Darsga qo`yiladigan didaktik talablar. Ta`limning boshqa shakllariga o`xshab darsga ham qator didaktik talablar qo`yiladi. Y.K.Babanskiy, N.A.Sorokin darsga qo`yiladigan talablarni uch guruhga ajratishadi: didaktik talablar, tarbiyaviy talablar, tashkiliy talablar.
Didaktik yoki ta`limiy talablar sirasiga quyidagilar kiradi:
1. Har bir darsning ma`lumot berish, rivojlantirish, tarbiyaviy maqsadini aniq belgilash, uning darslar tizimidagi o`rnini qat`iy aniqlash.
2. Darslarning optimal mazmunini, o`rganiladigan bilimlar ko`lami, shakllantiriladigan ko`nikma va malakalarni oldindan aniqlab qo`yish.
3. Darsni tashkil eitshga oid ratsional ta`lim metodlarini interfaol usullarini tanlash, o`quvchilar faolligini rag`batlantirish, o`quv topshiriqlari, mustaqil ishlarni ta`limga optimal tatbiq etish.
4. Ta`lim prinsiplarini (ilmiylik, faollik, izchillik, predmetlararo aloqa va sh .k.) og`ishmay amalga oshirish.
Darsga qo`yiladigan tarbiyaviy talablar qatoriga quyidagilar kiradi:
1.Darsda o`rganiladigan o`quv materiallari bo`yicha tarbiyaviy xulosalar chiqarish.
2.Nazariy bilimlar asosida ilmiy dunyoqarashni rivojlantirish.
3.Bolalarda o`qishga oid motivlarni uyg`otish, bilish, o`qish o`rganishga havas ishtiyoq qiziqishni shakllantirish.
4.Dars jarayonida pedagogik takt qoidalariga rioya qilish.
Darsga qo`yiladigan tashkiliy talablar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1.Dars uchun puxta yo`nalgan konspekt yoki reja tuzish.
2.Darsning logikasiga (dars bosqichlarining o`zaro bog`liqligi darsda amalga oshiriladigan ishlar, o`quv topshiriqlarining o`zaro aloqadorligiga rioya qilish).
3.Dars tempini o`quvchilarning tayyorgarligiga moslashtirish.
4.Dars uchun ajratilgan vaqtdan ratsional foydalanish.
5.Darsda ongli intizomni tashkil etish.
Dars tipologiyasi va tarkibi
Hozirgi zamon darsining tipologiyasida ikkita asosiy kamchilik mavjud: darsni chegaralash uchun ishlatilgan terminlarning noto`g`ri tanlanganligi, dars tiplarining bir-birini to`ldirmasligi, o`zaro bog`lanmaganligi.
So`z belgi bo`lganidek dars tipining nomini bildiruvchi so`z yoki so`z birikmasi (atama) o`qituvchi uchun belgi vazifasini o`taydi. O`qituvchi uchun tushuncha va belgi vazifasini o`tayotgan dars tipologiyasining nomi, masalan, “yangi bilim berish darsi” iborasi (oliy o`quv yurtlari uchun yaratilgan qo`llanmalarda birinchi dars tipi “yangi bilim berish darsi” deb ataladi) xatoliklarga olib kelmoqda. Chunki ”yangi bilim berish” degan ibora bilan dars tipini ajratadigan o`qituvchi mashg`ulotning asosiy maqsadi qilib yangi bilim berishni belgilaydi-yu, uni mustahkamlashni e`tiboridan chetda qoldiradi. Vaholangki, mustahkamlash o`quv materialini o`rganishning tabiiy davomi bo`lgandagina ta`limning samaradorligi yanada oshadi.
Tajribali o`qituvchilar yangi mavzuni o`rganishni ikki xil yo`l bilan olib borishadi. Bugun o`rganiladigan mavzu oldin o`zlashtirilgan mavzulardan birortasi bilan aloqador bo`lsa, ishni takrorlashdan boshlashadi. O`tilgan mavzu takrorlangach, yangi o`quv materialini tushuntirishga o`tiladi. Aks holda ish to`g`ridan to`g`ri yangi mavzuni izohlashdan boshlanadi. Ikkala holda ham yangi o`quv materiali tushuntirilgach, uni shu o`quv soatining o`zidayoq mustahkamlashga o`tiladi. Yangi o`quv materialini o`rgatish darsining ikkita asosiy belgisi bor: Yangi bilimlarni o`rganish; o`rganilgan bilimlarni dastlabki mustahkamlash. Shu xususiyatlariga ko`ra birinchi dars tipini darsning boshqa tiplaridan farqlaymiz. Demak, birinchi dars tipini ”yangi o`quv materialini o`rganish va mustahkamlash darsi” deb atamoq maqsadga muvofiq bo`ladi.
Didaktik qo`llanmalarda darsning ikkinchi tipi ”mustahkamlash darsi” nomi bilan yuritiladi. Bunday darslarda o`quvchi oldin o`rganilgan o`quv materialiga ikkinchi marta takroriy qaytib keladi. O`quv materiallariga takroriy qaytish natijasida malakalar shakllanadi. Shu tufayli ikkinchi dars tipini “o`tganlarni takrorlash va malaka hosil qilish darslari” deb belgilaymiz.
Maktablar tajribasida yuqorida sanalgan darslarning hammasi ham qo`llanilmaydi. O`rganilgan bilimlarni amaliyotda qo`llash o`tganlarni takrorlashning murakkab ko`rinishlaridir. Binobarin, uni alohida dars tipi sifatida tahlil etishga ehtiyoj qolmaydi. Mustahkamlash, takrorlash, umumlashtirishni bir dars tipiga birlashtirish mantiqan to`g`ri emas. O`zlashtirish keng tushuncha bo`lib, u o`z ichiga o`quv materiallarini his etish, anglash, o`rganish, malaka hosil qilish, umumlashtirish, xotirada saqlash kabi qator ruhiy hodislarni qamrab oladi. Shunday ekan, yangi bilimlarni o`zlashtirishni alohida dars tipi sifatida ajratish nomaqbul bo`ladi.
M.A.Danilov dars tiplarini ta`lim jarayoni maqsadiga ko`ra tasnif etib, 5 ta dars tipini ajratgan: ta`limda ko`zlangan barcha vazifalarni amalga oshirish darsi yoki aralash dars-bunday darsda mustahkamlash, takrorlash, tekshirish, umumlashtirish, yangi bilimlarni o`rganish kabi ishlar amalga oshiriladi; yangi materiallarni idrok etish va dastlabki o`zlashtirish darsi; bilimlarni mustahkamlash, takrorlash, malaka va ko`nikmalar hosil qilish darsi; mustaqil ishlash darslari bilim va malakalarni umumlashtirish, tekshirish darslari M.A.Danilov tipologiyasida dars tiplari turlari to`liq ko`rsatilgan bo`lsada, u ziddiyatlardan ham xoli emas. Birinchi, bu tasnifda ikkinchi dars tipi “yangi materiallarni idrok etish va dastlabki o`zlashtirish” deb atalgan. Dars tipi shu shaklda qabul qilinsa, o`quv materialini idrok etish ham, shuningdek, uchinchi, to`rtinchi, beshinchi dars tiplari ham o`zlashtirish tushunchasi doirasidan chetda qoladi. Ikkinchidan, bunday dars tipi mustaqil ish malaka va ko`nikma hosil qilishning, bilimlarni turmushga tatbiq etishning bir yo`li, xolos.
Bilimlarni turli o`quv sharoitlariga tatbiq qilish natijasida shu mavzuga oid malakalar shakllanadi. Binobarin, ikkinchi dars tipini ”o`tganlarni takrorlash va malaka hosil qilish darsi” iborasi bilan chegaralash mantiqidan to`g`ri bo`ladi.