Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. XVII asrdan boshlab tabiatshunoslik jadal
sur'atlarda rivojlanadi. Dengizlarda kemalarning yurishiga ehtiyojning ortishi astronomiyaning
rivojlanishini, shaharsozlik, kemasozlik, harbiy ish – matematika va mexanikaning rivojlanishini
belgilaydi. Yangi fan avvalo moddiy ishlab chiqarish amaliyotiga: to‘qimachilik sanoatida
mashinalar ixtiro qilinishiga, ko‘mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish qurollarining
takomillashuviga tayanadi. E.Torrichelli havo bosimi mavjudligini eksperimental yo‘l bilan
aniqladi, simobli barometr va havo nasosini ixtiro qildi. I.Nyuton mexanikaning asosiy
qonunlarini, shu jumladan butun olam tortishish qonunini ta'rifladi. R.Boyl kimyoda mexanikani
qo‘lladi va kimyoviy element tushunchasini ishlab chiqdi. Ingliz fizigi U.Gilbert magnit
xossalarini va uning amalda qo‘llanilishini o‘rgandi. V.Garvey qon aylanishini kashf etdi va uning
rolini empirik usulda tadqiq etdi. R.Dekart va G.Leybnits matematika, mexanika, fizika va
fiziologiyaning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Ijtimoiy fanlarda tabiiy huquq nazariyasi ishlab
chiqildi (Angliyada T.Gobbs, Gollandiyada G.Grotsiy). Sharqda esa fan va falsafa sohasida deyarli
yangilanish bo‘lmadi.
Fanning bunday rivojlanishi o‘z davrining falsafasiga ham ta'sir ko‘rsatmay qolmadi.
Falsafada sxolastika va dindan uzil-kesil ajralish yuz berdi: diniy aqidalarning hukmronligiga,
cherkovning ta'siri va tazyiqiga qarshi kurashda aqlning har narsaga qodirligi va ilmiy tadqiqotning
cheksiz imkoniyatlari haqidagi ta'limot vujudga keldi.
Yangi davr falsafasiga avvalo tabiatshunoslikdan kelib chiqadigan kuchli materialistik
tendensiya xos.
XVII asrda yevropaning yirik faylasuflari qatoriga F.Bekon, T.Gobbs va J.Lokk (Angliya),
R.Dekart (Fransiya), B.Spinoza (Gollandiya), G.Leybnits (Germaniya) kiradi.
Frensis Bekon(– ingliz faylasufi 1561-1626) birinchi yondashuv asoschisi substansiya
shakllarining xususiyatlariga tavsif bergan va substansiyani muayyan narsalar shakli bilan
ayniylashtirgan. Uning fikricha, materiya sariqlik, moviylik, qoramtirlik, iliqlik, og‘irlik va boshqa
shunga o‘xshash xossalarga ega. Bular materiyaning eng sodda xususiyatlaridir. Bu xossalarning
turli birikmalaridan tabiatning rang-barang narsalari vujudga keladi.
Materiyaning sifat jihatidan har xilligi haqidagi ta'limotni F.Bekon o‘zining shakl va
harakat haqidagi ta'limoti bilan rivojlantirgan. Uning talqinida shakl – bu narsaga xos
bo‘lgan xususiyatning moddiy mohiyati. U Platon va Aristotelning shakl haqidagi mushohadalari
bilan bahsga kirishadi. Bekon fikriga ko‘ra, shakl – jismni tashkil etuvchi moddiy zarralar
harakatining turi. Ammo bu zarralar atomlar emas. F.Bekon qadimgi faylasuflarning
materiyaning atomistik tuzilishi haqidagi va ayniqsa bo‘shliqning mavjudligi haqidagi
ta'limotiga tanqidiy yondashadi. U makonni bo‘shliq deb hisoblamagan: Bekon uchun makon
materiyaning doimiy o‘rni bilan bog‘liq bo‘lgan. Amalda u makonni moddiy ob'ektlarning
ko‘lamliligi bilan ayniylashtirgan. Vaqtni Bekon moddiy jismlar tezligining ob'ektiv o‘lchovi
sifatida tavsiflagan. Vaqtning mohiyatini tushunishga nisbatan mazkur yondashuv diqqatga
sazovor, zero vaqt materiyaning moddiy jismlarda yuz beruvchi o‘zgarishlarning davomliligidan
iborat bo‘lgan va bu o‘zgarishlarning sur'atini tavsiflaydigan ichki xossasi sifatida e'tirof etiladi.
Shunday qilib, vaqt harakat bilan uyg‘un bog‘lanadi.
Bekon fikriga ko‘ra, harakat – materiyaning tug‘ma xossasi. Materiya qanday abadiy
bo‘lsa, harakat ham shunday abadiydir. U harakatning tabiatdagi 19 turini qayd etgan: tebranish,
qarshilik, inersiya, intilish, kuchlanish, hayot ruhi, azoblanish va b. Bu shakllar amalda o‘sha
davrda fanda ayniqsa mukammal o‘rganilgan materiya harakati mexanik shakllarining
xususiyatlari bo‘lgan. Ayni vaqtda F.Bekon moddiy dunyoning ko‘p sifatliligini o‘rganish va
tushuntirishga harakat qilgan.
F.Bekon bilishning empirik metodi asoschisi hamdir. U tajribaga asoslangan fanlar,
kuzatish va eksperimentga alohida e'tibor bergan. Bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi
mezonlarini tajribada ko‘rgan. Bilishga tashqi dunyoning inson ongidagi in'ikosi sifatida
yondashar ekan, u bilishda tajriba hal qiluvchi rol o‘ynashini qayd etgan. Ammo faylasuf bilishda
aqlning rolini ham inkor etmagan.