xo‘jalik operatsiyasi deb ataladi. Masalan, ishlab chiqarishga moddiy
boyliklarni sarflash, olingan mahsulotlarni kirim qilish va boshqa shunga o‘xshash ayrim muomalalar.
Xo‘jalik mablag‘lari va ularning tashkil topish manbalarida o‘zgarish sodir qiluvchi barcha xo‘jalik
muomalalari tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi va buxgalteriya hisobida aks ettiriladi. Xo‘jalik
mablag‘lari, ularning tashkil topish manbalarining tarkibi va funksional rolini, ularning doiraviy aylanish
jarayonlaridagi harakatini ko‘rib chiqib, buxgalteriya hisobi predmetiga umumiy ta’rif berish mumkin.
Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning pulda baholanadigan xo‘jalik mablag‘lari, ularning
tashkil topish manbalari, hamda xo‘jalik faoliyati jarayonida sodir bo‘ladigan mablag‘lar doiraviy aylanishi
va manbalar o‘zgarishi buxgalteriya hisobining predmetini tashkil etadi.
1.8. Buxgalteriya hisobi metodining ta’rifi, tarkibi, predmeti va metodining o‘zaro bog‘liqligi Har qanday fanning predmeti va obektlarining mohiyatini bilishga mazkur fan metodining
mazmunini bilish orqali yerishiladi.
Oldingi paragraf (1.7) da ta’riflanganidek, buxgalteriya hisobining predmeti deganda, mablag‘lar,
manbalar va xo‘jalik jarayonlari hamda faoliyat natijalari tushunilsa, uning metodi predmetni qanday
usullar va amallar yordamida o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy fanlar qatorida buxgalteriya hisobining metodi faqat uning o‘ziga xos usullardan iborat
bo‘lib, ular fan predmetining mohiyati va uning oldiga quyilgan vazifalar hamda talablardan kelib chiqadi
Buxgalteriya hisobi metodini tashkil etuvchi asosiy usullar (elementlar) quyidagilardan iborat:
hujjatlashtirish va inventarizatsiya; baholash va kalkulyatsiya (mahsulotlar, bajarilgan ish va xizmatlar tannarxini aniqlash); schotlar tizimi va ikki yoqlama yozuv; balans va hisobot. Buxgalteriya hisobi sodir bo‘layotgan xo‘jalik muomalalarini hujjatlarda uzluksiz va yoppasiga aks
ettirishdan boshlanadi. Hujjatlashtirish – bu sodir bo‘lgan muomalani dastlabki ro‘yxatga olish usulidir.
Hujjatlarda xo‘jalik muomalalarining mazmuni, ularning miqdori va sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks
ettiriladi. Hujjatlarda aks ettirilgan xo‘jalik muomalalarining to‘g‘riligi uchun mas'ul shaxslar imzolari
bilan tasdiqlanib, ularning dalillovchi kuchi ta'minlanadi.