Uchinchi guruh olimlar esa narx talab va taklif asosida tashkil topadi deyishadi. Ularning har biri o'zlaricha turli isbotlar topib, o'z g'oyalarini isbotlashga harakat qiladilar. Alohida tovarlarga qilingan mehnat sarflari turlicha bo'lib, ulardan ayrimlari doimiy mehnat sarfi sifatida to'la tan olinsa, boshqasi qisman tan olinadi, uchinchisi esa umuman tan olinmasligi mumkin. Bundan ko'rinib turibdiki, bozordagi mavjud narxlarga mehnat sarflari yoki qiymatning aynan o'zi deb qarash noto'g'ridir.Chunki unga mehnat sarfidan boshqa omillar ham ta'sir qilib, natijada narx qiymatdan past yoki yuqori bo'lishi mumkin. Jumladan, o'zgarib turuvchi talab va taklif ta'siri ostida biror tovarning bozor narxi tebranib, uning qiymatidan u yoki bu tomonga farqlanishi mumkin. Raqobat ham qiymat narx nisbatiga xuddi talab va taklif kabi ta'sir ko'rsatadi. Bu yerda shuni ta'kidlash lozimki, xaridor u yoki bu tovarni sotib olishda, nafaqat uning qancha turishini, balki mazkur tovarning iste'mol xususiyatlari o'zining ehtiyoji va didiga qanchalik mos kelishini, ya'ni uning nafliligini ham hisobga oladi. Tovarning xarid qilinishi uning alohida olingan bir kishi uchun emas, balki jamiyat uchun nafliligini va shu bilan birga ijtimoiy qiymatini ham tan olishni bildiradi. Shu sababli, «ijtimoiy iste'mol qiymat» tushunchasining o'zi biror tovar (xizmat) ning jamiyat uchun nafliligi, qadr-qiymatga egaligini ko'rsatadi. Shu mulohazalardan kelib chiqib aytish mumkinki, narx o'zida faqatgina naflilik yoki sarflarning birini emas, balki har ikkalasiping bir vaqtda mavjudligini va ularning ma'lum miqdorini pul ko'rinishda ifoda etadi. Tovardagi ikki xususiyati birdaniga tan olinmasa, u pulda ifodalanmasa oldi-sotdi sodir bo'lmaydi. Chunki tovarning qiymati tomonida sotuvchining manfaati, nafliligi (iste'mol qiymati) tomonida esa xaridorning manfaati yotadi. Tovar egasi o'z tovari uchun ketgan sarflarni qoplab, ma'lum darajada, iloji boricha ko'proq foyda olishni ta'minlashi mumkin bo'lgan darajada qiymatni pul shaklida o'zgartirishga intilsa, xaridor iloji boricha sarf qilayotgan pulining har bir birligiga ko'proq naflikka (iste'mol qiymatiga) ega bo'lishga harakat qiladi. Ularning manfaatlari to'g'ri kelgan nuqtada, darajada narx o'rnatilib, tovar pul almashuvi, oldi-sotdi sodir bo'ladi.