Kalit so‘zlari : marosim, an’ana, obraz, qo‘shiq, qiyosiy, tahlil, ifoda, diffuziya.
Yor-yor qo‘shiqlarining obrazlar tizimi nihoyatda
o‘ziga xos. Ularda ota-ona, kelin-kuyov, yanga obrazlari ham
hayotiy voqealar, ham ta’sirchan iboralar, mazmundor
misralar bilan gavdalantirilgan. Ularni alohida tahlilga tortish
folklorshunosligimiz uchun ko‘plab yangi, jiddiy, ilmiy
xulosalar berishi aniq.
Yor-yor qo‘shiqlarida obrazlar tizimi tahlil etilganda
albatta, yor so‘zini qo‘shiqda tutgan o‘rni va ahamiyatiga
e’tibor qaratish muhim nazarimizda. Yor-yor qo‘shiqlarining
janriy xususiyatlari ham (ijro o‘rni, ijro usuli, ijrochilarning
kim ekanligi, obraz tizimi) shuni talab etadi.
Yor-yor janri haqida folklorshunos olimlar turlicha
ilmiy tahlillar, xulosalar, o‘ziga xos fikrlar bildirishgan. Olima
M.Alaviya “Yor-yorlarda qizning xususiyatlari tavsif qilinadi,
kelin-kuyovlarning
xulq-atvoridagi
go‘zallik, fazl va
hunaridagi kamolat ta’riflanadi. Bunday yor-yorlarni madhiya
yor-yorlari deb ham yuritiladi” [1], deb ta’kidlaydi. Olimaning
fikricha yor-yor qo‘shiqlarining asosiy obrazlari kelin-kuyov
bo‘lib, yor-yor so‘zining mazmun-mohiyati ham ularga
daxldordir. To‘ra Qilichev Xorazm nikoh to‘ylarini o‘rganar
ekan “Yotoq to‘yi” [1] haqida ma’lumot berib, yor-yor
qo‘shiqlari aynan shu marosimda ijro etilgan deya ta’kidlaydi.
Xalfalar tomonidan aytilgan yor-yorlarning asosiy obrazi kelin
ekanligiga, marosimni nikoh to‘ydan bir kun avval o‘tkazilishi
va qizning otasini uyida so‘nggi marta o‘z erki bilan mehmon
bo‘lib yotib qolishidagi o‘y-kechinmalari chizilgan misralar
asos bo‘la oladi.
Falsafashunos Anvar Bo‘ronov “Yorga yetar kun
bormi, yoronlar?...” [6] maqolasida “yor” so‘zining kelib
chiqishi bilan bog‘liq tahlillar beradi. Tadqiqotchi mumtoz
adabiyotda “yor”ning oshiq yo ma’shuqa, yoki do‘st, goho esa
xudo ma’nosida kelishligini izohlab, “...Tangrichilik dinida
Yor tangrining ismlaridan biri. Keyinchalik ayni so‘zdan
yaratgan (jaratqan), yaratuvchi (jaratuvchi) kabi teonimlar
paydo bo‘lgan”, – deb ta’kidlaydi. Maqolada yana “Yor-yor
nega aytiladi?” deya savol berilib, bu haqda “... Birinchidan,
jar, ya’ni to‘y haqida xabar ma’nosini bersa, ikkinchidan, ikki
yorning bir-biriga bog‘lanishini anglatadi. Uchinchidan esa
tangridan, ya’ni “yor”dan ikki yoshga tilak tilash marosimi
sifatida qo‘llanadi” kabi mulohazalarini bildiradi. Bizning
fikrimizcha ham, yor-yorlarning mazmun-mohiyatida noaniq
taqdirga nisbatan xavotirda bo‘lgan ikki yoshga yaratgandan
baxtli tole so‘rash jarayonlari anchagina.
Yor-yorlarning obrazlar tizimi tahlilida yuqoridagi
fikrlarga asos bo‘la oladigan jihatlarni ham uchratish mumkin.
Yor-yorlarda ota obrazi yetakchi ko‘rinishlarni
egallaydi. Xalq orasida «Ota rozi – xudo rozi» degan
maqolning paydo bo‘lishi bejizga emas.
Jonim otam, jon otam,
Duo qiling, yor-yor.
Bir xudoga yolvorib,
Sano qiling, yor-yor.
Otaginam uyida,
Bir gul edim, yor-yor.
Uyimizning to‘rida,
Bulbul edim, yor-yor [5].
Kelin ketayotgan o‘z ostonasiga bosh egib, ota
oyog‘iga bosh urib, rozilik, oq yo‘l so‘rashi, hozirgi kunda
odat tusiga kirgan bo‘lsa-da, bu ko‘rinishda juda katta ma’no-
mazmun mavjud.