(5-q.)
Hisobga olish hujjatlari elektron shaklda tuzilgan taqdirda soliq toʻlovchi (soliq
agenti) soliq tekshiruvi chogʻida soliq organlari mansabdor shaxslarining talabiga koʻra bunday
hujjatlarning qogʻozdagi koʻchirma nusxalarini taqdim etishi shart, bundan elektron hisobvaraq-
fakturalarning axborot tizimida roʻyxatga olingan hisobvaraq-fakturalar mustasno.
(6-q.)
Zarur boʻlgan taqdirda soliq organi hujjatlarning asl nusxalari bilan tanishishga haqli.
(7-q.)
Soliq tekshiruvi davomida talab qilib olingan hujjatlar tegishli talabnoma olingan
kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi. Agar tekshirilayotgan shaxs talab qilinayotgan
hujjatlarni belgilangan muddat ichida taqdim etish imkoniga ega boʻlmasa, u tekshiruvchi
mansabdor shaxslarni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.
(8-q.)
Soliq toʻlovchi talab qilinadigan hujjatlarni koʻrsatilgan muddatlarda taqdim etishning
imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi, talab qilib olinayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoni boʻlmagan
sabablar koʻrsatilgan yozma shakldagi xabarnomani hujjatlar taqdim etish haqidagi talabnoma
olingan kundan keyingi kun davomida yuborishi kerak. Xabarnomada soliq toʻlovchi talab
qilingan hujjatlarni taqdim eta olishi mumkin boʻlgan muddatlar koʻrsatilishi lozim.
(9-q.)
Soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) soliq toʻlovchidan xabarnomani olgan
kundan eʼtiboran ikki kun ichida ushbu xabarnoma asosida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini
uzaytirish yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli boʻlib, bu haqda alohida qaror chiqaradi.
(10-q.)
Tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etganligi
soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan tuziladigan bayonnomada qayd etiladi. Bayonnoma
soliq organining mansabdor shaxsi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Tekshirilayotgan shaxs bayonnomani imzolashni rad etgan taqdirda bu haqda tegishli qayd
kiritiladi. Koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etish soliq toʻlovchi tomonidan rad etilganligi yoki
belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi ushbu hujjatlarni ushbu Kodeksning 148-
moddasida nazarda tutilgan tartibda olib qoʻyish uchun asos boʻladi.
(11-q.)
Soliq tekshiruvi va soliq nazoratining boshqa tadbirlari jarayonida soliq organlari
tekshirilayotgan shaxsning kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlari oʻtkazilganda soliq organlariga
ilgari taqdim etilgan hujjatlarni, shuningdek soliq monitoringini oʻtkazish jarayonida tasdiqlangan
koʻchirma nusxalar shaklida taqdim etilgan hujjatlarni tekshirilayotgan shaxsdan talab qilib
olishga haqli emas. Agar hujjatlar ilgari soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib,
keyinchalik tekshirilayotgan shaxsga qaytarilgan boʻlsa, shuningdek soliq organiga taqdim etilib,
bartaraf etib boʻlmaydigan kuch holatlari oqibatida yoʻqotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan
shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: