www.ziyouz.com kutubxonasi
19
movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga
haydagandan so‘ng, nimalar ro‘y berishi unga oldindan ayon bo‘lgandi.
Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot o‘lkada u
begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u cho‘pon emas,
bor-yo‘g‘idan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va
hammasini boshidan boshlay olmaydi.
“Bularning bari quyosh chiqib botguncha ro‘y berdi-ya”, — o‘yladi bo‘zbola. U o‘z
ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul o‘zgarib ketganiga qattiq qayg‘urdi.
Yig‘lay desa uyat. U hatto qo‘ylarining oldida yig‘lashga ham uyalardi. Biroq bozor
maydoni allaqachon bo‘shab qolgan, u esa yolg‘iz, vatanidan juda uzoqda.
Santyago yig‘lab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yo‘g‘i ko‘rgan tushiga ishongan
kishilar uchun, shu qadar qattiq bo‘lsa!
“Qo‘ylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yo‘q edi, men hammaga
xursandchilik ulashardim. Meni ko‘rganda odamlar shod bo‘lishardi va eng e’tiborli
mehmonday e’zozlashardi.
Mana, endi men g‘amga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl
va hech kimga ishonmaydigan bo‘laman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan
gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa ko‘rolmayman, negaki bu omad mendan
yuz o‘girdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos,
olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman”.
U to‘rvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech bo‘lmasa yog‘ bilan bir burda
non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq to‘rvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan
ikki dona toshni topdi, xolos.
Ularga ko‘zi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovg‘a qilgan shu ikkita
toshga oltita qo‘yni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa bo‘lgani — puliga patta olib
vataniga qaytadi.
“Endi aqlimni yig‘ib ish qilaman”, — o‘yladi u to‘rvadan toshlarni olib, cho‘ntagiga
bekitarkan. Bu yer bandargoh shahar, bandargoh esa, uni shilib ketgan haligi yulg‘ich
to‘g‘ri aytganiday, tovlamachilarga to‘la.
Faqat endigina yemakxona xo‘jayinining nima uchun qizishib gapirganiga Santyagoning
aqli yetdi — u bo‘zbolaga qavatingdagi yo‘ldoshiga ishonma, deya jon kuydirib uqtirgan
ekan.
“Men xuddi boshqa oddiy odamlardayman: xayolimdagini borga yo‘yaman va dunyoni
asli qanday bo‘lsa shundayligicha emas, balki o‘zim xohlaganday ko‘raman”.
U yana toshlarni qo‘liga olib qaradi, mehr bilan siladi — toshlar iliq tuyuldi. Mana,
hozircha uning qo‘lidagi haqiqiy xazina shu. Qo‘lingni tekizsang ko‘ngling ko‘tariladi. Ular
Santyagoga qariyani eslatdi. Qariyaning gaplari uning qalbida qayta sado berganday
bo‘ldi: “Agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo‘lishiga
ko‘maklashadi”.
Uning bilgisi keldi — to‘g‘rimikan bu gap. U bo‘m-bo‘sh bozor maydonining qoq o‘rtasida
turibdi, cho‘ntagida bir miri yo‘q va endi qo‘ylarni bu oqshom qaerga qamab qo‘ysam,
deb bosh qotirishi ham shart emas. Biroq cho‘ntagidagi qimmatbaho toshlar uning
yaqinda podshoh bilan uchrashganini shak-shubhasiz dalillab turar, podshoh uning butun
hayotini: otasining miltig‘ini so‘ramay olganiyu, birinchi marta ayol bilan bo‘lganini —
hammasini bilar edi.
“Toshlar senga jumboqni yechishga yordam beradi. Ular Urim va Tumim deyiladi”, —
esladi u.
Santyago ularni yana cho‘ntagidan chiqardi va to‘rvasiga soldi, keyin sinab ko‘rgisi keldi.
Qariya toshlarga savollarni aniq qilib berish kerak, deb tayinlagan edi, chunki ular