Antik manbalar. Eng qadimgi tariximizni o‘ragnishda antik, ya’ni yunon va rim manbalarida keltirilgan ma’lumotlar muhim va nodir ma’lumotlar hisoblanadi. SHuni ta’kidlab o‘tish kerakki, antik mualliflarining birontasi O‘rta Osiyo tarixiga oid alohida, maxsus asar yozmagan. Qolaversa, o‘sha zamonda «O‘rta Osiyo» degan jo‘g‘rofiy tushunchaning o‘zi ham yo‘q edi. Ammo yunon va rim tarixchilari o‘zlarining boshqa mavzularga bag‘ishlangan asarlarida yo‘l-yo‘lakay qadimgi O‘rta Osiyoga doir jo‘g‘rofiy, tarixiy va etnografik ma’lumotlar berganlar.
Yunon va rim mualliflarining ma’lumotlari to‘g‘rilik darajasi turlichadir. Bu ma’lumotlarning asosiy qismi tasvirlangan voqealardan ancha muddat o‘tgandan keyin yozilgan manbalardan olingan. Shu sababli antik mualliflar axborotida ko‘p noaniqliklar, shubhali va munozarali ma’lumotlar mavjud. Ayrim hollarda biron-bir voqea turli variantlarda bayon etiladi. Antik mualliflar asarlarida nomlari tilga olingan ayrim jo‘g‘rofiy atamalar – daryolar, tog‘lar, shahar va qishloqlarning joylashganligini aniqlash (lokalizatsiya qilish) ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi. Ularning ayrimlari turli tortishuvlarga sabab bo‘lib, hozirgacha aniqlangan. Antik mualliflar asarlarida real voqealar ba’zan afsonaviy yoki yarim afsonaviy to‘qimalar bilan qorishib ketadi. Yunon va rim tarixchilarining O‘rta Osiyo haqidagi ma’lumotlari uzun-yuliq bo‘lib, ko‘p xollarda bu ma’lumotlar o‘zaro bog‘lanmagan. SHu sababli ular asosida qadimgi zamonlarda O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar tarixining to‘la va yaxlit manzarasini tasavvur qilish amri maholdir. Shunday bo‘lsada, antik mualliflar bergan ma’lumotlarni tanqidiy taxlil etish asosida qadimgi tariximizni imkon qadar teranroq o‘rganishimiz kerak.
Qadimgi yunon va rim tarixchilarining Sharqqa bo‘lgan qiziqishi asosan ikkita voqea bilan, aniqrog‘i yunon-fors urushlari va Iskandar Makadonskiyning Ahamoniylar davlatiga qarshi yurishi bilan bog‘liqdir.
Vatanimiz tarixini yoritgan ilk tarixiy asar – bu Geradotning «Tarix» asaridir. Bu asar yunon-fors urushlari tarixiga bag‘ishlangan. Lekin muallif mazkur urushlargacha bo‘lgan davrdagi Yunoniston, Lidiya, Midiya va Ahamoniylar davlati tarixiga oid batafsil ma’lumotlar keltiradi. «Tarix»ning keng qamrovli, serqirra va ayni paytda yaxlit asar ekanligi tufayli uning muallifi Geradot haqli ravishda «tarixning otasi» degan faxrli nomga sazovar bo‘ldi.
Geradot o‘z asarini yozishda xilma-xil manbalardan foydalandi. Jumladan, Eron, Skifiya, Misr va boshqa mamlakatlarga qilgan sayyoxati chog‘ida yiqqan ma’lumotlarni keltiradi. U O‘rta Osiyoda bo‘lmagan edi, lekin Kaspiy ortidagi mamlakat tarixi bilan qiziqqan. Tadqiqotchilarning fikricha, Geradot Eronda bo‘lgan chog‘ida Axamoniylar davlati zodogonlari bilan suhbatlar qurib, O‘rta Osiyo xalqlari xayoti xaqidagi ma’lumotlarni yozib olgan. Natijada uning ajdodlarimiz o‘tmishi haqidagi ma’lumotlari to‘liq bo‘lmay qolgan va ayrim hollarda o‘zining noaniqligi bilan ajralib turadi.
Geradot Eron shoxi Kir II ning massagetlar diyoriga qilgan yurishi, massagetlar malikasi To‘maris tomonidan tor-mor etilishi va halok bo‘lishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek baqtriyaliklar, xorazmiylar, issedonlar, saklar haqida, ularning turmushi, urf-odatlari, harbiy qurollari va kiyimlari haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiradi. Geradot bu halqlarning ijtimoiy xayotida ayollarning teng xuquqliligi va baland maqomi haqida yozadi. Bu ma’lumotlardan kelib chiqib, o‘sha davrda O‘rta Osiyo xalqlari xayotida matriarxat sarqitlari saqlanib qolganligini taxmin etish mumkin. Geradot bu halqlarda kannibalizm (odamho‘rlik) xollari uchrashi haqida axborot beradi, urug‘dagi sog‘lom va nuroniy qari odamni so‘yib, uning go‘shtini hayvonlar go‘shti bilan qo‘shib pishirishlar va tanovvul qilishlarini qayd etadi. Geradot qadimgi ajdodlarimiz chorvachilik, baliq ovi va dehqonchilik bilan shug‘ullanganligini ta’kidlaydi.
Qadimgi tariximiz xaqida ma’lumotlar yozib qoldirgan tarixchilardan biri Ktesiy hisoblanadi (m.a. V-IV asrlar). Ktesiy Eron shahanshoxi Artakserks II ning shaxsiy tabibi bo‘lib, u mashhur olim Gippokratning qarindoshi edi. Afsuski, Ktesiy asarlarning asl nushasi bizgacha etib kelmagan. Uning asarlaridan olingan ayrim parchalar keyingi avlod tarixchilarining kitoblarida saqlanib qolgan. Gerodotdan farqli o‘laroq, Ktesiy faqat o‘zi ko‘rgan yoki eshitgan axborotlarnigina emas balki uydirma ma’lumotlarni ham o‘z asariga kiritgan. SHu sababdan uning asarlaridan foydalanishda o‘ta extiyorkorlik zarurdir. Ktesiyning Ossuriya podshosi Ninning O‘rta Osiyoga qilgan harbiy yurishlari haqidagi ma’lumotlarni ishonchli emas. Ktesiy o‘z asarida birinchi marta Zoroastr (Zardusht) nomini tilga oladi. U sehrgar va Baqtriya podshosi bo‘lganligi ta’kidlanadi. Zardusht podsho bo‘lgan emas, albatta. Lekin uning nomini tilga olganligi va bu nom Baqtriya bilan bog‘langanligi zardushtiylik dini shu mamlakatda, ya’ni Baqtriyada vujudga kelganligi to‘g‘risidagi tahminlarni quvvatlovchi dalillardan biridir. Ktesiy baqtriyaliklarning Eron shohi qo‘shini tarkibida Ossuriyani tor-mor etishda qatnashganligini ma’lum qiladi.
Ktesiy ham sak ayollari jasur va harbiy ishga moyil ekanliklarini ta’kidlaydi. SHu bilan bog‘liq holda u saklar malikasi Zarineya haqidagi hikoyani keltiradi. Zarineya o‘zining birinchi eri va akasi Kidrey halok bo‘lganligidan so‘ng Parfiya viloyatining hokimi Mermerga turmushga chiqadi. Forslar bilan jangda Zarineya yaralanadi va jang maydonini tashlab ketadi. Striangey nomli fors uni ta’qib etadi va qo‘lga tushiradi, lekin Zarineyaning iltimosiga ko‘ra uni ozod etadi. Keyingi jangda esa Zarineyaning eri Mermer Striangeyni asirga oladi va Zarineyaning yalinishiga qaramay, uni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Shunda Zarineya asirlarni ozod etib, ular bilan birga erini o‘ldiradi va Parfiya viloyatini Eron shohiga berib, u bilan do‘stona munosabat o‘rnatadi. Ktesiy keltirgan bu ma’lumot naqadar to‘g‘ri ekanligini bilish qiyin, lekin bu hikoya Geradotni saklar jamiyatida ayollar roli yuqori ekanligi haqidagi axborotni tasdiqlaydi.
Ktesiy Eron shohi Kirning halok bo‘lishi to‘g‘risida Geradotdan ancha farq qiladigan ma’lumot keltiradi. Uning yozishicha, Kir derbiklar bilan bo‘lgan jangda yarador bo‘lib, otdan yiqilib tushadi. Uni derbiklar bilan birga jang qilgan xindlardan biri yarador qiladi, shundan so‘ng Kir vafot etadi. Ktesiyning bu ma’lumoti to‘g‘ri emas, deb aytish mumkin, chunki boshqa manbalarda bunday axborot uchramaydi.
Geradot va Ktesiydan tashqari boshqa yunon tarixchilari ham o‘z asarlarida O‘rta Osiyo halqlari to‘g‘risida ma’lumotlar beradilar. Ulardan biri Ksenofont (m.a. 445-355 yy.) o‘zining tarixiy siyosiy roman janrida yozilgan «Kiropediya» nomli asarida baktriyaliklar, saklar va girkanliklarning fors shohi Kir tomonidan bo‘ysundirilishi va uning qo‘shini tarkibida Ossuriyaning zabt etishda qatnashganliklarini ko‘rsatib o‘tadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, antik mualliflarining O‘rta Osiyoga nisbatan qiziqishlarining ortishiga turtki bo‘lgan muhim tarixiy voqea – bu Iskandar Zulqarnaynning SHarqqa yurishlaridir. Ko‘p mualliflar Iskandar tarixini yoritish jarayonida u bosib olgan mamlakatlar haqida, shu jumladan O‘rta Osiyo haqida ma’lumotlar yozib qoldirganlar. Iskandarning hayoti va faoliyati haqidagi tarixiy asarlarning eng muhimi – bu Arrianning «Iskandar yurishlari» nomli asaridir. Bu asar milodiy II asrda, Iskandar davrida 5 asr o‘tgandan so‘ng yozilgan. «Iskandar yurishlari» buyuk sarkarda sha’niga maddoxlik ruxida ta’rif etilgan asardir. Arrian o‘z asarini yaratishda juda ko‘p tarixiy manbalardan foydalangan. Jumladan, Iskandarning shahsiy muqotibasidan, saroy kundaliklaridan, Iskandar yurishlarining guvohi va ishtirokchisi bo‘lgan sarkardalar Ptolomey, Lag va Aristobulning esdaliklaridan keng foydalangan. Arrian mo‘‘tabar manbalardan foydalanganligi, ularga tanqidiy ruhda yondashganligi asarning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradi. Arrian foydalangan birinchi darajadagi manbalar keyinchalik yo‘qolib ketganligini hisobga olsak, uning asari g‘oyat nodir yodgorliklar ekanligiga ishonch xosil qilamiz. Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf «Iskandar Makduniy tarixi» nomli asar yozib qoldirgan (m.a. I asrning oxiri I asrning birinchi yarmi). Asar lotin tilida yozilgan bo‘lib, 10 kitobdan iborat, lekin uning dastlabki ikki kitobi bizgacha etib kelmagan. Mutaxassislar Kvint Kursiy Rufning manbalarga tanqidiy yondashmasligini, Iskandar hayoti bilan bog‘liq voqealarni badiiylashtirilganligini ta’kidlaydilar. Kursiy ayrim hollarda fantastik syujetlarni to‘qib chiqaradi. O‘z qahramoni Iskandarning ruhiy holatlarini ochib berishga intiladi. Muallif tasvirlanayotgan voqealarning aniq sanasini keltirmaydi. SHu bilan birga u Iskandarning real siymosini yaratishga harakat qiladi. Kvint Kursiy Rufning talqinida Iskandar taqdir erkatoyi, o‘ziga bino qo‘ygan, bosqinchilik konida bo‘lgan, shafqatsiz, qasoskor, mard, tanti va bag‘rikeng shahs sifatida gavdalanadi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklardan qat’iy nazar, Kursiyning asari O‘rta Osiyo halqlarining Iskandar Makduniy davridagi tarixiga oid boy ma’lumotlar beradi. Asardagi Baqtriya va So‘g‘diyonaning tabiati va iqlim sharoitlari, Spitamen qo‘zg‘olonining tafsilotlari va boshqa ma’lumotlar diqqatga sazovordir.
Yuqorida nomlari tilga olingan tarixchilardan boshqa antik mualliflar ham qadimgi ajdodlarimizning hayoti va turmushi haqida ma’lumotlar yozib qoldirganlar. Jo‘g‘rofiya fanining «otasi» Strabon o‘zining 17 kitobdan iborat «Geografiya» nomli asarida Girkaniya, Parfiya, Baqtriya va Marg‘iyonaning tabiiy sharoitlari, shaharlari, ularga olib boradigan yo‘llar, bu erdagi daryolar, bu diyorda yashagan halqlar, ularning turmush tarzi, urf-odatlari va e’tiqodlari to‘g‘risida e’tiborga loyiq mu’lumotlar keltiradi.
O‘rta Osiyoning miloddan avvalgi IV – milodiy IV asrlardagi tarixi, tarixiy jo‘g‘rofiyasi va etnografiyasiga doir ma’lumotlar Diodor Sitsiliyskiyning «Tarixiy kutubxona» (m.a. I asr), Rim tarixchisi Pompey Trogning «Filipp tarixi» va «Ibtido» («Prologi») nomli asarlarida (m.a. I asr – milodiy I asr), yunon tarixchisi Polibiyning «Umumiy tarix» (m.a. II asr), rim tarixchisi Pliniyning «Tabiiy tarix» (Pliniy m.a. 79-yilda Vezuviy tog‘i portlaganda o‘lgan degan taxmin bor), rim tarixchisi Tatsitning «Tarix» va «Yilnomalar» («Annalo‘») (I-II asrlar), yunon olimi Klavdiy Ptolomeyning «Jo‘g‘rofiyaga oid qo‘llanma» (II asr), rim tarixchisi Ammian Margellining «A’mol» («Deyaniya») (IV asr) va boshqa mulliflarning asarlarida uchraydi. Mazkur asarlarda keltirilgan ma’lumotlar o‘z xarakteriga ko‘ra xilma-xildir. Ularning ayrimlari uydirma ma’lumotlarga asoslangan bo‘lsa, boshqalari ishonarli manbalarga tayanadi. SHu sababdan ulardan foydalangan paytda keltirilgan ma’lumotlarni chuqur tanqidiy tahlil etish zarur.