251
Odam gavdasining o‘sishi va hajmining ortib borishini pedagog, vrach,
antropolog va sosiologlar o‘rganadi. Bu jarayon jismoniy rivojlanishdagi siljish
yoki akselerasiya (tezlanish) deyiladi. Akselerasiya yosh avlodning jismoniy va
ruhiy jihatdan tez o‘sishidir.
Olimlar bolalar o‘sishida keyingi yuz yil davomida ijobiy siljishlar
bo‘lganligini kuzatmoqdalar. Jumladan, keyingi yuz yil davomida yangi tug‘ilgan
chaqaloqlarning bo‘yi 5-6 sm ga, kichik va o‘rta maktab yoshidagi bolalarning
bo‘yi 10-15 sm ga, vazni esa 8-10 kg ga ortgan.
Hozirgi davrda katta yoshdagi odamlar gavda o‘lchamlarining ortishi, odam
umrining uzayishi, hayz ko‘rish kechroq tugashi, ruhiy funksiyalar va odam
rivojlanishidagi boshqa o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Ba‘zi olimlar ultrabinafsha nurlarining kuchli ta‘siri bolalarning tez o‘sishiga
sabab bo‘lmoqda, deb aytsalar, boshqalari magnit to‘lqinlarining ichki sekresiya
bezlariga ta‘siri o‘sishga olib kelishini aytmoqdalar. Yana boshqalar o‘sishni
kosmik nurlarga bog‘lamoqdalar. Oqsillar, yog‘lar, mineral tuzlar va vitaminlarga
bo‘lgan ehtiyojining ortishi va genetik omillarni ham inobatga olish kerak, degan
mulohazalar ham bildirilmoqda.
Akselerasiya jarayonining ijobiy va salbiy tomonlari bor. Akselerasiya
tufayli odamning umri uzayadi, ruhiy barkamol bo‘ladi.
Kichik maktab yoshidagi bolalarning muskul harakatlari aniq, nozik va
uyg‘un bo‘la boradi. 6-7 yoshda nerv sistemasining yurak ishiga tormozlovchi
ta‘siri kamayib boradi. 15-16 yoshda sut tishlar o‘rniga doimiy tishlar chiqib
bo‘ladi. O‘rta maktab yoshida bosh miyadagi harakat zonalari ham rivojlanib
bo‘ladi. Nafas olish soni doimiylashadi, puls siyraklashadi, moddalar almashinuvi
ancha pasayadi.
O‘smirlik davrida bo‘y o‘sishi, muskullar vaznining ortishi, muskul
tolalarining ko‘payishi kabi holatlar kuzatiladi. Bu davrda bosh va orqa miyaning
vazni kattalar bosh va orqa miyasining vazniga tenglashadi.
Turli yoshdagi bolalarda morfologik, fiziologik o‘zgarishlarni o‘lchash
antropometriya deyiladi. Bolalarning bo‘yi, vazni, ko‘krak qafasining
aylanishi,yelkasining kengligi, o‘pkaning tiriklik sig‘imi va muskullarning kuchi
asosiy antropometrik ko‘rsatgichlar hisoblanadi. Katta yoshli odamning vazni
yangi tug‘ilgan bolaning vazniga nisbatan taxminan 20 marta og‘ir bo‘ladi. Katta
yoshli odamda yangi tug‘ilgan bolalarga nisbatan yurakning vazni 15, muskullar
vazni esa 15-40 marta ortiq, miyaning vazni yangi tug‘ilgan bolada 390 gr bo‘lsa,
katta odamlarda 1480 g bo‘ladi.
Ba‘zi organlarning vazni umrining oxirigacha o‘zgarmaydi. Eshitish
organidagi suyakchalar va yarim aylana kanalchalar shunga kiradi.
Dostları ilə paylaş: