O‘zbekistonning eng yangi tarixi


-mavzu: O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo‘li



Yüklə 5,56 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə6/71
tarix20.11.2023
ölçüsü5,56 Kb.
#161992
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   71
O\'zb eng yangi tar. majmua 2022 (3)

4-mavzu: O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo‘li 
Reja: 
1.
Mustaqil taraqqiyotning dastlabki bosqichidagi muammolar, O‘zbekistonning o‘ziga 
xos taraqqiyot yo‘lini tanlashi.
2.
Taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari. 
3.
O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish strategiyasi: yangilanish va taraqqiyot 
yo‘li.
4.
Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati. Davlat ramzlari. 
Mustaqillikning qo‘lga kiritilishi bilan Vatanimiz hayotida tarixiy burilish sodir 
bo‘ldi. Endi O‘zbekiston oldida boshqa davlatning qosh-qovog‘iga qaramasdan 
ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot masalalarini milliy 
manfaatlarga mos ravishda mustaqil hal qilish, jamiyatni yangilash, demokratik 
davlat qurish yo‘llarini ishlab chiqish kabi dolzarb va mas’uliyatli vazifalar turardi. 
Mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq O‘zbekiston qanday taraqqiyot yo‘lidan 
boradi, qanday jamiyat, qanday davlat quradi, uning qiyofasi qanday bo‘ladi, degan 
savollar ko‘ndalang turardi. Ma’lumki, 90- yillar boshlarida mustaqillikka erishgan 
ayrim davlatlarda eski tuzumni rad etib, uni buzib, demokratik jamiyat va bozor 
munosabatlari dasturini e’lon qilib, birdaniga demokratik davlat quramiz, birpasda 
rivojlangan mamlakatlar darajasiga erishamiz, deb jar solgan edilar. O‘sha paytdayoq 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bunday shov-shuvlarga xomxayol, quruq gap 
deb baho bergan edi, amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Islom Karimov 
mustaqillikning dastlabki yillaridayoq eski tuzum o‘z o‘rnini osonlikcha bermasligini, 
uning zaharli mafkurasi odamlar ongini tez va engil o‘z iskanjasidan chiqarmasligini 
ta’kidlagan edi. Eng muhimi, yangi ijtimoiy munosabatlarning zarur asosini, 
zaminini, poydevorini qurib olish uchun ma’lum vaqt, jamiyatni isloh qilish va 


23 
yangilash jarayonini boshqaradigan va ta’minlaydigan, yangicha fikrlaydigan 
odam­larni tayyorlash-tarbiyalash kerak edi. 
«Farovon turmushga erishishning ham albatta o‘z tosh-tarozisi bor. Boshqacha 
aytganda, odamzod bir narsaga erishmoq uchun ma’lum vaqt huzur-halovatdan voz 
kechishiga ham to‘g‘ri keladi». 
Mustaqillikka erishgan har bir mamlakat o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini izlaydi, 
yangi jamiyat barpo etishda o‘z andazasini ishlab chiqishga intiladi, O‘zbekiston 
oldida ham nazariy-ilmiy va amaliy jihatdan puxta asoslangan o‘ziga xos yo‘lni 
ishlab chiqish zarur edi. Vatan, millat taqdiri hal bo‘layotgan Milliy taraqqiyotning 
mustaqillikning dastlabki murakkab, mas’uliyatli pallasida Prezident Islom Karimov 
o‘zining hayotiy tajribasi, boshidan kechirgan achchiq-chuchuk voqealardan olgan 
saboqlari va har bir voqeaga ilmiy asosda yondashish, kelajakni ko‘ra bilish 
qobiliyatiga tayanib O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini ishlab chiqishga 
bosh-qosh bo‘ldi. Islom Karimov o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Kengashining navbatdan tashqari to‘qqizinchi sessiyasida (1992-yil 4-yanvarda) 
so‘zlagan dasturiy nutqida hamda 1992-yil avgust oyida nashr etilgan 
«O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li» asarida O‘zbekistonning taraqqiyot 
yo‘lini har tomonlama puxta asoslab berdi.
O‘z yo‘limiz qanday shart-sharoit va zaminlarga tayanadi? O‘zbekiston yo‘li, 
birinchidan, bozor iqtisodiyoti asosida taraqqiy topgan davlatlarning tajribasiga 
tayangan holda ishlab chiqildi. Bu biron-bir taraqqiyot yo‘lini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib 
olishni emas, balki boshqa davlatlar taraqqiyoti jarayonida to‘plangan va bizning 
mamlakatimiz sharoitiga tatbiq qilsa bo‘ladigan barcha ijobiy va maqbul tajribalardan 
foydalanish, degan ma’noni bildiradi. Ikkinchidan, soxta inqilobiy sakrashlarsiz
ijtimoiy larzalarsiz, evolutsion yo‘l bilan madaniyatli taraqqiyotga o‘tish - tanlab 
olingan yo‘lning asosiy mazmuni va mohiyatidir. Uchinchidan, O‘zbekiston yo‘li 
o‘zbek xalqining milliy xususiyatlari, davlatchilik tajribasi, ma’naviy qadriyatlari, 
SHarq madaniyatiga mansublik, ijtimoiy hamkorlik, vatanparvarlik, millatlararo 
totuvlik kabi fazilatlarga mos ravishda belgilandi. To‘rtinchidan, o‘z yo‘limizni 
belgilashda islom dini, uning jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni, musulmon davlatlar 
bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyati hisobga olindi. Beshinchidan, 
yangi yo‘lni tanlashda O‘zbekistonning geostrategik mavqeyi, mustaqillikka erishgan 
paytdagi iqtisodiy imkoniyatlari, shart-sharoitlari, tabiiy resurslari asos qilib olindi. 
Oltinchidan, respublikadagi o‘ziga xos demografik vaziyat, aholi va mehnat 
resurslarining tez o‘sib borishi ham inobatga olindi. Ettinchidan, odamlarning 
ijtimoiy ongi, dunyoqarashi ham e’tiborga olindi. Negaki, sovetlar zamonida 
kishilarda shakllangan yaxshi ishlasa ham, yomon ishlasa ham davlat boqadi, degan 
boqimandalik, tayyorga ayyorlik, mulkka nisbatan bepisandlik ruhiyatini tezlik bilan 
o‘zgartirib bo‘lmas edi, buni hisobga olish zarur edi, albatta. Milliy istiqlolning 
dastlabki kunidanoq chinakam Mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, har qanday "izm" 
lardan xoli xalqchil, adolatli jamiyat qurish bosh maqsad qilib qo‘yildi. Davlatimiz 


24 
ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari ana shu bosh maqsaddan kelib 
chiqqan holda belgilandi. O‘zbekiston-kelajagi buyuk davlat. Bu - mustaqil, 
demokratik, huquqiy davlatdir. Bu - insonparvarlik qoidalariga asoslangan, millati, 
dini, ijtimoiy ahvoli, siyosiy e’tiqodlaridan qat’iy nazar fuqarolarning huquqlari va 
erkinliklarini ta’minlab boradigan davlatdir. Xalq davlat hokimiyatining manbayidir. 
Uning xohish-irodasi davlat siyosatini belgilab beradi. 
Kelajagi buyuk O‘zbekiston davlatining siyosati inson va jamiyatning erkinligini, 
fuqarolarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilgan. YUrtboshimiz o‘zining 
mazkur asarida jamiyatning siyosiy va davlat tuzilishini insonga siyosiy, iqtisodiy va 
ijtimoiy turmush tarzini o‘zi erkin tanlab olishini kafolatlaydigan darajada isloh etish, 
tubdan yangilash vazifalarini belgilab berdi. 
Siyosiy sohada bu quyidagilarni bildiradi: 
- xalq manfaatlariga mos keladigan haqiqiy demokratiya tamoyillarini qaror 
toptirishni, xalq ham bevosita, ham o‘z vakillari orqali davlat hokimiyatini amalga 
oshirishda to‘liq imkoniyatga ega bo‘lishini; 
- qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati vakolatlarini ajratish asosida 
milliy davlatchilikni barpo etishni, jamiyatning siyosiy tizimini, davlat idoralarining 
tuzilmasini tubdan yangilashni, respublika hokimiyati bilan mahalliy hokimiyatning 
vakolatlarini aniq belgilab qo‘yish va adolatli qonunchilikni vujudga keltirishni; 
- barcha fuqarolarning qonun oldidagi huquqiy tengligini va qonunning 
ustuvorligini, jamiyat manfaatlari va aholi xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy 
davlatni barpo etishni; 
- O‘zbekistonda tug‘ilgan, uning zaminida yashayotgan va mehnat qilayotgan har 
bir kishi, milliy mansubligidan va e’tiqodidan qat’iy nazar respublikaning teng 
huquqli fuqarosi bo‘lishga munosibdir, degan insonparvarlik qoidasini ro‘yobga 
chiqarishni; 
- ozchilikdan iborat millatlarning manfaatlari va huquq­larini himoya qilish
ularning madaniyati, tili, milliy urf-odat­lari va an’analari saqlanishi hamda 
rivojlanishini kafolatli ta’minlashni; 
- bir mafkuraning, bir dunyoqarashning yakka hokimligidan voz kechish, siyosiy 
tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini tan olishni; 
- chinakam demokratiyaning zarur va qonuniy tarkibi sifatida ko‘ppartiyaviylikni 
amalda shakllantirishni bildiradi. 
Iqtisodiy sohada: 
- milliy boylikning ko‘payishini, odamlarning turmush va ish sharoitlarini 
munosib ta’minlaydigan qudratli, barqaror va jo‘shqin rivojlanib boruvchi 
iqtisodiyotni barpo etishni; 
- ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich 
shakllantirishni, tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni rivojlantirishni; 


