303-modda. Uzoq muddatli kontraktlar
boʻyicha daromadlar
(1-q.)
Agar tuzilgan kontraktlar shartlarida xizmatlarni bosqichma-bosqich topshirish
nazarda tutilmagan boʻlsa, uzoq texnologik siklli ishlab chiqarish (bir soliq davridan ortiq)
boʻyicha mazkur xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromad hisobga olish maʼlumotlari
asosida daromadni bir meʼyorda eʼtirof etish prinsipi inobatga olingan holda soliq toʻlovchi
tomonidan taqsimlanadi.
(2-q.)
Uzoq muddatli kontraktni hisobot davrining oxiriga kelib haqiqatda ijro etish
kontraktni bajarish boshlangandan eʼtiboran qilingan xarajatlarning solishtirma miqdorini
kontraktni bajarishga doir xarajatlarning umumiy summasida hisob-kitob qilish asosida
aniqlanadi.
(3-q.)
Hisobot davrining oxiridagi daromad qilingan xarajatlarning hisob-kitob qilingan
solishtirma miqdori va kontrakt boʻyicha daromadning (kontrakt narxlari) umumiy summasidan
kelib chiqib aniqlanadi. Mazkur kontrakt boʻyicha ilgari hisobga olingan daromadlar joriy hisobot
davrida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadni aniqlash chogʻida chegirib
tashlanadi.
304-modda. Soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar
Quyidagilar daromad sifatida hisobga olinmaydi:
1) ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilgan hissa tarzida olingan mablagʻlar;
2) aksiyalarni (ulushlarni) joylashtirish narxining ularning nominal qiymatidan (dastlabki
miqdoridan) ortiqcha summasi;
3) ishtirokchilar tarkibidan chiqish (chiqib ketish) chogʻida ustav fondiga (ustav kapitaliga)
qoʻshilgan hissa doirasida olingan yoki ishtirokchining ulushi miqdorini kamaytirish, shuningdek
tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulkini ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlash chogʻida olingan
mablagʻlar;
4) oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun
birlashtiriladigan mablagʻlar;
5) oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha sherikning (ishtirokchining) shartnoma sheriklari
(ishtirokchilari) umumiy mulkidagi ulushi qaytarilgan yoki bunday mol-mulk boʻlingan taqdirda,
ushbu sherik (ishtirokchi tomonidan) qoʻshilgan hissa miqdorida olingan mablagʻlar;
6) realizatsiya qilinadigan tovarlar (xizmatlar) uchun oldindan toʻlov (boʻnak) tarzida
boshqa shaxslardan olingan mablagʻlar;
6-1) boshqaruvchi tashkilotlar yoki koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan
umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp
kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlardan
hamda bajarilgan ishlardan olingan mablagʻlar;
(OʻzR 31.05.2022-y. OʻRQ-773-son Qonuniga
muvofiq kiritilgan band)
7) qonunchilikka muvofiq ushbu majburiyatlarning taʼminoti sifatida garov yoki zakalat
tarzida olingan mablagʻlar, ularga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan paytga qadar;
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining qarorlari asosida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro
shartnomalariga muvofiq tekinga olingan mol-mulk va xizmatlar;
9) ushbu Kodeksning 48-moddasida nazarda tutilgan talablar bajarilishi sharti bilan olingan
grantlar, insonparvarlik yordami va maqsadli tushumlar;
10) sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovoni (sugʻurta summasi) tarzida olingan
mablagʻlar;
11) vositachiga yoki boshqa ishonchli vakilga vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki
vositachilik xizmatlari koʻrsatishga doir boshqa shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarishi
munosabati bilan, shuningdek vositachi yoki boshqa ishonchli vakil tomonidan komitent yoxud
boshqa ishonch bildiruvchi uchun amalga oshirilgan xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan kelib
tushgan mol-mulk (pul mukofoti bundan mustasno). Bunday xarajatlar, agar tuzilgan shartnomalar
shartlarida bu xarajatlarning oʻrnini qoplash nazarda tutilgan boʻlsa, vositachidan yoki ishonchli
vakildan chegirib tashlanmaydi;
12) moliyaviy ijara (lizing) obyektining qiymati oʻrnini ijaraga beruvchi (lizing beruvchi)
tomonidan olingan ijara (lizing) toʻlovining qismi tarzida qoplash;
13) mol-mulk ijarasiga doir shartnoma boʻyicha olingan mol-mulk, bundan moliyaviy ijara
(lizing) mustasno;
14) telekommunikatsiya tarmoqlaridagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining tekin olingan
texnik vositalari, shuningdek ulardan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha xizmatlar;
15) investor va davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi oʻrtasida tuzilgan
shartnomaga binoan investitsiya majburiyatlari sifatida kiritiladigan mol-mulk;
16) kredit yoki qarz shartnomalari boʻyicha mablagʻlar yoki boshqa mol-mulk (mablagʻ jalb
qilishni rasmiylashtirish usulidan qatʼi nazar, boshqa shunday mablagʻlar yoki boshqa mol-mulk,
shu jumladan qarz qimmatli qogʻozlar), shuningdek bunday jalb qilingan mablagʻlarni toʻlash
hisobidan mablagʻlar yoki boshqa mol-mulk;
17) konsessiya bitimi boʻyicha qonunchilikka muvofiq olingan mol-mulk;
(OʻzR
21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
18) davlat muassasalari tomonidan barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining
qaroriga koʻra olingan mol-mulk;
19) Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va davlatning boshqa qimmatli
qogʻozlari boʻyicha olingan daromadlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan va
Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar boʻyicha
daromadlar;
20) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq hisobdan chiqarilgan penyalarning va
jarimalarning summasi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
|