Klassik didaktik tizimlar Klassik didaktik tizim – namunali, hamma tomonidan e`tirof etilgan, umuminsoniy ma`naviyatlar darajasida tan olingan didaktik qarashlar majmuidir.
Klassik didaktik tizimlarida fanning kategorial apparati didaktika logikasiga oid asosiy tushunchalar chegaralangan, ma`lumot mazmunini moddiylashtirish vositalari belgilangan, didaktikadagi asosiy g`oyalar - ta`limning rivojlantiruvchan (I.G.Pestalotsi), tarbiyalovchan (I.F.Gerbat) xususiyatlari shuningdek, tabiatga va madaniyatga (Y.A.Komenskiy, A.Disterveg) moslab o`qitish kabi qarashlar asoslangan, ta`limning yetakchi prinsiplari, ta`lim metodlari va uning asosiy tashkiliy shakllari ishlab chiqilgan edi.
Yan Amos Komenskiy (1592-1670).“Didaktika” terminini keng ma`noda qo`llash buyuk chex pedagogi Y.A.Komenskiyning asarida uchraydi. “Buyuk Didaktika” asarining asosiy sarlavhasidan (“Buyuk didaktika”) keyin “Hammani hamma narsaga o`rgatuvchi unversal san`at” iborasi bu terminning keng ma`noda ishlatilganidan dalolat beradi. Asar 1675-yilda Amsterdam shahrida ilk bor nashr etilgan. Didaktikaning fan sifatida tan olinishi shu sanadan boshlanadi.
“Buyuk didaktika” asarining dastlabki bobida uning ota-onalarga tarbiya metodlarini to`g`ri tanlash, o`qituvchilarga qiynalmasdan o`qitish, o`quvchilarga zerikmasdan o`qish, maktabga ma`lumotli kishilarni tayyorlash, davlatga tarbiyalangan fuqarolarni etishtirish, ixlosmand kishilarni tarbiyalash uchun qulayligi alohida uqtirilgan.
Y.A.Komenskiy fan tarixida birinchi bo`lib didaktika, maktabshunoslik, tarbiya nazariyasi va pedagogik psixologiya poydevorini yaratdi, sinf-dars tizimiga asos soldi. U o`zining didaktik qarashlarini “Analitik didaktika” nomli asarida yanada rivojlantirdi. O`qitish, uning fikricha, o`quvchilarni o`quv materiali bilan tanishtirishdir. Didaktik tizim, uning fikricha, uchlikdan iborat: o`qituvchi, o`quvchi, o`quv materiali. O`qituvchi-bilimlarni o`rgatuvchi, o`quvchi-bilimlarni idrok etuvchi kishilardir. O`quv materiali-bilimning o`qituvchidan o`quvchiga siljishi, harakati, o`tishi. Bilimni puxta o`zlashtirish uchun uch narsaga qat`iy rioya qilish zarur: bolalarni bilim olishga tayyorlash, o`quv materialini bayon etish, bayon etilgan materialni mustahkamlash.
Mustahkamlashning o`zi ham, Y.A.Komenskiyning ta`kidlashicha, uch shartga bog`liq: o`rganilgan o`quv materialini vaqti-vaqti bilan takrorlab turish, yangi materialni oldingi mavzularga bog`lab bayon etish, oldin o`tilgan materiallarni takrorlab yangi mavzuga o`tish. Ko`rinadiki, u o`zining didaktik qarashlarida ta`lim jarayoni bosqichlarini isbotlashgacha etib kelgan edi.
Y.A.Komenskiy butunni bo`laklarga ajratish, bo`laklarni qo`shib butunni hosil qilish, butunni butun bilan, bo`lakni bo`lak bilan taqqoslashdan kelib chiqib, ta`lim metodlarini uch guruhga ajratgan: analitik metod bu metodda yaxlitdan bo`laklarga qarab boriladi (1), sintetik metod bu metodda bo`laklardan yaxlitga qarab boriladi (2), sinkretik metod bu metodda butun butun bilan, qismlar qismlar bilan taqqoslanadi (3).
Ta`lim jarayonini demokratlashtirish g`oyasini ko`tarib chiqqan pedagoglardan birinchisi ham Y.A.Komenskiydir. U boy va kambag`allarning bolasi ham, o`g`il va qiz bola ham, shahar va qishloq bolalari ham maktabga qatnashi, ma`rifatni egallashi zarur,-deb uqtirgan edi. Y.A.Komenskiy o`zining g`oyaviy raqiblariga qarata shunday deb yozgan edi: barcha yoshlarning ma`lumot olishi ta`minlansa, hammaning istak-xohishlari bajariladi, hamma o`z qobiliyatiga yarasha ish topa oladi, hamma go`zal fikrlay oladigan bo`ladi.
Y.A.Komenskiyning xizmati shundaki, u didaktikaning munozara bahsini “o`qituvchi-o`quv materiali-o`quvchi” tizimida olib qaraydi. Uning fikricha, yaxshi o`qituvchi, tarbiyali o`quvchilar, puxta o`ylab tanlangan o`quv materiali bolalarning bilimlarini kengaytiradi. O`quvchi bilan o`qituvchini bog`laydigan halqa o`quv materiali sanaladi. Ta`limda “O`qituvchi bilan o`quvchi o`zaro munosabatda bo`ladi”. Shunday qilib, Y.A.Komenskiy ta`lim o`qituvchi bilan o`quvchining o`zaro ta`siri natijasida amalga oshadi, degan fikrga yaqinlashib kelgan edi.
Y.A.Komenskiy ingliz faylasufi Frensis Bekonning sensualistik falsafasiga asoslanib, ta`limni tabiatga moslashtirib tashkil etish g`oyasini himoya qildi. Didaktikaning vazifasi,-deb qayd etadi u,-ta`limda “narsalarning tabiiy tartibini” aniqlashdan iborat. Bu fanning munozara bahsi bolalarning bilish qobiliyatlarini, ta`lim metodlarini o`rganishdir. Barcha bilimlarning manbai sezgilardir. Binobarin, deb yozgan edi buyuk pedagog, o`qitishni shunday tashkil etmoq kerakki, unda bolalar bilimlarni kitoblardagina, o`qituvchining tushuntirishidangina emas, balki tevarak-atrodagi narsalarni kuzatish, hodisalar o`rtasidagi sababiyatli bog`lanishlarni izlash yo`li bilan ham o`rgansin. U tabiatga moslab o`qitish prinsipidan kelib chiqib, ta`limning mazmuniy va jarayoniy xususiyatlarini o`rganadi, maktablar uchun darslik, o`quv qo`llanmalarini yaratdi. Demak, Y.A.Komenskiy pedagogika fani tarixida birinchi bo`lib yaxlit didaktik tizimga asos soldi.