iqtisodiyot organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini taʼminlash, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, vazirlik apparati va uning tarkibiy boʻlinmalarining, ustuvor ravishda oʻziga biriktirilgan sohadagi aniq natijalarga erishish, oldiga qoʻyilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishi uchun xodimlarning shaxsiy javobgarligini oshirishga yoʻnaltirilgan ish shakllari va usullarini takomillashtirish;
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda koʻmaklashish, mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlari va investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish doirasidagi loyihalarni, ularning loyiha oldi, loyiha va tender hujjatlarini, texnik topshiriqlarni ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha idoralararo kompleks tizimini tashkil qilish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirish sohasida davlat siyosatini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya siyosatining strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari va investitsiya dasturlari Oʻzbekiston Respublikasining oʻrta muddatli investitsiya siyosati strategiyasi asosida ishlab chiqiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻrta muddatli investitsiya siyosati strategiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Konsepsiyasi, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlangan dastur va qarorlar asosida shakllantiriladi; Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan va normativ-huquqiy xarakterga ega qarorlarining ijrosi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼiy nazar barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlari uchun majburiy hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, uning tizim va hududiy tashkilotlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, byudjetdan tashqari jamgʻarmalar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shu jumladan, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlarini yakuniy bosqichda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishish Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritishdan oldin amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi, kichik sanoat zonalari direksiyalari Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga rivojlanish davlat dasturlari va investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarning, shuningdek, kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilayotgan loyihalarning bajarilishi yuzasidan har chorakda maʼlumot taqdim etib boradilar;
investitsiya siyosati strategiyasi ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlarini tayyorlash va ijrosini taʼminlash orqali amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi oʻz vakolati doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish boʻyicha taqdimnoma kiritish huquqiga ega;
kichik sanoat zonalari hududida qiymati 7,0 million AQSH dollari ekvivalenti hisobidan yuqori boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha maʼmuriy kengashlar qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilishi lozim;
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga quyidagi maqsadlar uchun shartnoma asosida, jumladan, xorijiy konsultantlar va ekspertlarni, shuningdek, texnik koʻmak va grant mablagʻlarini jalb qilishga ruxsat etilsin:
investitsiya va sanoat siyosati strategiyalarini ishlab chiqish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish va tatbiq etish, shuningdek, vazirlikka yuklatilgan boshqa vazifalar va topshiriqlarni bajarish;
vazirlik va uning tarkibiy boʻlinmalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish, investitsiya siyosati strategiyasini ishlab chiqish;
xorijiy mamlakatlarning tegishli vazirliklari va idoralari bilan samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasi asosida, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyalari hamda ekspertlar jamoatchiligi orasidagi muhokamalarning natijalarini hisobga olgan holda 2019-yil 1-iyunga qadar Konsepsiyaning, shu jumladan, investitsiya siyosati strategiyasini oʻz ichiga olgan yakuniy variantini belgilangan tartibda kiritsin.
7. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tarkibida institutning umumiy shtat birligi doirasida 10 nafar kishidan iborat Xodimlarning malakasini oshirish oʻquv markazi tashkil etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun imtiyoz va preferensiyalarni ularni amaldagi ishtirokchilar uchun 2020 yil 1 yanvargacha saqlab qolgan holda bekor qilish;
b) kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga quyidagi huquqlarni berish:
oʻz mablagʻlari hisobiga qurilgan bino va inshootlarga (yoki ularning qismlariga) mulk huquqini oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirish;
investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni toʻliq bajargan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 5 yil muddat oʻtgandan keyin, oʻzlariga berilgan binolar va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) xususiylashtirish;
rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlashni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirgan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 3 yil muddat oʻtgandan keyin, binolar va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) xususiylashtirish.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra bino va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlash uchun kichik sanoat zonasi ishtirokchisi tomonidan ajratilgan mablagʻlar ularni xususiylashtirishda hisobga olinadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, sanoat sohasidagi xoʻjalik boshqaruvi organlari vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishva qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti SH. M. MIRZIYOYEV