Muhammad Sharif Juman, Ahmad Muhammad. Dinda savolim bor... (2-kitob)
Savol: Dinimiz hukmiga ko‘ra musulmonlarga nimalar iste’mol qilish man etilgan? Javob: Islom halollik va pokizalik dinidir. Shuning uchun ham musulmonlar iste’mol
qiladigan ovqatlar halol va pokiza bo‘lishi kerak. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda
shunday marhamat qilgan: «Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik va
ularni quruqlik, suvda yuradigan qilib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizq-
ro‘z berdik».
Musulmonlarga Allohdan boshqaning nomini atab so‘yilgan hayvonlarning go‘shtini,
yovvoyi, yirtqich hayvonlar va yirtqich parrandalar go‘shtini, to‘ng‘iz (cho‘chqa) go‘shtini
yeyish man etilgan. Musulmonlar, shuningdek halol hayvonlarning qonini, jinsiy
a’zolarini, bezlarini va o‘t pufagini, o‘limtiklarni yeyishi mumkin emas. Uy hayvonlaridan
mol, tuya, qo‘y, echki, suv hayvonlaridan baliq go‘shti halol. Ot go‘shti halol.
Chigirtkadan boshqa barcha hasharotlar esa harom.
Dinimizdada mast qiluvchi ichimliklar, giyohvand moddalar ham harom qilingan.
Ichkilikbozlik barcha kulfatlarning, jinoyatlarning onasidir, jamiyatni buzuvchi va
insonlarni halokatga olib boruvchi qattol va yovuz ofatdir. Shuning uchun Rasuli akram
(s.a.v.): «Bir marta xamr (aroq) ichgan odam qirq kunlik namoz savobidan mahrum
bo‘ladi, basharti u ichib turib o‘lsa, do‘zaxga tushadi», deb uqtirganlar.
Savol: Erkaklarga tilla buyumni ishlatish shariatimizda harom qilingan ekan. Tilla tish qo‘yish masalasi qanday? Javob: Imom Abu Hanifaga ko‘ra, ehtiyoj bo‘lsa, tishlarni kumush bilan
mustahkamlash mumkin. Ammo u zotning shogirdlari imom Muhammad va imom Abu
Yusuf bunday holda tilla ishlatish ham joiz, deyishgan. Bular uni burun masalasiga
qiyosan aytishgan. «Siyrat»da rivoyat etilishicha, Arfaja ismli sahobaning burunlari
g‘azotlardan birida shikastlanadi. U kishi kumushdan burun qo‘ydirganlarida, u sassiq
hid chiqarib yuboradi. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.) burunni tilladan yasatishga ko‘rsatma
beradilar. Zarurat bo‘lganidan u joiz sanalgan. Ikki imom tishlarni ham burunga
qiyoslashgan.
Lekin imomi Abu Hanifa: «Tishlardagi zarurat kumush ishlatish bilan ham ko‘tariladi.
Burunda muammo faqat tilla bilan hal bo‘ladi», deganlar. Shuning uchun ul zot
nazdlarida tilla burunga joiz, tishlarda mumkin emas.