Yangi bilimlarni o`rganishda deduksiya va induksiya. O`quv materiallari, asosan, ikki xil yo`l bilan o`rganiladi: induksiya va deduksiya yo`li. Yangi o`quv materiali deduktiv yo`l bilan o`rganilganda bolaning aqliy faoliyati ta`rif, qoida, xulosalar, umumlashmalardan amaliyotga qarab boradi. Faktlar asosida meterialning xususiy tomonlari izohlanadi. Deduktiv o`quv predmetlari (masalan, matematika)ga oid materiallarni izohlashda deduksiyadan foydalangan ma`qul.
Yangi bilimlarni o`rgatishning ikkinchi yo`li induksiyadir. Bunda oldin faktlar asosida o`quv materialining xususiyatlari alohida tahlil etiladi. So`ngra qoida, qonuniyatlar, ta`rif, aksioma shaklida xulosalar chiqariladi.
Yangi o`quv materialini o`rganishda o`quvchilarning oldin o`rganilgan bilimlari, hosil qilgan malakalari, hayotiy tajribalariga tayanish ta`limning samaradorligini oshiradi. Negaki, yangi mavzuga alokador bilimlarni faol idrok etishni ta`minlaydi.
O`rganilgan bilimlarni, malakalarni, tajribalarni esga tushirish va undan yangi bilimlarni ongli o`zlashtirish vositasi sifatida faodalanish turli yo`llar bilan amalga oshiriladi: yangi mavzuni o`rganish uchun kerakli bilimlarni, malakalarni o`qituvchining o`zi eslatadi va yangi bilimlar o`zlashtirilgan mavzuning davomi sifatida tushuntiriladi: oldin o`rganilgan materialni o`quvchilardan birontasi esga tushirib aytib beradi, o`qituvchi o`quvchi fikriga bog`lab o`z tushuntirishlarini boshlaydi; o`tilgan mavzu yuzasidan sinf jamoasi bilan suhbat o`tkazadilar, keyin yangi mavzuni tushuntirishga o`tiladi; o`tilgan mavzuga oid mustaqil ish tashkil etiladi, bajarilgan mustaqil ish ustida suhbat o`tkaziladi, so`ngra yangi mavzuni izohlashga utiladi.
Yangi o`quv materialini o`rganish va mustahkamlash darslarida ta`lim metodlari. Yangi o`quv materialini o`rganish va mustahkamlash darslarida bilimlarni og`zaki bayon etish (hikoya, tasvir, ma’ruza, suhbat, mustaqil ish kabi) ta`lim metodlaridan foydalaniladi. Ta`lim metodi o`quv-tarbiya jarayonini o`tkazish va boshqarishning ham tashqi, ham ichki tashkiliy vositasi sanaladi. Ta`lim metodi tashqi tomondan o`quv materiali ustida o`qituvchi va o`quvchilarning intellektual faoliyatini o`zaro uyg`unlashtirish vositasi sifatida xizmat qiladi: o`quv materialini o`qituvchi tushuntirayotganda bolalar tinglashadi; o`qituvchi savolni o`rtaga tashlasa, bolalar javob izlashadi; o`qituvchi topshiriq bersa, bolalar bajarishga kirishishadi. Shu yo`l bilan ta`lim jarayoni sub’ektlari-ukitish va ukish faoliyatlari uzaro uygunlashtiriladi. Bu esa uz navbatida o`quvchilarning o’quv materialini o`zlashtirishiga olib keladi.
Ta`lim metodining ichki tashkiliy xususiyati deganda aynan olingan metodning ichki tarkibiy qismlari va ularning o`quv materialiga munosabati anglashiladi. Buning uchun suhbat metodini tahlil etamiz.
Yangi o`quv materiali suhbat metodi yordamida o`rganilganda mavzuga oid faktlar kuzatiladi 1) kuzatilgan faktlar o`qituvchi topshirig`iga ko`ra solishtiriladi, 2) solishtirish yo`li bilan o`qituvchi savoliga javob izlanadi, 3) o`quvchilarning javoblari tinglanadi 4) xulosalar birlashtirilib, umumiy xulosa chiqariladi, 5) chiqarilgan xulosa darslikdagi qoidalarga taqqoslanadi, 6) va nihoyat o`quvchilarning xulosasi to`ldiriladi, 7) bilimlar amaliyotga tatbiq qilinadi.
Demak, o`quv materiali suhbat metodi asosida o`rgatilganda o`qituvchi va o`quvchi faoliyati quyidagi bosqichlarni bosib o`tadi: 1-bosqich o`qituvchi kuzatish uchun mavzuga oid faktik material beradi, o`quvchilar faktlarni kuzatishadi, 2-bosqich o`qituvchi bolalar kuzatgan, his qilgan faktlarni solishtirishni buyuradi, o`quvchilar faktlarni taqqoslashadi; 3-bosqich solishtirish orqali savollarga javob izlash aytiladi, o`quvchilar javob izlashadi; 4-bosqich o`qituvchi savollariga javob talab etiladi, o`quvchilar javob berishadi; 5-bosqich o`qituvchi juz`iy xulosalarni umumlashtirishni buyuradi, o`quvchilar umumiy xulosa chiqarishadi, 6-bosqich o`qituvchi umumiy xulosani darslikdagi qoidalarga taqqoslashni buyuradi, o`quvchilar taqqoslash yo`li bilan o`zlari chiqargan xulosaning yutuq va kamchiliklarini anglashadi, 7-bosqich o`qituvchi bolalar chiqargan xulosani to`ldiriladi, o`quvchilar o`qituvchi nutqini tinglashadi, 8-bosqich o`qituvchi chiqarilgan xulosaning amaliy qo`llanishini ko`rsatadi, o`quvchilar turli topshiriqlarni bajarish yo`li bilan bilimlarni berilgan o`quv sharoitlariga tatbiq etishadi.
Bilimlarni og`zaki bayon etish (masalan, tasvir metodi) jarayonida quyidagicha bosqichlarga rioya qilinadi, 1-bosqich o`qituvchi kuzatish uchun faktik material beradi, bolalar kuzatishadi, 2-bosqich o`qituvchi kuzatilgan faktlarni tahlil eta turib bilimlarni tushuntiradi, bolalar o`qituvchi nutqini tinglashadi, 3-bosqich o`qituvchi o`rganilgan bilimlarning puxtaligini tekshirish uchun savollar beradi, bolalar javob izlashadi, javob qaytarishadi, 4-bosqich o`qituvchi mavzu yuzasidan umumiy xulosa chiqaradi, bolalar tinglashadi, 5-bosqich o`qituvchi topshiriqlar beradi, bolalar topshiriqlarni bajara turib, o`rganilgan bilimlarni mustahkamlashadi.
Yuqoridagiga o`xshab mustaqil ishlash metodining ham o`ziga xos bosqichlari mavjud: bolalarni quyilgan masalani o`rganishga tayyorlash, ko`rsatmalar berish 1) mustaqil ishlash, 2) mustaqil ishning bajarilishini muhokama qilish, 3) xulosa chiqarish, 4) xulosalarni turli sharoitlarga tatbiq etish.
Yangi o`quv materialini o`rganish va mustahkamlash darslarida ta`lim metodlaridan aralash holda foydalaniladi. Ba`zan suhbat metodi bilan mustaqil ishlash metodi, ba`zan aralash holda foydalaniladi. Ba`zan suhbat metodi bilan mustaqil ishlash metodi, ba`zan esa tushuntirish, suhbat, mustaqil ishlash metodlari o`zaro qo`shiladi. Darsda qo`llanilgan metodlar qancha rang-barang bo`lsa, darsning samaradorligi shuncha oshadi.