3. O‘zbekistonning moliyaviy siyosati va uning o’ziga xos xususiyatlari
Tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlarida davlat o’z oldiga qo’ygan
vazifalarning mazmuni va talablaridan kelib chiqqan holda moliyaviy siyosatning
mazmuni va shakllari ham o’zgarib boradi. Masalan, Sho’rolar moliya-viy
siyosati o’zining mohiyati jihatidan tom ma’noda mustamlaka davlatining
moliyaviy siyosati edi. Shu sabab sobiq SSSR davrida yuritilgan moliyaviy
siyosati O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga
keskin salbiy ta’sir ko’rsatdi.
Sobiq Ittifoq moliyaviy siyosatning yana bir o’ziga xos xususiyati shunda
ediki, u davrda mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda moliyaviy siyosatning
roliga etarlicha baho berilmadi. Jamiyat hayotining barcha jabhalarida va eng
avvalo, iqtisodiy sohada moliyaviy munosabatlarning roli buzib ko’rsatildi.
Moliya va moliyaviy dastaklarning faol roli inkor etilib, moliyaviy siyosat
mamlakat oldida turgan muammolarni hal qilishga qaratilgan zarur usullarni
ishlab chiqishga ojizlik qilib qoldi. Uzoq davrga mo’ljallangan kontseptsiyalarni
ishlab chiqishda iqtisodiy samaradorlik o’rniga ko’proq siyosiy g’oyalarning asos
qilib olinishi, shu bois iqtisodiy
jihatdan kam samara beradi-gan, qisqa muddatli
foyda olishni ko’zlab amalga oshirilgan chora-tadbirlar iqtisodiyotni qiyin
ahvolga olib keldi.
O‘zbekiston Respublikasida ayni davrda amal qilayotgan moliyaviy
siyosatning mazmunini yaxshiroq tushunib olish uchun sobiq sho’rolar davri
hamda mustamlakachilikdan qutulgan davlatlarda moliyaviy siyosatning ayrim
jihatlari haqida qisqacha axborot berish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Siyosiy mustaqillikka erishgan davlatning iqtisodiy mustaqil davlatga
aylanib ketishi o’z-o’zidan amalga oshib ketaveradigan hodisa emas. Lekin
davlat, iqtisodiy, ayniq-sa, moliyaviy mustaqillikka erisha olmasa, uni tom
ma’noda mustaqil davlat, deb bo’lmaydi.
Mustamlaka zulmidan qutulgan davlatni moliyaviy qaramlik iskanjasida
saqlab qolishdan manfaatdor kuchlar hamisha topiladi. Birinchi navbatda sobiq
mustamlakachi davlat va undagi mustamlaka yurt iqtisodiyotini o’z foyda-siga
ishlatib yotgan turli guruhlarda shunday intilish bo’ladi. Masalan, XX asr boshida
va ikkinchi jahon urushidan so’ng Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida o’nlab
davlatlar mustaqillikka erishdi. Lekin siyosiy mustaqillikni qo’lga kiritgan
davlatlarning asosiy qismi moliyaviy jihatdan avvalgi mustamlakachi davlatlarga
qaramligicha qolaverdi. Mustamlakachi davlatlar esa sobiq mustamlakalari iqti-
sodiyotida o’z nufuzlarini saqlab qolish, ularda moliyaviy mustaqillikka erishish
86
uchun qilinayotgan xatti-harakatlarga zimdan zarba berish, ilm-fan rivojiga
to’sqinlik qilib, ishlab chiqarishning fan yutuqlari va yuqori intellektni talab
qiladigan sohalari taraqqiyotini cheklash, ularni arzon ishchi kuchi va xomashyo
mintaqalari sifatida saqlab qolish uchun turli vositalar o’ylab topishdi.
Masalan, rivojlangan davlatlar va yirik transmilliy korxonalar mahsulot
sotish va xizmat ko’rsatish xalqaro bozorini o’zaro taqsimlab olishdi. Ular bu
sohada tartib - intizom o’rnatishdek olijanob g’oya ostida turli xalqaro savdo-
iqtisodiy tashkilotlar tuzishdi. Yosh, rivojlanayotgan davlatlardan birida har
taraflama sifatli, bejirim mahsulot ishlab chiqarildi, deb faraz qilaylik. Jahon
bozorining “xo’jayinlari” yangi mahsulot egasiga ular bilan kelishmasdan, ya’ni
daromadning ma’lum qismini birgalik-da baham ko’rmasdan, xalqaro bozorga
chiqishga imkon bermaslikka harakat qila boshlashdi.
Ba’zan siyosiy mustaqil, iqtisodiy rivojlanish dara-jasi baland davlatlarning
moliyaviy mustaqillikni qo’ldan boy berib qo’yish hollari ham uchraydi. Bunday
hodisa turli sabablarga ko’ra yuz berishi mumkin. Masalan, Yaponiya, Janubiy
Koreya, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Gonkong, Argentina, Rossiya kabi
davlatlar 1997-1998-yillarda moliyaviy inqiroz holatiga tushib qolishdi va bu
hodisa mazkur davlatlar moliyaviy mustaqilligiga juda katta salbiy ta’sir
ko’rsatdi. Ayrim davlatlar, xalqaro moliya-viy idoralardan o’nlab milliard dollar
miqdorida qarz olishga majbur bo’ldi va shu qarzni to’lab qutilgunlariga qadar
amalda mustaqil moliyaviy siyosat o’tkazish huquqini yo’qotishdi.
Bu ro’yxatga tushib qolgan Janubiy Koreya tezda avvalgi mavqeini tiklab
olishga muvaffaq bo’ldi. Negaki, koreys millatida vatanparvarlik va Vatanning
istiqboli uchun fidoyilik juda kuchli ekanligi ma’lum bo’ldi. Koreya
Respublikasida mamlakatning moliyaviy mavqeini tiklash bo’yicha umumxalq
harakati boshlanib ketdi. Jumladan, ixtiyoriy suratda tilla va zeb-ziynat
buyumlarni yig’ish va davlatga tekinga topshirish boshlandi. Birgina “DEU”
kontserni jamoasi yarim kunning o’zida 45 kilogramm oltin yig’di. Mamlakat
bo’yicha bu raqam juda katta miqdorni tashkil etdi.
2008-yili AQSh ipoteka banki tizimida boshlangan inqiroz butun dunyoni
qamrab oldi. Mazkur iqtisodiy inqiroz iqtisodiyotni bozor munosabatlarining
o’zlari tar-tibga solishi kerak, davlatning iqtisodiyotga iloji boricha
aralashmasligi maqsadga muvofiq, degan nazariy qarash va amaliy xatti-
harakatlar noto’g’ri ekanligini ko’rsatdi. Eng muhimi esa, jahonning rivojlangan
davlatlari moliya siyo-satida juda katta xatolar bor ekanligi ma’lum bo’ldi va uni
tubdan isloh qilish zaruriyati kun tartibiga qo’yildi.
Ayrim davlatlarning iqtisodiy rivoji ma’lum bir sohalargagina bog’lanib
qolgan. Faqat turizm, qazilma boyliklar, xomashyo qazib chiqarish bilan xalqaro
iqtisodiy makonda o’z o’rnini topgan davlatlar bunga misol bo’la oladi. Mazkur
87
sohalarga keskin ta’sir ko’rsata oladigan voqealarning yuz berishi (konlarning
tugashi, qurg’oqchilik yoki suv toshqini, sayyohlik marshrutlarining o’zgarishi)
natijasida mamlakat moliyaviy siyosatining mazmuni va shakllari keskin
o’zgarishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, eng katta tabiiy boylik-lar ham hamisha
mustaqil moliyaviy siyosat yuritish va iqti-sodiy taraqqiyotni ta’minlashga etarli
zamin bo’la olmaydi. Agar shunday bo’lganda, Rossiya, Braziliya, Meksika,
Argen-tina kabi davlatlar jahonning eng boy mamlakatlari bo’lishi kerak edi.
Holbuki, ular turli davrlarda dunyodagi eng ko’p qarzi bor davlatlar ro’yxatining
birinchi o’ntaligidan joy olishgan (Rossiya 2000-yillarga kelibgina bu ro’yxatdan
chiqa oldi). Qazilma boyliklari deyarli bo’lmagan Yaponiya esa ularga eng ko’p
qarz bergan davlatlardan biri hisoblanadi.
Keltirilgan misollardagi kabi salbiy holatlar yuz bermasligining oldini
olishda oqilona tanlangan va amalga oshirilgan moliyaviy siyosatning ahamiyati
juda katta bo’ladi.
O‘zbekiston tom ma’nodagi mustamlaka mamlakat edi. Bu yerda yaratilgan
boylik to’laligicha Moskva ixtiyoriga tashib ketilib, xuddi shu boylikning kichik
bir qismi ortga qaytib berilardi. Lekin bu qaytish endi go’yoki Ittifoq hukuma-
tining o’zini o’zi boqishga qodir bo’lmagan xalqqa “yordami” edi.
O‘zbekistondan olib ketilayotgan boyliklarning buxgal-teriya hisob-kitoblari
ham
Moskvada
yuritilar
va
yaratila-yotgan
daromadlar
miqdorini
o’zbekistonliklar bilmasligi uchun turli vosita hamda usullar o’ylab topilgan edi.
Shu bois mustaqillikka erishish arafasida, ya’ni 1989-1991 yillarda
O‘zbekiston davlat byudjeti daromadining 30-40 foizi sobiq Ittifoqdan qaytib
beriladigan subven-tsiyadan iborat edi. Lekin, 1988 yildagi hisob-kitoblarga
ko’ra, O‘zbekistondan olib ketilgan bir yillik paxta tolasi-ning o’zidangina 25
milliard rubl daromad olingan, ya’ni bu miqdor bizga “subventsiya”ga berilgan
2,5 milliard rubl-dan 10 baravar ko’p edi.
1991-byudjet yilida O‘zbekiston uchun yanada og’ir moliyaviy ahvol yuzaga
keldi. Rossiya Federatsiyasi
rahbariyati SSSR davlat byudjetiga Rossiya
hududidan yig’ib olinadigan mablag’ning tushishini to’xtatib qo’ydi. Mazkur
holat Ittifoq byudjetidan O‘zbekistonga qaytishi mo’ljallangan subventsiya
hajmining oldinroq qisqara boshlashiga, keyin esa butunlay to’xtashiga olib keldi.
O‘zbekiston davlat byudjeti va iqtisodiyoti butunlay izdan chiqib ketish xavfi
ostida qoldi.
Shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasi siyosiy
mustaqillikni qo’lga kiritgan kundan bosh-lab mustaqil moliyaviy siyosat yurita
boshladi. O‘zbekiston rahbariyati xalqaro moliyaviy maydonga biz barcha bilan
faqat teng huquqli, o’zaro foydali shartlar asosida iqtiso-diy hamkorlik qilishga
88
tayyormiz, degan pozitsiya bilan chiqdi. Endigina mustaqillikka erishgan
davlatlar rahbarlarining faqat yordam so’rab murojaat etishlariga o’rganib qolgan
xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari uchun O‘zbekiston Respublikasining
mustaqil moliyaviy siyosat kutilmagan hol edi. Aslida mustaqillikni endigina
qo’lga kiritgan mamlakat tashqi moliyaviy yordamga muhtoj edi.
Bir vaqtning o’zida mustaqil O‘zbekistonning mustaqil moliya, bank va
soliq tizimiga asos solish rejali iqtiso-diyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tish
obyektiv zaruriyatga aylangan murakkab bir sharoitga to’g’ri keldi va bu
masalalar ham o’z echimini topdi.
Mustaqil moliya, bank va soliq tizimlarini barpo etish sohasida o’tkazilgan
tadbirlarni bir necha guruhlarga bo’lish mumkin. Buning uchun birinchi navbatda
moliya, soliq va bank tizimini mutlaqo yangi asoslarda barpo etish uchun zaruriy
huquqiy asos yaratildi.
Mustaqil davlatchilik talablari asosida va yangi qonun-chilik negizida bu
sohaning boshqaruv organlari butunlay qaytadan tashkil etildi. Masalan, moliya
vazirligi tizimi tubdan qayta tashkil etilgan bo’lsa, Davlat soliq qo’mitasi butunlay
yangidan barpo qilindi. SSSR Davlat banki O‘zbe-kiston filiali negizida
O‘zbekiston Respublikasi mustaqil Markaziy banki, SSSR davlat
ixtisoslashtirilgan tarmoq banklari O‘zbekiston filiallari asosida paychilikka asos-
langan tijorat banklari tuzildi. Aralash mulk va xususiy mulkchilikka asoslangan
o’nglab yangi tijorat banklari tashkil topdi.
Yuqorida sanab o’tilgan chora-tadbirlar natijasida 1991-1992-yillar
mobaynida mustaqil davlatga xos bo’lgan moliya, soliq va bank tizimlari
shakllana boshladi. O‘z daromadimizdan oqilona foydalanish evaziga, xarajat-
larimizni qiyinchiliklar bilan bo’lsa-da, o’zimiz qoplay boshladik. Bu davrga
kelib, mamlakatimizda bozor iqtiso-diyotini barpo etishning asosiy strategik
masalalari, uning tamoyillari ishlab chiqildi.
Har qanday mustaqil davlat o’zining mustaqil pul birligiga ega bo’lishni
xohlaydi va bu mustaqil davlat-chilikning muhim belgilaridan biri hisoblanadi.
Lekin sobiq SSSR hududida endigina mustaqillikka erishgan davlatlar o’sha
paytdagi sharoitda to o’z milliy pul tizimlarini barpo etgunga qadar “rubl”dan
umumiy holda foydalanib turishlari iqtisodiy zaruriyat edi. Boshqa chora yo’q
ham edi. Chunki siyosiy mustaqillikka erishilgani bilan sobiq ittifoqdosh
respublikalarning bir-biriga qaram qilib tashlangan iqtisodiyotlari bir kunda
mustaqil yashab keta olmasdi. Natijada Hamdo’stlik davlatlarining ko’pchi-ligi to
o’z valyutasini kiritishga etarli sharoit yaratgunga qadar “yagona rubl hududi”da
qolishga xohish bildirishdi va ular 1992-yil oktyabrda “yagona rubl hududi”
to’g’risidagi bitimni imzolashdi. Keyin O‘zbekiston va Rossiya hukumat-lari,
89
Markaziy banklari pul tizimlarini birlashtirish haqidagi ikki tomonlama
shartnomaga qo’l qo’yishdi.
1993-yil namunasidagi yangi rubllar O‘zbekiston hududiga etib kelgandan
keyin mazkur bitim va kelishuvlar Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan bir
tomonlama to’xtatildi.
Bundan sal oldinroq, ya’ni 1993-yilning 10-mayida Qirg’iziston to’satdan
o’z milliy valyutasi – somni muomalaga kiritdi. Xolbuki, Hamdo’stlik
davlatlaridan birortasi o’z milliy pul birligiga o’tishga qaror qilsa, bu haqda
boshqa a’zolarni uch oy oldin rasman ogohlantirish shartligi haqida maxsus
davlatlararo bitim bor edi.
Qirg’izistonda rubl o’rniga somning muomalaga kiritilishi va Rossiya
Federatsiyasi shartnomalarni bekor qilishi tufayli 1993-yil kuziga kelib, yagona
rubl hududi yaratish g’oyasi barbod bo’ldi.
Bu hodisa Hamdo’stlik davlatlari iqtisodiyotiga katta zarar etkazdi, iqtisodiy
islohotlar samarasini sezilarli darajada pasaytirib yubordi, uning ilk natijalarini
yo’qqa chiqardi. O‘zbekistonda endigina shakllanib kela boshlagan moliya va pul
muomalasi tizimini qaytadan jar qirg’og’iga keltirib qo’ydi. Mamlakat iqtisodiy
hayoti o’z maromida davom etishi uchun zarur vositalardan biri bo’lmish pul
tizimi va pul birligisiz qoldi. Iqtisodiy hayot qisqa muddat ichida yana bir bor
butunlay izdan chiqish xavfi ostida qoldi.
Zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil
12-noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to’lov
vositasi sifatida “So’m-kupon”larni muomalaga kiritish to’g’risida”gi qarori
asosida 15-noyabrdan boshlab so’m kuponlar muomalaga kiritildi. “So’m –
kupon”larning 1, 3, 5 va 10 so’mliklari Angliyada ishlangan bo’lsa, 25, 50, 100
so’mlikdan 10 ming so’mlikkacha bo’lgan qismi o’z pul fabrikamizda bosib
chiqarildi.
Pul belgilarini ishlab chiqish g’oyatda murakkab, ko’p mehnat va yuqori
aniqlik talab etadigan jarayon bo’lib, unga erishish yuksak texnik va texnologik
tayyorgarlikni taqozo qiladi. O‘ta qisqa fursat ichida, ya’ni 1993-yildayoq
zamonaviy texnika va texnologiya asosida pul, boshqa qimmatli qog’oz va tanga
ishlab chiqara oladigan “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi qurib
ishga tushirildi.
“Yagona rubl hududi”si g’oyasi barbod bo’lganligiga bog’liq ko’plab salbiy
oqibatlarni bartaraf etishni so’m-kuponlar o’z ustiga oldi va o’ta qisqa fursat
ichida O‘zbekiston o’zining to’laqonli pul birligi – so’mni 1994-yil 1-iyuldan
muomalaga kiritish uchun zarur iqtisodiy sharoit yarata oldi.
Milliy valyutaning muomalaga kiritilishi mamlakat-ning moliyaviy siyosat
tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
90
Shu davrda O‘zbekistonda mustaqil moliya asoslarini yaratish jarayoniga
noxush ta’sir ko’rsatgan yana bir voqea yuz berdi. Rossiya Federatsiyasi hukumati
o’zini sobiq SSSRning barcha sohalar bo’yicha qonuniy merosxo’ri, deb e’lon
qildi. Natijada uzoq yillar mobaynida sobiq ittifoqdosh respublikalar aholisi
mehnati evaziga yaratilgan barcha boylik ular ixtiyoriga o’tib ketdi. Jumladan,
aholining sobiq SSSR jamg’arma banki tizimida saqlanayotgan omonat-lari
(o’sha paytda bu muassasa hali eski nomi bilan “omonat kassalari” deb atalar edi)
Rossiya ixtiyoriga olib qo’yildi.
O‘zbekistonda milliy valyutaga o’tish masalasida “tadrijiy” usuldan
foydalanildi. 1993-yil 15-noyabrda milliy valyutani joriy etishning tayyorgarlik
bosqichi, ya’ni oraliq to’lov vositasi – “so’m-kupon”ga o’tildi. Rossiya rubllari
o’rniga “so’m-kupon” muomalaga kirishi bilan eski puldan darhol voz kechilgani
yo’q. Daromadlarini rublda jamg’arib kelgan aholiga uni oxirigacha ishlatish
mikoniyati berildi. Almashtirish miqdori 200 ming rubl qilib belgilandi, undan
ortiq qismi bankda mazkur shaxsning nomiga jamg’arma sifatida
rasmiylashtirildi. Vaholanki, o’z milliy valyutasiga o’ta boshlagan Hamdo’stlik
davlat-larining ko’pchiligida eski rubllarning 20, 30, 50 ming, eng ko’pi bilan 100
ming almashtirildi, undan ortiq qismi xalq qo’lida oddiy qog’oz sifatida qolib
ketdi.
Mamlakatimizda pul almashtirishi bilanoq, pensiya, stipendiya, nafaqa va
ish haqi yangi “so’m-kupon”da berila boshladi. Yaqindagina 20 foizga oshirilgan
ish haqi yana 50 foizga ko’paytirildi.
Milliy pul birligini joriy etish bilan bog’liq obyektiv qiyinchiliklarni
yumshatish masalasi shu taxlit chora-tadbirlar yordamida amalga oshirildi va
1994-yil 1-iyuldan “so’m-kupon” o’rniga haqiqiy valyuta – so’mga o’tildi.
O‘zbekistonda milliy valyutani darhol muomalaga kiri-tish va birdaniga
uning erkin almashinuvini ta’minlash yo’lidan borilmadi. O‘zbek so’mining ichki
konvertatsiyasi 2003-yil 15-oktyabrdan boshlandi. Lekin u hali tom ma’nodagi
ichki konvertatsiya emas, balki katta cheklovlarga ega edi.
Aslida hech qanday cheklovsiz, xohlagan paytda xohlagan miqdordagi pulni
xohlagan tarzda konvertatsiya qilish hech bir davlatda mumkin emas va jahonda
bunday valyutaning o’zi yo’q. Masalan, AQSh yoki Angliyaga ularning bir qop
pulini ko’tarib kelsangiz, hech qaysi bank uni qabul qilmaydi. Siz eng avvalo, olib
borgan pulingizni qayerda va qanday ishlab topganligingiz haqida, ya’ni uning
manbai haqida hujjat taqdim etishingiz shart. Mana shu ham cheklovning bir
ko’rinishi. Bunga o’xshash cheklovlar juda ko’p. Masalan, valyu-tasi to’la
konvertatsiya qilinadigan davlatlarda narkobiznes, o’g’irlik, fohishabozlik,
qurol-yarog’ni noqonuniy tarzda sotish kabi juda ko’p holatlarda topilgan pulni
91
boshqa valyutaga konvertatsiya qilish mutlaqo taqiqlangan, ularni ishlatishga ham
yo’l qo’yilmaydi.
Demak, hamma gap cheklovlarning mazmuni, shakli va miqdorida. Shu
pozitsiyadan qaraydigan bo’lsak, 2003-2017-yillarda mamlakatimizda xalqning
yuqori turmush darajasini ta’minlashga qodir rivojlangan bozor iqtisodiyoti barpo
etish jarayoniga xizmat qiladigan holatlarda milliy valyuta muayyan miqdorda
konvertatsiya qilib kelindi. Masalan, eksportga mahsulot chiqaradigan yoki
import o’rnini bosadigan yuqori sifatli mahsulot yarata-yotgan yoki shunday
xizmat ko’rsatayotgan xo’jalik yuritish subyektlari rasman so’mni erkin
almashtirish huquqiga ega edilar.
Bunday manzilli konvertatsiya usuli yordamida erkin almashinadigan
valyutani kamroq sarflab, ko’proq natijaga erishish ko’zda tutilgan edi. Shunday
usul bilan mamlakatda o’nlab yangi tarmoq va sohalarga asos solindi, ma’naviy
va jismoniy jihatdan eskirib qolgan minglab ishlab chiqarish korxonalari
zamonaviy, yuqori unumli texnika va texnolo-giya bilan jihozlandi.
Mustaqillik yillari moliyaviy siyosat haqida so’z yurit-ganda uning quyidagi
o’ziga xos tomonlariga alohida urg’u berish kerak bo’ladi.
Dastlab
ma’muriy-buyruqbozlik
tamoyillari
asosiga
o’rnatilgan
mustamlaka davri iqtisodiyotini isloh qilish, ma’rifiy bozor iqtisodiyotini
qurishning o’ziga xos nazariyasi yaratildi. Bunda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy
rivojlanishning besh tamoyili asosida O‘zbekistonda davlat bosh islohotchi
sifatida maydonga chiqdi. Bu esa tota-litar iqtisodiyot asoslari sindirilayotgan,
yangisi endigina shakllanayotgan sharoitda jamiyatda boshqaruv tizimining
mutlaqo buzilib ketmasligini ta’minlashga xizmat qildi.
Shuningdek, bozor munosabatlari shakllanayotgan sharo-itda inflyatsiya,
ishsizlik, daromadlar notekis taqsimla-nishi kabi bozor iqtisodiyotiga xos ayrim
salbiy holatlar-ning aholi turmush darajasiga noxush ta’sirini kamaytirish
imkoniyatini yaratdi. Davlatning bosh islohotchiligi tufayli zamonaviy
korxonalar, yangi sohalar paydo bo’ldi, ular yordamida va mavjud tarmoqlarni
qo’llab-quvvatlash yo’li bilan mustaqil davlatning mustaqil iqtisodiyoti asoslari
barpo etildi.
Hamdo’stlik davlatlarining ko’pchiligida o’zini o’zi stixiyali suratda
boshqaradigan bozor iqtisodiyotini barpo etish yo’lidagi urinishlari samarasiz
tugadi. Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, mashhur iqtisodchilarning mamlakat
iqtisodiyotini 500, 300, hatto 100 kun ichida qayta qurish kabi g’oyalari aslida
puch ekanligi tezda isbotlandi.
Totalitar tuzum davrida mulkning 90 foizdan ortig’i davlatga tegishli edi.
Bunga barham berish va mulkchilikning turli shakllaridan foydalanish masalasi
kun tartibiga qo’yildi. Qator davlatlar mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning
92
shoshilinch usullarini tanlashdi. Masalan, uning vaucher usulini amalga oshirgan
Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda mamlakat iqtisodiy asosini tashkil
qiladigan eng yirik korxonalar arzon-garovga turli guruh yoki alohida shaxslar
ixtiyoriga o’tib ketdi.
Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko’ra, Rossiyada narxni sun’iy ravishda
pasaytirish tufayli birgina neft sanoati korxonalarini xususiylashtirishdan
hukumat eng kamida 150 milliard AQSh dollari miqdorida zarar ko’rgan.
28
Buning ustiga xususiylashgan korxonalar daromadlari bugun xalqning emas,
yangi xo’jayinlarning cho’ntagini to’ldirmoqda.
Yuqorida bayon etilgan holatlar O‘zbekistonning 1992-2016-yillar
mobaynida yurgizgan moliyaviy siyosatning mazmuni va uning o’ziga xos
tomonlarini ko’rsatib beradi. Bu davr moliyaviy siyosatning eng muhim natijasi
shu ediki, qisqa fursatda mustaqil davlatning mustaqil moliyaviy tizim va shunga
mos keladigan moliyaviy siyosat yaratildi. Tubdan yangilangan moliyaviy siyosat
O‘zbekiston Respublikasi mustaqil iqtisodiyotining asoslarini yaratishga muhim
hissa qo’shdi.
Lekin bir paytning o’zida 1992-2016-yillar mobaynida amal qilgan
moliyaviy siyosatning qator xato va kamchiliklari ham bor edi. Ya’ni bu davrda
qog’ozda rasman iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi haqida bong urilgan
bo’lsa-da, amalda ba’zan buning teskari hollari ham yuz berganligi haqiqiy bozor
iqtisodiyotini barpo etish jarayoniga halaqit berdi. Shunga mos ravishda
moliyaviy siyosat ham o’zibilarmonlik, jahonning ilg’or tajribasini inkor etish,
ko’rsatkichlarni oshirib ko’rsatish kabi illatlarning qurboni bo’ldi. Moliyaviy
ko’rsatkichlar ijtimoiy va iqtisodiy hayotning haqiqiy ahvolini bo’yab ko’rsatish
siyosatining muhim vositalaridan biriga aylandi. Natijada soxta moliyaviy
ko’rsatkichlar jamiyatdagi haqiqiy ahvolni noto’g’ri ko’rsata boshladi. Moliyaviy
ko’rsat-kichlarning katta qismi “xizmat doirasida foydalanish uchun”, eng
muhimlari esa hatto “maxfiy” belgisi ostiga yashirildi, ya’ni ko’pchilik ular bilan
tanishish imkoniyatidan mahrum etildi.
Bu masalada tub ijobiy burilish 2016-yili yuz berdi. O‘zbekiston Prezidenti
lavozimiga Shavkat Mirziyoyev saylanishi bilan mamlakatimiz iqtisodiy hayotida
yangi davr boshlandi. 1992-2016-yillik davrda moliyaviy siyosatda yo’l qo’yilgan
xato va kamchiliklarni tuzatish sari yo’l tutildi.
O‘zbekistonda 2016-yildan boshlangan yangi tarixiy davrda moliyaviy
siyosatni tubdan o’zgartirib yuborgan qator qonunlar, Prezident farmon va
qarorlari tayyorlandi va kuchga kirdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2017-yil 7-fevralda imzolangan “2017–2021-yillarda O‘zbekiston
Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar
28
“Труд” gazetasi, 1999-yil 18-noyabr.
93
strategiyasi”
29
da mamlakatimiz moliyaviy siyosatni yanada takomillashtirish,
ba’zi o’rinlarda esa butunlay qayta tashkil etish talablari qo’yildi.
Shu nuqtai-nazardan qaraganda, iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichida
O‘zbekistonda moliyaviy siyosatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
–
Davlat byudjeti moliyaviy ahvolining barqarorligini ta’minlash;
–
byudjet daromadlari va xarajatlarining ochiq, shaffof va oshkora bo’lishini
tashkil etish;
–
davlat xarajatlarini birinchi navbatda modernizatsiya qilish va tegishli
tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish asosida iqtisodiyotni innovatsion asosda
rivojlanishini ta’minlashga yo’naltirish;
–
xarajatlarning ijtimoiy yo’naltirilganligini saqlab qolgan holda davlat
byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash;
–
davlat byudjeti defitsitini yo’l qo’yilgan eng kam daraja doirasida
(YaIMning 3-4%i atrofida) cheklashga yo’naltirilgan qat’iy moliyaviy siyosatni
amalga oshirish;
–
mahalliy byudjetlarning daromad qismini yanada mustahkamlash va
byudjetlararo munosabatlarni takomil-lashtirish;
–
byudjet intizomiga qat’iy rioya qilish;
–
davlat byudjeti daromadlarining katta qismini joylarga biriktirish,
mahalliy byudjetlarning daromad manbalarini mustahkamlash;
–
ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida aholining ijtimoiy
himoyasini ta’minlash, aholining konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqlarini
himoya qilishni ta’minlovchi moliyaviy bazani yaratish, erkin mehnat va
ishbilarmonlik asosida aholi turmush daraja-sini keskin oshirish uchun zarur
shart-sharoitlarni yaratish;
–
soliq yuklamasini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini yanada
soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish;
–
soliq konseptsiyasi va siyosatini takomillashtirish, soliqlarning
iqtisodiyotga rag’batlantiruvchi ta’sirini kuchaytirish maqsadida:
soliq tizimining ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy, tabiiy,
moliyaviy va mehnat resurslaridan, to’plangan mol-mulkdan samarali
foydalanishga rag’batlan-tiruvchi ta’sirini oshirish;
korxonalar zimmasidagi soliq yuklamasini kamay-tirish, qo’shilgan
qiymat va foyda solig’i stavkalarini kamaytirish va shu asosda ishlab chiqarishni
jonlantirishga turtki berish;
soliq tushumlari tarkibini tubdan o’zgartirish, resurslar, mol-mulk
solig’ining rolini oshirish, jismoniy shaxslardan soliq undirishning progressiv
tizimini takomillashtirish;
29
“O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi”. 2017-yil 7-fevralda imzolangan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-4947-sonli Farmoni.
94
–
soliq siyosati belgilab bergan chora-tadbirlarni amaliyotga tadbiq etuvchi
tegishli moliya-soliq mexanizmini ishlab chiqish va takomillashtirish;
–
istiqbolli investitsiya loyihalari hamda kichik biznes va xususiy
tadbirkorlikni kreditlashni yanada kengaytirish orqali kredit siyosatini
takomillashtirish;
–
milliy valyutani haqiqiy konvertatsiya qilishni joriy etish, pul almashuv
tartibini yanada soddalashtirish, so’mning barqarorligini ta’minlash;
–
ijtimoiy himoyaning manzilli bo’lishiga, moliyaviy mablag’larning
ijtimoiy yordamga haqiqatda muhtoj aholi qatlamlariga etib borishini ta’minlash;
–
mahalliy byudjetlarni shakllantirish manbalari bo’lgan umumdavlat
soliqlari bilan mahalliy soliqlar o’rtasida aniq chegara o’tkazish va boshqalar.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz moliyaviy siyosat muammolari qatoriga uning
hayot (davr) bilan hamnafasligini, uning davlatimiz rivojlanishining 2016-yildan
keskin o’zgargan sharoitlariga tezda moslasha olishini ta’minlash, o’z echimini
kutayotgan vazifalarni hal etish uchun kerakli usullarni o’z vaqtida topa bilish,
strategik kontseptual echimlarni ishlab chiqish, mablag’larga qarab yashash
talabiga rioya etilishini ta’minlash, fuqarolar ijtimoiy talab-ehtiyojlarini
qondirishning moliyaviy bazasini (asosini) belgilashda qoldik yondashuvidan
(usulidan) ijtimoiy xarajatlarning manzilliligini ta’minlashga o’tish kabi tadbirlar
kiradi.
Davlatning yangi moliyaviy siyosat kontseptsiyasining ayni davrdagi
maqsadi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy ishlab chiqarish
samaradorligini butun choralar bilan oshirish asosida jamiyat a’zolarining
turmush farovonligi darajasini keskin oshirishni ta’minlashdan iborat. Moliya
strategiyasining ijtimoiy yo’naltirilganligi xalq farovonligini oshirishga
ajratiladigan moliya resurs-larini ko’paytirish imkoniyatlarini qidirib topishda
namoyon bo’libgina qolmay, balki iqtisodiy siyosatning bosh maqsadiga butunlay
yangicha yondoshuvda ham namoyon bo’ladi va endilikda aholi turmush darajasi
va ishlab chiqarishning o’sishi hamda moliyaviy resurslardan samarali
foydalanish yo’nalishlarini belgilaydi.
Ijtimoiy himoya, birinchi navbatda, kam ta’minlangan fuqarolarni,
shuningdek, byudjet tashkilotlari xodimla-rini ijtimoiy himoya qilishni ham
nazarda tutadi. Ijtimoiy himoya, eng avvalo, daromadlarni indeksatsiyalash usuli
yordamida, ya’ni, byudjet mablag’lari hisobiga, ba’zan esa kompensatsiyalarni
iste’mol indeksiga muvofiq oshirish yo’li bilan ta’minlanadi.
Jamiyat hayotining iqtisodiy va ijtimoiy sohasiga moliyaviy ta’sir
o’tkazishning asosiy uslublari bo’lib soliq solish, moliya resurslaridan mohirona
va oqilona foydalanish, moliyalashtirish, moliya bozori va boshqalar hisoblanadi.
Jamiyat taraqqiyoti hozirgi bosqichining moliyaviy siyosat moliya strategiyasi
95
talablari asosida va yuzaga kelgan iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda
ishlab chiqilgan.
Xo’jalik yuritishning turli-tuman shakllaridan foydalanish jamoat talab-
ehtiyojlarini yaxshiroq qondirish, resurslarni tejash, mahsulot assortimenti va
texnika bazasini yangilash, mehnat jamoalarining ijtimoiy muammolarini hal
etishi yo’lida raqobatni rivojlantirish, tashabbuskorlik ko’rsatish uchun shart-
sharoitlarni yaratadi.
Ijtimoiy va boshqa ehtiyojlarni qondirishga yo’naltiriladigan moliya
resurslarining o’sishiga, eng avvalo, rentabelli faoliyat ko’rsatish orqali erishiladi.
Biroq siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoit o’zgarishi bilan davlat xarajatlari
miqdori doimo o’sib boradi. Shu munosabat bilan hozirgi moliyaviy siyosat
davlat moliya resurslarining muntazam o’sishini ta’minlashga qaratilgan
tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutadi.
Byudjetga tushayotgan to’lovlar hajmini oshirishning zarurligi xo’jalik
bo’g’inlarining ishchan faolligini jonlantirishga qaratilgan moliyaviy siyosatning
hayotga tatbiq etilishini talab qiladi.
Moliyaviy siyosatni faollashtirish maqsadida moliyaviy resurslarni qayta
taqsimlash amaliyotini tubdan o’zgartirish katta ahamiyatga ega. Byudjet
vositasida, shuningdek, yuqori tashkilotlar orqali amalga oshiriladigan “vertikal”
uslubga qarama-qarshi moliyaviy resurslarni moliya bozori orqali “gorizontal”
qayta taqsimlash ham borgan sari yanada keng rivoj topadi. Mablag’larning
o’tkazib turilishi esa moliyaviy resurslardan talab va taklifdan kelib chiqqan holda
foydalanishni nazarda tutadi.
Moliya bozorining rivojlanishi munosabati bilan milliy iqtisodiyotni
rivojlantirish va umumdavlat ehtiyojlarini qondirish uchun aholi, korxona va
tashkilot-larning pul daromadlari va jamg’armalarini yanada kengroq jalb etish
zarur. Shu munosabat bilan Davlat obligatsiyalari va xazina biletlarini chiqarish
ham davlat resurslarining hajmini ko’paytiradi.
Moliyaviy siyosat real moliyaviy imkoniyatlarni hisobga olgan holda ishlab
chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi zarur. Xarajatlar miqdori moliya resurslari
ko’paygani-dagina o’sishi mumkin. Bu, eng avvalo, ishlab chiqarishni
moliyalashtirishni bildiradi. Iqtisodiy va moliyaviy siyosatning hamma tadbirlari,
bir tomondan, aholiga o’z daromadlarini oshirish imkoniyatini berish, ikkinchi
tomondan esa, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirpsh uchun maqbul sharoitlarni
yaratishga qaratilishi kerak.
Moliyaviy siyosatning tubdan o’zgarishiga mos ravishda moliya mexanizmi
ham qayta qurilmog’i lozim. Moliya mexanizmini qayta qurishning maqsadi
bozor munosabatlari asosida ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligiga uning
ta’sirini kuchaytirish, moliya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishni
96
ta’minlashdir. Moliya mexanizmini qayta qurish negizida korxona, tashkilotlar
ishining yakuniy natijalarini yaxshilash uchun xo’jalik tashabbuskorligi va
mas’uliyatini butun choralar bilan kuchaytirish talab qilinadi.
Bozor iqtisodiyotida korxonalarning ishlab chiqarish omillaridan iloji
boricha yaxshiroq foydalanishdan manfaatdorligini oshirish uchun alohida
moliyaviy uslub-lardan foydalanish zarurati yo’qoladi. Bozor raqobati
korxonalarni ishlab chiqarish samaradorligi, moliyaviy resurslardan foydalanish
ustidan ichki xo’jalik moliya nazoratini chuqurlashtirish haqida doimo
g’amxo’rlik qilishga majbur qiladi. Shu bilan bir vaqtning o’zida davlat
tomonidan bozor munosabatlarini moliyaviy boshqarishning ahamiyati ham
oshadi. Moliyaviy boshqarish korxonalarga soliq solish, qo’shimcha soliqlarni
(masalan, eksport va import solig’ini) kiritish, mehnatkashlar daromadlariga soliq
solish, maqsadli dasturlarni moliyalashtirish vositasida amalga oshiriladi. Ishlab
chiqarilayotgan mahsulotning sifat parametrlarini buzganlik uchun, atrof-muhitni
muhofaza qilish bo’yicha talablarning sanitariya norma va qoidalariga rioya
qilmaslik uchun moliyaviy jarimalar tizimiga talabchanlik oshiriladi. Davlat
byud-jeti va byudjetdan tashqari jamg’armalar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni
o’z vaqtida bajarmaslik yoki to’liq bajarmaslik, foyda va boshqa soliq solish
obyektlarini yashirganlik uchun jarima (sanksiya)larning darajasi va miqdori
kuchaytiriladi. Auditorlik moliya nazorati keng rivoj topmog’i lozim.
Boj siyosati hozirgi kunda mamlakat ichki bozoriga past sifatli, inson
salomatligiga putur yetkazuvchi tovarlarning kirib kelishini oldini olish va ilg’or
texnologiyalar, fan-texnika yutuqlari natijalarining mamlakat iqtisodiyotiga jalb
etilishini rag’batlantirish vazifalarini bajarishi talab etiladi.
Aholiga ijtimoiy xizmat ko’rsatishni yaxshilash maqsadida ijtimoiy soha
muassasalari va tashkilotlarida yangi xo’jalik mexanizmi joriy etilyapti. Ijtimoiy
soha muassasalariga pulli xizmat ko’rsatish, xo’jalik faoliyati bilan shug’ullanish,
olingan daromadlarni mustaqil tasar-ruf etish huquqi yanada kengaytirildi.
Davlat moliya mexanizmiga tub o’zgarishlar kiritildi. Davlat byudjeti
daromadlarini shakllantirish soliq asosiga o’tkazildi, byudjet daromadlari tarkibi
va byudjetdan moliyalashtirish tizimi butunlay o’zgardi. Byudjetdan tashqari
jamg’armalar tizimi keng tarqaldi. Bozor munosabatlarining rivojlanishi mulkiy
va shaxsiy sug’urtani tashkil etish va boshqarish sohasida ijobiy natijalarga olib
keldi: kooperativ (shirkat) sug’urtasi rivojlanyapti, aktsiyadorlik sug’urta
jamiyatlari vujudga kelyapti, sug’urtaning yangi turlari paydo bo’layapti.
2017-yilning 5-sentyabrida mamlakatimiz moliyaviy siyosatda muhim
voqea yuz berdi. Chunki aynan shu kuni milliy pul birligimiz so’mni xorijiy
valyutalarga konvertatsiya qilishni erkinlashtirish sohasida katta ahamiyat kasb
etadigan qadam tashlandi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
97
Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 2-sentyabrda imzolagan “Valyuta siyosatini
liberallashtirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida
30
”gi
farmoni bilan mamlakatimizda valyuta munosabatlarini tartibga soladigan
yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani erkin sotish hamda sotib olishga
imkon beradigan yangi bozor mexanizmini joriy qilish boshlandi. Yangi tartibga
ko’ra, endi milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan ayirboshlash kursi
valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga bo’lgan talab va
taklifdan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan bo’ldi. 2017-yil 5-sentyabrda
ushbu mexanizm ta’sirida shakllangan so’mning AQSh dollariga nisbatan
ayirboshlash kursi 8100 so’m miqdorida belgilandi. Valyutani konvertatsiya
qilish-ning yangi mexanizmi bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradi.
Xullas, mamlakatimizda 2016-yili yangi iqtisodiy sharoit talablaridan kelib
chiqqan holda moliyaviy siyosatni takomillashtirish jarayoni boshlandi va u
izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Dostları ilə paylaş: |