Seminar mashg’ulotlari 1-mavzu. Falsafa fanining predmeti, mazmu
10-MAVZU. MANTIQ ILMINING PREDMETI, ASOSIY QONUNLARI. TUSHUNCHA TAFAKKUR SHAKLI SIFATIDA 155
Aniq real ta’rifning ikkita asosiy turi mavjud: 1) yaqin jinsi va tur belgisini
ko‘rsatish orqali ta’riflash; 2) genetik ta’rif.
YAqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash real ta’rifning eng ko‘p
ishlatiladigan turi bo‘lib, u ikkita bosqichdan tashkil topadi. Birinchi bosqichda
aniqlanuvchi tushunchaning yaqin jinsi topiladi. SHu tariqa uning mazmuni
qisman ochib beriladi. Ikkinchi bosqichda aniqlanuvchi tushunchaning shu jinsga
kiruvchi boshqa tur tushunchalardan farqi aniqlanadi, ya’ni uning tur belgisi
ko‘rsatiladi. SHu tariqa mazkur tushuncha mazmunining qolgan qismi ochib
beriladi. Masalan, bizning oldimizda «metafora» tushunchasining mazmunini
aniqlash vazifasi turibdi, deylik. Bunda, avval aniqlanuvchi tushunchaning yaqin
jinsi topiladi: u «so‘z» tushunchasidir. «Metafora so‘zdir» deyish bilan «so‘z»
tushunchasi mazmunida fikr qilinadigan muhim belgilarning metaforaga ham
tegishli ekanligini ko‘rsatamiz, ya’ni «metafora» tushunchasi mazmunini tashkil
etuvchi umumiy belgilarni aniqlaymiz. Ko‘chirma ma’noda ishlatilishi esa,
metafora sifatida ishlatilayotgan so‘zning tur belgisi, ya’ni individual belgisi
hisoblanadi. Bu tur belgini yaqin jinsga qo‘shib «Metafora ko‘chirma ma’noda
ishlatiladigan so‘zdir», degan to‘la ta’rif hosil qilamiz. SHu tariqa eng qisqa yo‘l
bilan, ya’ni yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish bilan tushunchaning mazmunini
aniqlaymiz.
Genetik ta’rifda aniqlanuvchi tushunchaning mazmuni u ifodalagan predmetning
kelib chiqishini ko‘rsatish orqali ochib beriladi. Masalan, «Oksid metallarning
kislorod bilan reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘lgan kimyoviy birikmadir»,
degan ta’rif genetik ta’rifga misoldir. Bu ta’rifning mantiqiy tarkibi yaqin jinsi va
tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash bilan bir xildir.
Ta’riflash ma’lum qoidalarga rioya qilishni talab etadi. Ular quyidagilardan iborat:
a) ta’rif teng hajmli bo‘lishi kerak, ya’ni aniqlanuvchi tushuncha hajmi bilan
aniqlovchi tushunchalar hajmlari yig‘indisi teng bo‘lishi kerak. Bu qoida buzilsa,
ta’rif yo haddan tashqari keng, yo haddan tashqari tor bo‘lib qoladi. Masalan,
«Mantiq tafakkurni o‘rganuvchi fandir» – haddan tashqari keng, «Mantiq isbotlash
tarkibini o‘rganuvchi fandir» – haddan tashqari tor ta’rifdir;
b) ta’rif aniq bo‘lishi kerak. Buning uchun obrazli iboralar, mazmuni noaniq
so‘zlar ishlatilmasligi lozim. Masalan, «Xayol – uchqur ot», «Davlat dunyoviy
ruhning siyosiy jihatdan namoyon bo‘lishidir» (Gegel) degan ta’riflarda bu qoida
talablari buzilgan. Ularda chuqur ma’no bo‘lsa-da, tushunchaning mazmuni aniq
ochib berilgan emas;
v) ta’rif aylana shaklida bo‘lib qolmasligi kerak. Ta’rif berishda aniqlovchi
tushunchaning mazmunini aniqlash uchun aniqlanuvchi tushunchaning o‘ziga
murojaat etilsa, ta’rifda aylana hosil bo‘ladi. Masalan, «Mantiq to‘g‘ri fikrlash
haqidagi fandir», deyilganda ta’rifda aylana vujudga keladi. CHunki «To‘g‘ri
fikrlash nima?» degan savolga, «U mantiq qonun-qoidalariga rioya qilingan holda
fikrlashdir», deb javob berishga to‘g‘ri keladi, ya’ni «mantiq» tushunchasiga
murojaat qilinadi.