X asrning ikkinchi yarmida yashab oʻtgan Abu Mansur Muvaffas al-Haraviy farmakopeyaga doir tojik tilida yozgan kitobi eng qadimiy asar sifatida bizgacha yetib kelgan. U 585 ta har xil dorilar toʻgʻrisida maʻlumot keltiradiki, bu kimyo fani uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Ibn Sino va Beruniygacha yashab oʻtgan yana ikki xorazmlik olimlar kimyoga doir ilmiy ishlar qilishgan. Ulardan biri Abu Abdullo Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiy X asrning ikkinchi yarmida yashagan va mashhur “Fanlar kaliti” (“Miftoxil al-Ulum”) asarining muallifidir. Bu asarda alkimyoga alohida bob ajratilgan boʻlib, unda oʻsha davrda kimyoda qoʻllaniladigan barcha birikmalar, asbob-uskunalar, jarayonlar haqida maʻlumot beradi. Ikkinchisi Abdulhakim Muhammad ibn Abdumalik al-Xorazmiydir. U 1034-yili oʻrta Osiyodagi barcha kimyoviy kashfiyotlar tarixini yigʻgan asarini yozib tugatadi.
Oʻrta Osiyo va arab olimlari qadimgi misrliklar va yunonlar ishlatib kelgan shayinli tarozini ancha takomillashtirdilar va oʻlchov aniqligini 5 mg chegarasigacha tushira oldilar. Sobit ibn Qora “Qarastun haqidagi kitob” risolasida qarastun-rimliklar tarozisi haqida maʻlumot bergan. Xorazmlik alloma Abdurahmon Xaziniyning 1121-yilda yozidgan “Donishmandlik tarozilari haqida” nomli risolasida har xil tarozilarning (hatto gidrostatik tarozilar ham tavsiflangan) konstruksion tuzilishi va oʻlchash usullari batafsil yoritib berilgan. Asarda ikki elementdan tarkib topgan har xil metall qotishmalarining tarkibini aniqlash usullarini koʻrsatib oʻtilgan, bunda olim qotishmani suyuqlantirish va ajratishdan tashqari ularning solishtirma ogʻirligini aniqlash orqali ham bu natijalarga erishish mumkinligini izohlaydi. Ayniqsa, Abu Rayhon Beruniyning tajribalaridagi natijalarini oʻrganib chiqqan Xaziniyning har xil jismlar, birikmalar, maʻdan va metallarning solishtirma ogʻirliklarini aniqlashga doir keltirgan maʻlumotlari hozirgi aniqlangan kattaliklardan juda kam farq qiladi (2-jadvalga qarang). Yevropa olimlarining asarlarida bunday yuqori aniqlikdagi maʻlumotlar koʻrsatilgan jadvallar XVIII asrga kelib, faqatgina fransuz olimi A.Lavuazyening “Kimyo kursi” asaridan keyingina paydo boʻla boshladi.