2. Turk xoqonligi. Xoqonlik davrida O‘rta Osiyo xalqlarining iqtisodiy va
madaniy rivoji.
Turkiy elatlarning keng sharqiy hududlarda qadim-qadim davrlardan buyon
yashab, o‘zlaridan munosib madaniy iz qoldirib kelganligini juda ko‘plab tarixiy
manbalar tasdiq etadi. Mo‘’tabar Xitoy manbalari, mashhur «O‘g‘iznoma»,
Urxon-enasoy yozuvlari, Kultegin bitiklari bunga ishonchli guvohdir. Oltoy, Tuva
hamda ularga tutash hududlarda turli turkiy qabilalar, chunonchi, Ashin, Arg‘u,
O‘g‘iz, To‘qqiz o‘g‘iz, O‘ttuz tatar, Karluq, Kitan, Tolis, Turk, Uyg‘ur, To‘qri
(toharlar), Quriqan, Duba (tuba-tuva)va boshqalar yashardilar.
VI asr boshlarida Oltoyda siyosiy jarayonlar faollashadi. O‘sha paytda
hozirgi Mo‘g‘uliston va qisman Xitoyning shimoliy hududlari ustidan Jujan
xonligi hukmronlik qilardi. Sharqiy Turkiston, Farg‘ona, Sug‘diyona, Xorazm,
Baqtriya, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Eron hududlarida esa eftaliylar
hukmronlik qilardi. Manbalarda ta’kidlanishicha Xitoyning shimoliy qismida
hukmronlik qiluvchi Vey sulolasi (386-558) xonadonlarining kelib chiqishi ham
turkiy tilli xalqlarga borib taqalardi. Shunday qilib, VI asr boshlarida Uzoq
Sharqdan Kaspiy dengizgacha bo‘lgan hududlarda hokimiyat tepasida turkiy
sulolalar turardi.
VI asr boshlarida Oltoydagi turkiy qavmlar orasida Ashin urug‘ining mavqei
ko‘tariladi. Ashin urug‘idan Asan va Tuu 460-545 yillarda boshqa urug‘larni
o‘zlariga bo‘ysundiradilar va Oltoyda turkiy qabilalar ittifoqiga asos soladilar.Tuu
o‘g‘li Bumin Tele qabilasini ham bo‘ysundiradi. Bumin Jujan xonligiga tobelik-
dan chiqish uchun kurashadi va 551 yilda Jujan xoni qo‘shinlarini engib, ularni
o‘ziga bo‘ysundiradi. Bumin 551 yilda yangi davlat - Turk hoqonligiga asos soladi.
Uning poytaxti Oltoydagi O‘tukan shahri edi. Xoqonlik tez orada kuchayib, uning
dovrug‘i ortib borgan. U ko‘p bor Xitoyga yurishlar qilib, uning bir qancha
hududlarini bosib olgan. Xitoy podsholigi Turk xoqonligiga har yili o‘lpon
tariqasida yuz bo‘lakdan ipak mato berib turishga majbur bo‘lgan. 552 yilda
Buminxon vafot etgach, hokimiyatga uning katta o‘g‘li Mug‘anxon (553-572)
o‘tiradi. Mug‘anxon 558 yilda jo‘janlarga so‘nggi bor qaqshatqich zarba berib, o‘z
davlati hukmronligini Tinch okeanigacha bo‘lgan hududlarda mustahkamlaydi.
Uning amakisi Istami (unga «Yabg‘u» - bahodir unvoni berilgan edi) bo‘lsa, bu
davrda xoqonlik hududini g‘arbga tomon kengaytirib, Ettisuv, Qashqar, Ural,
Volga bo‘ylari va boshqa hududlarni egallaydi.
563-567 yillar davomida Istami yabg‘u qo‘shinlari eftaliylar davlatiga
ketma-ket zarbalar berib uning hududlarini, ya’ni hozirgi O‘rta Osiyo va Kaspiy
dengizigacha bo‘lgan erlarni egallashga muvaffaq bo‘ladi. Buning oqibatida
Eftaliylar davlati qulaydi. Turk xoqonligi O‘rta Osiyo erlarini ishg‘ol etgach, uning
hududlari bevosita Eron chegarasiga tutashadi. Dastlab xoqonlik Eron bilan yaxshi
qo‘shnichilik, savdo-sotiq aloqalarini o‘rnatishga intiladi. Eron shohi Xusrav 1
Anushirvonga turk malikasi uzatiladi, Eronga elchilar yuboriladi. Biroq Turk
xoqonining Eronga ikki bor yuborgan elchilari faoliyati muvaffiyatsiz chiqqach,
Eronning turklar bilan murosaga bormasligi, uning qat’iy dushmanligi ro‘yirost
ma’lum bo‘ladi. Buning boisi Eron shohining O‘rta Osiyo hududlariga
da’vogarligida edi. Bu esa, shubhasiz, bir necha bor xoqonlikning Eron bilan
urushlar olib borishiga sabab bo‘ladi. Istami qo‘shiqlari Eron shohi Xisrav I ni
engadi, Eron shohlari Turk xoqonligiga 400 ming Vizantiya tillasi hajmida tovon
to‘lash majburiyatini olishga majbur bo‘ladi. Mug‘anxon va uning avlodlari
g‘arbda Qora dengizgacha bo‘lgan hududlarni zabt etib o‘zlariga bo‘ysundiradilar.
Turk xoqonligi 568-569 yillarda o‘sha davrning qudratli davlati-Vizantiya bilan
iqtisodiy va savdo-sotiq aloqalarini o‘rnatishga intilib, so‘g‘d savdogari Maniax
boshchiligidagi elchilarni u erga yuboradi. Elchilar imperator Yustinian II
qabulida bo‘ladi. Shundan so‘ng Vizantiyannig Zemarx boshliq elchilari xoqonlik
davlatiga keladi. Bu esa shu davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va savdo-tijorat
munosabatlarini o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etgan deyishga asos beradi.
Turk hoqonligida boshqaruv tartiblari haqida gap borganda shuni ta’kidlash
kerakki, Turk hoqonlari O‘rta Osiyo hududlariga hukmronlik qilsa-da, biroq o‘zlari
bu hududga ko‘chib kelmadilar. Ular Ettisuv va boshqa hududlardagi markaziy
qarorgohlarida qolib, bo‘ysungan hududlarni mahalliy hukmdorlar orqali
boshqarib, ulardan olinadigan soliq-o‘lponlar va to‘lovlar bilan kifoyalanganlar.
Bundan ko‘rinadiki, Turk xoqonligi davrida bu hududdagi mavjud mahalliy davlat
tuzilmalari, ularning boshqaruv tizimlari saqlanib, ichki siyosat bobidagi mustaqil
faoliyatlari davom etgan. Xoqonlik istisno hollardagina o‘lkaning ijtimoiy-siyosiy
hayotiga aralashardi. Bu narsa ko‘proq tashqi siyosat, xalqaro savdo-sotiq
masalalariga daxl etardi. Xitoy manbalarida ta’kidlanganidek, Zarafshon,
Amudaryo va Qashqadaryo vohalarida bu davrda 9 ta mustaqil hokimlik-davlatlar
mavjud bo‘lgan: Samarqand, Ishtixon, Maymurg‘, Kesh, Nahshab, Kushon,
Buxoro, Amul va Andxoy shular jumlasidandir. Ayniqsa Samarqand, Buxoro,
Xorazm va Choch (Toshkent) hokimliklari o‘zlariga ancha mustqil bo‘lganlar.
Buxorxudotlar zarb etgan tanga pullar keng muomalada bo‘lgan. Shu bilan birlikda
bu davlat hokimliklari o‘rtasida o‘zaro adovat, kurash, ichki ziddiyatlar to‘xtovsiz
bo‘lib turgan. Bu esa mahalliy aholi hayoti, turmushini nochor ahvolga duchor
etgan. 585-586 yillarda Buxoroda zodagon dehqon va boy savdogarlarga qarshi
qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Unga Obro‘y boshchilik qiladi. Hoqon Qora-cho‘rin
qo‘shinlari qo‘zg‘olonni bostirib, qo‘zg‘olonchilarni qattiq jazolaydi.
VII asr ikkinchi yarmida ancha kuchayib ketgan Xitoy O‘rta Osiyo hududlarini
ham o‘z qo‘l ostiga kiritish payiga tushadi. Biroq 670 yilda tibetliklar bosh
ko‘tarib, sharqiy Turk xoqonligini yangidan tiklaganlaridan so‘ng va bu davlat
Xitoy uchun kutilmagan xavf-xatarni keltirib chiqargach, endilikda Xitoy O‘rta
Osiyoga bo‘lgan o‘z da’vosidan voz kechib, butun diqqatini Tibetga qaratadi. Bu
davrda O‘rta Osiyo hududlarida Turk xoqonligi ta’siri tobora zaiflashib boradi.
Bunga mahaliy hokimliklar o‘rtasidagi ichki ziddiyatlar, er-mulk uchun o‘zaro
kurashlar ham sabab bo‘ladi. Bu esa pirovard oqibatda bu hududlarning arab
istilochilari tomonidan bosib olinishiga sabab bo‘ldi.
Endi xoqonlik davrida Turonzaminda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy va
madaniy hayotga nazar tashlar ekanmiz, shu narsa ayon bo‘ladiki, Turk
xoqonligining sharqiy erlaridan farqli o‘laroq bu hududda aholining ijtimoiy-
iqtisodiy hayot tarzi, madaniy darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan. Gap shundaki,
sharqiy hududlarda yashagan ko‘pchilik ko‘chmanchi turklarda urug‘-qabilachilik
munosbatlari hamon kuchli saqlangan. Aholining quyi tabaqasi budun yoki qora
budunlar deb atalgan. Urug‘-qabilaning nomdor vakillari «beklar» deb yuritilgan.
Jamoani xoqon va zodaganlar kengashi - «Qurultoy» boshqargan. Katta patriarxal
oilalar-xo‘jaliklarning boshliqlari «Kadxudolar» deb atalgan. O‘rta Osiyo erlarida
esa bu davrda dehqonchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik sohalari yuksak darajada
rivojlangan. O‘lkaning Farg‘ona, Xorazm va Zarafshon vohalarida ko‘plab suv
ayirg‘ichlar, kanallar, suv havzalari bunyod etilgan. Farg‘ona va Sug‘dda aholining
bir qismi tog‘-kon ishlari bilan ham mashg‘ul bo‘lgan. Bu erlarda oltin, mis, temir
eritish, ulardan kerakli asbob-anjomlar ishlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek Iloqda qo‘rg‘oshin, kumush, Shaxrisabzda esa qizil tuz qazib olingan.
Xoqonlik davrida shaharlar hayoti xiyla rivoj topgan. Xitoy manbalarida tilga
olingan Xorazm, Farg‘ona, So‘g‘d, Chu vodiysidagi shaharlar; shuningdek
Tuproqqal’a, Buxoro, Samarqand, Ishtixon, Toshkent, Isfara, Qubo (Quva), Koson
va boshqalar o‘sha davrning hunarmandchilik va savdo-sotiq tarmoqlari gurkirab
rivojlangan shaharlari bo‘lgan. Buyuk ipak yo‘li bu shaharlarning xalqaro savdoda
faol ishtirok etishini ta’minlagan. O‘rta Osiyolik qo‘li gul hunarmandlar,
to‘quvchilar, zargarlar, miskaru temirchilar, ko‘nchiyu qurolsozlar ishlab
chiqargan nafis, xaridorgir buyumlar, asbob-anjomlar dunyoning turli nuqtalariga
yuborilgan. Mahalliy hunarmandlar ishlab chiqargan rangli shishalar, qimmatbaho
qog‘ozlar, zotdor otlarga xalqaro miqyosida talab katta bo‘lgan. Bu davrning
o‘ziga xos muhim o‘zgarishlaridan yana biri-bu O‘rta Osiyo kulolchiligi
hunarining yuksak san’at darajasida rivojlanganligidir.
Bu davrda ham yurtimizda moddiy va ma’naviy madaniyatning yangi-yangi
betimsol namunalari yaratildi. Turli olimlar mutaxassislar baxsiga sabab bo‘lgan
Turk-ruin, Urxon-Enasoy yozuvi, Kultegin bitiklari, Bilga xoqon yodnomasi va
shu singari noyob topilmalar turk yozma madaniyatning qadimiyligi va rang-
barangligiga guvohlik beradi. 1970 yilda Almati yaqinidagi «Issiq» degan joydan
topilgan va fanga «Issiq yozuvi» nomi bilan kirgan turkiy yozuv ham bizning
yozuv tariximizga oid qarashlarimizni yanada boyitadi. Endilikda topilgan noyob
ashyoi dalillar asosida turkiy yozuvning tarixi miloddan avvalgi II-I asrlarga borib
tutashishi ma’lum bo‘ldi.
Turonzaminda turkiy yozuv bilan bir qatorda so‘g‘d va xorazm yozuvlari
ham keng qo‘llanilgan. So‘g‘d yozuvi 22 ta belgidan iborat bo‘lib, chapdan o‘ngga
qarab yozilgan. Shaharlarda so‘g‘d-turk ikki tilliligi rasmiy odat bo‘lganligi haqida
Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘atit turk» (XI asr) asarida qayd etib o‘tgan.
Bu yozuvlarda ulug‘ ajdodlarimizning katta tarixi, boy madaniyatiga oid mislsiz
ma’lumotlar aks etgan. Yana shu narsa diqqatga sazovorki, o‘sha davrlarda ulug‘
ajdodlarimiz o‘z navqiron nasllari to‘g‘risida ham muttasil qayg‘urganlar. Shu
boisdan o‘smir 5 yoshga to‘lishi bilan uni ilm olishga yo‘llab, dastavval, xat-
savdo va hisob-kitobni o‘rganishga jalb etganlar. Bola o‘smir-balog‘at yoshiga
etkach esa uni dunyo tanish, savdo-tijorat ishlarini o‘rganish uchun xorijiy ellarga
yuborganlar.
Turk xoqonligida yashagan xalqlarning diniy tasavvurlari ham turlicha bo‘lgan,
ko‘p xudolilik xukm surgan. Bu esa ularda turli xil osmoniy va er jismlariga-
quyosh, oy, er-suv, hayvonlar va boshqa narsalarga sig‘inishlikni keltirib
chiqargan. Osmon xudosi Tangri turk qavmlarining eng oliy xudosi hisoblangan.
Hozirda «Tangri» iborasi Alloh nomiga nisbat sifatida qo‘llaniladi.
O‘rta Osiyo xalqlari orasida zardushtiylik dini bilan bir qatorda ko‘pgina joylarda
buddizm, monizm yoki xristianlik dinlariga e’tiqod qilishlik keng yoyilgan. Bu
narsa qadimgi ajdodlarimizning tor, biqiq holda hayot kechirmasdan balki, boshqa
ko‘plab qavmlar, elatlar bilan bog‘lanib, aralashib, ma’naviy jihatdan yaqinlashib
hayot kechirganliklaridan dalolat beradi. O‘rta Osiyo xalqlari orasida tasviriy
san’at o‘ziga xos uslubda rivojlangan. Jumladan, Varaxsha xarobalaridan topilgan
saroy binolari devorlari, peshtoqlariga bitilgan rang-barang, bir-biridan nafis va
jozibador rasm-suratlarni (qurollangan yoxud ov qilayotgan jangchi askarlar, oq
fillar, tuyalar, otlar va boshqa xil hayvonlar, parrandayu darrandalar v.x.z.)
ko‘zdan kechirar ekanmiz, bunda ajdodlarimizning noyob iste’dodi va aql-
zakovatiga tan beramiz va o‘zimizda g‘urur tuyamiz.
Dostları ilə paylaş: |