19-modda. Shirkatning ishlarini yuritish Agar ta’sis shartnomasida shirkat ishlari uning barcha ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritishi belgilab qo‘yilmagan yoxud ishlarni yuritish ayrim ishtirokchilarga topshirilmagan bo‘lsa, shirkatning har bir ishtirokchisi shirkat nomidan ish yuritishga haqlidir.
Shirkat ishlari uning ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritilayotganda har bir bitimni amalga oshirish uchun shirkat barcha ishtirokchilarining roziligi talab qilinadi.
Agar shirkat ishlarini yuritish uning ishtirokchilari tomonidan ulardan biri yoki ayrimlariga topshirilsa, qolgan ishtirokchilar shirkat nomidan bitimlarni amalga oshirish uchun shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan ishtirokchidan (ishtirokchilardan) ishonchnoma olishlari kerak.
Shirkat uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ta’sis shartnomasining shirkat ishtirokchilari vakolatlarini cheklab qo‘yuvchi qoidalariga havola qilishga haqli emas, uchinchi shaxs bitimni amalga oshirish paytida shirkat ishtirokchisining shirkat nomidan ish yuritishga haqqi yo‘qligini bilganligini yoki bilishi lozimligini shirkat isbotlab beradigan hollar bundan mustasno.
Shirkat ishlarini yuritish bo‘yicha bir yoki bir necha ishtirokchiga berilgan vakolatlar asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, xususan vakolatli shaxs (shaxslar) o‘z vakolatlarini qo‘pol ravishda buzgan hollarda yoki uning (ularning) shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatning bir yoki bir necha boshqa ishtirokchilarining talabiga binoan sud tomonidan to‘xtatilishi mumkin. Sudning qarori asosida shirkatning ta’sis shartnomasiga zarur o‘zgartishlar kiritiladi.
20-modda. Shirkat foydasi va zararlarini taqsimlash Shirkat foydasi va zararlari uning ishtirokchilari o‘rtasida, agar ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Shirkatning biror-bir ishtirokchisini foyda yoki zararlarni taqsimlashda ishtirok etishdan chetlatish to‘g‘risidagi kelishuv haqiqiy emas.
Agar shirkat tomonidan ko‘rilgan zararlar oqibatida shirkat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan kamayib ketsa, sof aktivlar qiymati ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan oshmagunga qadar shirkat tomonidan olingan foyda ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanmaydi.