davlat idorasining qarori bilan tan olingan etalon. Ikkilamchi etalon - birlikning o’lchamini mazkur birlikning birlamchi etalonidan oladigan etalon. Nusha-etalon - birlikning o’lchamini ishchi etalonlarga uzatish uchun mo’ljallangan ikkilamchi etalon. Ishchi etalon- birlikning o’lchamini ishchi o’lchash vositalariga uzatish uchun mo’ljallangan etalon. Xalqaro etalon - milliy etalonlar bilan qayta tiklanadigan va saqlanadigan birliklar o’lchamlarini muvofiqlashtirish uchun xalqaro kelishuv bo’yicha xalqaro asos sifatida qabul qilingan etalon. Milliy etalon- mamlakat uchun boshlang’ich etalon sifatida xizmat qilishi rasmiy qaror bilan tan olingan etalon. O’lchashlar birliligi - o’lchash natijalari rasmiylashtirilgan kattaliklar birliklarida ifodalangan va o’lchashlar xatoligi berilgan ehtimollik bilan belgilangan chegaralarda joylashgan o’lchashlar holati. O’lchashlar birliligini ta’minlash- O’BT Qonunlar, shuningdek o’lchashlarning birliligini ta’minlashga qaratilgan davlat standartlari va boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq o’lchashlar birliligiga erishish va saqlashga qaratilgan metrologik xizmatlar faoliyati. Metrologik xizmat- MX o’lchashlar birliligini ta’minlash ishlarini bajarish va metrologik tekshiruv va nazoratni amalga oshirish uchun qonunga muvofiq tashkil etiladigan xizmat.