7-MAVZU: TARIXIY JARAYONDA JAMIYATNING MADANIY VA MA’NAVIY QADRIYATLARI. JAMIYAT VA TARIX FALSAFASI 104
ustunligini tasdiqlaydi. Unda yangilik va unumdorlik, biluvchi sub’ektning bilimi, erkinligi va
mustaqilligini tinimsiz oshirish talablari shakllanadi.
O.Toffler, D.Bell, K.Pekka ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasini tasniflash uchun
asos qilib olib,
quyidagi sivilizatsiyalarni farqlaydilar: – ilk sivilizatsiya (arxaik, an’anaviy yoki ibtidoiy jamoa); – qishloq xo‘jalik-hunarmandchilik sivilizatsiyasi; – industrial (sanoatlashgan) sivilizatsiya; – hozirgi postindustrial yoki informatsion sivilizatsiya. Madaniyat, uning tuzilishi va ijtimoiy funksiyalari. «Madaniyat» atamasi arabcha – «madina»
so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «shahar», degan ma’noni anglatadi. Arablar kishilar hayotini ikki
turga ajratib, birini – badaviy yoki sahroyi turmush, ikkinchisini – madaniy turmush, deb
ataganlar. Tugab borayotgan Rim imperiyasida, keyinchalik esa, O‘rta asrlarda ham madaniyat
tushunchasi shahardagi turmush tarzi va sivilizatsiya ne’matlari bilan bog‘langan. Markaziy
Osiyoda madaniyat axloq ko‘rinishida shakllangan. SHu bois, eng qadimgi davrlardan hozirgi
kungacha ham yurtimizda ma’naviy madaniyat, go‘zallikka intilish, san’atni qadrlash kabilar
ustuvorlik qiladi. Uyg‘onish davrida madaniyat shaxsiy barkamollik belgisi sifatida qaralgan.
Shu davrda madaniyatni ma’naviy faoliyatning turli sohalari: vujudga kelayotgan fan, axloq,
san’at, falsafa, din bilan bog‘lash odati paydo bo‘lgan. Madaniyat xulq-atvor andozalari majmui
sifatida, ma’naviy faoliyat antik an’anasining davomi sifatida e’tirof etilgan. Shu ma’noda
madaniyat tushunchasi ijtimoiy-ilmiy muomaladan o‘rin olgan XVIII asrgacha amal qilgan.
Ma’rifat davri faylasuflari madaniyatga inson faoliyatining alohida mustaqil va o‘ziga xos
jabhasi sifatida qaraydilar. Ularning talqinida, jamiyat va shaxs hayotining barcha sohalarida aql,
oqilonalik tamoyillarining qaror topishi madaniyatning eng muhim jihatidir. Aqlning vazifasi
insoniyat oldiga umumiy ahamiyatga ega bo‘lgan maqsadlarni qo‘yish va ijtimoiy o‘zgarishlarni
o‘ziga bo‘ysundirishdan iborat. Ma’rifat davrida madaniyat deb hisoblash mumkin bo‘lgan
narsalarni saralash mezonlari yaratildi. Madaniy faoliyat intellektual, ijodiy, samarali, novatorlik
ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lishi, ya’ni nafaqat yaratishi, balki inson imkoniyatlari sohasini tinimsiz
kengaytirishi lozim edi. Ammo, madaniyatning asl mohiyati, uning o‘ziga xosligi inson aqlining
mutlaq erkinligi sifatidagi ma’naviy faoliyat doirasi bilangina cheklanardi.