O’zbekiston respublikasida ta’lim sohasidagi islohotlar Reja O’-fayllar.org
Ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish.Davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etiladi. Iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning oliy ma’lumotli malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini, shuningdek aholining oliy ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida mamlakat hududida xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari (markazlari, ta’lim kampuslari) va boshqa bo‘linmalari tashkil etilishi mumkin. Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasida yuridik shaxs maqomi bilan tashkil etiladi. Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining, shuningdek xalqaro tashkilotlarning ta’lim muassasalari filiallari (markazlari, ta’lim kampuslari) va boshqa bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilinishi mumkin. Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha davlat ta’lim muassasalari:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan institutlar va markazlar shaklida;
tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda oliy ta’lim muassasalarining fakultetlari va kurslari shaklida tashkil etiladi.
Davlat umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari:
respublika bo‘ysunuvida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ysunuvida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda;
tumanlar va shaharlar bo‘ysunuvida tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. Nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshiriladi. Ta’lim tashkilotlarini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.Ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat statistika organlariga, Ta’lim inspeksiyasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy organlariga taqdim etiladi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiradi, bundan maktabdan tashqari ta’limni, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim tashkilotlari mustasno. Nodavlat ta’lim tashkilotlari litsenziya talablariga va shartlariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatadi. Davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni beradi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi ta’lim tashkilotlari tomonidan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilishi mumkin. Bunda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi ta’lim tashkilotlari belgilangan tartibda attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tishi kerak. Mustaqil ishlab chiqilgan va litsenziyada ko‘rsatilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha ta’lim xizmatlari ko‘rsatadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni beradi. Nodavlat ta’lim tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va yuqori kasbiy mahoratga ega bo‘lgan pedagog kadrlar va boshqa kadrlarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi. Nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘qitish ta’lim oluvchi yoxud uning ota-onaci yoki boshqa qonuniy vakillari va nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan, o‘qitish muddatlari, shartlari va to‘lovlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.