124
Hayolning psixik jarayon sifatidagi birinchi va asosiy vazifasi mehnatning
bo’lajak natijasini (masalan, stolni tayyor holatda) oldindan ko’ra
bilish bilan
birga, uning oraliq maxsulotlarini (stulga kerakli barcha detallarni birin-ketin
yasash) ham oldindan aniq tasavvur qila olishdan iboratdir. Bundan tashqari,
hayolning vazifasi o’zimiz bevosita ko’rmagan, idrok qilmagan narsa va
xodisalarning obrazlarini miyamizda gavdalantirishdan ham iboratdir.
Hayol deb biz ilgari idrok qilmagan, tajribamizda uchratmagan narsa va
xodisalarning obrazlarini mavjud xotira tasavvurlari asosida miyamizda
yaratishda ifodalanadigan faoliyatga aytiladi.
Turmushning muayyan bir
sharoiti, odamning bilish, amaliy, axloqiy, estetik va boshka extiyojlari hayol
jarayoniga sabab bo’ladi. Ma’lumki, kishilar o’tmishda tabiat berayotganiga
qanoat qilmay, uni o’zgartirish, qayta qurish va undan ko’proq narsalarni undirib
olish uchun hayol surganlar. Natijada hayollarida yangi-yangi mehnat qurollari
obrazlarini yaratganlar, bu obrazlar asosida esa o’sha qurolning o’zini
yasaganlar. Demak, dastlab hayol obrazlari tabiatni o’zgartirshga extiyoj sezish
tufayli kishilarda paydo bo’lgan.
Tafakkur o’xshab hayol ham muammoli vaziyat, ya’ni extiyojlarni
qondirish uchun yangi-yangi usullar qidirish jarayonida vujudga keladi.
Boshqacha
aytganda, extiyojni qondirish uchun extiyoj sezayotgan narsani aniq,
ravshan tasavvur qilish lozim bo’ladi. Hayol jarayoni orqali borliqni aks ettirish
aniq obrazlar shaklida, aniq tasavvurlar shaklida bo’lsa, tafakkur jarayoni orqali
aks ettirish tushunchalar orqali bo’ladi. Ko’pincha biror ehtiyojni qondirish
uchun qilinayotgan faoliyat jarayonida hayol va tafakkur barovar ishtirok etadi,
ya’ni har bir harakat fikr yuritish orqali amalga oshirilishi bilan birga, harakat
usullari yaqqol tasavvur qilib ham turiladi.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelish mumkinki, hal qilinishi lozim
bo’lgan narsa qanchalik noaniq, noravshan bo’lsa, hayolning roli shuncha ortadi
yoki aksincha. Hayolning yana qimmatli tomoni shundaki, yetarli bilimga ega
bo’lmasdan turib ham muammoli vaziyat paytlarida
qaror qabul qilishi va uni
bajarishga yo’l topishi mumkin. Tafakkurda esa chuqur bilimsiz muammoli
masalalarni hal qilib bo’lmaydi.
Odatda turli sohalarga oid axborotlarning yetarli bo’lmagani kishini hayol
surishga olib keladi. Agar u hamma narsani bilganda edi hayol surmas, faol
ravishda hayol obrazlari yaratmas edi. Bizni o’rab olgan olamda o’rganilmagan
narsalar qanchalik ko’p bo’lar ekan, hayol shunchalik inson uchun foydali bo’lib
qolaveradi.
Dostları ilə paylaş: