Salmonellalarning tashqi muhit ta’siriga chidamliligi
Salmonellalar tashqi muhitda uzoq vaqt yashay olishi bilan boshqa kasallik
qo’zg’atuvchilaridan ajralib turadi. Chunonchi ular ochiq suv havzalarida va
ichimlik suvda 11-20 kungacha, dengiz suvida 15-27 kungacha, tuproqda 1-7
oygacha, xona changida 80-547 kungacha, kolbasa mahsulotlarida 60-130
kungacha, yaxlatilgan go’shtda 6-13 oygacha, tuxumda 13 oygacha, tuxum
kukunida 9 oygacha, yaxlatilgan sabzavot va mevalarda 2 haftadan 2,5 oygacha
yashaydi. S. typhimurium va S. anatum pishirilgan va xom go’shtda xona
haroratida hatto chirigunga qadar tirik qolganligi, muzxonalarda esa 63 kundan
ortiq yashay olganligini bizning tadqiqotlarimiz ko’rsatib berdi. Dudlash
salmonellalarga sust ta’sir ko’rsatadi. Salmonellalar dudlangan go’shtda 97 kun, 30
foizli osh tuzi eritmasida 9 oy tirik qolishi mumkin, 8 foizli sirka kislota
salmonellalarni 18 soatdan keyin, 6% li eritmasi esa 24 soatda o’ldirishi mumkin.
Sut va sut-qatiq mahsulotlari salmonellalar yashashi uchun qulay muhit
hisoblanadi. Harorati 85°S bo’lgan sutda 30 minut mobaynida sinamalarning 10 %
ida bitta-ikkita salmonella kulturalari tirik qoladi. Ular xom sutda 10 kungacha,
qaynatilgan sutda 40 kungacha yashay oladi.
Salmonellalar antibiotiklarga sezgir, ammo keyingi paytlarda ularning
antibiotiklarga sezgir bo’lmagan, ya’ni chidamli shtammlari paydo bo’lmoqda. Bu
S. typhimurium seroturida ko’proq uchramoqda. Toshkent shahri hududida ajratib
olingan S. typhimurium shtammlari gentamitsin, kanamitsin va polimiksinga
qisman sezgir bo’lib, levomitsetin, neomitsin, eritromitsin, streptomitsinlarga
umuman sezgirligi yo’qligi bilan ajralib turadi.
Salmonellyozlarning infeksiya manbalari
Hayvonlar va parrandalar:
Hayvonlar tabiatda salmonellyozlarning asosiy manbai hisoblanadi. Ma’lumki
hayvonlarda salmonellyozlarning birlamchi, ikkilamchi va bakteriya tashuvchilik
turlarini tafovut qilinadi. Ikkilamchi salmonellyozlar mustaqil kasallik
hisoblanmasdan, balki asosiy kasallikka qo’shimcha bo’lib keladi, Shuning uchun
ham bunday hollarda diagnoz qo’yish ancha mushkul bo’lib qoladi. Bakteriya
tashuvchi hayvonlar ham kasallik manbaidir. Hayvonlardan olinadigan oziq-
ovqatlar infeksiya yuqtirish omillari bo’lishi mumkin. Qoramollar
salmonellyozlarni keng tarqatadigan manbaidir.
Yovvoyi va xonaki parrandalar ham salmonellyozlar manbaidir. Qarg’a va
chumchuqlar, o’rdak va g’ozlar ham salmonellalar manbai bo’lib xizmat qilishi
mumkin.
Dostları ilə paylaş: