LEYSHMANIOZ Leyshmanioz faqat ma'lum geografik mintaqalarga xos bo'lgan transmissiv kasalliklar jumlasiga kiradi. Odamda uchraydigan leyshmaniozning ikki xili tafovut qilinadi: teri leyshmaniozi va visseral leyshmanioz. Shu ikkala xilining turli geografik va klinik-epidemiologik variantlari bor.
Etiologiyasi va patogenezi. Leyshmaniozning qo'zg'atuvchilari ikki turdagi leyshmaniylardir, ular bir-biridan tamom boshqacha bo'lib o'tadiganikki xil kasallikka olib boradi. Ularning biri badan terisini zararlab, unda yaralar paydo qiladi (teri leyshmaniozi — «yomon jarohat»), ikkinchisi ichki organlar zararlanishiga sabab bo'ladi (umumiy infeksion kasallik hisoblanadigan visseral leyshmanioz). Teri leyshmaniozi qo'zg'atuvchisini 1898 yili P. F. Borovskiy Toshkentda kashf etgan, visseral leyshmanioz qo'zg'atuvchisini esa 1902 yili Vopouap Hindistonda topgan. Shu ikkala xil leyshmaniylarning qo'zg'atuvchilari mustaqil turlar bo'lib hisoblanadi. Chunonchi, shaharlarga xos teri leyshmaniozining qo'zg'atuvchisi L.tropica minor bo'lsa, qishloqlarga xos teri leyshmaniozining qo'zg'atuvchisi L.tropica major-dir. Visseral leyshmanioz qo'zg'atuvchisi esa L.donovani bo'lib hisoblanadi. Leyshmaniylarning shu keyingi turi o'zining hayot siklida ikki davrni boshdan kechiradi: 1) xivchinsiz davri, bunda leyshmaniylar umurtqali xo'jayin organizmida hujayra ichida parazitlik qilib yashaydi (badan terisi, shilliq pardalar, taloq, jigar, ko'mik, limfa tugunlarining makrofaglari va fagotsitlovchi boshqa hujayralarida); 2) leyshmaniylarning xivchinli davri, bunda kasallik qo'zg'atuvchisi shu kasallikni yuqtiruvchi umurtqasiz hayvon (iskabtopar chivin)ning ichagida parazitlik qilib yashaydi.
TERI LEYSHMANIOZI Teri leyshmaniozini (Borovskiy kasalligi, Oshgobod, Qo'qon yarasi, yomon jarohat, pendin yarasi va hokazo) tarqatuvchilar shaharlarda iskabtopar chivinlar, qishloq joylarida esa mayda kemiruvchi hayvonlar (qum sichqonlari, yumronqoziklar), shuningdek suvda va quruqlikda yashovchi har xil jonivorlardir. Markaziy Osiyoda Oshgobod, Mari, Andijon, Qo'qon, Xo'jand atroflarida va boshqa joylarda teri leyshmaniozining tabiiy o'choqlari bor. Bu kasallikning ikki turi tafovut qilinadi: yarasi kech ochiladigan, shaharlarga xos xili (quruq xili) va tez yara bo'lib ketadigan qishloqlarga xos xili (pilchirab turadigan xili). Antroponoz leyshmaniozini yuqtiradigan manba shu kasallik bilan og'rigan bemorlar bo'lsa, zoonoz leyshmaniozi mayda kemiruvchi hayvonlardan yuqadi. Kasallik qo'zg'atuvchilarini Flebotomus avlodiga kiradigan har xil iskabtopar chivinlar tarqatadi. Osiyodagi kasallik o'choqlarida Flebotomus papatasii turiga kiradigan iskabtopar chivinlar epidemiologik jihatdan xavfli bo'lib hisoblanadi. Patologik anatomiyasi. Patologik jarayon kasallik qo'zg'atuvchisining organizmga kirgan joyda proliferativ yallig'lanish o'chog'i (leyshmanioz granulyomasi) ko'rinishida boshlanadi. Leyshmaniozning avj olib borishida kasallikning yashirin davri, proliferatsiya (papula, do'mboqcha, infiltrat) davri, destruksiyalanish (yara) davri va reparatsiya (chandiqlanish) davri tafovut kilinadi. Teri leyshmaniozi har xil turlarining patomorfologiyasida ba'zi xususiyatlar bor. Chunonchi, shaharlarga xos teri leyshmaniozi uchun ko'proq polimorf hujayrali proliferativ yallig'lanishning ustun turishi xarakterlidir. Yallig'lanish infiltrati dastlabki 6-8 oy mobaynida gistiotsitlardan, epitelioid va ulkan hujayralardan iborat bo'lib turadi. Infiltratda leyshmaniyalar topiladi. Infiltrat sohasidagi teri epiteliysi asta-sekin yemirilib, po'st hosil qilib boradi. Yaralanish jarayoni mahalida infiltratda neytrofil leykotsitlar paydo bo'ladi. Birmuncha kechki muddatlarda (8 oydan keyin) infiltrat tarkibi o'zgaradi: limfoid va plazmatik hujayralar ustun turadigan bo'lib boradi. Teri leyshmaniozining qishloqlarga xos bo'lgan zoonoz xilida yallig'lanish infiltrati birmuncha keng va chuqur bo'lib, teri unumlari va tomirlarga ham o'tadi. Jarayon teri osti kletchatkasigacha tarqalib boradi. Ushbu turdagi teri leyshmaniozi uchun yallig'lanish infiltrati sohasida nekroz bo'lishi xarakterlidir. Nekrotik massalar ko'chib tushganidan keyin yaralar hosil bo'ladi. Yakin-atrofdagi joylarda vaskulitlar boshlanib, biriktiruvchi to'qima mukoid va fibrinoid bo'kish hodisasiga uchraydi, biroq, kasal joy batamom et olganidan keyin ham perivaskulyar limfogistiotsitar infiltratlar va leyshmaniylar uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Infeksiya yuqqan mahalda leyshmaniozning diffuzinfiltrativ xili va tuberkuloid leyshmanioz boshlanishi ham mumkin. Birinchi holda terida faqatgina diffuz gistiotsitar infiltratsiya paydo bo'lib, terining chuqur qatlamlariga juda sezilarli darajada shish keladi, limfoid-plazmatik reaksiya bo'lmaydi. Leyshmaniozning tuberkuloid xili uchun epitelioid, limfoid va plazmatik hujayralardan tashkil topgan tugunchalar xarakterlidir. Leyshmaniylar dastlabki kasallik o'choqlaridan limfa yo'llari bo'ylab regionar limfa tuguniga yetib borishi va u yerda do'mboqchalar hosil qilishi, limfangitlar va limfadenitlarga sabab bo'lishi mumkin. Teri leyshmaniozi tabiatan qaytalanib turadigan surunkali kasallik tusiga kirishi va chandiq sohasida mayda-mayda do'mboqchalar paydo bo'lishi bilan davom etib borishi mumkin. Klinik manzarasi. Teri leyshmaniozining yuqorida aytib o'tilgan hollari uchun kasallikning siklik tarzda o'tib borishi xarakterlidir. Teri leyshmaniozining klinik ko'rinishlari birlamchi leyshmanioma (ertangi, kechki leyshmanioma), diffuz-infiltrlovchi leyshmanioma va tuberkuloidni o'z ichiga oladi. Teri leyshmaniozining shaharga xos xilida kasallikning yashirin davri 2-8 oy, goho 3-5 yilgacha boradi. Kasallik bir yil chamasi davom etadi. Bemorning umumiy axvoli qoniqarli bo'ladi. Papulalar, do'mboqchalar ko'rinishidagi tashqi o'zgarishlar asta-sekin avj olib boradi, yaralar yuza bo'ladi. Odatda 1-3 ta dumaloq shaklli yara hosil bo'lib, uning atrofida kattagina infiltrat yuzaga keladi (kasallikning boshidan hisoblaganda 10-13 oyga borib). Yaradan seroz-yiringli suyuqlik chiqib turadi. Hosil bo'ladigan chandiq oldiniga qizil bo'lsa, keyin oqarib boradi. Teri leyshmaniozining qishloqqa xos xili og'irroq o'tadi. Kasallikning yashirin davri birmuncha qisqa (1-4 hafta) bo'ladi. Keyin do'mboqcha yuzaga kelib, tezgina o'sib boradida, chipqonga o'xshagan infiltratga aylanadi. Barvaqt nekrotik jarayonlar boshlanib, chuqur yaralar, do'mboqchalar hosilbo'lishi, limfangoitlar va limfadenitlar boshlanishi xarakterlidir. Yaralar bezillab turadigan, og'riydigan bo'ladi. Asoratlari. Yaralarning atrofida saramasga o'xshab ketadigan o'zgarishlar ro'y berishi va limfangitlar boshlanishi xarakterlidir. Oyoq zararlanib, limfangitlar bo'lganida oyoq panjasi, boldir juda sezilarli darajada shishib ketadi. Ikkilamchi infeksiya qo'shilgudek bo'lsa, kasallikning o'tishi og'irlashib qoladi.