25 
- mulk egalari huquqlarining davlat yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlash va 
barcha mulkchilik shakllarining huquqiy tengligini qaror toptirishni; 
- iqtisodiyotni o‘ta markazlashtirmaslik hamda yakka hokimlikka barham berish, 
korxonalar va tashkilotlarning mustaqilligini kengaytirish, davlatning xo‘jalik 
faoliyatiga bevosita aralashuvidan voz kechishni; 
- mehnat qilish, dam olish, ta’tilga chiqish, ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda ijtimoiy 
muhofazaga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqni ro‘yobga chiqarishni; 
- tabiiy resurslardan ayovsiz foydalanishga, atrof-muhitga, ekologik vaziyatga-
ziyon etkazishga yo‘l qo‘ymaslikni bildiradi. 
Ijtimoiy va ma’naviy sohada: 
- umuminsoniy qadriyatlarga, insonparvarlik g‘oyalariga sodiqlikni, inson, uning 
hayoti va shaxsiy daxlsizligi, erkinligi, qadr-qimmati, yashash joyini tanlash 
huquqini, inson huquqlariga doir xalqaro me’yorlarni qaror toptirishni; 
- ma’naviyat va axloqiylikni qayta tiklash, fuqarolarning vatanparvarlik his-
tuyg‘ularini rivojlantirish, tarixiy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlashni; 
- o‘zbek tilini rivojlantirishni, bu tilning davlat maqomini to‘liq ro‘yobga 
chiqarishni; 
- hurfikrlilikni, vijdon va din erkinligi qoidalarini qaror toptirishni; 
- ijtimoiy adolat qoidalarini ro‘yobga chiqarish, aholining eng nochor qatlamlari - 
keksalar, nogironlar, etim-esirlar, ko‘p bolali oilalar, o‘quvchi-yoshlarning davlat 
tomonidan iqtisodiy muhofazaga bo‘lgan kafolatli huquqlarini ta’minlashni; 
- hamma uchun ma’qul sifatli tibbiy xizmatni ta’minlash, onalik va bolalikni 
muhofaza qilishni; 
- yangi demokratik ta’lim konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, 
umumiy ta’lim olish, kasbni va tegishli maxsus tayyorgarlikni o‘tishni erkin 
tanlashda barchaga baravar huquq berishni; 
- ijodning barcha turlarini rivojlantirish, odamlarning iste’dod va qobiliyatlarini 
namoyon etish uchun shart-sharoit yaratish, ma’naviy mulkni himoya qilishni 
bildiradi. 
Mana shunday siyosiy, davlat va Konstitutsiyaviy tuzumga erishishning kaliti 
fuqarolarning tinchligi va millatlararo totuvlikni ta’minlash, qonuniylik va huquq-
tartibotni qaror toptirishdir. Zero huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, ko‘zi 
ham , so‘zi ham qonundir. Qonunni buzishga hesh kimning haqqi yo‘q.
O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li Islom Karimovning keyingi asarlari, 
ma’ruza va nutqlarida yangi ma’no-mazmun bilan to‘ldirilib, aniqlashtirilib borildi. 
1993-yilda nashr etilgan "O‘zbekiston - bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos 
yo‘li" nomli asarida Islom Karimov yangi jamiyat qurishning besh tamoyilini asoslab 
berdi.
SHunday qilib, O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li nazariy va amaliy 
jihatdan puxta belgilab olindi. Taraqqiyotning "o‘zbek modeli" bundan oldin 


26 
yaratilgan va mavjud bo‘lgan modellarning birontasini takrorlamagan holda o‘z 
mohiyati va mazmuni jihatidan butunlay yangi taraqqiyot modelidir. Bu yo‘l xalqimiz 
tomonidan ham, xalqaro maydonda ham taraqqiyotning "o‘zbek modeli" deb qabul 
qilindi. Tanlangan yo‘l engil-elpi yumush emas edi, u xalqimizdan matonatni, 
mashaqqatli va ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishni talab qilardi. YAngi 
jamiyat qurish ishlarini bir yo‘la, siltov yo‘li bilan bajarib bo‘lmasligi davlat 
rahbarlaridan boshlab oddiy fuqarolargacha hammaga tushunarli edi. SHoshma-
shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan, tadrijiy yo‘l bilan keng qamrovli siyosiy, iqtisodiy va 
ma’naviy-ma’rifiy islohotlar o‘tkazish lozim edi. O‘zbekistonga xos taraqqiyot 
yo‘lining nazariy, ilmiy, amaliy jihatdan puxta ishlab chiqilishi bizning eng katta 
yutug‘imizdir. Tanlangan yo‘lning to‘g‘riligini xalqimiz, dunyodagi nufuzli davlat 
arboblari, siyosatchilar, iqtisodchi olimlar e’tirof etdilar. YUrtboshimiz I. A. Karimov 
ana shunday keng qamrovli islohotlarning ijodkori bo‘ldi, ularni hayotga tatbiq 
etishga bosh-qosh bo‘ldi. Mustaqillik nuriga to‘lgan O‘zbekistonning o‘tgan yillari 
davomida siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, yangilanish yo‘lidan 
borib, o‘zimiz tasavvur etishimiz ham qiyin bo‘lgan ulkan zafarlarga erishildi. 

Yüklə 5,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   71




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin