24
madaniyatshunOslik asOslaRi
Kosmonavtika taraqqiyoti ayni paytda harbiy qurol-aslahalar
takomillashuviga ham keskin ta’sir qildi, ommaviy qirg‘in qurollarini hatto
kosmosga olib chiqish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Kosmonav tikaning
muhim iqtisodiy va harbiy omilga aylanganligi uni xalqaro munosabatlar,
muzokaralarning muhim va doimiy obyektiga aylantirdi. Kosmosdan faqat
tinch maqsadlarda va umuminsoniy taraqqiyot yo‘lida foydalanish masalasi
kun sayin dolzarb masala bo‘lib bormoqda.
Tevarak olam sirlarini tushunishga intilish natijasida paydo bo‘lgan bilimlar
tizimi insoniyat rivojlanishining muhim omiliga aylanib ketganligi to‘g‘risidagi
bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Madaniyat nafaqat tevarak olamni, balki insonni o‘rab turgan ijtimoiy
voqelikni bilishga intilish natijasi hamdir. Shu jihatdan olganda, madaniyat —
inson, millat, jamiyatning o‘z-o‘zini anglashidir. Chunki madaniyatda ijtimoiy
birliklarning ehtiyojlari va manfaatlari, o‘ziga xosliklari, jahon tarixida tutgan
o‘rni, turli ijtimoiy tuzumlarga bo‘lgan munosabati o‘z ifodasini topadi.
Albatta, u yoki bu hodisa sof madaniyat doirasi, chegarasidan chiqib tarixiy
taraqqiyotning elementiga aylanishi uchun ma’lum bir shart-sharoit mavjud
bo‘lishi kerak. Ya’ni, birinchidan, jamiyatning umumiy bilim darajasi yuzaga
kelgan yangi bilimni qabul qilishga tayyor bo‘lishi, ikkinchidan, uni tekshirib
ko‘rish, tasdiqlash yoki inkor etish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarga, ya’ni
— qurollar, vositalar, moddiy-moliyaviy resurslarga ega bo‘lishi lozim. Aks
holda u hech qachon tarixiy rivojlanish elementiga aylanmay, ma’lum bir
madaniy-ma’rifiy hodisa sifatida qolib ketaverishi ham mumkin. Masalan, buyuk
bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniyning «g‘arbiy yarim sharda quruqlik bor»
degan fikrining taqdiri ana shunday yakun topdi. Jamiyatning bunday fikrlarni
qabul qilishga tayyor emasligi tufayli o‘sha paytda bu g‘oya o‘zining haqiqiy
bahosini topmadi. Oradan bir necha asr o‘tgandan so‘ng g‘arbiy yarim sharda
quruqlik — materik borligi isbotlanib, keyinchalik bu materik Amerika nomi
bilan yuritila boshlandi.
Bu hodisa insoniyatning o‘zi yashab turgan ona-zamin to‘g‘risidagi
tasavvurlarining butunlay o‘zgarishiga olib keldi. Ayni paytda, g‘arbiy yarim
sharning «o‘zlashtirilishi», garchand ziddiyatli kechgan bo‘lsa-da,
uni yagona
insoniyat taraqqiyotining tarkibiy qismiga aylantirdi.
Madaniyatning bilish funksiyasi bilan axborot (informativ) funksiyasi uzviy
bog‘liqdir. Madaniyatning axborot funksiyasining mazmuni to‘plangan ijtimoiy
tajriba, bilim, malakani uzatishda ko‘rinadi. Bu tajriba, bilim rivoyatlar, aqidalar,
fan, adabiyot, san’at asarlari orqali yangi avlod tomonidan qabul qilib olinadi,
o‘zlashtiriladi. Bunday uzatish «vertikal», ya’ni o‘tmish avlodlardan yangi
avlodlarga va, «gorizontal», ya’ni ayni bir tarixiy davrda, kishilardan kishilarga,
bir xalqdan ikkinchi xalqqa uzatish ko‘rinishida ham bo‘lishi mumkin.