Alloh taolo shu qadar karamli Zotki, bandalarining qilgan zarracha yaxshi amallari uchun
katta mukofotlar beradi. Hattoki, qalblarida paydo bo’lgan go’zal niyat uchun ham savob
oladilar. Allohning huzurida bir yaxshilikning savobi 10 dan 700 barobargacha ko’paytirib
beriladi. Mana shu Allohning ash-Shakuurligidir. Biz bandalar Alloh bergan ne’matlarga
ko’milib yashayapmiz. Minnatdorligimiz sifatida qilgan ibodatlarimiz, xayrli amallarimiz
Alloh azza va jallaning ulug’vorligicha to’kis bo’lolmaydi. Biz mukammal ibodat qilolmaymiz,
yaxshiliklarimizda ham qandaydir, kamchilik, nuqson bo’lishi mumkin. Lekin Alloh
sahovatining kengligi sabab, bu ishlarimizni mukammal amal sifatida qabul qiladi va
savobni ham ortig’i bilan beradi.
Hech bir yaxshilikni kichik sanamang!
Aziz bolajonlar, Alloh ash-Shakuur ismi ila bizni ko’proq yaxshilik qilib
savoblarni ko’proq olishga undaydi. Ehtimol, biz uchun bu juda kichik yaxshilikdir.
Lekin Robbimizning huzurida uning qiymati qancha bo’lishini bilmaymiz. Biz aynan
qaysi yaxshi amalimiz sabab, jannatga kirishni bilmaymiz, shuning uchun ham
yaxshilikni katta-kichigiga qaramay ko’proq qilaverishimiz kerak! Balki bu
namozimiz, zikrimiz, sadaqamiz, salomimiz, yo tabassumimiz, balki, yo’ldagi toshni
chetga surib qo’yishimiz bo’lar, balki ota-onamizni sevintirishimiz, yoki
jigarlarimizga rahmli bo’lishimiz, jonvorlarga g’amxo’rlik qilishimiz bo’lar, biz
bilmaymiz, aynan qaysi amalimiz bizni jannatga yetaklashini bilmaymiz!!!
Muhimi xayrli ishlarda bardavom bo’lish!
Dostları ilə paylaş: