Flogiston nazariyasining inqirozi
XVIII asrning ikkinchi yarmi va oxirida kimyoda eksperimental materiallarning yigʻilishi, kimyoviy tahlilning shakllanishi kimyo fani taraqqiyotining bosh omili edi. Bu davrda Yevropa davlatlarining barchasida kimyo rivoji bir tekisda boʻlmadi. Angliya va Shvesiyada kimyogar-olimlar kimyoviy tahlil va pnevmatik kimyo muammolarini yechishga uringan paytda, Germaniyadagi olimlar flogiston nazariyasi yordamida manufaktura talablarini soʻndiruvchi texnologiyalar yaratish bilan band boʻldilar. Angliyadagi sanoat rivoji avval toʻqimachilik sohasida va soʻngra boshqa tarmoqlarda yuz berdi. Qoʻl mehnatining mashinalashtirilishi va boshqa texnik rivojlanishlar kimyoviy tadqiqot usullarining (matolarni oqartirish, boʻyash va hokazo) rivoji oʻz navbatida organik kimyo fani shakllanishini taqozo eta boshladi.
Jamiyatda yuz berayotgan yangi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, tabiatshunoslik ayniqsa kimyo faniga qoʻyilgan talablar, yangi tarixiy jarayonning shakllanishiga va flogiston nazariyasi yemirilishiga olib keldi. Bu davrning buyuk kimyogarlaridan biri shved olimi T.N.Bergman (1735-1784-yy.) edi. U 1767- yildan boshlab Upsala universiteti professori oʻzining mashhur tahliliy kimyo tadqiqotlari bilan shuhrat qozondi, sifat tahlilining "hoʻl" usulini joriy qildi. Bir qancha xususiy reaksiyalarni yoʻlga qoʻydi va tizimli sifat tahlili reaktivlari haqida qoʻllanmalar yaratdi.
XVIII asr ikkinchi yarmida har xil murakkab moddalarning parchalanishidan ajralib chiqadigan gazlar olimlarning diqqatini oʻziga qaratdi. Gazlarni hosil qilish va yigʻish imkoniyatini yaratgan pnevmatik vannalar ixtirosidan keyin ularning xossalarini oʻrganish osonlashdi. Shunday vannani birinchi yaratgan olim va ruhoniy Stiven Geyls (1667-1761-yy.) kimyoviy reaksiya natijasida ajralib chiqqan gaz va bugʻlarni naychalar yordamida suvga teskari toʻntarib qoʻyilgan idishlarga yigʻa boshladi. Havaskor tabiatshunos boʻlgan Geyls ajratib olingan gazlarni aniqlamas va ularning xossalarini oʻrganmas edi, dastlab yogʻochni quruq haydash usuli bilan gazlarni ajratib olgan.34
Kimyogar-pnevmatik olim shotlandiyalik Jozef Blek (1728-1799-yy.) 1756-yildan Glazgo universiteti professori, 10 yil oʻtgach Edinburg universiteti professori boʻlib ishlagan. Asli vrach boʻlib, siydik qovugʻidagi toshlarni ishqorlar yordamida tushirishga uringan. Yumshoq ishqordan (CaCO3) oʻyuvchi ishqorga [Ca(OH)2] oʻtish oqibatida ohaktosh qizdirilishi natijasida biror narsa unga birikmasligi, aksincha koʻp miqdorda “havo” ajralib chiqishini kuzatdi. Bu “havo” ning oʻyuvchi kalsiy tomonidan oson yutilishini kuzatgan Blek uni “bogʻlangan havo” deb ataydi. Natijada Blek 1756-yilda oq magneziya, soʻndirilmagan ohak va boshqa moddalarning oʻzaro taʻsiridan “bogʻlangan havo” ni (CO2) ajratib oldi va uning tabiatini oʻrgandi:
Blek ohaktosh kuydirilishi natijasida ohakning ogʻirligi kamayishini tarozidan foydalanib isbotladi, bu flogiston nazariyasiga zid xulosa edi. Blekning aniqlashicha, gazsimon moddalar qattiq va suyuq jismlardan ajralishi mumkin, lekin ayrim hollarda ular bilan faol reaksiyaga ham kirishadi. Keyinroq Blekning koʻrsatishicha, karbonat angidridi parchalanishidan hosil boʻlgan kalsiy oksidi havoda ochiq qizdirilganda asta-sekinlik bilan qayta kalsiy karbonatiga aylanishi mumkin ekan. Bu tajriba yordamida olim atomosferada ozroq karbonat angidrid borligi va havoning oddiy modda emasligi haqida toʻgʻri xulosa chiqaradi. CO2 xossasini oʻrgangan Blek yoqilgan sham uning muhitida uchib kirlishini aniqlaydi. Bu ishlarni davom ettirib, yopiq idishdagi havo muhitida yoqilgan sham bir oz vaqt yonib turishi va keyin oʻchishini kuzatdi. Hosil boʻlgan CO2 ni absorbsiyalagandan keyingi qolgan havo ham yonishga yordam bermasligini aniqlagan olim bu muammoni hal qilish shogirdi shotland kimyogari Daniyel Rezerfordga (1749-1819-yy.) topshiradi. Qoldiq havoda sham yonmasligi va sichqonning yashay olmasligini aniqlagan Rezerford bu tajriba haqida 1772-yili xulosalarini eʻlon qiladi. Blek ham, Rezerford ham flogiston nazariyasi tarafdorlari boʻlgani uchun ular havo tarkibidagi bu yangi moddani “flogistonli havo” deb atashadi, bugun biz bu modda va elementni azot deb nomlaymiz.
Karbonat angidridining ochilishi haqidda V.I.Vernadskiy shunday deb yozadi: “XVI asrda Van-Gelmont ochgan oʻrmon gazi va XVIII asrdagi Blek aniqlagan “bogʻlangan havo” deyiluvchi karbonat angadridning aniqdanishi gazlar haqida birinchi taʻlimot edi. Uning tabiati va xossalarini oʻrganish flogiston nazariyasini yemirib, hozirgi zamon yonish nazariyasining yaratilishiga olib keldi. Uni oʻrganish oqibatida tirik jonzod va oʻsimlik dunyosi orasida oʻxshashlik borligi aniqlandi”. Blekning pnevmatik tadqiqotlari oʻz vatandoshlari va boshqa davlatlarning olimlari tomonidan davom ettirildi va rivojlantirildi.
Oʻz mablagʻlari hisobidan laboratoriya tashkil etgan va yordamchilarsiz barcha eksperimental tajribalarni oʻzi bajargan ingiliz olimi G.Kavendishning (1731-1810-yy.) ishlari "Sunʻiy havo"ning turli koʻrinishlariga qaratilgan edi. G.Kavendish “sunʻiy havo” deganda barcha birikmalar bilan birikkan va ular qizdirilganda ajralib chiqadigan gazlarni koʻzda tutadi, 1766-yili “yonuvchi havo” (vodorod)ni aniqlagan Kavendish uning juda kichik massasi borligini aniqladi. Reaksiyaga kirishgan metall, kislota ogʻirligini va ajralib chiqqan gaz hajmini oʻlchagan olim uning zichligi 0,09 deb aniqdaydi. 1772-yilda D.Rezerford bilan birga havoning tarkibida azot va kislorod aralashmasi borligini isbotlaydi. Azot va azot oksidlarining xossalarini batafsil oʻrganadi.
G.Kavendish zamondoshlarilan biri ingliz havaskor olimi Jozef Pristli (1733-1804-yy.) teologik taʻlim sohibi boʻlsa ham falsafiy masalalar bilan qiziqqan, ammo maʻlum bir davrga kelib faqat pnevmokimyoga katta eʻtibor bilan qaragan. 60-yillar oxirida Angliyadagi Lids pastorligini qabul qildi. Lids yonida pivo ishlab chiqarish zavodining boʻlishi Pristlining barcha tajribalari uchun kerakli miqdorda karbonat angvdridi gazi olish imkoniyatini yaratdi. Pristli tajribalarida karbonat angidridining suvda erishini aniqlaganda bu eritmaning yoqimli taʻmga ega boʻlgani uni ajablantirdi. Bu ish bilan Pristli hozirgi zamon alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish sanoatini yaratdi, desak xato qilmaymiz. Bir qator yangi gazlarni oʻrgangan olim ularning suvda eruvchanligini bilib, gazlarni simob ustida zichligini joriy qildi va bu bilan Geylsning pnevmatik vannasini takomillashtirdi. Pristlining muhim kashfiyotlaridan biri kislorodning havo tarkibida boʻlishini aniqlagani va uni “flogistonsiz havo” deb, Sheyele esa uni “olovli havo” deb atashganini alohida eʻtirof etamiz. Havoda qizdirilgan simobning qizil rangli birikmaga aylanishi uning oksidga oʻtishi ekanligini kuzatgan Pristli, yana qaytadan oksidni parchalab kislorodni yigʻdi. Bu gaz muhitida birikmalar havo muhitiga nisbatan yorqin alanga berib yonadi, tirik jonivorlarning nafas olishi osonlashadi. Pristli ish faoliyati davrida yangi toʻqqizta gazni kashf etdi: (1772 – HCl, 1772-N2O, 1772-NH3, 1774-O2, CO2, CO). Pristli va K Sheyele bir zamonda ishlab kislorodni ochgan boʻlsalar ham, bu ishning ahamiyati va mohiyatini toʻla anglay olmadilar, chunki ular flogiston nazariyasi tarafdorlari edi.
Kislorodning ochishi bilan Karl Vilgelm Sheyele (1742-1786-yy.) shved olimlarining ajoyib vakili XVIII asr Shvesiyasini ilgʻor fan davlatlari qatoriga olib chiqdi. Taxminan 1735- yilda shved kimyogari Georg Brandt (1694-1768-yy.) mis rudasini eslatuvchi qoʻsh mineralni oʻrgandi. Maʻdanshunoslar bu ruda sexrlangan va undan misni olib boʻlmaydi deb xulosa chiqarishadi. 1742-1744-yillar davomida izlangan olim bu maʻdan mis emas, temirni eslatuvchi boshqa yangi metall kobalt manbai ekanligini aniqladi. 1751-yilda Aksel Fredrik Kronsted (1722-1765- yy.) kobaltni eslatuvchi yangi metall nikelni, 1774-yilda Iogann Gotlib Gan (1745-1818-yy.) marganesni, 1782- yilda Peter Yakob Gyelm (1746-1813-yy.) molibdenni kashf etdilar. Minerallarni aniqlashda birinchi marta payvandlash naychasidan foydalangan kishi Kronsted hisoblanadi. Yangi texnik usullarni qoʻllagan kimyogarlar minerallar haqida ancha maʻlumotlar toʻplashdi. Bu qiymatlarni tahlil qilgan olim minerallarni faqat tashqi shakliga qarab emas, balki kimyoviy tuzilishiga ham etibor berish lozimligini taʻkidladi va 1758-yilda yozgan "Mineralogiya sistemasi" asarida ularning yangicha sinflash tizimini bayon qildi. Bu ishlar keyinchalik boshqa shved olimi maʻdanshunos Torbern Ulaf Bergman (1735-1784-yy.) tomonidan davom ettirildi. Bir kimyoviy modda ikkinchisi bilan reaksiyaga kirishadi, ammo uchinchisi bilan reaksiyaga kirishmaydi. Buning sababini oʻrgangan Bergman birikmalar orasidagi "moyillik" mavjudligini sezdi na ularning aniq qiymatlarini topib jadval tuzib chiqdi. Bu jadvallar olimga katta shuhrat keltirdi va hayotidan keyin bir necha un yillar davomida kullandi. Aptekachining yordamchisi boʻlgan Sheyelega Bergman alohida eʻti-bor bilan karagan va doimo yordam bergan. Pirovard natijada Sheyele bir qator oʻsimliklar va tirik organizmlarlan vino, limon, olma, oksalat, gall, benzoy, siyik kislotalarni ajratib olgan boʻlsa, shu bilan birga molibden va arsenat kislotalarini sintez qildi. Sheyele uchta oʻta zaharli gazlarni ham sintez qilgan: vodorod ftoridi, vodorod sulfidi va vodorod sianidi. Uning bevaqt oʻlimiga shu zaharli moddalarning kuchli taʻsiri sabab boʻlgan deb hisoblashadi, chunki Sheyele oʻzi ishlagan kimyoviy birikmalarning taʻmini doimo tatib koʻrgan.
Dostları ilə paylaş: |