Alisher navoiy nomidagi


ADABIYOTSHUNOSLIK – BADIIY ADABIYOT



Yüklə 0,77 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/20
tarix08.05.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#109605
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
abdulla ulug\'ov adabiyotshunoslik nazariyasi (1)

ADABIYOTSHUNOSLIK – BADIIY ADABIYOT 
TO‘G‘RISIDAGI FAN
Demokratik jamiyat barpo etish, jamiyatda erkinlik hukmron 
bo‘lishiga erishish uchun avvalo odamlar orasida teng huquqlilik, 
o‘zaro birodarlik bo‘lishiga zamin yaratish kerak. Ana shunday 
asosga ega bo‘lmagan jamiyatda barchaning manfaatini himoya 
qilishga qaratilgan eng insonparvar qonunlar ham qog‘ozda qolib 
ketadi. Chunki bunday muhitda o‘zaro ishonchsizlik, bir-biriga 
begonalik, bir-biridan hadiksirash hissi hukm suradi. Odamlar 
orasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat bo‘lishi uchun esa har bir 
kishida vijdon bo‘lishi, har bir odam boshqalar oldida mas’ul 
ekanini butun vujudi bilan his etishi kerak. Adabiyot va san’at 
kishilarda mana shunday hissiyotni shakllantiradi. Mehr-oqibatli 
bo‘lish, bir-biriga hurmat bilan qarash, ko‘pchilik manfaatini o‘z 
manfaatidan ustun qo‘yish kabi qadriyatlar esa hamisha zarur. 
Chunki ular jamiyat hayotining asosini belgilaydi. Har qanday 
jamiyatning ma’naviy-axloqiy muhiti kishilarning onglilik 
darajasi, turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. 
Adabiyot va san’at asarlari kishilar ongi, dunyoqarashiga ta’sir 
ko‘rsatadi. Mana shunday ta’sir quvvatiga ega ekanligi adabiyot 
va san’atning ijtimoiy ahamiyatga molikligidan dalolat beradi. 
Chunki barcha she’r, doston, roman, hikoya, qissa, drama, film, 
qo‘shiqlarda hamisha xudbinlik, ko‘zbo‘yamachilik, aldamchilik 
kabi illatlar qoralanib, vijdonli, diyonatli kishilar ulug‘lanadi. 
Shu bois bunday asarlar barcha zamonlarda qadrlanadi. Negaki 
insonparvarlik, vatanparvarlik, halollik, kishilar o‘rtasidagi 
mehr-oqibat ulug‘langan asarlarda xalqning dardi, orzu-istaklari 
ifodalanadi. Yuksak qadriyatlar jamiyat rivojida, kishilar 
osoyishta, farovon hayot kechirishida muhim ahamiyat kasb 
etadi. Ezgulik ulug‘langan asarlarda umuminsoniy qadriyatlar 
har bir kishi uchun naqadar zarurligi ta’sirchan ko‘rsatib beriladi. 
Ularda sabr-toqat, sadoqat, shijoat singari har bir inson uchun 
zarur fazilatlar sharaflanadi.
Ta’kidlash joizki, adabiyot hayotni va inson dunyosini 
san’atning boshqa turlariga nisbatan keng aks ettiradi. Bu 
jihatdan san’atning hech bir turi adabiyot bilan bellasholmaydi. 
San’atning boshqa turlari, jumladan, kino san’ati ham kishilarning 
muayyan paytidagi holatini gavdalantiradi. O‘shanda ham 
u musiqa, tasviriy san’at, texnikaning turli vositalari hamda 
adabiyotga tayanadi. Badiiy asarlarda esa insonning ma’lum bir 
harakati, kayfiyati ham, o‘tgan kunlari to‘g‘risidagi o‘ylari ham, 
orzu-xayollari, ertangi kundan umidi ham, boshqalar xususidagi 
fikri, o‘z­o‘zi bilan ichki munozarasi ham ifodalanadi. Shuning 
uchun kishilar doston, roman, qissa, hikoyalarda tasvir etilgan, 
drama, tragediyalarda ko‘rsatilgan qahramonlarning dard-alami, 
shodlik-quvonchi bilan tanishayotganda, ko‘nglida beixtiyor 
boshqalarga achinish, hamdardlik hissi uyg‘onadi. Chunki 
odamlar badiiy asarlar qahramonlari timsolida hayotdagi 
kishilarni ko‘radilar. Ularning boshidan kechirganlari, xatti-
harakatlaridan muayyan xulosalar chiqaradilar. Borliqdagi hech 
bir narsa odamlarga hamjinslari singari ta’sir ko‘rsatmaydi. 
Odamlar bir-birini ko‘rib, kuzatish, bir-biridan o‘rganish orqali 
bilim olib, hayot haqidagi tasavvurini kengaytiradi. Adabiyot 
ana shu ehtiyoj zamirida vujudga kelgan. Unda odamlarning 
quvonch-u tashvishlari ifodalangan. Shu boisdan ertak, dostonlar 
yoki qadimgi yunon teatrlari sahnasida ko‘rsatilgan tragediya, 
komediyalar hech kimni befarq qoldirmagan. Odamlar ulardan 
g‘oyatda ta’sirlanishgan, o‘zlari sezmagan holda, ko‘p narsalarni 
“yuqtirib” olishgan. Bu narsa shu qadar ulkan, beqiyoski, uni ko‘z 
bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlashning imkoni yo‘q. Lekin ayni narsa 
qalbga singib, unda turli his-tuyg‘ular hosil qiladi. O‘sha paytda 
har bir odam o‘zida allaqanday ichki o‘zgarish ro‘y berganini 
sezadi. “Odam bolasi adabiyot sahifalarida o‘z dardi, g‘am-


8
9
g‘ussasi va mehr-muhabbatini ko‘rganida huzur qiladi, – deydi 
Robindranat Tagor. – Bu dunyoda odamning mohiyati qanchalik 
haqiqat bo‘lganligi yoki haqiqat qanchalik odam mohiyatiga 
aylanganligini – bularning hammasini tushunish uchun adabiyot 
dunyosi bilan tanish bo‘lish kerak. Lekin adabiyot dunyosi 
shunchaki fantaziyaning mahsuloti, deb tasavvur qilmaslik 
kerak. Bu haqiqatan butun bir olam. Bu dunyoning asosiy 
negizlari bizning hech qanday shaxsiy fazilatlarimizga bog‘liq 
emas. Real dunyoda kishilar qanday harakat qilsalar, bu olamda 
ham ular shunday harakat qiladilar. Lekin hech vaqt mavjud 
bo‘lmagan personajlarning har birida real mavjud bo‘lgan 
insonning aksi ko‘rinib turadi”. (Tagor R. Asarlar. Sakkiz tomlik. 
8-tom. – T.: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1965 yil. – 360 b. – 307-
bet.). Albatta, badiiy asarlarda kishilarga kundalik hayot bilan 
bog‘liq muammolar xususida aniq maslahatlar berilib, yo‘l-
yo‘riq ko‘rsatilmaydi. Yoki mahmadonalik, tamagirlik, yasama 
uyatchanlik kabi yaramas illatlardan qutulish, qavm-qarindosh, 
qo‘ni-qo‘shni, hamkasabalar bilan munosabatni mustahkamlash 
yuzasidan tavsiyalar berilmaydi. Lekin badiiy asarlar ta’sirida 
har bir kishining dilida, albatta, o‘zidagi kamchiliklarni tuzatish, 
nojo‘ya ishlardan o‘zini tiyish istagi tug‘iladi. Bu esa adabiyot 
odamlarning bir-birini tushunishi, hayotni idrok etishi va shu 
asosda o‘zini anglashiga yaqindan yordam berishini bildiradi.
Ulug‘ hind adibining yuqoridagi fikridan ayon bo‘ladiki, 
insonlikning mohiyati, ya’ni odam qanday mavjudot, uning 
hayot dagi vazifasi nimadan iboratligini teran tushunish, idrok 
etish uchun, albatta, adabiyot dunyosi bilan tanish bo‘lish kerak. 
Chunki ayni dunyo odamni o‘ylantiradigan, tashvishlantiradigan 
turli muammolar mohiyatiga yetishga yo‘l ochadi. Adabiyot 
dunyosi bilan tanish odam boshqalarga qaraganda teranroq 
fikrlaydi. Chunki uning hayot haqidagi tasavvuri, dunyoqarashi 
keng bo‘ladi.
Insoniyat azal-azaldan borliq hodisalarini bilish, o‘zi 
yashayotgan muhitni go‘zallashtirishga intiladi. Bu intilish 
zamirida mukammallikka erishish istagi turadi. Koinot sultoni 
sanalgan inson komillikka erishish uchun muttasil yo‘l izlaydi. 
San’at, adabiyot, ilm-fan aslida kishilarning komillikka intilish 
yo‘llaridir. Ular odamlarning qalb quvvati va aql-tafakkuri 
qudratini namoyon etadigan o‘ziga xos maydon sanaladi. San’at, 
adabiyot, ilm-fan bir-biri bilan mustahkam bog‘liq hodisalardir. 
Ular orasida jiddiy farq-tafovutlar bo‘lsa-da, san’at ilm-fanni 
yoki ilm-fan san’atni butkul inkor qilmaydi. Aksincha, ular 
bir-biri bilan uzviy bog‘langan holda, insonning komillikka 
erishishiga xizmat qiladi.
Insonning komillikka erishishiga, uning o‘zligini anglashiga 
ta’sir ko‘rsatadigan vositalar orasida, ayniqsa, adabiyot alohida 
ajralib turadi. Chunki adabiyot insonning qalb quvvati va aql-
tafakkuri rivojini o‘ziga xos tarzda mujassamlashtiradi. Unda 
qalbning hissiyot, tuyg‘ulari, aqlning mantiqli mushohada, mulo-
hazalari ajoyib tarzda uyg‘unlashgan bo‘ladi. Adabiyot asarlarida 
kishilarning his­tuyg‘ulari, fikr­mulohazalari obraz lar orqali aks­
lanadi. His­tuyg‘ular qalbga xos kechinmalar sanalsa, fikr­mu­
shohada esa miya mulki bo‘lgan ong – aqlning mahsulidir.
Mumtoz adabiyotshunosligimizda so‘z san’atiga nisbatan 
“adabiyot” termini qo‘llanmaydi. Ushbu terminni “so‘z san’ati” 
ma’nosida ishlatish, she’r, doston, hikoya, masal, rivoyat, 
afsonalarni umumlashtirib “adabiyot” deyish XX asr avvalidan 
boshlangan (qarang: Sulton I. Adabiyot nazariyasi. – T.: 
“O‘qituvchi”, 2005. – 5–9­betlar). G‘arbda ham XVII, XѴІІІ 
asrlargacha badiiy adabiyot “poeziya” deb yuritilgan. Sharqda 
“adabiyot” so‘zi o‘rnida “she’r” va “nasr” atamalari ishlatilgan. 
Navoiy, Bobur ham, ulardan avval, keyin yashagan shoir, 
adiblarimiz ham o‘z asarlarida “adabiyot” so‘zini ishlatmagan. 
O‘tmishda musulmon olamida “badiiy asar” deganda aruz 
qoidalari asosida, she’riy yo‘lda yozilgan bitiklar nazarda tu-
tilgan hamda ular “nazm”, “manzuma”, muayyan tartib asosida 
jamlangan turli janrdagi she’riy to‘plamlar “devon” deyilgan. 
She’riy yo‘lda yozilmagan asarlar esa “nasr” deb yuritilgan. 


10
11
“Adabiyot” arabcha so‘z bo‘lib, u “odob” (ko‘plik shakli 
“adab”) so‘zidan olingan. Odob-axloq esa insonni mukar-
ram etuvchi, uni barcha mavjudotdan ulug‘vor qiluvchi hodi-
sadir. Odob-axloq insonni barcha mavjudotlardan ustun qi-
luvchi hodisagina bo‘lib qolmasdan, u kishilarni bir-biriga 
yaqinlashtiruvchi, dunyoning osoyishtaligi, tinchligini ta’min-
lovchi, odamlarning aql-tafakkurini ravshan etuvchi tayanch 
omil hamdir. Shu boisdan asosi “odob”, “adab” bo‘lgan ada-
biyotga azal-azaldan jamiyat ma’naviyatining poydevori sifatida 
qaralgan.
Inson o‘zini anglash uchun borliqni, o‘z tevarak­atrofidagi 
voqea-hodisalarni bilishga intiladi. Shuning uchun u yon-
veridagi har bir hodisaga beixtiyor “Bu nima?” degan savol 
bilan qaraydi va unga javob topishga harakat qiladi. Moddiy 
hodisalarga nisbatan “nima?” degan savolni qo‘llash va bunga 
qanoatlantiradigan javob topish jarayoni birmuncha osonroq 
kechadi. Chunki moddiy narsa-buyumlarni qo‘l bilan ushlash, 
ko‘z bilan ko‘rish, salmog‘ini chamalash, ularni bo‘laklash, 
parchalash, ichki olamini aniqlash, qanday unsurlardan tarkib 
topganini bilish va butlash mumkin. Shuning uchun moddiy nar-
salar haqida aniq, ishonchli xulosalar chiqarish imkoni bir qadar 
keng. Biroq nomoddiy hodisalarning nima ekanligini aniqlash, 
bilish, ularning mohiyatini tushunish mushkul. Masalan, barcha 
davrlarda qalamdan aholining barcha tabaqalari faqat yozish-
chizish vositasi sifatida foydalangan. Yoki ketmon hamma uchun 
bir xil – yerga ishlov berish quroli hisoblangan. Ammo xuddi 
non, suv singari ahamiyat kasb etgan din, san’at, adabiyot singari 
nomoddiy hodisalarni odamlar har xil idrok qilishgan. Aniqrog‘i, 
ular odamlarni har xil darajada manfaatlantirgan. Ya’ni ulardan 
kishilar o‘z aql­tafakkuri, madaniy­ma’rifiy saviyasi imkon 
bergan darajada foydalanishgan. Ammo hamma zamonlarda ham 
adabiyot barchaning tuyg‘ularini tiniqlashtiradigan, ularning 
qalbiga insonparvarlik hislarini singdiradigan, odamlar orasida 
mehr-oqibatni ulg‘aytiradigan, ezgulik va yovuzlik haqidagi 
tasavvurlarni yorqinlashtirishga ko‘maklashadigan ma’naviy-
ma’rifiy tayanch bo‘lgan. Inson hayotida ana shunday ta’sirchan 
kuchga ega adabiyot haqida qadimdan “Bu nima o‘zi?” deb o‘ylab 
kelingan. Adabiyotning yagona quroli bo‘lgan So‘z haqidagi 
fikr­mulohazalar insoniyat tarixida ilm­fan shakllanishiga ham 
dastlabki asos bo‘lgan. Mavlono Jaloliddin Rumiy “Ichingdagi 
ichingdadir” asarida so‘z ilohiyot bilan bog‘liqligi, u butun 
borliqning yaratilishiga vosita bo‘lgani, so‘z ne’mati berilgani 
bois inson barcha mavjudotdan ustun – sharif zotga aylanganini 
ta’kidlab: “Har bir narsaning asli – so‘z... So‘z amal daraxtining 
mevasidir. Chunki u amaldan tug‘iladi. Ulug‘ Tangri olamni so‘z 
bilan yaratdi va “Bo‘l!” deyishi bilan u bo‘ldi” deydi (Mavlono 
Jaloliddin Rumiy. Ichingdagi ichingdadir. – T.: “Yozuvchi”, 
1997. – 72-bet). Farididdin Attor ham “Ilohiynoma” asarida: 
“Ikki olamning asosi so‘zdir. Chunki so‘z Haqdan mujda bo‘lib 
keldi. Axir Arshi a’loda bitilgan “Lavhul mahfuz” ham so‘zdir. 
Hamma narsa so‘zdan ijod etilgan va so‘zga qaytadi” deb 
qayd et gan (Farididdin Attor. Ilohiynoma. – T.: “Yozuvchi”, 
1994. – 11-bet). Mashhur adib Chingiz Aytmatov esa “Oxirza-
mon nishonalari” romanida: “Nimaiki xayolimizga kelsa, boshi-
mizga tushsa, barchasini so‘z bilan izhor qilamiz. Inson qo‘li 
bilan nima yaratilgan bo‘lsa, hammasi so‘zning amalga joriy 
qilinishidir. Masalan, ko‘prik ham daryo ustiga qurilmasdan 
oldin so‘z edi. Undan ham muhimi, so‘z – abadiylikning 
o‘zimizdagi imkoniyatidir. Biz o‘lamiz, lekin so‘z qoladi” 
(Aytmatov Ch. Oxirzamon nishonalari. – T.: Alisher Navoiy 
nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007. – 
60-bet.) deb ta’kidlagan. Adib so‘nggi asarida: “So‘z osmoni 
falakdan bizga oziq beradi. So‘z koinot sutini sog‘ib oladi va 
asrlar osha bizning avlodlarimizni o‘sha sut bilan boqib keladi. 
Dunyoda so‘z kuchidan oshib tushadigan kuch yo‘q, olamda 
so‘z olovi va qudratidan ortiq alanga yo‘q” degan. (Aytmatov 
Ch. Tog‘lar qulayotgan zamon (Abadiy qalliq). – T.: “Vektor – 
press”, 2009. – 113-bet).


12
13
Tabiat sirlarini bilishga qiziqqan ajdodlarimiz borliq hodisalari 
haqidagi tushuncha, tasavvurlarini qo‘shiq, ertak, topishmoqqa 
aylantirishga intilishgan. Qo‘shiq, ertak, topishmoq, maqol, doston 
singarilarning paydo bo‘lishi esa adabiyot haqidagi fanning ham 
shakllanishiga poydevor bo‘lgan. Shuning uchun ishonch bilan 
aytish mumkinki, adabiyot haqidagi fan xuddi narsa-buyumlar 
sanog‘idan boshlangan arifmetika singari qadimiydir.
Har bir soha, tarmoqning paydo bo‘lishi, shakllanishi, rivoj-
lanishini o‘rganadigan fanlar mavjud. Masalan, tabiatshunoslik 
fani borliq hodisalari bilan tanishtirsa, ma’danshunoslikda 
zamindagi turli-tuman ma’danlarning paydo bo‘lishi, ular 
mavjud bo‘lgan joylarning holat-ko‘rinishlari o‘rganiladi. Ilm-
fanda “-shunoslik” qo‘shimchasi keng qo‘llaniladi. Tabiatshunos, 
qadimshunos, ma’danshunos va hokazo deyiladi. Bu so‘zlar 
tarkibidagi “-shunos” qo‘shimchasi o‘zbek tiliga fors-tojik tilidan 
o‘tgan bo‘lib, u “o‘rganuvchi”, “biluvchi” ma’nolarini bildiradi. 
Aslida “shunos” “-shinohtan” fe’lidan yasalgan. U o‘zbek tilida 
“tanimoq”, “bilmoq”, “tayin etmoq” demakdir.
“Adabiyotshunoslik” so‘zi ham ikki qismdan iborat bo‘lib, u 
“adabiyot bilan shug‘ullanish”, “adabiyotni o‘rganish” ma’nosini 
anglatadi. Bundan ayon bo‘ladiki, adabiyotshunoslik adabiyot 
haqidagi fandir. Har bir fan singari adabiyotshunoslik ham 
adabiyotning mohiyati, uning paydo bo‘lish asoslari, rivojlanish 
tamoyillarini o‘rganadi. Bu fan adabiy-badiiy asarlarning tu-
zilishi, tarkibi, adabiy-tarixiy jarayonda sodir bo‘lgan o‘zga-
rishlarni tahlil qiladi. Adabiyotshunoslik adabiyotning ijtimoiy 
fikr taraqqiyotiga ta’siri, adabiyotning boshqa fan, soha, tar­
moq lar bilan aloqadorligini aniqlash bilan shug‘ullanadi. Ada-
biyotshunoslikning bundan boshqa vazifalari ham ko‘p. Shu 
boisdan adabiyotshunoslik nima ekanligini aniq, lo‘nda ta’riflash 
oson, jo‘n ish emas. Aslida ham murakkab hodisalarni, ayniqsa, 
ular nomoddiy bo‘lsa, sodda, barchani birday qanoatlantiradigan 
tarzda ta’riflab bo‘lmaydi. Chunki har qanday mukammal ta’rif­
tavsif ham ularning mohiyatini to‘la-to‘kis ifoda etolmaydi. 
Adabiyotshunoslikning o‘rganadigan manbasi adabiy-ba diiy 
asarlar va ular yaratilgan sharoit, muhitdir. Adabiyotshunoslik-
ning predmeti badiiy adabiyot, badiiy adabiyotning predmeti 
esa borliqda, turfa ijtimoiy munosabatlar ichida yashayotgan in-
sondir. Bundan adabiyotshunoslik inson va jamiyatni umumiy 
yo‘nalishda o‘rganuvchi fanlar (tarix, sotsiologiya, psixologiya, 
tilshunoslik kabi) dan biri ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tilshunoslik 
kishilar orasidagi muloqot vositasi bo‘lgan til hodisalarini tadqiq 
etsa, adabiyotshunoslik ijodkor va o‘quvchi orasidagi badiiy 
muloqot vositasi sanalgan badiiy asarni o‘rganadi. Barcha fanlar 
turli tarmoq, bo‘limlarga ajralgani singari adabiyotshunoslik ham 
muayyan tarkibiy qismlarga bo‘linadi. Bular: “adabiyot tarixi”, 
“adabiy tanqid”, “adabiyot nazariyasi”, “matnshunoslik”dir. 
Ularning har biri adabiyot hodisalarini ma’lum bir yo‘nalish, 
nuqtayi nazar asosida o‘rganadi. Barchasining bosh obyekti esa 
adabiy-badiiy asarlardir.
Adabiyotshunoslikni bunday tarkibiy qismlarga ajratish 
keyinchalik paydo bo‘lgan. Xususan, o‘zbek adabiyoti tarixida 
“adabiyotshunoslik” va “adabiy tanqid” bir-biridan ajratilmagan. 
Aruz, qofiya, badiiy san’atlarga doir risolalarda ilgari surilgan 
nazariy qarashlar adabiyot tarixiga tayanilgan holda ifoda 
qilingan. Bu adabiyotshunoslik tarkibiy qismlari bir-biri bilan 
uzviy bog‘liqligi, ular orasiga Xitoy devori qo‘yib bo‘lmasligini 
bildiradi.
Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlaridan biri “adabiyot 
tarixi” adabiyotning taraqqiyoti tamoyillarini, har bir davrning 
o‘ziga xos xususiyatlarini, ijodkorlarning ijodiy faoliyatini o‘r-
ganadi. Adabiyot tarixi har bir adabiy hodisani mavjud ijtimoiy-
siyosiy voqelik bilan bog‘liq holda talqin qiladi. Qiyoslash orqali 
davrlar adabiyoti orasidagi o‘sish-o‘zgarishlarni aniqlaydi. Milliy 
adabiyotlar o‘rtasidagi farq-tafovutlarni ko‘rsatadi. Adabiyotda 
ro‘y bergan o‘zgarishlarni muayyan belgi-xususiyatlariga ko‘ra 
davrlashtiradi. Albatta, adabiyotning taraqqiyot bosqichlarini 
davrlarga ajratish nisbiydir. Chunki adabiyot tarixini davrlash-


14
15
tirish, avvalo, adabiyot hodisalariga qanday nuqtayi nazardan 
yondashishga bog‘liqdir. Adabiyot tarixida adabiy janrlarda 
ro‘y bergan yangilanishlar, ijodkorlarning hayot hodisalari va 
inson obrazini yaratishda qanday uslub, unsurlar qo‘llagani ham 
aniqlanadi. Chunki adabiyot tarixi adabiy janrlar, adabiy uslublar 
tarixidir.
Adabiyot tarixining predmeti o‘tmish adabiyoti bo‘lib, uni 
jarayon yoki shu jarayonning bir bo‘lagi (bosqichi) sifatida 
tadqiq etadi. Adabiyot tarixining asosida tarixiylik prinsipi 
yotadi. Tarixiylik prinsipi adabiy jarayonni konkret ijtimoiy-
tarixiy sharoit bilan bog‘liq hodisa sifatida o‘rganishni taqozo 
etadi. Ya’ni adabiyot tarixi o‘tmishdagi adabiy hodisalarni, 
yaratilgan asarlarning g‘oyaviy-mazmuniy xususiyatlarini bel-
gilagan, badiiy tafakkur rivoji, poetik usul va vositalarning o‘z-
garishi va shu kabilarga asos bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma-
daniy­ma’rifiy omillarni ochib beradi. Adabiyot tarixi nuqtayi 
nazaridan konkret badiiy asar tahlil qilinganida ham o‘sha asar 
yaratilgan davr, o‘sha paytdagi adabiy jarayon xususiyatlari, 
albatta, e’tiborga olinadi. Adabiyot tarixi tarixiylik prinsipi aso-
sida konkret ijodkorlar faoliyatini ham o‘rganadi.
O‘zbek adabiyotshunosligida tazkiralar adabiyot tarixini o‘r-
ganishda dastlabki muhim manbadir. Sharq mumtoz adabiyoti-
da keng tarqalgan adabiy-tanqidiy janr sanalgan tazkiralarda 
sho irlarning hayoti va ijodi haqida muxtasar ma’lumot berilib, 
ular ning asarlaridan namunalar (odatda, bir necha bayt hajmida) 
keltiriladi va ijodi umumiy tarzda baholanadi. Shuningdek, 
tazkiralarda ijodkorlar haqida ma’lumotlar berish barobarida, 
she’riyat va uning nazariy masalalari bilan bog‘liq fikr­mu­
lohazalar, muayyan bir davr adabiy hayoti haqida muxtasar 
so‘z yuritiladi. Shoirlar emas, balki olimlar, avliyolar haqida 
ham tazkiralar yozilgan (masalan, A.Navoiyning “Nasoyim 
ul-muhabbat”, Sidqiyning “Tazkirai Imomi A’zam” asarlari). 
Tazkira yozish an’anasi dastlab arab va fors adabiyotida, keyinroq 
turkiy adabiyotida paydo bo‘lgan. Abu Mansur as-Saolibiyning 
“Yatimat ad­dahr fi mahosili axli asr” (“Zamona ahlining 
fazilatlari haqida yagona durdona”, XI asr) asari tazkiralarning 
eng qadimgi namunasi sifatida e’tirof etiladi.
Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlaridan yana biri “ada-
biyot nazariyasi” adabiyot va ijtimoiy hayot orasidagi bog‘liq-
likni, so‘z san’ati kishilik jamiyati taraqqiyoti bilan bog‘liq holda 
rivojlanishini, adabiy tur va janrlar tabiatini, ularning o‘ziga xos 
xususiyatlarini, badiiy asar tuzilishi, uni tashkil etuvchi qismlarni, 
asarning tili, ifoda uslubini, badiiy-tasviriy vositalarni, adabiy 
yo‘nalish, adabiy uslub, adabiy maktab, ijodkorning badiiy ma-
horati kabi masalalarni o‘rganadi. Adabiyot nazariyasi badiiy 
adabiyotning mohiyati, rivojlanish omillari, jamiyat hayotidagi 
o‘rni va vazifalari, badiiy asar tabiati hamda uning tuzilishi, 
badiiy til xususiyatlarini tahlil qilib, shu asosda uning umumiy 
qonuniyatlarni ochib beradi. Shuningdek, adabiyot nazariyasi 
badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, 
dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari 
kabi qator umumestetik masalalarni ham so‘z san’ati namunalari 
misolida tahlil qiladi. Adabiyot nazariyasi badiiy asarlarni 
tahlil qilish tamoyillari, baholash mezonlari, tahlil metodlarini 
ishlab chiqib, adabiy-nazariy tushunchalar tizimini yaratadi. 
Adabiyot nazariyasi adabiyotshunoslikning asosini tashkil 
qiladi. U bevosita adabiyot tarixi va adabiy tanqid materiallariga 
tayanadi. Adabiyot nazariyasi shu tarzda adabiyotshunoslikning 
barcha tarkibiy qismlarini bir-biri bilan o‘zaro uyg‘unlashtiradi. 
U shu asosda adabiyotni inson ma’naviy­ma’rifiy faoliyatining 
bir ko‘rinishi sifatida tahlil qiladi. Zotan, adabiyotning haqiqiy 
namunalarida insonning qalbi, tafakkuri aks etadi va shu bois ular 
boshqalar ongi, shuuriga ta’sir etadi. Masalan, Alisher Navoiy, 
Uilyam Shekspir, Fyodor Dostoyevskiy singari san’atkorlarning 
asarlari necha yuz yil muqaddam yozilgan bo‘lsa-da, hozir 
ham, bundan keyin ham kishilarni befarq qoldirmaydi va ularni 
hayot kurashdan iborat ekanligi, kishilararo munosabatlarning 
murakkabligi haqida o‘ylantiradi. Alisher Navoiyning:


16
17
Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglim pisand etmas.
Ne bahra topqomen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.
kabi misralari mangu haqiqatni ifoda etgan donishmandona fikr 
sifatida hamisha kishilarning ziddiyatli o‘ylarga to‘la ko‘ngil 
dunyosining aniq manzarasini ifoda etadi.
Adabiyotshunoslikning uchinchi tarkibiy qismi “adabiy 
tanqid” joriy adabiy jarayonni tahlil qilib, bosilib chiqayotgan 
asarlarning g‘oyaviy-estetik qimmatiga baho beradi, adabiy ja-
rayonda paydo bo‘layotgan o‘zgarish, yo‘nalish, uslublarni 
aniqlab, asarlarning kishilar did, saviyasi, tafakkuriga ta’siri ha-
qida fikr bildiradi. Joriy adabiyot hodisalari xususida mulohaza 
bildiruvchi adabiyotchi mutaxassis, ya’ni munaqqid kitobxon va 
yozuvchi, shoir o‘rtasida o‘ziga xos vositachi, hakam vazifasini 
bajaradi. Munaqqidning keng tafakkur bilan mulohaza yurita 
bilishi adabiyot ravnaqi va o‘quvchilar ommasi did-saviyasining 
yuksalishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. Munaqqidlar faoliyati 
jamiyatda ijtimoiy fikrning faollashishiga samarali ta’sir ko‘rsat­
gan asosiy omillardan biri bo‘lganini tasdiqlovchi dalillar tarixda 
talaygina.
Jamiyat ma’naviyatining poydevori sanalgan adabiyot turli 
xalqlar tilida turlicha ataladi. Chunonchi “literatura”, “sloves nost”, 
“wortkunst” so‘zlari yevropa xalqlari orasida keng qo‘llanadi. Hozir 
she’riyat ma’nosida qo‘llanadigan “poetika”, “poeziya” so‘zlari 
ham avval “adabiyot” ma’nosida ishlatilgan. Aristotel (eramizdan 
avvalgi 384–322-yillar) “Poetika” nomli asar yozib, adabiyot va 
uning xususiyatlari xususida mulohaza bildirgan. V.Belinskiy (1811–
1848) adabiy tur va janrlarni ta’riflab, tahlil qilganida “literatura” 
so‘zi o‘rnida “poeziya” so‘zini qo‘llagan. Biroq “adabiyot” istilohi 
muqobili sifatida qanday so‘z qo‘llanmasin, shunisi aniqki, bu so‘z 
barcha zamonlarda hamma xalqlar hayotida alohida o‘rin tutgan. 
Jumladan, turli sohalarga taalluqli barcha manbalar ham “adabiyot” 
deb yuritilgan. Iqtisodiyot, texnika kabi tarmoqlarga oid jamiki 
kitoblar, maqolalar, umuman, yozma manbalar “iqtisodiy 
adabiyot”, “texnika adabiyoti”, “siyosiy adabiyot” va hokazo 
deb yuritilgan.
Adabiyot atamasi azal-azaldan kishilar turmushida juda 
keng qo‘llangan bo‘lishiga qaramasdan, uning mohiyatini to‘la-
to‘kis ifoda qiladigan yagona so‘z topilmagani esa juda qiziqdir. 
Masalan, “literatura” so‘zi adabiyotning yozma xususiyatini 
ifoda qiladi. “Literatura” “yozilgan, bosilib chiqqan, chop etilgan 
yozuv mahsulotlari” demakdir. Chunki lotincha “litera”dan 
hosil bo‘lgan bu so‘z “harf” degan ma’noni bildiradi. Biroq 
adabiyotning yozma shakli bilan birga, uning og‘zaki shakli 
ham mavjuddir. Qolaversa, folklor, ya’ni xalq og‘zaki adabiyoti 
yozma adabiyotdan avval paydo bo‘lgan. U yozma adabiyotning 
maydonga kelishiga asos, poydevor sifatida kishilik jamiyati 
tafakkuri tarixi, xayoloti va dunyoqarashi rivojini o‘zida 
aks ettirgan. Shu boisdan “Adabiyotning yozma va og‘zaki 
xususiyatini ingliz tilida qo‘llanadigan “literatura” terminidan 
ko‘ra nemischa “wortkunst” yoki ruscha “slovesnost” so‘zlari 
o‘zida aniqroq mujassamlashtiradi”, deb yozadi AQShlik ada-
biyotshunoslar R. Uellek va O. Uorren (Теория литературы. – 
Mосква: Прогресс, 1978. – с. 39.).
Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” asarida sanskrit tilida ada-
biyotning olti xususiyati mavjudligi, shulardan biri adabiyot 
odamlarni odobli qilishi, ellarni, xalqlarni birlashtirishi ekanligini 
ta’kidlaydi. Bu Sharqda adabiyotning o‘zak mag‘zini azaldan 
odob, ma’naviy-axloqiy, aqliy-intellektual tarbiya masalalari 
tashkil etganini bildiradi. Odob-axloq, adolat, ezgulik, go‘zallik 
esa barcha zamonda umumbashariy qadriyat sanaladi.
Adabiyot nazariyasi muammolari xususida so‘z yuritilganida 
milliy adabiyot doirasida cheklanib qolmasdan boshqa xalqlar 
adabiyotidan ham misollar keltiriladi. Chunki adabiyot milliy 
bo‘lish barobarida, umuminsoniy hodisa hamdir. Adabiyot 
barcha zamonda hayotni aks ettiradi va inson hamisha uning 
asosiy qahramoni, bosh obyekti bo‘lib qoladi. So‘z san’atining 


18
19
bu kabi xususiyatlari uning ilmiy-nazariy muammolarini turli 
xalqlar adabiyoti bilan bog‘liq holda tahlil qilishni taqozo qiladi. 
“Jahon adabiyoti” tushunchasini birinchi marta 1827-yilda Gyote 
iste’molga olib kirgan, deyiladi. “Jahon adabiyoti” esa muayyan 
mezonlarga asoslanadi. Yozuvchi “jahon adabiyoti”ga kirishi 
uchun avvalo u o‘zi mansub milliy madaniyat rivojiga salmoqli 
hissa qo‘shgan bo‘lishi, asarlari milliy adabiyotda yuksak o‘rin 
tutishi, ularda umuminsoniy qadriyatlar ulug‘lanishi, umum-
bashariy muammolar aks ettirilishi, inson dunyosi va olam 
muammolari yangicha talqin etilishi, hayot hodisalari o‘ziga xos 
san’atkorona mahorat bilan gavdalantirilishi hamda ijodkorning 
asarlari turli mamlakatlarning mutaxassislari tomonidan e’tirof 
etilgan bo‘lishi kerak. Shu nuqtayi nazardan qaralganda Alisher 
Navoiy ijodi Homer, Firdavsiy, Nizomiy, Husrav Dehlaviy, Hofiz, 
Sa’diy, Dante, Shekspir, Gyote, Pushkin, Dostoyevskiy, Tolstoy, 
Tagor kabi jahon adabiyoti namoyandalari qatorida turadi. 
Bu ijodkorlar esa uzoq vaqtdan beri o‘z milliy adabiyotining 
tajassumi, o‘ziga xos ramzi bo‘lib keladi. Ular so‘z san’atida 
chinakam yangilik yaratishgan. Ularning asarlari asrlar davomida 
boshqa ijodkorlar uchun o‘ziga xos ibrat namunasiga aylangan.
Adabiyotning tabiati, vazifalari xususida barcha davrlarda 
ju da ko‘plab asarlar yozilgan. Jumladan, sho‘ro siyosati hukm 
surgan davrda ham rus, o‘zbek va boshqa xalqlar olimlari to-
mo nidan adabiyot haqida qator tadqiqotlar bitilgan. Ularda ada-
biyotning paydo bo‘lishi, shakllanishi, rivoji, janrlari tabiati, 
adabiyotdagi an’anaviylik va yangilanish jarayonlari xususida 
mulohazalar ilgari surilgan. Biroq sho‘ro davrida bosilgan ak-
sariyat kitob va maqolalarda adabiyotning sinfiyligini ta’kid­
lashga, uning shu xususiyatini bo‘rttiribroq ko‘rsatishga alohida 
e’tibor qaratilgan. 
Angliyalik adabiyotshunos Terri Igltonning “Adabiyot na-
zariyasi: Kirish” tadqiqotida XIX asr romantik ijodkorlari 
asarlaridan tortib XX asr oxiridagi postmodernistlar asarlarigacha 
so‘z yuritiladi va unda siyosat va adabiyot nazariyasi o‘rtasidagi 
aloqadorlikka e’tibor qaratiladi. Ushbu muammoni yoritish uchun 
dastlab “adabiyot nima?” degan savol qo‘yiladi. Yelena Buchkina 
rus tiliga tarjima qilgan mazkur tadqiqot mundarijasi “Kirish. 
Adabiyot nima?”, “Ingliz so‘z san’atining paydo bo‘ lishi”, 
“Fenomenologiya, germenevtika, retseptiv nazariya”, “Struk-
turalizm va semiotika”, “Poststrukturalizm”, “Psixoanaliz”, 
“Xulosa: siyosiy tanqid”, “So‘ngso‘z” bo‘limlaridan iborat bo‘lib, 
u Mixail Mayaskiy va Dmitriy Subbotin tahriri ostida 2010 yilda 
Moskvada “Территория будущего” nashriyot uyida bosilib 
chiqqan. “Aleksandr Pogorelskiyning universitet kutubxonasi” 
turkumida nashr qilingan ushbu kitobga Yelena Buchkina 
“Ada biyotni o‘zgartiruvchi adabiyotshunoslik” degan sarlavha 
bilan salmoqli maqola bitgan va u qavs ichida “tarjimon so‘z 
boshisi” deb berilgan. Mazkur so‘zboshida Terri Iglton taniqli 
zamonaviy britan adabiyotshunoslaridan biri ekanligi, u irland 
ishchi oilasida tug‘ilib o‘sgani, katolik maktabini tamomlab, 
Kembridj universitetiga o‘qishga kirgani, Reymond Uilyamsga 
shogird bo‘lib, uning ta’sirida G‘arb adabiy tanqidchiligidagi 
eng ta’sirchan an’analarni o‘rgangani, “Adabiyot nazariyasi: 
Kirish” kitobini ustozi Reymond Uilyamsga bag‘ishlagani, 
adabiy-estetik qarashlari Frankfurt maktabi va Lui Altyusser 
tadqiqotlari ta’sirida shakllangani, Igltonning o‘zi ham ana shu 
maktab rivojiga hissa qo‘shgani, Frankfurt maktabining e’tibor 
qozonishida Uilyams, Iglton bilan birga, Styuart Xoll, Stiven 
Xit hamda Kolin Makkeyb tadqiqotlari alohida o‘rin tutgani 
ta’kidlanadi.
So‘z boshida Terri Iglton sovet adabiyotshunosligi an’analari 
asosi marksizm bilan bog‘langani, marksistik ijtimoiy tanqidning 
ildizi esa formalizmga tutash ekaniga e’tibor qaratgani, for-
malizm adabiyotshunoslik tarixidagi muhim yo‘nalishlardan 
biri ekani, britan adabiyotshunosi V. Shklovskiy, V. Jirmunskiy, 
Y.Tinyanov, Eyxenbaum, G. Vinokur kabi rus olimlari asarlarini 
chuqur tahlil qilgani qayd etiladi.
Adabiyot nima ekani va uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, 
kishilar ongi, dunyoqarashiga ta’siri masalasi barcha zamonda 


20
21
dolzarb muammo sifatida diqqat markazida turadi. Bu muammo 
adabiyotshunoslik masalasi bo‘lishi barobarida, odamlarning 
adabiyotga munosabatini aniqlash, ularning dunyoqarashidagi 
o‘zgarishlarni bilib olishga imkon beradi. Tarixiy burilishlar 
davrida har bir xalqning hayotida esa “Hozir adabiyotning 
ahvoli qanday? Endi adabiyot qanday bo‘lishi kerak?” degan 
savol paydo bo‘ladi. O‘sha paytda ayni muammo ilg‘or 
ziyolilarni har qachongidan ko‘ra ko‘proq o‘ylantiradi. XX asr 
boshida Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy singari 
ijodkorlarning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati ham shundan dalolat 
beradi. Chunki adabiyot san’atning boshqa turlariga qaraganda 
kishilarning dardi, g‘am-qayg‘usi, o‘zi yashayotgan muhitga 
munosabati, istak-xohish, orzu-umid, intilishlarini, bir-biri bilan 
o‘zaro aloqasini o‘zida aniqroq aks ettiradi. Shu bois adabiy 
jarayonga, badiiy asarlarga, shoir, adib, adabiyotshunoslar hayoti 
va ijodiy faoliyatiga munosabat bildirganda, albatta, ijtimoiy 
davrning o‘ziga xos jihatlari e’tiborga olinadi.
Adabiyot sho‘ro hukmronligi davrida mustabid hokimiyat 
siyosatini targ‘ib-tashviq etuvchi eng asosiy g‘oyaviy qurol vazi-
fasini o‘tagan. Shu boisdan, bu davrda adabiyotga, adabiyot to‘g‘-
risidagi ilmga alohida diqqat qaratilgan. E’tirof qilish lozimki, 
XX asrda o‘zbek adabiyotshunosligi ham miqdor jihatidan misli 
ko‘rilmagan o‘zgarishga erishdi. Fitratning “Adabiyot qoidalari”, 
“Aruz haqida”, I. Sultonning “Adabiyot nazariyasi”, O‘zbekiston 
FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti xodimlari 
tomonidan yaratilgan ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi”, uch 
jildlik “Adabiy turlar va janrlar” singari tadqiqotlar adabiyot 
to‘g‘risida dunyo ilm-fanida erishilgan xulosa, natijalar muayyan 
darajada mujassamlashtirilgan. 
Terri Iglton tadqiqotida shakl muammosiga alohida e’tibor 
qaratiladi. Chunki G‘arbda san’atning barcha turlariga avvalo 
shakl hodisasi sifatida qaraladi. Sharqda ham ayni holat kuzatiladi. 
Aruzdagi qat’iy tartib-qoida, nazirabozlik, muvashshahbozlik 
azaldan mavjudligi shundan dalolat beradi. San’at va adabiyotdagi 
yangicha shakllar, turli uslub, yo‘nalishlar hayot voqeligini 
ta’sirchan ifodalash va inson obrazini yorqin aks ettirishga 
intilishdan kelib chiqadi. Odam tabiatida esa shaklga berilish – 
suratga mahliyolik hissi mavjud. Chunki odam borliqni ko‘proq 
eshitish va ko‘rish orqali qabul qiladi. Insonda hid bilish, ta’m 
bilish, issiq-sovuq, yorug‘lik, qorong‘ulikni sezish hissidan ko‘ra 
eshitish va ko‘rish hissi ustunroq turadi. Shuning uchun kishilar, 
birinchi navbatda, narsa-hodisalarning tashqi ko‘rinishi – shakli, 
suratidan ta’sirlanadi. Ko‘rkam, chiroyli, bejirim narsalar ichi 
qanday ekanligidan qat’i nazar, birdan e’tiborni tortadi. Shu bois 
formalistlarning san’atni shakl hodisasi sifatida qarashi muayyan 
asosga ega. Terri Iglton “Adabiyot kafolatlangan va muayyan 
qimmatga ega, o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turuvchi 
asarlar to‘plami sifatida mavjud emas. Shuning uchun ushbu 
kitobimda “adabiy” va “adabiyot” so‘zlarini mazkur terminlar 
hayot voqeligida mavjud emasligini ko‘rsatish uchun ataylab 
o‘chiraman. Milliy adabiyotdagi “adabiy kanon”, barqaror “ulug‘ 
an’ana” muayyan davrda mavjud sharoit taqozosi ta’sirida aniq 
kishilar tomonidan shakllantirilgan konstrukt sifatida tushunilishi 
zarur. Kim aytishi, yozishi yoki kim to‘plab, u haqda biror nima 
deyishi mumkinligidan qat’i nazar, o‘z-o‘zicha qimmatga ega 
adabiy asar yoki an’ana mavjud emas” deydi. (Iglton. T. Teoriya 
literaturы: Vvedenie. – M.: Издательский дом “Территория 
будущего”, 2010. – 8­bet). Uning bu fikridan badiiy asarning 
qimmati, qadr topishi, adabiy an’analarning paydo bo‘lishi va 
saqlanishi o‘z-o‘zicha bo‘lmasligi, balki bu narsa inson omiliga – 
kimningdir fikriga bog‘liqligi, muayyan fikrning qaror topishi 
ijtimoiy hayotda, siyosatda bo‘lgani singari adabiyotda ham 
barcha zamonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini bildiradi.
