Turkiston qayg’usi. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
Alixonto‘ra Sog‘uniy
TURKISTON QAYG’USI
Matnni arab imlosidan kirillga o‘tkazib nashrga tayyorlovchilar:
Ahadxonto‘ra G’APPOROV
Uvaysxonto‘ra
SHOKIROV
Ushbu kitob ulug‘ bobokalonlarimizdan bo‘lgan alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy
qalamlariga mansub nodir bir asardir. Muallif «Turkiston kayg‘usi» (1966—1973) nomli
bu asarida xalqimiz qanday kilib bosqinchilarga qaram bo‘lib qolgani va dinni, Vatanni,
millatni asrash kerakligi, mustaqillikni qo‘lga kiritish uchun nimalar qilmoq
zarur ekanligi
to‘g‘risida o‘sha mustabid sovet tuzumi davrida yetuk siyosiy arbob sifatida chuqur
siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etadi.
Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan to XIX
asr oxirigacha bo‘lgan
davr ichida qurgan davlatlari, Amir Temur haqida, turkiy xalqlar
etnografiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar ham bor.
Kitobdan oliy o‘quv yurtlari talabalari va tarix bilan qiziquchi keng kitobxonlar ommasi
foydalanishlari mumkin.
ULUG’ BOBOM VA «TURKISTON QAYG’USI» ASARI HAQIDA
Bismillohir rohmanir rohiym
Muhtaram o‘quvchi! Ma’lumdirki, inson bolasi o‘z padari buzrukvoriga qarab qad
rostlaydi. Lekin millatni jahon miqyosida shuhratlantiradigan buyuk shaxslar haqida
yozish
hamisha sharafli, mas’uliyatli va bir vaqtda o‘ta murakkab vazifadir. Mazkur
vazifaning qo‘shimcha og‘irligi o‘z bobongiz haqida yozishdir, chunki «hissiyotlarga
berilib, mavzu xolisona yoritilmagan» deyilishi mumkin gumonlarga asos bo‘lmasligi
kerak. Shu sababli boshqalar yozishadi degan umidda ko‘p yillar o‘tdi. Keyingi yillarda
bosilib chiqayotgan maqolalarning ko‘pi bir tomonlama bo‘lib, Alixonto‘rani o‘z
davrining
siyosiy, mafkuraviy tuzumini qabul qilgan, uning g‘oyalariga ishonib aldangan olimlar
qatorida ifoda etishga urinishlar bo‘ldi. Bu, albatta, shu davrning yozuvchilari uchun
qulay, chunki bu inson ham o‘zimizdan edilar demoqchi bo‘lishadi. Lekin haqiqat unday
emas ekanligini ushbu kitobdan bilib olasiz. Shu bois bu haqda batafsilroq ma’lumot
berish zarur deb bildim.
Ulug‘ bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885 — 1976), Alloh
u kishini rahmat qilgan
bo‘lsin, komil inson bo‘lib, zamonamizning ko‘p ilmlarni mukammal egallagan buyuk
allomalaridan edilar. Birinchi navbatda u kishi diniy ilm teologiya sohasida katta bilimga
ega bo‘lganligi va mashhurligi hozirgi kunda ko‘pchilikka ma’lumdir. Xususan, «Tarixi
Muhammadiy» asari nashrdan chiqqandan keyin (T., 1991) u kishi nafaqat yurtimizda,
balki butun islom olamida shuhrat qozondi. Shu bilan birga bobomiz o‘tkir
zehn sohibi,
tarix ilmining, ayniqsa islom tarixi va Turkiston tarixining zukko bilimdonlaridan edi.
Sermazmun hayotining oxirgi 30 yili davomida Alixonto‘ra yozib qoldirgan ulkan ilmiy
meros ichida «Turkiston qayg‘usi» tarixiy asari alohida o‘rin egallaydi. Bu asarda u
kishining yigitlik va kamolotga yetgan davri xotiralari asosida o‘z e’tiqodi,
dunyoqarashi,
qaysi g‘oyalar uchun jonfido bo‘lib kurashganlari, nimalarga Vatan ahlini da’vat