Parazitar infeksiyalar (malyariya, leyshmaniyoz, amebiaz). Bezgak (botqoq isitmasi, tutib turadigan isitma) — protozoylar, ya'ni sodda jonivorlar turkumiga kiradigan organizmlar qo'zg'atuvchi o'tkir infeksion kasallik bo'lib, k,o'zg'atuvchining odam qonida parazitlik kilib yashashi, vaqti-vaqti bilan isitma tutib turishi, anemiya boshlanishi, kasallikning qaytalanib turishi bilan ta'riflanadi. Bezgakning to'rt xili tafovut qilinadi,
1) tropik, 2) uch kunlik, 3) to'rt kunlik, 4) ovalebezgak.
Etiologiyasi va patogenezi. Bezgak qo'zgatuvchilari Plasmodium avlodiga kiradigan bir hujayrali sodda mikroorganizmlardir. Odamda uchraydigan bezgak qo'zg'atuvchisining to'rt turi ma'lum. Uch kunlik bezgakni Plasmodium vivax to'rt kunlik bezgakni Plasmodium malarae, tropik bezgak qo'zg'atuvchisi Plasmodium falciparum ovale-bezgak qo'zg'atuvchisi Plasmodium ovale-dir. Bu bezgak qo'zg'atuvchilari o'zining virulentligi, immunologik xususiyatlari, chivinlarga yuqish xususiyati, kasallik yashirin davrining muddati va boshqalar jihatidan bir-biridan farq qiladi. Ular murakkab rivojlanish siklini boshdan kechirib, hayoti davomida o'z xo'jasini almashtirib boradi. Odam organizmida plazmodiylar jinssiz yo'l bilan ko'paysa, urg'ochi chivinlar organizmida ular jinsiy yo'l bilan ko'payib boradi. Odam organizmida plazmodiylar o'z taraqqiyotining ikki bosqichini: 1) gepatotsitlarda ekzoeritrotsitar shizogoniya (eritrotsitlardan tashqarida, to'qimalarda o'tadigan shizogoniya), 2) eritrotsitlarda o'tadigan eritrotsitar shizogoniya davrlarini boshidan kechiradi. Odamga bezgak so'lagida sporozoitlar bo'lgan chivin chaqqanida yuqadi. Sporozoitlar qon va limfa tomirlari orqali jigarga boradi. Birinchi fazasida jigar hujayralariga kirib olib, ular avval trofozoidlarga, keyin to'qimada (eritrotsitlardan tashqarida bo'ladigan ekzoeritrotsitar) shizontlarga aylanadi. Keyin 5-15 kun davomida shizontlar rivojlanib boradi va bo'linib, 10-50 ming ekzozritrotsitar merozoitlar hosil qiladi. Bu merozoitlar keyinchalik qon plazmasiga o'tib oladi. Merozoit qon plazmasiga tushganidan keyin eritrotsit membranasiga yopishib oladi, membrana invaginatsiyalanib, merozoitni yutadi, bunda parazitaform vakuola hosil bo'ladi. Ikkinchi fazasida plazmodiy eritrotsitda quyidagi rivojlanish davrlarini o'tkazadi: oldin xalqasimon trofozoit, keyin yosh trofozoit, yarim yetilgan trofozoit va yetuk trofozoit hosil bo'ladi. Yetilgan trofozoit oldingi bosqichlardagilardan farq qilib, eritrotsitni boshidan oxirigacha egallab oladi va talaygina miqdorda pigmentlari bo'ladi. Parazitda pigmentlar gemoglobin molekulasidan uning oqsilli qismi globin ajralib chiqishi natijasida hosil bo'ladi, parazit eritrotsitlar ichida rivojlanib borar ekan, ana shu globindan foydalanadi. Eritrotsitar shizogoniya vaqt-bavaqt, ya'ni siklik ravishda takrorlanib turadi. Eritrotsitlarda gametotsitlar ham rivojlanib boradi. Parazitning jinsiy yo'l bilan ko'payishi kasal odam qonini so'rib olgan chivinning me'dasida bo'lib o'tadi. Shizontlar hazm bo'lib ketadi va faqatgina gametotsitlar keyingi o'zgarishlarga uchraydi (erkak va urg'ochi gametotsitlardan pirovardida sporozoitlar yuzaga keladi). Chivinning so'lak bezlarida sporozoitlar paydo bo'lishi bilan bu chivin yuqumli bo'lib qoladi. Invaziya manbai bezgak bilan og'rigan bemor va parazitni vujudida tashib yuruvchi kishidir. Infeksiyani Anopheles avlodiga kiradigan chivinlarning urg'ochisi tarqatadi. Parazitni tashib yuruvchi kishidan olingan qon quyilganida yoki yuqumli qon bilan ifloslangan asboblar bilan muolajalar qilinganida odamga bezgak yuqib qolgan hollar ma'lum. Bezgak mavsumiy invaziyalar jumlasiga kiradi va chivinlarning mavsumiy faolligi (yilning issiq paytlari) bilan mahkam bog'liq bo'ladi. Bezgak xuruji merozoitlarning eritrotsitlardan qon plazmasiga chiqish mahaliga to'g'ri keladi. Bezgak qonga aloqador tipik infeksiya bo'lib, unda plazmodiylar eritrotsitlarda uzoq muddat parazitlik qilib boradi, shunga ko'ra eritrotsitlar tinmay yemirilib turadi. Zararlanmagan eritrotsitlarning gemolizi eritrotsitlarga qarshi autoantitelolar paydo bo'lishiga bog'liq. Infeksiya yuqmagan eritrotsitlarda o'zgarishlar boshlanib, eritrotsitlar bazofiliyasi, polixromatofiliyasi anizo- va poykilotsitoz paydo bo'ladi. Gemolizga uchragan eritrotsitlarda kininlar, gistamin va tomirlar devori o'tkazuvchanligi kuchayishiga sabab bo'ladigan boshqa biologik faol moddalar ajralib chiqishiga sabab bo'ladi. Kapillarlarda infeksiya yuqqan eritrotsitlardan tashkil topgan stazlar boshlanib, endoteliy zararlanadi. Trombotsitlar agregatsiyaga uchrashi va fibrinoliz susayib qolishi natijasida tomirlar ichida koagulyatsiya boshlanadi. Bezgak patogenezida allergik omil muhim o'rin tutadi, bu narsa badangaeshakem toshishi, ichak ishining buzilishi, uch kunlik bezgak yashin tezligida o'tganida miya birdan shishib ketishi bilan ifodalanadi. Eritrotsitlarda boshlangan yemirilish jarayonlarining oqibati o'laroq bir tomondan zo'rayib boruvchi anemiya hodisalari, ikkinchi tomondan melanozli melanemiya hodisalari boshlanadi. Parazit bo'lingan mahalda qon plazmasiga tushadigan pigmentni taloq, jigar, ko'mikdagi monotsitar-makrofagal sistema hujayralari yutib oladi. Shu organlarda ko'p miqdor pigment to'planib qolishi munosabati bilan ular ko'kimtir-kulrang, deyarli qora tusga kirib boradi. Bu organlarda shizontlar fagotsitozga ham uchraydi, ular hazm bo'lib ketganidan keyin pigmentlari monotsitar makrofagal sistema hujayralarida saqlanib qoladi. Patologik anatomiyasi. Eng ko'p morfologik o'zgarishlar taloqda topiladi. Kasallik xurujining boshlanishida taloq birdan qonga to'lib-toshib ketadi. Natijada organning yorilib, qon ketish xavfi tug'iladi. Talok pulpasida infarktlarga o'xshab ketadigan nekrozlar paydo bo'ladi. Qyeyingi 2-3 hafta davomida giperplastik jarayonlar zo'rayib borib, organ kapsulasi qalin tortadi, fibroretikulyar to'qima ham o'sib boradi, shunga ko'ra taloq qattiq bo'lib qoladi. Taloq og'irligi ortib, 1 kg gacha, goho 5-6 kg gacha ham boradi. Surunkali bezgakda taloq juda kattalashib ketadi (bezgakka aloqador splenomegaliya deb shuni aytiladi), unda bir talay infarktlar boshlanib, taloq yuzasini xunuklashtirib qo'yadi. Bezgakning o'tkir hollarida jigarda distrofik va nekrobiotik o'zgarishlar ustun turadi. Kupfer hujayralarining giperplaziyaga uchrashi va organning qonga to'lib ketishi jigarning kattalashuviga sabab bo'ladi (bezgakka aloqador gepatomegaliyaga). Jigarda baralla ko'zga tashlanadigan pigmentatsiya bo'ladi. Keyinchalik jigarda fibroz boshlanishi mumkin. Ko'mikda pigment to'planib borib, parazitlar fagotsitozga uchraydi, retikuloendoteliy giperplaziyalanib, qon hujayralari ko'plab hosil bo'lib turadi. Ba'zan ko'mik aplaziyasi boshlanadi. Uch va to'rt kunlik bezgakda boshqa organlarda ro'y beradigan o'zgarishlar zo'rayib boradigan anemiyaga bog'liq bo'ladi. Tropik bezgakda, yuqorida tasvirlab o'tilgan o'zgarishlardan tashqari, turli organlar miokard, me'da osti bezi, buyrak, me'da va ichak shilliq pardasi, bosh miya va miyacha kapillarlarida parazitar stazlar yuzaga keladi. Tropik