“PADARKUSH” DRAMASINING G‘OYAVIY AHAMIYATI XUSUSIDA
G‘oipnazarova Durdona,
JDPI O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 2-bosqich talabasi
Ilmiy rahbar , f.f.f d.(PhD) Dilnavoz Salimova
Xuddi uzoq moziyda bo‘lganidek, yaqin o‘tmishda ham xalqimiz
orasidan ko‘plab mashhur shoirlar, ulkan olimlar, xalqparvar va vatansevar kishilar
yetishib chiqqan. Ular o‘z ijodlari bilan millat ijtimoiy tafakkuri taraqqiyotiga
bebaho hissa qo‘shganlar. Ana shunday tafakkur taraqqiyotiga hissa qo‘shgan
jurnalist va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiydir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining ’’Padarkush’’ dramasi bilan o‘zbek
adabiyotiga drama janrini olib kirganligi bilan ahamiyatli sanaladi. U Yassaviy
avlodidan bo‘lgan. O‘n sakkiz yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, muftiy
darajasigacha ko‘tarilgan.
Behbudiy yozgan asarlariga to‘xtalsak, aksariyat asarlari ta’lim-tarbiya
tizimini yangicha usulda tashkil etib, rivojlantirishga qaratilgan. Behbudiy ta’lim
tizimini mustahkam poydevor asosida qura olmaydigan jamiyatlarning taqdirini
o‘zgartiruvchi bir qancha asarlar yaratdi, “Risolayi asbobi savod’’ (,,Savod
chiqarish kitobi’’), ,,Risolai jug‘rofiya umroniy” (,,Qisqacha umumiy
geografiya’’), ,,Kitobat ulbatfol’’ (,,Bolalar xati’’), ,, Amaliyoti islom’’ , ,,Tarixi
islom” kabi kitoblari chop ettirdi. Behbudiy o‘z zamonasi yoshlariga murojaatida
bunday yozadi: “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondirki, maktablar -
taraqqiyotining boshlang‘ichi, madaniyati va saodatning darvozasidir. Har millat
eng avvalo maktablar ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘paytirmaguncha taraqqiy
yo‘lig‘a kirib madaniyatdan foydalanmas’’. Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z
zamonasining yoshlarini shunchalar bilimli bo‘lishini xohlagan ediki, uning
tashabbusi bilan o‘z otasi sharafiga “Behbudiya kutubxonasi”ni tashkil qildi.
Behbudiy bundan tashqari vatandoshlarining ko‘proq ma’rifatli bo‘lishi uchun
ro‘znoma va jurnallar nashrini yo‘lga qo‘yishda ishtirok etdi.
Behbudiyning “Padarkush” pyesasini birinchi o‘zbek drama asari sifatida
dramaturgiyaning keyingi rivoji uchun eshik ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Uch parda, to‘rt manzarali dramatik senariy mazmunan sodda bo‘lib, o‘qimagan,
johil va nodon bolaning o‘z otasini o‘ldirgani haqida. Mahmudxo‘ja Behbudiy “
Padarkush “ (yoki “O‘qimagan bolaning holi”) dramasini yozish bilan adabiyotda
o‘ziga xos yangilik yaratdi. Avvalo, shuni aytish joizki, “Padarkush” dramasida
inqilobiy g‘oyalar emas, ma’rifatchilik, komillik qarashlarini ilgari suradi. Pyesada
chorizm mustamlakachilik siyosatini fosh etuvchi va qoralovchi fikr-mulohazalar
yo‘q bo‘lishiga qaramay, “Padarkush”ni sahnalashtirish o‘zi yaratilgan davrlarda
ruxsat berilmagan. “Padarkush“ asari yangi g‘oyani targ‘ib etishning yangi usuli
sifatida yuzaga keldi. Jadidlarning qarashlarini ommaga taqdim etish uchun katta
auditoriya kerak edi. Bunda barchaga birdek tanish, birdek qiziq hamda zo‘riqib
o‘qilmaydigan asar ekaniga guvoh bo‘lamiz. Shu bilan birga tarbiyaviy ahamiyati
bugungi kunimizda, ta’lim-tarbiya raqamli iqtisodiy hamda pandemiya davridagi
ma’naviy qarashlar hamda kitobxonlik darz ketmasligi uchun dolzarb masalalar
namoyoni deb qabul qila olamiz.
Asar bosh qahramoni davrining befarq: “Bizlarni xonavayron …bevatan va
bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdir, bevatanlik, darbadarlik, jasorat, faqirlik,
zarurat va xorliqlar… hammasi ilimsizlik va betarbiyalikning mevasi va
natijasidir…”, degan yo‘sinda bayon qiladi. Bizning nazarimizda o‘sha davr
yoshlariga vatan tuyg‘usi singishi kerak edi, buning uchun oila birinchi qadamdir.
Oilada ilm-ma’rifatga e’tibor berilmagan sharoitda “padarkush”ga o‘xshagan
farzandlar jaholat botqog‘iga tortilib boraveradilar. Xalqimiz tomonidan “Qush
uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol bejiz keltirilmagan. Ma’rifatparvar
behbudiyning zamon ichra og’riqli tashvishi millatimiz yoshlarining o‘z uylarida
ma’rifat chirog‘ini yoqishni istamaydigan ota-onalarga da’vat etgudek muerojaati
deb ham tushunamiz ushbu pyesani. Darhaqiqat, oilada ota-onaning ta’limga sarf
qilingan sarmoyasi pirovardida farzandning kamoloti o‘z natijasini berishi tabiiy.
Ko‘z oldimizga Boy obrazi orqali pul topishga, mol-dunyo to‘plashga aqli yetgan
ammo farzand tabiyasi uchun vaqtini ham, moddiy imkoniyatini ham qizg‘ongan
johil, qoloq ota qiyofasi keladi. O‘zining ham ilm va ma’rifatdan bexabarligi bois,
Domlaning ham, Ziyolining ham nasihat va maslahatlariga quloq tutmaydi;
savollariga qo‘pollik bilan, beparvo, loqayd, hatto farzandini o‘qitish masalasini
jiddiy deb tushunish o‘rniga ensasi qotadi. Boyning dunyoqarashini inson qadri
ham, obro‘- e’tibori ham boylik bilan o‘lchanadigan mavqe, va badavlatligi
tufayli hamma uni izzat-hurmat qiladi degan razilona qarash egallab olgan.
Dramada boyning eng katta xatosi ziyoli kishining so‘zlariga quloq solmasdan,
quloq solsa ham, noilojlikdan, mudrab, o‘z jigarbandining taqdiriga befarq
qaraganidir.
O‘zbek xonadonlarida farzand otaga itoatkor bo‘lishi kutiladi. Asar
ziddiyatli harakatlarni o‘zida jamlagan bo‘lib, bir-biriga qarama-qarshilik,
ma’rifatlilar bilan johillar, ilmlilar bilan ilmsizlar, ogohlar bilan loqaydlar
o‘rtasidagi kurash tarzida yoritib berilgan. Boyning arzandasi Toshmurod do‘st
kim, dushman kim - farqiga bormaydi. Shuning oqibatida Tangriqul bilan o‘z
uyiga o‘g‘rilikka borishga rozi bo‘ladi. Maishatparast sheriklari bilan otasining
sandiqdagi mol-mulkini o‘marish yo‘llarini rejalashtirib, ularni o‘z uyiga boshlab
boradi. O‘g‘rilik qilayotgan o‘z farzandini sezgan otasini o‘ldirib, pulini olib
ketadi. Boyning arzandasi Toshmurot o‘qimagani, ko‘cha changitib yurgani sabab
ham o‘zidan “tajribali” o‘g‘rilarga ergashadi. Mavzuga diqqat qilinsa, oradan bir
asrdan oldinroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ayni zamonamizda ham o‘qimagani bois
turli aldovlarga ishonib, oq-qorani ajratolmay kabih yo‘llarga kirib qolayotgan
yoshlar uchrayotgani fikrimizni dalillaydi.
Drama xalqqa kuchli ta’sir ko‘rastdi. Dramadan ta’sirlanib Abdulla Qodiriy
“Baxtsiz kuyov” pyesasini yozgani bizga ma’lum. Abdulla Qodiriy ilk pyesasini
qanday yaratganini o‘zi haqidagi xotiralardan bilib olishimiz mumkin: “1913-yilda
chiqqan “Padarkush” pyesasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib
yuborg‘onimni o‘zim ham payqamay qoldim”, degandi u 1915-yilda. Demak,
mazkur dramatik asar g‘oyasi, kompozitsiyasining ayrim xususiyatlari Behbudiy
bilan hamfikr adiblar – Fitrat, Cho‘lpon, Avloniy, Qodiriy ijodiga o`zining
ta’sirini ko‘rsatganidan dalolat beradi. “Padarkush” dramasi o‘zbek teatri sahnasida
qo‘yilgan ilk senariy sifatida tarixga muhrlanganini eslatib o‘tish joiz. Chunki
ushbu ma’rifatga chorlovchi, ushbu yo‘lda ota-onalarni hushyorlikka chorlovchi bu
asar tadqiqotchilar fikriga ko‘ra nafaqat “o‘qimagan bolaning otasini o‘ldirishi
haqida”gi sujet bo‘lib qolmasdan, shuningdek, “mol-dunyo, hokimiyat vasvasasida
qatl etilgan Mirzo Ulug‘bek bilan bog‘liq otakushlik fojiasidan boshlangan
Turkiston tanazzuli xususidagi tragediyadir”.
Xulosa qilib aytganda, “padarkush”lar ko‘paymasligini, nafaqat
padarkushlar balki ilmsizlarnng o‘zini kamaytirish kerak deb hisoblaymiz. Buning
uchun, moddiy boyliklar oldida ilm, ta’lim, tarbiya qanchalik kata ma’naviy mulk
ekanligini anglay olmog‘imiz va bo‘lajak o‘qituvchilar sifatida yosh avlodga
anglata olmog‘imiz muhimdir.
Foydalangan adabiyotlar:
1.
B. To‘xliyev, B. Karimov, К. Usmonova. Adabiyot - 2017.
2.
Б.Назаров, С.Мирвалиев, Б.Тухлиев. Адабиётшуносликка кириш. – Т.,
2007.
3.
O‘zbek adabiyoti. O‘rta maktablarning 11-sinfi uchun darslik. –T.:
“O‘qituvchi”, 2004. – B.71
4.
Saydulla Mirzayev, XX asr O‘zbek adabiyoti. - 2005.
Dostları ilə paylaş: |