270-modda. Garov huquqining vujudga kelishi Garov huquqi garov to‘g‘risida shartnoma tuzilgan paytdan yoxud, basharti shartnoma
notarial tasdiqlanishi shart bo‘lsa — notarial tasdiqlangan paytdan, shartnoma ro‘yxatdan
o‘tkazilishi shart bo‘lganida esa — u ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Basharti, garov narsasi qonunga yoki shartnomaga asosan garovga qo‘yuvchida bo‘lishi
lozim bo‘lsa, garov huquqi unga garov narsasi berilgan paytdan, basharti bunday topshirish
shartnoma tuzilishidan avval amalga oshgan bo‘lsa — shartnoma tuzilgan paytdan boshlab
vujudga keladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 264, 265 , 267 , 269 , 271, 272-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi . 271-modda. Garov to‘g‘risidagi shartnoma, uning shakli va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish Oldingi tahrirga qarang. Garov to‘g‘risidagi shartnomada garov narsasi va uning bahosi, garov bilan
ta’minlanadigan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarilish muddati yoxud garov narsasini
hamda garov bilan ta’minlanadigan majburiyatni identifikatsiya qilish uchun yetarli bo‘lgan
ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Unda garovga qo‘yilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi
ham ko‘rsatilishi kerak.
Garov narsasi mol-mulkni umumiy tavsiflash orqali, shu jumladan mazkur mol-mulkni
alohida tur yoki tasnif sifatida tavsiflash vositasida identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov bilan ta’minlanadigan majburiyat garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan
qoplanishi mumkin bo‘lgan majburiyatning eng ko‘p summasini ko‘rsatish yo‘li bilan
identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov to‘g‘pisidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang. Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kerak bo‘lgan
shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlash yuzasidan ko‘char mol-mulkni yoki mol-mulkka
bo‘lgan huquqlarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim,
bundan birlamchi bozordan ko‘chmas mulk va transport vositalarini olish chog‘idagi ipoteka va
garov to‘g‘risidagi shartnomalar mustasno.
(271-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 14-yanvardagi O‘RQ-602- sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son) Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma tegishli mol-mulkka doir bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish
uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Ushbu moddaning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlaridagi qoidalarga rioya qilmaslik
garov to‘g‘risidagi shartnomaning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi.
(271-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-572-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son) LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 264, 265 , 267 , 269 , 272-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonunining 10 , 11-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi . LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi “Fuqarolik kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 16-son qarorining 15-16 , 23-bandlari , O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 22.12.2006-yildagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-son Qarorining 14-bandining birinchi, ikkinchi xatboshlari , 16-bandi , 18- bandining to‘rtinchi xatboshisi .