21-modda. Fuqaroning yashash joyi Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki
vasiylikda bo‘lgan fuqarolarning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki
vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda bo‘lgan fuqarolarning yashash joyi
hisoblanadi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 va 32-moddalari , mazkur Kodeksning 18 , 33- moddalari , O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 164-moddasi . 22-modda. Fuqaroning muomala layoqati Fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga
oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala
layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi.
Voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan o‘tgan fuqaro nikohdan o‘tgan
vaqtdan e’tiboran to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘ladi.
Nikoh tuzish natijasida ega bo‘lingan muomala layoqati o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan turib
nikoh bekor qilingan taqdirda ham to‘la saqlanib qoladi.
Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er (xotin) sud belgilagan
paytdan boshlab to‘la muomala layoqatini yo‘qotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 16, 17-moddalari , O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 42-moddasi , O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 39-moddasi , O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 15-moddasi ikkinchi qismi .