to‘rtinchidan, korxona qonunchilikka asosan sudda da’vogar va javobgar sifatida qatnashish huquqiga ega;
beshinchidan,korxona mustaqil balans yoki smetaga ega bo‘lib, ishlab chiqarish va mahsulot savdosi xarajatlarini hisobga olib boradi hamda davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda o‘z vaqtida hisobotlarni taqdim etadi;
oltinchidan, korxona o‘z nomiga ega bo‘lib, unda korxonaning tashkiliy- huquqiy shakli o‘z aksini topadi.
Xar bir korxonaning faoliyati ishlab chiqarish, qayta ishlab chiqarish va muomala jarayonlaridan iborat bo‘ladi. Korxonaning ishlab chiqarish sohasidagi faoliyati - yangi mahsulotni ishlab chiqarishga tayyorlash va ishlab chiqarishni tashkillashtirishda namoyon bo‘ladi. Qayta ishlab chiqarish sohasidagi faoliyat - ishchi kuchini yollash, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ishlab chiqarish vositalarini yangilash va kengaytirish jarayonlarida aks etadi. Muomala
sohasidagi faoliyat esa ishlab chiqarishning moddiy-texnika ta’minotini tashkillashtirish, mahsulot (ish, xizmat)larni sotish va foydalanilgan ishlab chiqarish vositalarining daromad shaklida qaytib kelishida ko‘zga ko‘rinadi.
Korxonalarni ijtimoiy-iqtisodiy tizim sifatida tadqiq etishda uni tashkil qiluvchi ikkita tarkibiy qism - tizimning o‘zi (korxona) va ushbu tizim faoliyat yurituvchi tashqi muhitni ko‘rib chiqish lozim. Korxonaning ichki muhiti ishlab chiqarish vositalari, pul mablag‘lari, axborotlar va inson resurslaridan tashkil topadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida korxonalar faoliyatiningasosiyyo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
bozor va uning rivojlanish istiqbollarini kompleks ravishda o‘rganish yordamida, xaridorlarning mahsulot va xizmat turlariga mavjud va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talablarini aniqlash;
mahsulotning yangi modellari va namunalarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil qilish;
korxonaning barcha faoliyatini, jumladan, ishlab chiqarish, sotish, reklama, texnik xizmat ko‘rsatish va hokazolarni boshqarish.
Albatta, zamonaviy korxonalarning ko‘p qirrali faoliyati yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlar bilangina cheklanib qolmaydi. Amaliyotda ular fan-texnika taraqqiyoti va davlat tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning yangi talablari bilan to‘ldirilishi mumkin. Biroq, yuqorida aytib o‘tilganlardan qat’i nazar, xo‘jalik rivojlanishining har bir bosqichida korxonalar faoliyati quyidagi vazifalarni bajarishga qaratilishi zarur:
mahsulotlarni iste’molchilarga etkazib berish va sotish;
sotuvdan keyin xizmat ko‘rsatish;
ishlab chiqarishning moddiy-texnika asosini ta’minlash;
xodimlar mehnatini tashkil qilish va boshqarish;
soliqlarni to‘lash, byudjetga to‘lanuvchi ixtiyoriy yoki majburiy badal va to‘lovlarni amalga oshirish;
amaldagi standartlar, normativlar va davlat tomonidan chiqarilgan qonun- qoidalarga rioya qilish.
Xar bir korxona boshqa korxonalardan avvalo ishlab chiqarayotgan mahsuloti, shuningdek, ishlab chiqarishning tavsifi va miqyosi, joylashishi, milliy iqtisodiyotining boshqa tarmoqlari bilan aloqalari va boshqa ko‘rsatkichlari bilan farq qiladi. Biroq bularning barchasi ishlab chiqarishni tashkil etish, rejalashtirish va boshqarish masalalarini har bir korxona uchun individual tarzda alohida ishlab chiqish kerak, degani emas, albatta. Alohida korxonalar guruhiga nisbatan qo‘llash mumkin bo‘lgan umumiy qarorlarni tayyorlash mumkinligi nazariy va amaliy jihatdan isbotlab berilgan.