bezgak uchun eng xarakterli o'zgarishlar bosh miyada ro'y beradi miya moddasining tutun tusiga kirib bo'rtishi, pushtalarining tekislanib, yassilanib qolishi, mayda-mayda qontalashlar paydo bo'lishi shular jumlasidandir. Miya gistologik yo'l bilan tekshirib ko'rilganida bir talay parazitar stazlar, perivaskulyar, halqasimon qontalashlar ko'zga tashlanadi, ensefalit manzarasi yuzaga keladi, gliya perivaskulyar va perineyronal tarzda uya-uya bo'lib to'planib qoladi. Infeksion granulyomalar jumlasiga kirmaydigan, balki xalqasimon qontalashlar rivojining eng kechki bosqichlaridan biri bo'lgan Dyurk granulyomasining paydo bo'lishi bezgakda miya zararlanganini ko'rsatadigan patognomonik belgidir. Mana shunday qontalashlar markaziyqismida eritrotsitlar stazi yoki bir jinsli gialin trombi bo'lgan tomir ko'zga tashlanadi. Qontalashlarning atrofida nekrozga uchragan joy bo'lib, unda gliya reaktiv ravishda to'planib va o'sib boradi. Granulyomalar ko'pincha miyaning oq moddasida, miyelin pardalar destruksiyaga uchragan joylarda paydo bo'ladi. Bezgakda «neyronlar ishemik kasalligi»ga o'xshash tarqoq distrofik jarayonlar bo'lishi, neyron va kapillarlarda petrifikatsiya fokuslari yuzaga kelishi tasvirlangan. Yumshoq miya pardalari shishib, ularda limfoid infiltratsiya va keyinchalik skleroz boshlanadi. Bezgak komasida ro'y beradigan patologoanatomik o'zgarishlar mikrotsirkulyator qon o'zanida ko'plab stazlar boshlanishi, turli organlar, seroz va shilliq pardalarga qon quyilishi, o'pka shishuvi bilan ifodalanadi. Bosh miya kapillarlarida yuzaga keladigan parazitar stazlar bezgak komasining patogenetik asosi bo'lib hisoblanadi. Odam bezgak bilan og'rib o'tishi natijasida unda faol immunitet yuzaga keladi. Klinik o'tishi. Bezgak o'ziga xos xurujlar tutib turishi bilan ta'riflanadi. Xurujlarning tabiati kasallik qo'zg'atuvchisining turiga bog'liqdir. Tropik bezgakda eng og'ir xurujlar kuzatiladi. Kasallikning prodromal davri lanj bo'lish, uyquchanlik, bosh og'rig'i, subfebrnl darajada harorat ko'tarilishi bilan ta'riflanadi. 3-4 kundan keyin xarakterli xurujlar boshlanadi, shu xurujlarning o'tishida uchta klinik faza tafovut qilinadi. Birinchi fazasida odam qaltirab, isitmasi chiqadi, bu xol to'satdan boshlanadi va 30-60 minutdan 2-3 soatgacha davom etadi. Ana shu mahalda bemorning muskullari va boshi og'rib turadi, ba'zan u ko'ngli aynab qusadi. Xurujning keyingi ikkinchi fazasida harorat 40° gacha ko'tariladi, bemorning umumiy ahvoli og'irlashib, bosh og'rig'i kuchayadi, hansirash boshlanadi, bemor juda bezovtalanib, ba'zan alahsiraydi, qayt qiladi. Harorat pasayishi 2-5 soat davomida suvdek ter quyib turishi bilan birga davom etib boradi va kasallik xurujining tugaganidan darak beradi (uchinchi fazasi). Ba'zan gerpetik toshmalar, eshakem toshishi, gemorragiyalar paydo bo'lishi mumkin. Splenomegaliya bilan gepatomegaliya muhim diagnostik belgi bo'lib hisoblanadi. Jigar zararlanganida badan sarg'ayadi hamda buyraklarda tranzitor glomerulonefrit boshlanib, pigment to'planib boradi va siydik bilan ajralib turadi. Yurakda miokardiodistrofiya manzarasi yuzaga keladi. Kasallik xuruji mahalida bemorlar isitmalab, alahsirashi, ularda vegetonevrozlar, psixozlar boshlanishi mumkin. Asoratlari ko'pincha tropik bezgak mahalida kuzatiladi. Miya shishuvi, bezgak komasi, o'tkir buyrak yetishmovchiligi, bezgak algidi, ruhiy o'zgarishlar bezgak asoratlarining eng jiddiy xillaridan bo'lib hisoblanadi. Bezgak o'choqlarida yashab turgan kishilarda gemoglobinuriyali isitma ham boshlanishi mumkin.