www.ziyouz.com kutubxonasi
26
yugura boshladim. — Men hazil qilayotganim yo‘q, haqiqatan ham pritseplar ulash mumkin...
Keksa, oqsoqol shofyorlardan biri jahli chiqib, oldimga keldi-da:
— Men bu yerda shofyorlik qila boshlagan paytlarimda sen hali ishtonchan yurgan go‘dak eding.
Tyan-Shan tantsa maydoni emas, senga juda rahmim kelyapti, xalq o‘rtasida masxarabozlik qilma! —
dedi.
Odamlar meni masxara qilishib, mashinalariga tarqala boshladilar. Shunda men butun stantsiyani
boshimga ko‘tarib baqirdim:
— Sizlar shofyor emas, xotinchalishlarsiz!
Buni bekor qilgan ekanman, boshimga balo orttirib oldim.
Hamma to‘xtab, baravariga menga qarab yopirilib kela boshladi:
— Nima deding, ablah! Ko‘pchilikning hayoti bilan o‘ynashmoqchimisan!
— Novator! Mukofot olmoqchi! — deb shovqin soldi Jontoy. G‘ala-g‘ovur zo‘rayib ketdi, odamlar
meni iskanjaga olib, yashiklarga qisib qo‘yishdi.
— Masxara qilyapsanmi hali!
— Sol tumshug‘iga!
— Mishig‘ingni artib olsang-chi!
Do‘pposlab, dabdala qilib tashlashsa kerak, deb o‘ylab, yerdagi yotgan taxtani qo‘limga oldim.
— Qani, chetroq tur, yo‘l ber! — deb hushtak chalib, kimdir hammani itarib-surib kela boshladi.
Bu Alibek edi.
— Jim! — deb baqirdi u. — Sen, Ilyos, tushuntirib gapir! Tezroq so‘zlay qol!
— E, nimani gapiraman! — dedim men nafasim bo‘g‘zimga tiqilib. Chunki hali og‘iz ochishga
ulgurmasdanoq yulib-tortqilashib, tugmamdan birontasini ham qoldirishmay uzib yuborishgandi. —
Men dovonda bir mashinani yuki bilan shatakka olib, yo‘l tuzatuvchilar uchastkasigacha oborib
qo‘yganman. Bor gap shu.
Yigitlar ishonmagandek jim bo‘lib qolishdi.
— Xo‘sh, torta oldingmi? — deb so‘radi kimdir shubhalanib.
— Ha, butun Do‘landan to uchastka hovlisigacha tortib bordim.
— Ho, juda zo‘r-u! — dedi kimdir ajablanib.
— O‘zicha valdirayapti-da! — deb e’tiroz bildirdi ikkinchi biri.
— Faqat muttahamlargina valdiraydi. Buni Jontoy ham ko‘rgan. Hoy, Jontoy, qayoqdasan? Ayt!
Qanday uchrashganimiz esingdami?..
Ammo Jontoyning ovozi chiqmasdi. U yer yorilib, yerga kirib ketgandek, g‘oyib bo‘ldi-qo‘ydi. U
ablahdan nafratlanib yurganim bejiz emas edi. Hozir buni o‘ylab turadigan vaqt emasdi. Odamlar
bahslashib ketdi. Meni quvvatlagan odamlar ham bo‘lishdi. Biroq qandaydir bir shakkok chiqib,
birdaniga ularni fikrlaridan qaytardi-qo‘ydi:
— Bekorchi gap sotishning nima keragi bor! — deya to‘ng‘illay boshladi u. — Birov bir ishni bir
marta qilsa qilibdi-da! Bunday hodisalar ozmi! Biz yosh bola emasmiz. Trassamizda pritseplar ulab
yurish man etilgap. Bunga hech kim ruxsat ham bermaydi. Mehnat xavfsizligi injenerlariga shunday
deb ko‘r-chi, nima derkin: shunaqayam boplasinki, dodingni xudoga ayt-gin. Sizlarni deb
javobgarlikka tortilishni xohlamasa kerak... Gapning o‘g‘il bolasi shu.
— E, qo‘ysang-chi! — deb gapga aralashdi boshqa birov. — Ruxsat bermaydi deganing nimasi!
Mana, Ivan Stepanovich o‘ttizinchi yillarda polutorka mashinada dovonni birinchi bo‘lib ochgan. Unga
ham hech kim ruxsat bermagan edi. U o‘z bilgicha qilgandi bu ishni. Mana o‘zi, hali o‘lganicha yo‘q...
— Ha, darvoqe, shunday bo‘lgan edi, — deb tasdiqladi Ivan Stepanovich. — Ammo hozir
shubhalanib turibman: axir bu yerdan hatto yozda ham hech kim pritsep bilan o‘tgan emas, hozir esa
qish...
Shu paytgacha indamay o‘tirgan Alibek gapga aralashdi:
— Yetar shuncha tortishganimiz. Ilyosning taklifi hali sinab ko‘rilmagan narsa bo‘lsa ham o‘ylab