287 Tabiiy ilmiy bilish doirasida metafizika shunday o’rganish usuliki, tabiatdagi
narsalarni bir-biridan alohida-alohida harakatsiz, qotib qolgan holda o’rganadi.
Falsafiy tafakkur usuliga aylangan metafizika biroz keng ma’noda, ya’ni
dialektikaga zid usul sifatida qo’llanila boshlaydi. Metafizika ana shu tariqa ko’p
tomonlariga ega, uni tadqiq etish ilmiy bilish va amaliyotda muhim ahamiyatga ega.
Eklektika ham tafakkurlash uslublaridan bo’lib, dastlab yunon falsafasining
oxirgi bosqichlarida yuzaga kelgan. Eklektik tafakkur uslubi o’rta asr va yangi
zamon falsafasida keng qo’llangan. Hozirgi zamonda ham eklektikaning turli
ko’rinishlari bir-biriga zid narsalarni kelishtirishga qaratilgan urinishlarida ham
namoyon bo’lmoqda.
Eklektika («tanlayman» — degan yunon so’zidan olingan) muhim va muhim
bo’lmagan, asosiy va ikkinchi darajali bog’lanishlar o’rtasidagi farqni hisobga
olmaydigan, narsalarning turli-tuman, ko’pincha qarama-qarshi tomonlarini,
tamoyilsiz qo’shib yuboradigan usuldir. Eklektika narsa va hodisalarning turli
tomonlari va xossalarini mexanik ravishda biriktiradi va «bir tomondan», «ikkinchi
tomondan» degan usulga amal qiladi. Ob’ektiv dunyo narsa va hodisalardagi aloqa
va munosabatlar majmuidan aniq tarixiy aloqadorlikda, aniq harakatda, o’zgarish va
rivojlanishda asosiy hal qiluvchi aloqadorlikni ajrata bilmaslik, eklektik
tafakkurning asosiy metodologik nuqsonidir.
Dialektik tafakkur uslubi yo moddiy asosidan ajratilgan quruq tushunchalarni
bir tomonlama bo’rttiruvchi yoki narsalar tushunchalarning harakati dialektikasini
hisobga olmaydigan sofistik va metafizik tafakkur uslubidan farq qilib, narsalar va
ularning fikriy obrazlarini uzviy birlikda olib qaraydi. Shuning uchun dialektik
tafakkur sofistik hamda metafizik tafakkurga xos kamchiliklardan holidir. Bunday
tafakkur uslubi, turli munosabatlarda bo’lgan turli narsa va tushunchalarni
tamoyilsiz va tasodifan birlashtiruvchi eklektik qarashga ham tubdan qarama-
qarshidir. Dialektik tafakkurda narsalar bilan ularning mantiqiy obrazlari bo’lgan
tushunchalarning ayniyligi, bilishning tabiiy harakat formasi bo’lib, bunda sub’ektiv
dialektika ob’ektiv dialektikaning in’ikosi sifatida namoyon bo’ladi.