Har bir fanning obyekti bo‘lgani singari adabiyotshunos-
lik ning ham o‘z o‘rganish manbasi bor bo‘lib, bu – badiiy ada-
biyotdir. Badiiy adabiyot esa inson tafakkurining eng noyob 
ne’matlaridan biridir. Ijtimoiy ong shakllaridan biri hisoblangan 
badiiy adabiyotning og‘zaki va yozma shakllari mavjuddir. 


22
23
Ularning har ikkalasi uchun ham bosh obyekt inson va uning 
o‘ziga xos dunyosidir. Albatta, tabiat hodisalari, hayvon, 
jonivorlar hayotiga bag‘ishlangan asarlar ham bo‘ladi. Biroq 
ularda ham aslida kishilar nazarda tutiladi, odamlarga saboq 
bo‘ladigan, manfaat keltiradigan fikr, xulosalar ilgari suriladi. 
Tun, kun, quyosh, oy, yulduzlar, yil fasllari, o‘simliklar haqida 
mulohaza yuritilganda ham avvalo odamlar hayoti, turish-
turmushi e’tiborga olinadi. Tabiat hodisalari, hayvonlar, 
o‘simliklar haqidagi asarlar ayni chog‘da kishilarning (demak, 
ijodkorning ham) badiiy tafakkur darajasini, mulohaza yuritish 
miqyoslarini, xayol, tasavvur olamining qamrov doirasini ham 
bildiradi.
Badiiy adabiyotda kishilar dunyosi, ularning o‘zaro muno-
sabatlarini aks ettirishdan avval borliq hodisalari ta’rif-tavsif 
etilib, ular xuddi kishilar singari jonlantirilgan. Quyosh, oy, 
shamol, o‘simlik, hayvonlar xuddi odamlar singari gapirtirilgan.
Asarlar badiiy qimmatiga ko‘ra mumtoz, ya’ni klassika 
hamda ommaviy adabiyotga ajratiladi. Badiiy jihatdan mukam-
mal asarlar mumtoz, badiiy nochor asarlar esa ommaviy ada-
biyot namunalariga kiritiladi. Adabiy asarlarning aksariyati 
(jum ladan: sarguzasht, detektiv, fantastika kabilar) belletristika 
sanaladi. “Belletristika” deganda, hozirgi paytda matbuotda, 
nashriyotlarda tijorat maqsadini ko‘zlab chop etilayotgan yengil-
yelpi bitiklar tushuniladi. Ommaviy adabiyotning ayrim na-
munalari keng o‘quvchilar ommasi orasida tez tarqalib, qo‘lma-
qo‘l o‘qiladi. Shu bois ular katta tirajlarda chop qilinadi. Bunday 
asarlar bestseller deyiladi. “Bestseller” inglizcha so‘z bo‘lib, 
“eng ko‘p, eng yaxshi sotiladi” degan ma’noni bildiradi.
Adabiyot kishilar ruhi va tafakkurini tozartiradi, deyiladi. 
Xo‘sh, u bunga qanday erishadi? Adabiyot bunga hodisalarni 
so‘z orqali jonli, ta’sirchan ifodalash vositasida erishadi. 
Masalan, Abdulla Qodiriy qahramonlaridan birining qiyofasini 
bu tarzda tasvirlaydi: “Bizning o‘zbeklarda, ayniqsa, Qo‘qonda 
maxsus bir tus, sariqqa moyil bir tus bor. Lekin bu tusni kestirib 
sariq, deb bo‘lmaydi. Chunki biz og‘riq kishining tusini sariq 
deymiz. Zarcha, za’far tuslari ham bunga dag‘allik qiladilar. 
Ta’birimiz qo‘pol tushmasa, bu go‘zal qiz och ra’no gulning 
tusida yoki oq-sariq tusda yaratilgan edi. A’zoda o‘sgan tuklarga 
ham haligi tusning ta’siri bo‘ladi. Ra’noning sochi gungurt-
qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora ko‘rinsa ham, quyoshda 
bir oz sarg‘ish bo‘lib ko‘rinar edi. Shunga o‘xshash Ra’noning 
ko‘zida ham buning asari ko‘riladi: mudavvarga moyilroq jodu 
ko‘zi kishiga qattiq qaraganda, qoralikdan boshqa yana bir 
turli qizg‘ish nur sochar edi. Kipriklar ortida nafis bir surma 
doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi ko‘rinsa ham ko‘ndalang 
yotgan ikki qilich orasini nafis bir quyilib ko‘tarilish ajratib 
turar edi. Burni hech bir munaqqidga berishmaslik mutanosib, 
har zamon uyalish tabassumiga hozir turgan nafis irinlarning 
yuqorigi qismida sezilar-sezilmas tuklar ko‘kargan edi. Yuzi 
cho‘ziq ham emas, oykulcha ham deb bo‘lmas; kishiga kulib 
qaraganda qizil olma ostlarida ikki zomma ravshanlik hosil 
bo‘lar, go‘yo bizga chin ra’no guli ochilgan holatda ko‘rinar 
edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillar orqa-o‘ngini 
tutib yotar, qaddi uzunlik bilan qisqalikning o‘rtasi, do‘ndiq 
barmoqlarining jimjilog‘ida xina gullari; har holda, bu qiz 
yolg‘iz Qo‘qondagina emas, umuman, Farg‘onaning kuylariga 
qo‘shilib maqtalaturgan go‘zallaridan edi” (“Mehrobdan 
chayon”. – Toshkent: O‘qituvchi, 1978. – 15–16­б.).
Yozuvchining qahramoni ko‘rinishi haqidagi bu so‘zlari 
kishi ko‘z oldida ko‘rkam, jozibali, istarasi issiq yosh go‘zal 
qiz qiyofasini namoyon qiladi. Uning tasavvur, xayolida jozib, 
oydin bir manzarani jonlantiradi. Chunki adib bitgan so‘zlar 
o‘quvchining his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladi. Tarix kitoblaridagi 
mana bu kabi so‘zlar esa u darajada ta’sir eta olmaydi: “Mat-
riarxat davrida qadimgi odamlarning asosiy mashg‘ulotlari 
termachilik, hayvonlarni ovlash bo‘lgan. Jamiyat hayotida ayol 
asosiy o‘rinni egallagan. Urug‘ turmushi uning qo‘lida bo‘lgan. 
Ayol o‘choqlarni saqlagan, bolalarni tarbiyalagan, ovqatni taq-


24
25
simlagan. Mehnat qurollari va xo‘jalik shakllari takomillasha 
borib, keyinchalik jamoatga erkak kishi bosh bo‘lgan. Insoniyat 
hayoti tarixining bu bosqichini olimlar patriarxat deb atashgan” 
(A. Sa’dullayev, V.Kostetskiy, N.Norqulov. O‘zbekiston tarixi. 
– Toshkent: “Sharq” nashriyot­matbaa konserni, 1999. – 25­б.). 
Tarix kitoblaridagi bu singari mulohazalarning badiiy adabiyot 
asarlari darajasida ta’sirchan emasligining boisi shundaki, 
muarrixlar bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni oddiy, jo‘n holda 
ma’lum qiladilar. Yozuvchi, shoir esa mavjud voqelikni go‘yo 
harakatlanayotganday ko‘rsatadi. Ularning ko‘zga dabdurustdan 
tashlanavermaydigan jihatlari haqida fikr bildiradi. Hodisani 
ayni chog‘da bo‘layotgandek jonli holatda gavdalantirishga 
intiladi. Buning uchun xilma-xil qiyos, chog‘lantirish, tashbeh, 
o‘xshatishlarni qo‘llaydi. Ular badiiy adabiyotning muhim 
asoslaridir. Xo‘sh, badiiylikning o‘zi nima?
Badiiylik hodisalarni hayotiy, jonli manzaralarda, kishini 
ta’sirlantiradigan, unda tasavvur uyg‘otadigan qilib tasvirlashdir. 
Badiiylik barcha san’at turlariga xos hodisadir. Badiiyliksiz san’at 
yo‘qdir. San’atning mavjudligi, mohiyati uning badiiyligidadir. 
Badiiylik shakl va mazmun mutanosibligi tufayli ta’sirchanlik 
kasb etadi. Adabiyotning badiiyligini ta’minlaydigvn eng bi-
rinchi omil uning tilidir. Chunki adabiyot so‘z san’atidir. Tasviriy 
san’at asarlariga ranglarning yorqinligi, ularning o‘z o‘rnida 
qo‘llanishi joziba baxsh etsa, adabiy asarni so‘z nafosatli qiladi. 
Adabiy asarda hayotning kundalik oddiy hodisalari so‘z tufayli 
yorqin, hayajonlantiradigan bo‘lib ko‘rinadi.
Adabiyotshunoslikning asosiy obyekti sanalgan badiiy ada-
biyotning ikki shakli: xalq og‘zaki ijodi (folklor) va yozma ada-
biyotni biridan birini past yoki baland qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki 
har ikkisi ham so‘z san’atidir. Xalq og‘zaki ijodi namu nalarida 
ham, yozma adabiyot asarlarida ham hodisalar ta’sirchan gav-
dalantiriladi. Ijtimoiy-ma’naviy tarixiy taraqqiyot tufayli yozma 
adabiyot qanchalik ravnaqqa erishgan bo‘lmasin, u folklor 
asarlari o‘rnini egallay olmaydi. Folklor yozma adabiyotning 
paydo bo‘lishi, shakllanishi va rivojlanishini ta’minlagan muhim 
asosdir. XX asr adabiyotida yangi yo‘nalishlar yuzaga kelishiga 
ham qadimiy folklor mif (asotir)lari asos bo‘lgan. Umuman, 
yozma adabiyotni yangi timsol, yangi obrazlar bilan boyitib 
borishga folklor asarlari hamisha samarali ta’sir ko‘rsatadi. 
Shuning uchun Lotin amerikalik adib Xorxe Luis Borxes 
“Adabiyotning boshi ham, oxiri ham mifdan iboratdir”, deydiki, 
mif, bu – folklordir (Борхес X.Л. Сочинения в трех томах: том 
1 – M.; 1994. – c. 29.). 
Adabiyot asarlari xalq hayotini, uning donishmandligini 
akslantirish orqali kishilar uchun o‘ziga xos hayot darsligi 
bo‘ladi. Albatta, hech bir adabiy asar: she’r yoki hikoya, roman 
kimgadir hayotda bevosita yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaydi. Biroq 
ular kishilarning qalbini ezgulik, halollik, sabr-u bardoshning 
ulug‘vorligi haqidagi aqidalar bilan tas’sirlantiradi va shu 
tarzda odamlarning turmushda to‘g‘ri yo‘l tanlab olishiga ko‘-
maklashadi. Tabiiy fanlarda katta kashfiyotlar paydo bo‘lishiga 
ham adabiyot asarlari bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ular 
ixtirochi, kashfiyotchilarda nimalargadir havas, intilish uyg‘otadi. 
Qalbda kurtak holida paydo bo‘lgan har qanday havas, intilish 
esa aql-tafakkurni faollashtiradi. Aql ko‘ngilda tug‘ilgan havasni 
ro‘yobga chiqarishga intiladi.
Adabiyotshunoslikning asosiy obyekti bo‘lgan xalq og‘zaki 
ijodi asarlari va yozma adabiyot nima? Xalq donishmandligi, 
hayotiy tajribasini mujassam etgan maqollar, topqirlik, zukkolikni 
taqozo etadigan topishmoqlar, kishilarning qahramonligi, jasur-
ligi, el­yurt manfaati uchun fidoyiligini ta’sirchan voqealarda 
aks ettiruvchi dostonlar, orzu-havas, quvonch-shodlik tuyg‘u-
larini satrlarga singdirgan qo‘shiqlar xalq og‘zaki ijodi asar lari 
sanalsa, “O‘tkan kunlar” (A.Qodiriy)ga o‘xshagan roman lar, 
“Oq kema” (Ch.Aytmatov) singari qissalar, “O‘g‘ri” (A.Qah-
hor) kabi hikoyalar, “Bahor” (A.Oripov) kabi she’rlar yoz-
ma adabiyot namunalaridir. Folklor uchun ham, yozma ada-
biyot asarlari uchun ham mushtarak narsa – ularning hayot 


26
27
hodisalari va inson dunyosini obrazli ifoda etishidir. Obrazlilik 
adabiyotning har ikki shaklini umumlashtirib turuvchi bosh 
xususiyatdir. Folklor bilan yozma adabiyot asarlari orasidagi eng 
muhim farq – biri og‘zaki shaklda, ikkinchisi esa yozma tarzda 
vujudga kelishidadir. Shuningdek, maqol, ertak, topishmoq, 
qo‘shiq singari folklor asarlarning muallifi kim ekani, ularning 
qachon, qayerda yaratilgani noma’lum. “Alpomish”, “Manas” 
singari jahon madaniyati durdonalari sanalgan xalq dostonlarini 
ilk bora kim ijro etgani aniq emas. Buni aniqlashtirishga urinish 
ham o‘rinsiz. Folklor asarlarning o‘ziga xos yana bir xususiyati 
ularning variantliligidir. G‘azal, ruboiy, tuyuq, roman, qissa, 
hikoya singari yozma adabiyot asarlari esa biror bir muallif 
tomonidan yaratiladi va o‘sha asar uning nomi bilan bog‘lanadi. 
Chunki bu asarning yaratuvchisi, kashfiyotchisi uning muallifi 
sanaladi.
XX asrda adabiyotshunoslik tarixi, bu fanning xususiyat va 
vazifalari to‘g‘risida ham qator kitoblar, darslik, qo‘llanmalar 
yozilgan. Universitet, pedagogika institutlari filolog talabalariga 
asosiy mutaxassislik fanlaridan biri sifatida o‘qitib kelingan 
adabiyotshunoslik va uning tarkibiy qismlari sanalgan adabiyot 
tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi, matnshunoslikka doir 
ko‘plab kitoblar, maqolalar e’lon qilingan. Ularning barchasi 
muayyan ilmiy-nazariy qimmatga ega bo‘lib, so‘z san’atining 
inson hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati haqidagi tushuncha, 
tasavvurlarni teranlashtirishga xizmat qiladi.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin