O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta ta’lim vazirligi


BIOORGANIK KIMYO FANINING SHAKLLANISH TARIXI



Yüklə 9,89 Mb.
səhifə68/156
tarix02.10.2023
ölçüsü9,89 Mb.
#151580
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   156
portal.guldu.uz-Kimyo tarixi o`quv majmua

7.3. BIOORGANIK KIMYO FANINING SHAKLLANISH TARIXI

Tabiiy moddalar kimyosi qadimdan insonni qiziqtirib kelgan. Rostini aytganda u vaqtlarda kimyo fan sifatida taraqqiy etmagan boʻlib; balki tabiiy manbalardan oziq-ovqat, dori-darmon, maishiy ahamiyatga ega boʻlgan birikmalarni olishdagi amaliy faoliyat tarzida rivojlangandir. Tirik tabiat foydali va muhim birikmalarni manbai sifatida qadimdan bir necha ming yillikdan beri insonga xizmat qilib kelgan. Mesopotamiya, Misr, Xitoy, Hindiston va Yunonistonda oʻsimlik va hayvon xom ashyosidan turli-tuman boʻyoqlar olganlar; termik ishlab berish, achitish, ekstraktsiya usullarini qoʻllaganlar; dorivor oʻsimliklar va ularni ekstraktlarini tayyorlash usullarini bilganlar. Tabiiy birikmalar kimyosi boʻyoqlar bilan chambarchas bogʻliqdir. Eramizdan avvalgi 1500 yillarda Qadimgi Misrda Indigofera heguminosae oʻsimligi barglari tabiiy boʻyoq indigo olish uchun foydalanib kelingan. Qadimgi misrliklar, hindlar va forslar yana bir tabiiy boʻyoq Rubia tinktorium ildizidan alizarin olishni bilganlar. Oʻrta yer dengizi qirgʻoqlaridan eramizdan avvalgi XVI-XV asrlarda finikiyaliklar purpur mollyuskalaridan ajratib olgan qadimgi purpur boʻyogʻini qoldiqlari topilgan.


Hozirda aniqlanishicha Indigofera oʻsimligi tarkibidagi indikan gidrolizlanib indoksil hosil qiladi, bu birikmani havoda oksidlanishi natijasida esa indigo hosil boʻladi; qadimgi purpur tarkibida esa 6,61 -dibromindigo bu boʻyogʻni asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Indigo va alizarin hozirgi vaqtda tabiiy birikmalar kimyosi tarixida eng birinchi olingan moddalar hisoblanadilar. Qadimgi tibbiyot toʻla ravishda dorivor oʻsimliklarga asoslangan boʻlib, Xitoy va Hindiston choy, jenshen, koʻk shuvoq turli kasalliklarni davolashda qoʻllanib kelingan. Qadimgi Misrda moʻmiyolarni balzamlash uchun efir moylaridan foydalanilgan. Qadimgi yunon tabibi Buqrot (460-377 A.D.) oʻz asarlarida koʻpchilik kasalliklarni davolash usullari va dori-darmonlar tayyorlash usullarini yoritib oʻtgan. Ammo oʻsimlik va hayvon xomashyosidan dorivor vositalar olishni asoschisi qadimgi rim vrachi Galen (129-201y) hisoblanib oʻsimlik bargi, guli va ildizlaridan dori tayyorlash bilan shugʻullangan va “Galen preparatlari” degan atamani fanga olib kirgan.
Alkimyo davrida (IV-XVI asrlar) dorivor moddalar kimyosi rivojlana boshlangan. 900 -yilarda arab alkimyogarlari tomonidan etil spirti, soʻngra baʻzi organik kislotalar va mochevina ajratib olingan. Sharq Uygʻonish davrining yirik olimlari Abu Bakir ar Roziy oʻzining asarlarida hamda Abu Ali Ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” asarida oʻsimlik, hayvon va mineral kelib chiqishga ega koʻplab dorivor vositalarini izohlab oʻtganlar. Kimyo fani rivojlanishi va uni tibbiyot bilan bogʻlashda katta hissa qoʻshgan. Abu Rayhon Beruniy ham oʻz asarlarida dorivor vosita sifatida qoʻllanadigan oʻsimliklar va moddalarni yoritib oʻtgan.
Gʻarb uygʻonish davrida T.Paraselsning faoliyati bilan tabiiy xomashyodan dorivor preparatlar olish taʻlimoti juda tez rivojlana boshlangan. Oʻsimliklardan turli dorivor vositalar olib uni tinktura, ekstrakt va eliksir tarzida qoʻllab u birinchi boʻlib dorilarni meyorlash toʻgʻrisida fikr yuritdi. Organizmda sodir boʻlayotgan barcha jarayonlarni kimyoviy deb atadi va taʻsir etuvchi asos kimyoviy modda toʻgʻrisida tushuncha kiritdi. U yatrokimyo (Iatros - tabib) ni asoschisi boʻlib, zamonaviy farmatsevtik kimyoni asoschilaridan biridir. XVIII asrda tabiiy birikmalar kimyosi jadal rivojlana boshlaydi. 1775-1785 yillarda shved kimyogari K.Sheyele dorishunos yordamchisi boʻlib ishlab siydikdan siydik kislota, 10 oʻsimlik qaynatmalari yoki achib qolgan sutdan oksalat, sut, limon va vino kislotalari oldi. Yogʻlarni gidroliz qilib glitserin oldi. 1788-1792 yillarda rus olimi T. Ye.Lovits glyukozani kristall holatda ajratib oldi.
XIX asr boshlarida tabiiy birikmalar kimyosi jadal rivojlana boshladi. 1806-yilda F.Serturner koʻknoridan morfin, L.Vauknelin va R.Robike birinchi aminokislota - asparaginni ajratib oldilar. P.Erlich oʻz izlanishlari bilan kimyoterapiyaga asos soldi. Tabiiy birikmalar kimyosini rivojlanishi XX asr oʻrtalarigacha davom etdi. Alkaloidlar, terpenlar, vitaminlardan soʻng steroidlar, oʻsish moddalari, antibiotik, prostaglandin kabi birikmalar sinfi oʻrganila boshlandi. XX asr 50- yillarni boshida D.Watson va F.Crick DNK tuzilishini aniqlab genetik axborotni saqlash va foydalanish haqidagi fan molekulyar biologiyaga asos soldilar. Shu davr ichida tabiiy birikmalar kimyosida sifat oʻzgarishlar roʻy berdi - tirik tabiatni murakkab birikmalari biopolimerlarni oʻrgana boshlandi. Asosiy eʻtibor ularning tuzilishi va biologik vazifasiga qaratildi L.Pauling oqsillarda  - spiralni aniqladi, F.Sanger insulin gormonining aminokislota ketma-ketligini aniqladi. 1953-yilda V.Du Vigneaud peptid gormonlari oksitotsin va vazopresinni sintezini amalga oshirdi. R. Woodfard xlorofill va vitamin B12 ni toʻliq kimyoviy sintezini amalga oshirdi.
Kimyoning ajoyib va ulkan yutuqlari uni biologiya bilan qoʻshilib tabiiy birikmalar kimyosini zamonaviy Bioorganik kimyoga aylanishiga turtki boʻldi. 1960-yillar chegarasida biologiya keskin rivojlanishi sababida, biologik obʻektlarda kechadigan jarayonlarni tushuntirish zarurati paydo boʻldi. Shunda organik kimyo va biologik kimyo fanlari orasida bioorganik kimyo fani yuzaga keldi. U tabiiy va fiziologik faol birikmalar kimyosi yoʻnalishi negizida rivojlandi. Oʻsha davrda 1956 - yili Toshkentda Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti akademik Sobir Yunusovning bevosita ishtirokida tashkil topdi, keyinroq 70-yillarda akademik Obid Sodiqovning harakati bilan Bioorganik kimyo instituti tashkillandi. Natijada Oʻzbekiston Bioorganik kimyo fanining yirik markazlaridan biriga aylandi. Rossiyada akademiklar A.Orexov. M.Shemyakin, Yu.Ovchinnikovlar fanni rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshganlar. Ular qatorida dunyo miqyosida AQSh da W.Pellete, Fransiyada H.Hyusson, Pokistonda Attaur Raxmon, Hindistonda Korana kabi yirik olimlar faoliyat qildilar va katta natijalarga erishganlar.
Bioorganik kimyoning nazariy vasifasi - tirik organizmlarni yashash prinsiplarini oʻrganuvchi kimyo va biologiya orasidagi fundamental fan. Tirik hujayraning tarkibiga kiruvchi barcha kimyoviy moddalarni tuzilishi va biologik funksiyalarni oʻrganish. Bunda asosiy eʻtiborni kimyoviy tuzilishi va biologik taʻsiri orasidagi uzviy bogʻliqlik qonuniyatlarini aniqlashga qaratish.
Bioorganik kimyoning amaliy vazifalari - tibbiyot va agroishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan davolovchi vositalarni, oʻstiruvchi moddalarni, pestitsidlarni amalda ishlab chiqarish uchun zamin yaratish.
XX- asrning ikkinchi yarmida hayotiy faoliyatning asoslarini tushunishga boʻlgan qiziqish keskin ravishda ortib ketdi. Mikroorganizmlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosini kuzatish hamda sirtdan tahlil qilish bosqichi oʻrniga tirik organizmlarni molekulyar va molekulyararo oʻzaro taʻsirlarini oʻrganuvchi; biologiyaga fizika, kimyo va matematika usullari hamda yoʻnalishlarini shahdam kirib borishni taʻminlovchi yangi bosqich boshlandi. Bu jarayon natijasida hayotning moddiy asosini oʻrganuvchi fanlar asta sekin tirik materiyani turli darajada oʻrganuvchi, turli eksperimental usul va uslubiy yoʻnalishlarga ega yangi yoʻnalishlarga boʻlinib ketdi. Organik kimyo, tabiiy birikmalar kimyosi, biokimyo va molekulyar biologiya fanlari oralarida paydo boʻlgan fan bu bioorganik kimyodir. Biokimyo, biofizika va molekulyar biologiya fanlari bilan bir qatorda bioorganik kimyo fizik - kimyoviy biologiyani yagona tarmogʻini tashkil etib, uni rivojlanishi hozirgi zamon tabiatshunosligining eng muhim hodisalaridan biridir.
Bioorganik kimyo fani tirik materiyani muhim tarkibiy qismlarini tuzilishi va biologik vazifasini, birinchi navbatda biopolimerlar va quyi molekulyar bioregulyatorlarni oʻrganib, asosiy eʻtiborni tuzilish va biologik taʻsiri orasidagi qonunyatlarni ochishga qaratib, zamonaviy biologiyani kimyoviy fundamenti hisoblanadi.
Bioorganik kimyo - biokimyoviy jarayonlarni kimyoviy usul va yoʻnalishlar bilan oʻrganadigan fan boʻlib, koʻpchilik holatlarda bu labarotoriya sharoitida sintez qilib olingan molekulyar modellar yordamida amalga oshiriladi. Bu esa oʻz navbatida biologik sistemadagi bir butun hisoblangan jarayonlarlarni bir-biridan alohida koʻrib chiqish imkonini beradi.
Tirik dunyo kimyoviy muammolarini hal etib bioorganik kimyo tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, sanoatni turli tarmoqlariga amaliy ahamiyatga ega boʻlgan vositalar olinishini imkon beradi.



Yüklə 9,89 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   156




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin