2. Haqiqatni bilishda nazariya, amaliyot va faoliyat birligi. Haqiqat – bilish nazariyasining bosh kategoriyasi. U borliqning bilishdagi ideal ifodasi,
chunki haqiqat ongdan, bilayotgan sub’ektdan tashqarida va undan qat’i nazar mavjuddir.
Haqiqat – bilimlarning ob’ektiv borliqqa muvofiq bo‘lgan mazmuni. U bilish jarayoni, bilish
in’ikosining natijasidir. Haqiqat ilmiy nazariyada mujassamlashgan anglab etilgan tasdiqlovchi
mulohazalar ko‘rinishida o‘z ifodasini topadi. Har qanday ilmiy nazariya rivojlantirilishi, ba’zan
boshqa, yanada haqiqiyroq nazariya bilan almashtirilishi lozim. SHu ma’noda haqiqat – bilish
rivojlanishining yakuni va omilidir.
Falsafa tarixida haqiqat (bilimlarning haqiqiyligi) muammosi qadimgi davrlardayoq
ta’riflangan. «Avesto»da haqiqat oliy sharofatdir deyiladi. Darhaqiqat insoniyat doimo haqiqatga
intilgan. Zero, haqiqat adolatga, sharofatga eltadigan buyuk qudrat. Aristotel fikricha haqiqat –
mulohazalar va amaldagi holat o‘rtasidagi muvofiqlikdir. Platon haqiqatni g‘oyalar dunyosiga
mos keluvchi g‘ayritabiiy mustaqil ideal mohiyat sifatida tushungan, inson bilimi jonning shu
g‘oyalar dunyosi bilan mushtarakligi darajasidagina haqiqiydir, deb hisoblagan. Foma Akvinskiy
haqiqat yolg‘on narsalarda emas, balki aqlda mavjud bo‘ladi, har bir narsa o‘zi bog‘liq bo‘lgan
aqlga munosabati darajasidagina haqiqiy deb nomlanishi mumkin, deb qayd etgan.
Beruniy fikricha, haqiqat bilimning voqelikka muvofiqligidir. Forobiy fikricha, haqiqatni
bilish aqlning kamolotiga bog‘liq. Bu aql inson qalbidadir, uning kamolotiga esa, faol aqlga
qo‘shilish orqali erishiladi. Faol aqlda borliqning eng oliy darajasi bo‘lgan. Birinchi sababdan
boshlab to oxirgi haqiqatning barcha sura shakllari mavjud. SHuningdek, Forobiy va uning
izdoshlari fikricha, haqiqat bir nechta bo‘lishi mumkin emas, haqiqat bitta, shu bois falsafa ham
bir nechta bo‘lishi mumkin emas. Forobiy haqiqatning o‘zgarmasligiga ishongan va falsafani
haqiqatning birdan bir ifodasi deb hisoblagan
4
.