O’zMu Tarix fakulteti talabasi
Raxmanova Shirin
Mahmudxo’ja Behbudiyning hayoti va ijodi xususida
Annodatsiya
Mahmudxo’ja Behbudiy jadidchilik harakatining yirik nomoyondasi, o’lka jadidlarining yetakchisidir. U pedagogika, jurnalistika, matbaachilik, noshirlik,siyosat, tijorat va boshqa qator ishlar bilan shug’ullangan. Bundan tashqari, Behbudiy yangi o’zbek adabiyotining shakllanishi va rivojiga ham o’z hissasini qo’shdi. Ushbu risolada ma’rifatparvarning hayot yo’li, faoliyati, jadidchilik harakatining yirik vakillari bilan munosabati, ijodidan ayrim asarlari tahlilga tortilgan.
Mahmudxo’ja behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining boniysidir. Uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida 20-yillarda mahalliy matbuotda Sadriddin Ayniy, Hoji Muin ibn Shukurullo, Laziz Azizoda kabi zamondoshlari tomonidan bir qator maqola, xotiralar e’lon qilingan. Keyingi yillarda, xususan, mustaqillikka erishilgandan so’ng jadidlar faoliyatini o’rganishga qiziqish kuchayishi bilan Behbudiy ham qayta kashf etila boshlandi. Behbudiy tarjimayi holini yoritishda Hoji Muinning 1922-1923-yillarda o’zi muharrirlik qilgan “Mehnatkashlar tovushi”(1922), “Zarafshon”(1923) gazetalarida chop etgan maqolalari muhim ahamiyatga ega.Behbudiy haqida XXasrning 70- yillaridan bugungi kungacha e’lon qilingan tadqiqotda Hoji Muin ma’lumotlari asos qilib olinadi.Hoji Muin Behbudiyning biografiyasini yozar ekan, uni 1875- yilning 19 yanvarida (hijriy 1291-yil 10-zulhijja) Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qilshlog’idam, diniy olim oilasida dunyoga kelganini ta’kidlaydi.Ammo oxirgi olib borilgan tadqiqotlarga tayanadigan bo`lsak, Behbudiy tug’ilgan sana va joyi biroz boshqacharoq ko’rsatilmoqda. Taniqli olim Sirojiddin Ahmedovning ta’kidlashicha, Mahmudxo’ja Behbudiy 1874-yil 30 –yanvar payshanba kuni Samarqand shahrining Yomini mahallasida tavallud topgan.Olim bu sanani isbot qilish uchun yetarlicha dalil va isbotlarni keltiradi.Hoji Muinning ma’lumot berishicha, Mahmudxo’ja Behbudiyning otasi Behbudxo’ja Solihxo’ja o’li turkistonlik Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxo’ja urganchlik bo’lib , amir Shohmurod hukmronlik qilgan davrda Samarqandga ko’chib kelgan. Mahmudxo’ja Behbudiy 6-7 yoshlaridan tog’asi Muhammad Siddiq Huzurida o’qib savod chiqaradi, otasi Behbudxo’jadan esa Qur’ondan saboq olib, qisqa muddatda qorilik martabasiga erishadi. 15 yoshga kirganda yana bir to’g’asi Mulla Odil mudarrislik qilgan madrasada tahsilini davom ettiradi va arab tili gramatikasi, aqida va shariat qonunlari bo’yicha bilimlarini kengaytiradi.1893-yilda onasi, 1894- yil esa otasi vafot etadi.Otasi vafotidan biroz avval uylangan Behbudiy to’rt og’il, bir qiz ko’rgan. Behbudiyning maktab-madrasa hayoti haqida ma’lumotlar nihoyatda kam. Sirojiddin Ahmedov bergan ma’lumotga ko’ra, Behbudiy dastlab Samarqand madrasasida, keyinroq Buxoro madrasalaridan birida tahsil olgan. Behbudiy Buxoro madrasalarida tahsil olar ekan, u yerdagi mullar bilan kelisha olmagani bois Samarqandga qaytib kelgan. Bu fakt haqiqatga yaqin, sababi, Mahmudxo’ja Behbudiy 1915- yili ‘Turkestanskiye vedomosti” gazetasining muxbiri Grigoriy Andreyev bilan suhbatda Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil olgani haqida so’zlaydi., va bu madrasalardagi mulla, qozi va imomlarning johilligidan shikoyat qiladi. 18 yoshiga yetganida Behbudiy madrasa ta’limini tugatadi va Samarqand viloyati Chashmaob (Chashmai ob) volostida qozilik qilgan tog’asi Muhammad Siddiq qo’l ostida mirzalik lavozimida ishlay boshlaydi. Tog’asi huzurida ikki yillik faoliyat, tog’asi qozilikdan bo’shagandan keyin Kobud volosti qozisi Mulla Zubayr Yaxshiboy o’g’li qo’lida mirzalik ishini davom ettirishi uning dunyoqarashi va kelajak faoliyatida katta o’zgarish yasaydi.
Mahmudxo’ja Behbudiy butun faoliyatini millatni ilm- ma’rifatli qilishga qaratdi, buning uchun u usuli jadid maktablari tarmog’ini kengaytirish , ular uchun o’quv dastur va darsliklar yaratish, o’quvchilarni o’quv qurollari bilan taminlash, kutubxonalar, nashriyotlar tashkil qilish ishlari bilan muttasil shug’ullandi. 1904-1909- yillarda u o’zbek va tojik tillarida “Risolayi asbobi savod”, ”Muntaxabi jug’rofiyayi umumiy” (Qisqacha umumiy geografiya),”Kitobat ul –atfol “(Bolalar maktublari) , “Muxtasar tarixi islom(Islomning qisqacha tarixi ), “ Madxali jug’rofiyayi umroniy”(Aholi geografiyasiga kirish),”Muxtasar jug’rofiyayi Rusiy” (Rossiyaning qisqacha geografiyasi) kabi darsliklarni yaratdi. Savod alifbodan boshlanadi. Shuning uchun ham jadid pedagoglari “usuli savtiya” metodida faoliyat ko’rsata boshlagan maktablar uchun alifbo darsliklari yaratishga birinchi darajali masala sifatida qaradilar.Mahmudxo’ja Behbudiy ushbu usul zaminida Turkiston o’lkasida birinchi bo’lib alifbo darsligini yaratdi va uni “Risolayi asbobi savod “ deb nomladi, asar tojik tilida. Muallif alifboni bosmadan chiqarishda oldin bir yil davomida Abduqodir Shakuriy maktabida tajribadan o’tkazdi, alifboga ba’zi bir o’zgartirishlar kiritdi va 1905-yilda Samarqandda bosmadan chiqardi. “Kitobat ul-aftol” usuli jadid maktablari shogirdlari uchun maxsus darslik sifatida yaratilgan bo’lib, birinchi nashri 1908-yilda. Ikkinchin nashri 1914-yilda bosmadan chiqdi. Mahmudxo’ja Behbudiy boshqa jadid mutafakkirlari kabi geografiyta fanini o’qitish masalasiga alohida e’tibor bergan. Uning bu fanga oid “Muntaxabi jug’rofiyayiy umumiy” darsligining to’liq nomi “Kitobi muntaxabi jug’rofiyayi umumiy va namunayi jug’rofiya” (Umumiy jug’rofiyadan saylanma kitob ) deb nomlanadi va u 1906-yilda Samarqandda G.I.Demurov matbaasida bosmadan chiqqan. Demak, asar muallifi o’ttizdan ortiq mavzuga oid zamonaviy va qadimiy asarlarni, manbalarni o’rganib chiqqan.
XX asr boshlarida hayotdagi tub o’zgarishlar monand holda o’zbek adabiyoti va sa’natiga yangi janrlar muvaffaqiyatli ravishda kirib kela boshladi. Hayot va jamiyatda mavjud bo’lgan muammolar haqida chuqur o’ylaydigan, fikr yuritadigan yozuvchilar oldida mislsiz keng imkoniyatlar ochildi. Tashqi adabiy ta’sirlar mumtoz adabiy an’analarga tayanib kelgan mualliflar oldiga xarakter, shakl, uslub va tomoshabin (kitobxon) ga munosabat borasida yangi vazifalarni qo’ya boshladi. Mana shu an’analar doirasida ijod etgan mahalliy adiblar yangi o’zbek adabiyotining yetakchilariga aylandilar. “Padarkush “ shu tariqa maydonga keldi. Behbudiy Markaziy osiyo ijodkorlari orasida birinchi milliy dramatik asar yaratdi. Ungacha mazkur hududda na turkiy, na forsiy tilda drama janrida birorta asar yaratilgan edi. Behbudiy davri uchun bu katta hodisa edi.Xullas, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi 1913-yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildidagi “Borodino jangi va Russiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo’lishning yubiley sanasiga bag’ishlanadi” degan yozuv va uning Tiflis senzurasining ruxsati bilan chop etilishi shuni ko’rsatadiki, ish oson ko’chmagan.
Foydalanilgan Adabiyotlar
1.Alimova D;Rashidova D.Mahmudxo’ja Behbudiy va uning tarixiy tafakkuri.-Toshkent:Akademiya, 1999.
2.Baldauf,Ingeborg.XXasr o’zbek adabiyotiga chizgilar. Toshkent: Ma’naviyat 2001.
3.Jadidchilik harakatining ijtimoiy-siyosiy mohiyati va jadidlar tafakkuri.- Toshkent: Universitet,1999.
4.Ismoil Gaspirinskiy va Turkiston- Toshkent: Sharq ,2005.
5.Karimov N. Mahmudxo’ja Behbudiy.- Toshkent,2010.
6.Qosimov B Maslakdoshlar.-Toshkent: Sharq, 1994.
7.Qosimov B. Milliy uyg’onish : jasorat, ma’rifat, fidoyilik.
-Toshkent: Ma’naviyat,2002.
8.Qosimov B. Milliy uyg’onish: jasorat, ma’rifat darg’alari.
-Toshkent: O’qituvchi, 1990.
9.Mahmudxo’ja Behbudiy. Tanlangan asarlar.//
Nashrga tayyorlovchi, so’zboshi va izohlar muallifi B.Qosimov. 3-nashri.-Toshkent: Ma’maviyat, 1999.
10.Mahmudxo’ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. 2 jildli/
Nashrga tayyorlovchi, so’zboshi va izohlar muallifi
S.Ahmedov.-Toshkent: Akademiyasi,2018.
Dostları ilə paylaş: |