1917 yil oktyabr to’ntarishidan so’ng arxivlar faoliyati sohasida tub o’zgarishlar amalga oshirildi.
RSFSR hukumati 1918 yil 1 iyunda “Arxiv ishini qayta qurish va markazlashtirish to’g’risida” dekret qabul qildi. Bu dekret asosida barcha tarqoq arxivlar markazlashtirildi.
Turkistondagi sobiq arxivlar tugatildi. Arxiv hujjatlari Turkiston ASSRning yagona Davlat Arxiv Fondi (DAF) ni tashkil etadi, deb e’lon qilindi. DAFni boshqarish uchun Turkiston Respublikasi Arxiv ishlari bosh boshqarmasi tashkil qilindi. Davlat idoralari bu boshqarmaning ruxsatisiz o’z hujjatlarini yo’q qilish huquqiga ega emas, deb ko’rsatildi. Nafaqat 1917 yilga qadar yaratilgan hujjatlar, balki sovet idoralarida tashkil bo’lgan hujjatlar ham DAFning tarkibiy qismi deb e’lon qilindi. Bu hujjatlarni nazorat qilib turish Arxiv ishlari bosh boshqarmasiga topshirildi. Boshqarma Maorif xalq komissarligi xuzurida faoliyat ko’rsatar edi.
1919 yil 15 noyabrda Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligining qarori bilan Arxiv ishlari markaziy boshqarmasi tuzildi. DAF tarkibiga 1917 yilga qadar yaratilgan hujjatlar bilan birga sovet tashkilotlari hujjatlari ham yig’ila boshlandi. Tashkilotlarda hujjatlar 5 yil saqlanishi, keyin davlat arxivlariga topshirilishi belgilandi. Bu qoida 1921 yil 30 sentyabrda kuchga kirdi.
Joylarda viloyat arxiv fondlari tashkil etildi. Masalan, 1922 yil martda Farg’onada, iyunda - Samarqandda, noyabrda – Yettisuvda, 1921 yil martda Kaspiyorti viloyatlarida shunday fondlar tashkil qilindi.
Markaziy va mahalliy arxiv tashkilotlarining muhim vazifasi arxiv hujjatlarini qidirib topish va yig’ish edi. 1920-1921 yillarda 500dan ortiq fondlar hisobga olindi. 1921 yil oxirigacha davlat arxivlariga 305 mingdan ortiq, 1922 yilda esa yana 200 mingga yaqin hujjat topshirildi.
DAF hujjatlari ekspertiza qilinib, doimiy saqlash uchun ajratib olingan hujjatlar tartibga solindi va ro’yxatlashtirildi. 1924 yilga kelib barcha saqlanayotgan arxiv materiallarining uchdan bir qismi tartibga solib bo’lingan edi.
Arxiv hujjatlarini tartibga solish, ulardan ilmiy va amaliy maqsadlarda foydalanish imkonini berdi. Arxiv tashkilotlari hujjatlar ko’rgazmalarini tashkil etdilar, idoralarga ma’lumotnomalar berdilar, qiroatxonalar orqali hujjatlardan foydalanishni yo’lga qo’ydilar.
1924-1925 yillarda O’rta Osiyoda milliy-davlat chegaralanishi o’tkazildi. Natijada O’zbekiston SSR va boshqa ittifoqdosh hamda muxtor respublika va viloyatlar tashkil qilindi. Turkiston ASSR ning yagona arxiv fondi yangi tuzilgan respublikalar o’rtasida quyidagi tartibda tuzildi. O’rta Osiyo va ittifoqdosh ahamiyatga ega bo’lgan arxiv fondlari O’rta Osiyo Markaziy arxivida – Toshkentda saqlanadigan bo’ldi. Har bir respublikaga oid arxiv fondlari shu respublikalarga berildi. Lekin O’rta Osiyo Markaziy Arxivi tuzilmaganligi bois O’rta Osiyo ahamiyatiga ega arxiv fondlari ham O’zbekistn arxiv boshqarmasiga berildi. Shunday qilib, O’zbekiston arxiv fondida nafaqat respublika tarixiga balki O’rta Osiyo tarixiga doir materiallar saqlanadigan bo’ldi.
O’zbekiston SSR MIK va XSKning 1925 yil 22 iyulg’ qarori bilan “O’zSSR arxiv ishlari Markaziy boshqarmasi to’g’risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu nizomga ko’ra respublikada yagona DAF tashkil qilindi. Bu fondga hukumat, savdo, sanoat, kooperativ, kasaba uyushmalari tashkilotlari arxivlari, shuningdek diniy va shaxsiy arxivlar kiritiladi, deb ko’rsatildi.
Viloyatlarda arxiv byurolari tashkil etildi. 1925 yilda Farg’ona, Samarqand, Toshkent, Zarafshon viloyat arxiv byurolari, 1926 yilda esa Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari arxiv byurolari ochildi.
1930 yil 9 aprelda O’zSSR MIK Prezidiumi qarori bilan O’zSSR arxiv ishlari boshqarmasi “O’zbekiston SSR Markaziy arxiv boshqarmasi” deb o’zgartirildi. O’zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi (MAB) huzurida O’zSSR Oktyabrp inqilobi Markaziy davlat arxivi va O’zSSR Markaziy Tarix arxivi tashkil qilindi. Farg’ona va Samarqand shaharlarida ularning bo’limlari tashkil etildi.
Yuqorida ko’rsatib o’tilgan qarorda idoralar davlat arxiviga faqat doimiy saqlanadigan hujjatlarnigina topshirishlari uqtirildi. Vaqtincha (3-10 yil) saqlanadigan hujjatlarni idoralarning o’zlari maxsus komissiya tuzib yo’q qilishi ta’kidlandi. Bu qoida davlat arxivlari ishini ancha yengillashtirdi.
1931 yil 20 maydagi hukumat qaroriga asosan ma’muriy jihatdan markaziy Arxiv boshqarmasi O’zSSR MIKga bo’ysundirildi. Mazkur qarorga binoan kasaba uyushmalari arxivlari MDA tarkibiga kiritilgan edi. 1933 yilda O’zSSR Kasaba uyushmasi harakati markaziy arxivi tashkil qilindi. Bu arxiv 1942 yilgacha faoliyat ko’rsatdi va yana O’zR MDAga qo’shib yuborildi.
1934 yil iyulda SSR MIK qarori bilan O’zbekiston harbiy arxivi tashkil qilindi. 1945 yil oxirida bu arxiv tugatildi va uning fondlari Moskvadagi SSSR Qizil Armiya Markaziy Arxiviga olib ketildi.
Bu davrda shahar va rayon arxivlarini tashkil etishga kata e’tibor berildi. 1936 yilga kelib Andijon, Namangan, Qo’qon shahar arxivlari va 31 ta rayon arxivi faoliyat ko’rsatmoqda edi.
Markaziy va mahalliy davlat muassasalarida arxiv ishlarini yo’lga qo’yishga ko’p e’tibor berildi. O’zbekiston arxivlari muntazam ravishda hujjatlar bilan to’ldirib borildi. 1941 yilga kelib fondlar soni 4116 taga yetdi, hujjatlar esa 1580450 saqlov birligini tashkil etdi.
Arxiv hujjatlaridan amalda foydalanish ishida ham ma’lum ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi. Matbuotda arxeografik yo’nalishdagi maqolalar chiqa boshladi, 5 ta hujjatlar to’plami nashrga tayyorlandi, arxiv materiallari ko’rgazmalari uyushtirildi. Arxiv hujjatlaridan xalq xo’jaligini rivojlantirish maqsadlarida ham foydalanilardi. Masalan, foydali qazilmalar, suv xo’jaligiga doir ma’lumotlarni aniqlash borasida ishlar olib borildi. Bu ishlarning natijalari sanoatni rivojlantirish, yangi irrigasiya inshootlarini barpo qilish, sug’orish ishlarini yo’lga qo’yishda qo’llanildi.
Arxiv hujjatlaridan ilmiy-tarixiy tadqiqotlarda ham keng foydalanish yo’lga qo’yildi. 1929-1939 yillarda O’zSSR Markaziy Arxiv boshqarmasining o’quv zalida 444 tarixchi ish olib bordi. Ular 28768 ta hujjat bilan tanishib, ulardagi ma’lumotlardan o’z ilmiy ishlarida foydalandilar.
Arxivlar tashkilotlar va fuqarolarning talablariga binoan turli ma’lumotnomalar berar edilar. 1934-1938 yillarda 2100 ta ana shunday ma’lumotnomalar berildi.
30-yillarning oxirida an’anaviy qatag’onlarning kuchayishi arxivlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Arxivlar 1938 yilda Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) tasarrufiga o’tkazildi. Natijada arxivlarning faoliyati mazkur jazolovchi organning manfaatlariga moslashtirildi. Arxivlarning ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalari esa ikkinchi o’ringa surib qo’yildi.
Shunday qilib, 20-30-yillarda O’zbekistonda organlarining keng tarmoq arxiv shoxobchalari vujudga keltirildi. Arxiv muassasalarining faoliyati takomillashib bordi. Lekin, totalitar tuzum sharoitida arxivlar faoliyatida talay kamchilik va muammolar mavjud edi.
Urush davrining qiyinchiliklariga qaramay 1941-1945 yillarda respublika hukumati arxiv ishini yaxshilash sohasida ancha ishlarni amalga oshirdi. 1943 yilda O’zbekiston kinofotofonohujjatlar markaziy arxivi tashkil qilindi. 108ta rayon davlat arxivlari ochilib, ularning mudirlarini oylik maoshi deyarli 3 baravarga oshirildi. Arxivlar yangi kadrlar bilan mustaxkamlandi. Urush yillarida arxivlarda mehnat qilayotgan xodimlarning soni 113 kishidan 306 kishiga yetdi. Arxiv xodimlari hujjatlarni ehtiyot qilish maqsadida idoraviy arxivlar ishini tartibga solish va bu yerdagi hujjatlarni davlat arxivlariga qabul qilishga alohida e’tibor berdilar. 1941-1942 yillarda respublika davlat arxivlariga 0,5 million saqlov birligi qabul qilindi. 1944-1945 yillarda esa bu ko’rsatkich 48 ming saqlov biriligini tashkil etdi. Qabul qilingan hujjatlar sonining kamayishi joylar yetishmasligi hamda tashkilotlarda ish yuritish hujjatlarining kamayishi bilan bog’liq edi. Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, urush davrida O’zbekistonga sobiq Ittifoqning markaziy rayonlaridan 30 ta ittifoq muassasalari va korxonalari arxivlari evakuasiya qilindi. Ular asosan mavjud arxivlar binolarida joylashtirildi. Bu esa arxivlarda joylar yetishmasligiga olib keldi.
Davlat arxivlarining asosiy vazifalaridan biri tartibga solinmagan arxiv fondlarini tartibga solish edi. Respublika davlat arxivlarida 1941 yilda 100 ming, 1944-1945 yillarda 136 ming saqlov birligidagi hujjatlar tartibga solindi.
Arxiv hujjatlaridan foydalanish sohasida ham bir qator ishlar qilindi. Xalq xo’jaligida foydalanish maqsadida ko’p hujjatlar topilib, tegishli tashkilotlarga yuborildi. Bu hujjatlardan foydalanish tashkilotlarga ancha iqtisodiy samara keltirdi. Arxiv xodimlari tomonidan 1944-1945 yillarda 21 ta maqola e’lon qilindi, 9ta radioeshittirish, 4 ta ko’rgazma tashkil etildi, ko’plab ma’ruzalar o’qildi. Arxivlar qiroatxonasida yuzlab tadqiqotchilar ilmiy ishlari uchun arxiv hujjatlaridan foydalandilar.
Shunday qilib, O’zbekiston arxivchilari urush yillarida fidokorlik bilan mehnat qildilar. Ular arxiv hujjatlarini ehtiyot qilib saqlash, yangi hujjatlarni qabul qilish va tartibga solish, ulardan foydalanishni tashkil etish borasida samarali ish olib bordilar.
Urushdan keyingi yillarda O’zbekiston arxivlari arxiv materiallarini tartibga keltirish va turkumlash borasidagi ishlarni davom ettirdilar va 50-yillarning boshlarida uni yakuniga yetkazdilar. Shundan so’ng arxiv xodimlari boshqa muhim vazifa – fondlarning ilmiy-ma’lumotnoma apparatini tuzish va kataloglashtirish ishiga kirishdilar.
O’zbekistonda arxiv ishlarini rivojlantirishning yangi bosqichi 50-yillarning oxirlarida boshlandi. Bu jarayon S. Xrushchov davrida mamlakatnin siyosiy hayotida boshlangan “iliqlik” bilan bog’liqdir. 1958 yilda arxivlar respublika Ministrlar Sovetining tasarrufiga o’tkazildi. Bir yildan so’ng Toshkentdagi Oktyabrp inqilobi markaziy arxivi va Tarix markaziy arxivi yagona O’zbekiston SSR Markaziy Davlat arxiviga birlashtirildi. Xuddi shu vaqtda O’zR MDA tarkibiga respublika Markaziy fotofonokinohujjatlar arxivi ham kirdi. Keyingi yillarda shunga o’xshash o’zgarishlar quyi arxiv muassasalarida ham amalga oshirildi. Jumladan, 118 ta shahar va rayon arxivlari qayta tuzilib, 28ta shahar va rayonlararo arxivlar tashkil etildi. Shu davrda tibbiyot fani tajribasidan har tomonlama foydalanish maqsadida O’zbekiston markaziy medisina arxivi tuzildi. Bir necha boshqa arxivlar ham tashkil etildi. Natijada, 70-yillarning boshlarida O’zbekistonda 66 ta arxiv muassasasi faoliyat ko’rsatamoqda edi.
Kadrlar masalasini hal etishga katta e’tibor berildi. Mahalliy millat vakillarini arxiv ishlariga jalb qilish kuchaydi. 60-yillarning oxirida O’zbekiston arxivlarida 597 xodim mehnat qilardi. Ularning 112 tasi oliy ma’lumotli mutaxassislar edilar.
70-80-yillarda arxivlar uchun alohida ixtisoslashtirilgan binolarning qurilishi, tashkilot va muassasalarda ish yurtish holatining yaxshilanishi, hujjatlarni qayta ishlash bo’yicha maxsus xo’jalik hisobidagi guruhlarning tashkil etilishi arxiv ishlarini tubdan yaxshilashga ko’maklashdi.
Respublika arxiv xodimlari hujjatlar to’plamlarini tayyorlash borasidagi ishlarni davom ettirdilar. Vazirliklar va muassasalar uchun ma’lumotnomalar tayyorlanar edi. Tashkilotlar va fuqarolarning talablariga binoan tegishli ma’lumotnomalar berilar edi. Xodimlar arxivdagi hujjatlarni targ’ib qilish borasida ham keng ko’lamda ish olib bordilar. Faqatgina 1981-1985 yillar davomida ular 843ta maqola e’lon qildilar, 583ta radioeshittirish va 29ta teleko’rsatuvda faol ishtirok etdilar. 243ta hujjatlar ko’rgazmasi tashkil etildi. Arxivlarning o’quv zallarida 3906 tadqiqotchi ishladi. Ilmiy-tarixiy tadqiqotlar saviyasiga arxivlardagi maxfiylik rejimining susayishi ham ijobiy ta’sir qildi. 1987-1990 yillarda ilgari maxfiy saqlangan 99,9 ming yig’majildni ilmiy xodimlar foydalanishi uchun ruxsat berildi.
Shunday qilib, sovet davrida O’zbekistonda davlat arxiv xizmati shakllandi va rivojlandi. Bu davrda arxiv tizimida qator kamchilik va nuqsonlar mavjud edi. Lekin, ulardan qat’i nazar O’zbekiston arxivlari ilmiy va amaliy maqsadlar va talablarni qondira oladigan yirik maskanlarga aylandi.